O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi PQ-46-son qarori va unga ilova O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi yuzasidan MA’LUMOT

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi PQ-46-son Qarori va unga ilova O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi yuzasidan  2024 yil 25 yanvar holatidagi monitoring natijalariga ko‘ra quyidagilarni ma’lum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 7 ta yo‘nalish, 30 ta banddan iborat bo‘lib, shundan 10 ta bandi (33,3) bajarilgan,  14 ta band (47%) bajarilmoqda, 5 ta bandi (16,6%) to‘liq bajarilmagan, 1 ta bandi (3,3%) bajarilmagan.

  1. 2023 yil 20-28 fevral kunlari “Inson huquqlari” haftaligi o‘tkazildi. «Inson huquqlari haftaligi» davlat organlari, ta’lim tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda butun mamlakat miqyosida o‘tkazildi.

Haftalik davomida oliy va umumta’lim muassasalarida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari”, “Inson huquqlari oliy- qadiryat” mavzularida 50 ga yaqin seminar, davra suhbati, mahorat darslari, videokonferensiya, uchrashuvlar o‘tkazildi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 2-bandini amalga oshirish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Milliy markaz, TDYuU, JIDU, IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Davlat va huquq instituti hamkorligida professional va oliy ta’lim uchun “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha tegishlicha o‘quv kurslar dasturi ishlab chiqildi, tasdiqlandi hamda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida joriy etildi.
  2. “Yo‘l xaritasi”ning 3-bandida belgilangan vazifalar doirasida “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovini tashkil etildi. 2023 yil 30 may kuni Milliy markaz, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi rasmiy veb-saytlarida Milliy tanlov e’lon qilindi. Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkazildi: Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi o‘quv kursi; “Inson huquqlari bolalar nigohida” mavzusida eng yaxshi rasm; Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi videorolik; Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi o‘quv adabiyotlari: bosma o‘quv adabiyot va elektron o‘quv adabiyoti; Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi maqola: eng yaxshi ilmiy maqola va eng yaxshi ommabop maqola; Inson huquqlari bilimdoni; Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi innovatsion g‘oya muallifi.

Tanlov bo‘yicha materiallar 2023 yil 1 iyundan 15 noyabrga qadar qabul qilinishi belgilanib, Milliy tanlovga jami 81 ta ariza kelib tushdi.

2023 yil 4 dekabr kuni Milliy markazda “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etildi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 4-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yil 15 avgust kuni Milliy markaz katta majlislar zalida “Inson huquqlari kelajak avlodlar uchun” mavzusida onlayn va oflayn formatda yozgi maktab tashkil etildi.
  2. “Yo‘l xaritasi”ning 6-bandida belgilangan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat boshqaruvi akademiyasida 2023 yilning may oyidan boshlab rahbar kadrlarning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv soatlari joriy qilindi. Xususan, 2023 yilning 8 may kunidan bugungi kunga qadar vazirlik va idoralarning markaziy apparatlaridagi boshqaruv kadrlari uchun har biri 56 soatlik 7 ta malaka oshirish kursi tashkil etildi. Malaka oshirish kursi dasturiga inson huquqlari va gender tengligi masalalariga doir jami 3 soat hajmdagi 2 ta mavzu kiritildi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 8-bandida belgilangan vazifa doirasida 2023 yilda Farg‘ona (22-23 fevral), Buxoro (29-30 mart), Toshkent (18-19 aprel), Surxondaryo (17-18 may), Andijon (20-21 iyun), Namangan (22-23 iyun), Jizzax (25-26 iyul), Sirdaryo (27-28 iyul), Navoiy (19-20 sentyabr), Samarqand (21-22 sentyabr) viloyatlarida tasdiqlangan reja grafik asosida, milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba”  mavzusida onlayn va oflayn formatda jami 10 ta o‘quv kurslari tashkil etildi. O‘quv kurslarida har bir hududdan ichki ishlar (50 nafar) va prokuratura (10 nafar) tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 590 nafar xodimlari ishtirok etdi.
  2. “Yo‘l xaritasi”ning 9-bandida belgilangan vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar yo‘nalishi tashkil etilib, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va uning hududiy axborot-kutubxona markazlariga jami 2600 dan ortiq  inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar taqdim etildi.

Shuningdek, 21 fevral kuni A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga, 22 fevral kuni Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaga,  A.S.Pushkin nomidagi Samarqand viloyati Axborot-kutubxona markaziga 110 donadan inson huquqlariga oid o‘quv qo‘llanmalar, adabiyotlar taqdim etildi.  Shuningdek, A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxona orqali 28 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari Axborot-kutubxona markazlariga 110 donadan (jami 1050) inson huquqlariga oid o‘quv qo‘llanmalar, adabiyotlar hamda 40 ga yaqin “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali taqdim etildi.

  1. Qarorning 12-bandida belgilangan «Huquqiy savodxonlik oyligi»ni o‘tkazish maqsadida 2023 yil 31 iyul kuni 2023 yil sentyabr-dekabr oylariga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Chora-tadbirlar rejasi tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ijro uchun yuborildi. 2023 yil 1-10 dekabr kunlari Milliy markaz bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Inson huquqlari” o‘n kunligini tashkil etdi. “Inson huquqlari” o‘n kunligi boshlanganligi to‘g‘risida IHMM rasmiy veb-saytida e’lon qilindi: http://insonhuquqlari.uz/uz/news/m11910.
  2. “Yo‘l xaritasi”ning 10-bandida belgilangan O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalariga oid quyidagi to‘plamlar davlat tilida chop etildi:
  3. Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga oid xalqaro shartnomalar va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari to‘plami / Mas’ul muharrir: A.X. Saidov. – T.: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, 2023. – 204 b. Adadi 100 nusxa.
  4. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi. – T.: “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, 2023. – 32 b. (o‘zbek: kirill. 1000 nusxa, lot. 1000 nusxa; qoraqalpoq: kirill. 500 nusxa, lot. 150 nusxa; rus. 350 nusxa).
  5. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi. – T.: “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, 2023. – 32 b. Adadi 1000 nusxa
  6. Insan huqыqlarы dynya juzlik deklaratsiyasы. – Tashkent. “Adolat” milliy huqыqыy malileme orayы, 2023. – 32 b. Tirajы 500 nusqa.
  7. Insan huqıqları dúnya júzlik deklaraciyası. – Tashkent. «Adolat» milliy huqıqıy málimleme orayı, 2023. – 32 b. Adadi 150 nusxa
  8. Bolalar huquqlarini himoya qilishga oid xalqaro shartnomalar va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari to‘plami / Mas’ul muharrir A.X. Saidov. – T.: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, 2023 y. 550-b (tayyorlanmoqda).
  9. Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari boʼyicha xalqaro shartnomalari to‘plami / Mas’ul muharrir: A.X. Saidov. – T.: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, 2023. – 195-b.
  10. Sud ta’qibini amalga oshiruvchi shaxslarning roliga taalluqli Rahbariy prinsiplar. – T.: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, 2023. – 26-b. (“Inson huquqlari kutubxonasi”)
  11. “Yo‘l xaritasi”ning 11-bandi amalga oshirish maqsadida
    2023 yilning 14-17 noyabr kunlari IHMM majlislar zalida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusida onlayn va oflayn formatda o‘quv kurslari tashkil etildi. To‘rt kunlik mashg‘ulotlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlandi. Tadbirda 20 dan ortiq (16 ta offlayn va 3 ta onlayn) davlat organlari va tashkilotlar mutaxassislari offlayn va onlayn formatda ishtirok etdi. O‘quv kurslari tasdiqlangan dastur hamda ekspertlar tomonidan tayyorlangan taqdimotlar, tarqatma materiallar asosida tashkil etildi.

Kurs yakunida ishtirokchilarning o‘zlashtirish darajasini baholash uchun test sinovlari o‘tkazildi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga Milliy markazning sertifikati taqdim etildi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 12-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari», «Bola huquqlari», «Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari» kurslari bo‘yicha ta’lim berilishi, o‘quv dasturlari va darsliklar holatini tanqidiy tahlil qilindi va O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya raisiga kiritildi.
  2. “Yo‘l xaritasi”ning 13-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy markaz tomonidan «Huquqshunos-pedagog» bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tashkil etish, shuningdek, «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq» magistratura yo‘nalishini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga, Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga yuborildi.
  3. “Yo‘l xaritasi”ning 14-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy markazning oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim instituti doktorant, tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilari faoliyatining samaradorligi bo‘yicha monitoring yig‘ilishi tashkil etildi. 12.00.13 – “Inson huquqlari” ixtisosligi bo‘yicha yuridik fanlar va sotsiologiya fanlari falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun ixtisoslikdan malakaviy imtihon tashkil qilinib, ehtiyojlardan kelib chiqib, 2023-2024 yil yillar uchun 3 ta doktorantura kvotasi belgilandi.
  4. “Yo‘l xaritasi”ning 19-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yil 26 avgust kuni Milliy markaz, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) bilan hamkorlikda «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar» mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vazirligi vakillari hamda ushbu tizimda respublikaning 14 ta hududida faoliyat olib borayotgan inspektor-psixologlar ishtirok etdi.
  5. “Yo‘l xaritasi”ning 21-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Parlament komissiyasining 2023 yil 11 maydagi 29-sonli qaroriga muvofiq Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi “Aholining huquqiy ongi va muloqot madaniyatini yuksaltirish hamda inson huquqlari sohasida ta’lim sohasida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini oshirish” mavzusida Davlat granti uchun 3-grant tanlovini e’lon qildi. 2023 yilning may-iyun oylarida tashkil etilgan davlat granti 3-tanloviga kelib tushgan 10 ta NNT, OAV va fukarolik jamiyati boshka institutlarining loyihalari g‘olib deb topilib, ular jami 925 mln. so‘m miqdorida davlat granti shaklida ko‘llab-kuvvatlandi.
  6. “Yo‘l xaritasi”ning 23-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yil 21 avgustdan 1 dekabrga qadar O‘zbekiston Savdo sanoat palatasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Milliy markaz hamda Biznes Ombudsman hamkorligida Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarida “Biznes va inson huquqlari” bo‘yicha o‘quv kursi onlayn va oflayn formatda tashkil etildi va kurslarda jami 752 nafar tadbirkorlar va fermerlar ishtirok etdi. O‘quv kursining ikkinchi bosqichida 3745 nafar fermerlar, tadbirkorlar qatnashdi.
  7. “Yo‘l xaritasi”ning 25-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy markazi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagog xodimlari uchun «Bola huquqlarini o‘rgatish» uslubiy qo‘llanmasi hamda tarbiyalanuvchilar uchun «Bola huquqlari» ko‘rgazmali qo‘llanmasi ishlab chiqildi. 2023 yil 27 sentyabr kuni mazkur qo‘llanmalar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdim etildi.

Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan 2023 yil 6 oktyabrda ko‘rgazmali qo‘llanmalar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ommalashtirish va ta’lim-tarbiya  jarayoniga joriy etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga yuborildi. 

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 26-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24”, “Yoshlar”, “Toshkent”,  “Dunyo bo‘ylab” teleradiokanallarida inson huquqlari, ayollar, bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan keng islohotlar va ularning natijalari bo‘yicha ko‘rsatuv va radioeshittirishlash tayyorlanib, efirga uzatildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 2023 yil fevral-dekabr oylarida bosma va elektron OAV hamda Internet tarmog‘ida inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani mustahkamlash, inson huquqlari milliy tizimi bo‘yicha jami 479 ta materiallar yoritildi. Shulardan veb-saytlarda – 143 ta, respublika teleradiokanallarida – 75 ta, bosma nashrlarda – 12 ta, ijtimoiy tarmoqlarda – 249 ta material chop etildi.

Xususan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kanallarida inson huquqlariga doir 47 ta chiqish qilindi, “O‘zbekiston 24” telekanalida 16  intervyu va videolavhalar , “O‘zbekiston”, “Farg‘ona”,  Jizzax”, “Buxoro”  Andijon”, “Qashqadaryo”, “Sirdaryo”, “Xorazm”, “Qoraqalpog‘iston”, “Samarqand”  telekanalarida 15  intervyu va videolavhalar  hamda “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston”, “Mahalla”, “Oriyat Dono”, “Jizzax”,  “Samarqand”,  Samarqand-inform”, “Sirdaryo”, “Yangi asr”, “Oltin voha” radiokanalirida 16  intervyu va videolavhalar e’lon qilindi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati xamkorligida 2 ta brifing o‘tkazildi. Brifinglar “O‘zbekiston-24” telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 27-bandi ijrosi doirasida 2023 yil
    27-28 sentyabr
    kunlari Milliy markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi hamkorlikda “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va mazkur sohada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi masalalari” mavzusida o‘quv kursi tashkil etdi. O‘quv kursi davlat tashkilotlarida jamoatchilik bilan aloqalar va inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik uchun mas’ul xodimlar hamda matbuot kotiblari uchun tashkil etilgan bo‘lib, 79 nafar vazirlik, idora va tashkilot, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xodimlari ishtirok etdi.
  2. “Yo‘l xaritasi”ning 28-bandida belgilangan vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy markaz Inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platforma Konsepsiyasini tayyorladi, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Konsepsiya tasdiqlandi va elektron platformaning yangilangan versiyasi ishga tushirildi. Shuningdek, platforma uchun kontent yaratilib, platformaga joylashtirildi.
  3. “Yo‘l xaritasi”ning 29-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy markaz YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda “BMT Xavfsizlik Kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risida”gi 1325-sonli rezolyusiyasini amalga oshirishda ayollar rolini kuchaytirishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida 2023 yilning 6-8-iyun kunlari “Ayollarning rolini kuchaytirish, tinchlik va xavfsizlik” mavzusida sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari uchun trening o‘tkazildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari uchun “Favqulodda vaziyatlarda ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash” nomli qo‘llanma ishlab chiqildi.

Milliy markaz, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilishning milliy tizimini barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida 2023 yilning 19-21-iyun kunlari Toshkent shahrida, 22-24-iyun kunlari Buxoro shahrida jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun “Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz munosabatlarni xalqaro standartlarga oid oldini olish” mavzusida uch kunlik trening tashkil qilindi.

2023 yilning 31 mart kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi "UPR-info" nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning 4-Universal davriy hisoboti (UDH) sikli bo‘yicha vebinar: UDH bo‘yicha milliy hisobotni tayyorlashda eng yaxshi amaliyotlar” mavzusiga bag‘ishlangan onlayn vebinar bo‘lib o‘tdi. Tadbir maqsadi – universal davriy hisobot doirasida milliy hisobotlarni tayyorlash bo‘yicha asosiy talablar bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. Milliy seminarda 20 dan ziyod davlat organlari vakillari, mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etdilar.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 30-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yil 29 noyabr kuni Milliy markazda Yevropa Kengashi hamkorlik dasturlari boshqarmasining Markaziy Osiyoda HELP loyihasi koordinatori Kristina Xoxlova, Norvegiyalik prokuror Rudolf Kristoffersenlar bilan «Huquqshunoslar uchun inson huquqlari ta’limi» mavzusida seminar-treninglarni hamkorliqda tashkil etish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ushbu tadbirlarni 2024 yil mart oyida o‘tkazish kelishib olindi.
Powered by GSpeech