Ozarbayjon ziyolilariga O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati faoliyati haqida ma`lumot berildi.
25 yanvar kuni Bokudagi Geydar Aliev markazida O`zbekiston fan va madaniyati kunlari doirasida tantanali kecha bo`lib o`tdi. Tadbirda Butunjahon jamiyatining nashriyot loyihalari taqdimoti, shuningdek, “O`zbekiston madaniy merosi Ozarbayjon to`plamlarida” nomli bezakli kitob-albom taqdimoti o`tkazildi. Kitob-albomda Muhammad Fuzuliy nomidagi Ozarbayjon Qo`lyozmalar instituti, Ozarbayjon milliy san`at muzeyi, Ozarbayjon tarixi milliy muzeyi va Ozarbayjon gilam muzeyida saqlanayotgan o`zbek milliy san`atining nodir namunalariga e`tibor qaratilgan.
Tadbirda Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti, muzey va kutubxonalar, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, Ozarbayjonning taniqli fan va madaniyat arboblari, jami bir yarim mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilariga “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasi hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mamlakatimiz madaniy merosini asrab-avaylash va o`rganish borasidagi tashabbuslari haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.
Olimlarning ta`kidlashicha, “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasi doirasida to`plangan noyob faktologik materiallar o`zbek merosini butun dunyoda yanada chuqur o`rganish uchun asos bo`lib xizmat qilmoqda.
– Biz Butujahon jamiyatining bir qismi sifatida faoliyat olib borayotganimizdan va “O`zbekiston madaniy merosi Ozarbayjon to`plamlarida” kitob-albomini nashr etish bo`yicha mutaxassislarimiz tomonidan olib borilgan izlanishlardan faxrlanamiz, – dedi akademik, Ozarbayjon tarixi milliy muzeyi bosh direktori Nailya Velinxali. – Xalqlarimiz o`rtasida shakllangan ko`p asrlik aloqalar natijasida boy madaniy qatlam shakllangan, bugungi kunda biz uni asrab-avaylayapmiz va o`rganyapmiz! Bularning barchasi davlatlarimiz rahbarlarining sa`y-harakatlari va ko`magi, madaniyat va ma`naviyat masalalarga e`tibori tufayli amalga oshmoqda. Ushbu masalalar O`zbekistonda ham, Ozarbayjonda ham asosiy ustuvor yo`nalish hisoblanadi. Nashr etilayotgan kitob-albomlar tadqiqotchilarning yangi avlodlariga ushbu tarixiy meros bilan yaqindan tanishish imkoniyatini taqdim etayotganidan mamnunmiz!
Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo`lyozmalar instituti direktori, akademik Teymur Gashim o`g`li Karimlining ta`kidlashicha, Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo`lyozmalar instituti va Butunjahon jamiyati o`rtasidagi hamkorlik aloqalari asosi 2022 yilda shakllangan. “Biz institutimiz kutubxonasi uchun nashriyot to`plamining navbatdagi 15 jildini olganimizdan mamnunmiz. Kuni kecha Ozarbayjon Respublikasida o`tkazilayotgan O`zbekiston fan va madaniyati kunlari doirasida “O`zbekiston-Ozarbayjon: madaniyatlar muloqoti” mavzuida davra suhbati o`tkazdik, bugun esa barchamiz birgalikda Geydar Aliev markazi sahnasida turibmiz va umumiy mehnatimiz, “O`zbekiston madaniy merosi Ozarbayjon to`plamlarida” nomli kitobimizni taqdim etish va o`zbekistonlik do`stlar bilan kelgusidagi hamkorligimiz istiqbollarini muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo`lmoqdamiz! O`zbekistonga rahmat!”
Taqdimot marosimi doirasida O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) nomidan yangi kitob-albom yaratishda ishtirok etgan 20 dan ortiq ozarbayjonlik olimlarga minnatdorchilik yorliqlarini topshirish marosimi bo`lib o`tdi. Yorliqlar akademik, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasi tahrir hay`ati raisi Akmal Saidov, Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov va Butunjahon jamiyati (WOSCU) mutaxassislari tomonidan topshirildi. Tadbirda Butunjahon jamiyati Vasiylik kengashi raisi, “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasi homiy kompaniyasi rahbari Baxtiyor Fozilovning tabrik so`zi o`qib eshittirildi. U o`z murojaatida O`zbekistonning shonli tarixi va madaniyatining yangi qirralarini dunyoga ochib berayotgan bebaho eksponatlarni asrab-avaylab, o`rganayotgan Ozarbayjon muzeylari olimlari, rahbariyati va xodimlariga samimiy minnatdorlik bildirdi. “O`zaro hurmat, tenglik va ishonch tamoyillari asosidagi munosabatlarimizni kengaytirish va ularning poydevorini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni qo`llab-quvvatlashda davom etamiz”.
Butunjahon jamiyatining noyob nashriyot durdonalari endi Geydar Aliev markazini bezab turadi – markaz vakillariga “O`zbekiston madaniy merosi” turkumiga oid 50 jildlik kitob-albomlarni olish uchun sertifikatlar topshirildi. O`zbekistonning Ozarbayjon Respublikasidagi elchixonasiga kitoblar to`plami sovg`a qilindi.
O`zbekiston Kinematografiya agentligi va Ozarbayjon Kinematografiya agentligi o`rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi Fan va madaniyat kunlarining muhim voqeasiga aylandi. Hujjatni O`zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov va Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Orxan Fikret o`glu imzoladi. Ishtirokchilar O`zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida suratga olinishi rejalashtirilgan “Maqsud Shayxzoda” filmi anonsi bilan tanishdi. Geydar Aliev markazi O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati bilan birgalikda O`zbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi elchixonasi ko`magida Yangi O`zbekistonda fan va madaniyat sohasiga oid loyihalarni amalga oshirish uchun ajoyib maydonga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoevning mamlakatimiz tarixiy shaxslari hayoti va xizmatlariga bag`ishlangan 50 ta filmdan iborat “Tirik tarix” turkumini yaratish to`g`risidagi topshirig`i ana shunday muhim tashabbuslardan biri bo`ldi. 7 yilga mo`ljallangan dastur loyihasiga kiritilgan filmlardan biri “Maqsud Shayxzoda” ko-produksion kartinasidir. O`tgan yili O`zbekiston Kinematografiya agentligi xorijiy davlatlar bilan qator memorandumlar imzolagan bo`lsa, yangi 2024 yil Ozarbayjon Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda “Maqsud Shayxzoda” filmini yaratish bo`yicha memorandumning imzolanishi bilan boshlandi. Ishonamizki, hamkorlikda yaratilayotgan mazkur film O`zbekiston va Ozarbayjon xalqlari tomonidan sevib tomosha qilinadi va xalqlarimizning umumiy madaniy aloqalarini saqlashga muhim hissa qo`shadi, – dedi O`zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi direktori, Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.
Tadbirning rasmiy qismi O`zbekiston Madaniyat vazirligi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan yakunlandi. Unda O`zbekiston xalq artisti Farruh Zokirov, o`zbek estradasi yulduzlari Ozoda Nursaidova, O`zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Gulyanag Mamedova hamda taniqli opera xonandasi, O`zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov ishtirok etishdi.
- Qo'shildi: 26.01.2024
- Ko'rishlar: 2226
- Chop etish