15 dekabr kuni Toshkent shahrida «Tadbirkorlikda ta’minot zanjiri bo‘yicha inson huquqlariga rioya etilishini qo‘llab-quvvatlashdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda YeXHTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan birgalikda tashkil etildi.
Ushbu davra suhbati «2023-2024 yillarda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi» va «O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish uchun milliy institutsional asoslarni yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash» loyihasi doirasida o‘tkazildi. Unda 30 dan ortiq davlat tashkiloti va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Anjumanning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi v.b. Zilke Klyover, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro aloqalar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov so‘zga chiqdi.
Avvalo hozirgi davrda tadbirkorlik sohasi ta’minot zanjirida inson huquqlarini hurmat qilishni ta’minlashda davlat organlari vakillari va biznes tuzilmalari o‘rtasida tajriba almashish va muloqotni yo‘lga qo‘yish masalalari nechog‘lik dolzarb ekanligi ta’kidlandi. Bunda biznes tuzilmalari o‘z faoliyatining turli bosqichlarida inson huquqlariga rioya qilishda duch kelayotgan qiyinchiliklarni faol aniqlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
A.Saidov BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 67-bandi barcha tadbirkorlarni barqaror rivojlanish muammolarini hal qilish uchun o‘zlarining ijodiy va innovatsion salohiyatidan foydalanishga chaqirishini qayd etdi. Shu ma’noda, Barqaror rivojlanish maqsadlari 2022 yildan boshlab yurtimizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida keng qamrovli islohotlar bilan bevosita uyg‘unlikda amalga oshirilmoqda.
Chunki ushbu xalqaro hujjat bilan har ikki dasturilamal milliy strategiyadagi maqsad va vazifalar bir-biriga to‘liq mos keladi. Xususan, “O‘zbekiston–2030” strategiyasida: barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘riт olish; aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish; aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish; xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlat barpo etish; mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash kabi asosiy g‘oyalar aks etgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Muhokamalarda O‘zbekiston tomonidan Adliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili Kotibiyati mutaxassislari faol qatnashdi. Shuningdek, Yekaterina Gorbunova, Shohrux Po‘latov, Andrea Salvini va Rut Pojman kabi xorijiy ekspertlar mavzu yuzasidan so‘zga chiqdi.
Davra suhbati doirasida tadbir ishtirokchilariga inson huquqlarini hurmat qilishda biznes sohasida duch kelinayotgan muammolarni muhokama qilish hamda yanada adolatli, barqaror va axloqiy biznes dunyosini qurish uchun amaliy yechimlarni o‘rganish imkoniyatlari yaratildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
«Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 19 dekabr kungi 269-270 (8612-8613)-soni
OSCE Project Co-ordinator in Uzbekistan
- Qo'shildi: 15.12.2023
- Ko'rishlar: 2731
- Chop etish