O‘ZBEKISTON VA GERMANIYA: AMALIY MULOQOTLAR, SAMARALI HAMKORLIK

Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armaning taklifiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi joriy yilning 15 – 18 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida bo‘ldi.

Tashrif doirasida  Germaniyaning 20 ga yaqin yuqori martabali davlat mulozimlari, parlament a’zolari, inson huquqlari sohasida faoliyat olib borayotgan yetakchi tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, ilmiy doira vakillari bilan ochiq hamda konstruktiv muloqotlar o‘tkazildi.

Xususan, mamlakatimiz delegatsiyasi 15 noyabr kuni Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i Kristin Linke, ushbu Jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha maslahatchisi Sharlotta Dietrix bilan uchrashdi. Muzokaralarda 2017-2023 yillarda Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani, 2023 yil 11 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamoahang ekani ta’kidlandi. O‘zaro amaliy munosabatlarni rivojlantirish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma o‘rtasida 2024 yilga mo‘ljallangan Hamkorlik memorandumini tuzish taklif etildi.

16 noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha Germaniya instituti direktori professor Beyt Rudolf, 37 yil Germaniya Bundestagida deputat bo‘lgan sobiq Federal adliya vaziri Herta Doybler-Gmelin, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyatining O‘zbekiston bo‘yicha katta menejeri Nina Libix bilan muzokaralar o‘tkazildi. Unda mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar, xususan, 2023 yil 30 aprelda referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmuni hamda ahamiyati, yangilangan Konstitutsiya qabul qilinishida umumxalq muhokamasidan, fuqarolarimizning taklif va tavsiyalaridan keng foydalanilgani, ushbu jarayonni tashkil etishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar, shu jumladan aholining ko‘proq qismini qamrab olish maqsadida raqamli texnologiyalardan keng foydalanilgani haqida batafsil ma’lumot berildi. Bu ma’lumotlar germaniyalik ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Jumladan, sobiq federal adliya vaziri, xalqaro ekspert Herta Doybler-Gmelinning ta’kidlashicha: “O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish tajribasini jahon miqyosida ommalashtirish kerak. Bu yangi tajriba Germaniya uchun ham qiziqarlidir”.

Shu kuni mamlakatimiz delegatsiyasi Germaniya Bundestagida parlament a’zosi Andreas Larem, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligining parlamentdagi shtat kotibi Nils Annen bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov ishtirok etdi.

Muzokaralarda mamlakatimizda xalq muhokamasi asosida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilingani, konstitutsiyaviy islohotlarning mantiqiy davomi sifatida milliy qonunchiligimizni isloh etish, shu jumladan mamlakatimizdagi kodekslarni ham yangi tahrirda qabul qilish jarayoni davom etayotgani ta’kidlandi. O‘zbekistondagi parlament islohotlari, jumladan kelgusi yilda o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovlarda aralash saylov tizimidan, ya’ni ham mojaritar, ham proporsional saylov tizimidan foydalanish muhokama qilinayotgani, bu borada ilg‘or xorijiy davlatlar qatorida Germaniya parlamenti tajribasini o‘rganish ko‘zda tutilgani aytildi.

Germaniya parlamenti a’zolari tomonidan Oliy Majlisda “elektron parlament” tizimi joriy etilgani, parlament majlislari You Tube platformasida muntazam namoyish qilinishi ijobiy baholandi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan insonparvar va demokratik islohotlar haqida samimiy fikrlar bildirildi.

Bundestag deputati Andreas Larem quyidagilarni e’tirof etdi: “Mamlakatingizda o‘tkazilgan referendumni ijobiy baholayman va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ishlab chiqilgani bilan samimiy qutlayman. Shaxsan o‘zim mamlakatingizga ikki marotaba tashrif buyurib, so‘nggi yillardagi o‘zgarishlarni ko‘rdim. O‘zbekistonda inson kapitali, tabiiy resurslar, savdo-sotiq va boshqa sohalarda juda katta salohiyat bor. O‘zbekiston – Markaziy Osiyo mintaqasida muhim va markaziy rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan davlat.

Taqqoslab ko‘ring, Yevropa Ittifoqi doirasida Germaniya – o‘z hududi bo‘yicha eng katta mamlakat emas, ammo eng muhim mamlakat. Markaziy Osiyoda Qozog‘iston hududi bo‘yicha kattaroq, lekin rivojlanish nuqtai nazaridan O‘zbekiston muhimroq davlatga aylanishi mumkin.

Fikrimcha, O‘zbekiston hozirgi rivojlanish yo‘lidan davom etsa, demokratik tanlovga asoslangan yangi mexanizmlarni joriy etishda davom etsa, Markaziy Osiyoda o‘rnak bo‘ldigan davlatga aylana oladi”.

Germaniya parlamenti a’zolari bilan yuqori darajadagi uchrashuvlar 17 noyabr kuni davom etdi. Germaniya Bundestagi direktori Maykl Shafer, Bundestagning Xalqaro almashinuv dasturlari bo‘limi boshlig‘i Bettina Gizeke, Parlamentlararo hamkorlik dasturlari koordinatori Yan Falbush, Germaniya sotsial-demokratik partiyasining tashqi ishlar bo‘yicha Spikeri Nils Shmid bilan muzokaralar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning sa’y-harakatlari, davlatimizning oqilona hamda pragmatik tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyo mintaqasi integratsiyalashib borayotgani, mintaqada mavjud muammolar, shu jumladan chegara, suv hamda ijtimoiy masalalar bilan bog‘liq ko‘plab muammolar hal etilgani e’tirof etildi.

Bundestag a’zolari mamlakatimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy va milliy qonunchilikdagi, parlament va saylov tizimidagi islohotlarni yuksak baholadilar.

O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, so‘z va axborot erkinligi, OAVlar hamda NNT faoliyatining mustaqilligi, vijdon erkinligini ta’minlash, huquq-tartibot organlarida zo‘ravonlik va qiynoqlarning har qanday shakllariga yo‘l qo‘ymaslik borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilgani e’tirof etildi.

Jumladan, Germaniya sotsial-demokratik partiyasining tashqi ishlar bo‘yicha Spikeri Nils Shmidning fikrlari diqqatga sazovor: “O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatib boryapman. Taassurotim shundayki, mamlakatingiz, birinchi navbatda, urg‘uni barqarorlik paradigmasiga qaratmoqda. Davlat organlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflik ortib borayotganini kuzatyapmiz.

Bizda O‘zbekiston bilan aloqalarni chuqurlashtirishga katta qiziqish bor. Ayniqsa, parlamentlarimiz miqyosida. Shuningdek, nafaqat davlat rahbarlari va tashqi ishlar vazirlari doirasida, balki tegishli soha vazirlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham aniq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro uchrashishlari zarur”.

O‘zbekiston Germaniya parlamenti va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan konstruktiv muloqot va teng huquqli hamkorlikni davom ettirishga doim tayyor ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, 2024 yilda Germaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida “Zamonaviy konstitutsionalizm: O‘zbekiston va Germaniya tajribasi” mavzusida xalqaro forum o‘tkazish taklif etildi.

17 noyabr kuni Human Rights Watch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson, Germaniya tashqi aloqalar kengashining Sharqiy Yevropa, Rossiya va Markaziy Osiyoda tartib va boshqaruv markazi rahbari Stefan Meyster bilan ham muzokaralar o‘tkazildi.

Tashrifning so‘nggi kunida mamlakatimiz delegatsiyasi Germaniya sotsial-demokratik partiyasining tashqi ishlar bo‘yicha Spikeri, parlament a’zosi Nils Shmid va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma mas’ullari hamrohligida Berlindagi Jeyms Simon galereyasida tashkil etilgan “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari – Buyuk Aleksandrdan Kushon imperiyasigacha” nomli ko‘rgazma bilan tanishdi.

Mamlakatimizning boy va qadimiy tarixidan guvohlik beruvchi ushbu ko‘rgazma barchada katta taassurot qoldirdi. Uni hozirga qadar 200 mingdan ziyod tashrif buyuruvchi tomosha qilgani esa yurtimiz tarixiga xalqaro miqyosda qiziqish yuqori ekanining yana bir dalilidir.

Tashrif doirasida O‘zbekistonda va Germaniyada o‘tkaziladigan huquqiy mavzulardagi konferensiya hamda forumlarda ikki davlat ekspertlarining ishtirokini ta’minlash, inson huquqlariga oid nemis tilidagi kitoblarni o‘zbek tiliga, o‘zbek tilidagi nashrlarni nemis tiliga tarjima qilish va ommalashtirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech