Yangi O`zbekiston-xorijliklar nigohida

Yevroparlamentning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo'yicha delegatsiyasi raisi Tomash Zdexovskiy "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo'lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi haqidagi fikrlarini bildirdi:

– O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingani «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo'lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi mintaqa oldida turgan dolzarb ekologik muammolarni hal etishda muhim qadam bo'ldi.

O'zbekistonning Markaziy Osiyoda iqlim bo'yicha kun tartibini amalga oshirishdagi yetakchiligi va barqaror rivojlanishga sodiqligini yuksak qadrlayman.

Rezolyutsiyada O'zbekistonning   «Markaziy Osiyo uchun "yashil" kun tartibi» va Xalqaro iqlim forumini 2024-yilda Samarqand shahrida o'tkazish tashabbuslari e'tirof etilgani mamlakat iqlim o'zgarishiga qarshi kurashga sodiq ekanidan dalolatdir.

O'zbekiston uchun atrof-muhit va mintaqa aholisi hayotiga halokatli ta'sir ko'rsatgan Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatishga alohida e'tibor qaratishni muhim deb bilaman. BMTning Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik trast jamg'armasi tashkil etilgani ushbu dolzarb muammoni hal etish yo'lidagi g'oyat muhim qadamdir.

Rezolyutsiyadagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlikka da'vatlar Markaziy Osiyo oldida turgan murakkab ekologik muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega.

Men barcha mamlakatlar va manfaatdor tomonlarni rezolyutsiyaning iqlim va ekologik tahdidlarga samarali qarshi kurashish maqsadida barqaror qishloq xo'jaligi, bog'dorchilik, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya samaradorligi, chiqindilarni qayta ishlash, barqaror turizmni rivojlantirish, «aqlli shaharlar» va barqaror transportni yaratish bo'yicha aniq vazifalarni o'z ichiga olgan tavsiyalarni amalga oshirish uchun birgalikda ishlashga chaqiraman.

Ushbu sa'y-harakatlar Markaziy Osiyoda sodir bo'lgan iqlim o'zgarishlariga shoshilinch choralar ko'rish zarurligidan dalolat beradi. Biz mintaqada qishloq xo'jaligi va sanoatning barqaror rivojlanishini ta'minlagan holda bir vaqtlar dunyodagi eng yirik ko'l bo'lgan - Orol dengizini tiklash yo'lini izlashimiz kerak.

"Yashil" va barqaror Markaziy Osiyoga yo'l aniq. Biz O'zbekiston rahbariyati ko'magida va xalqaro hamkorlik orqali ushbu maqsadga erisha olamiz.

"Dunyo" AA

Powered by GSpeech