Parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining 1 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishi ayni shu mavzuga bag‘ishlandi, deyiladi parliament.gov.uz xabarida.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari tomonidan qonun loyihasi qabul qilinishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini yanada mustahkamlashga, sohadagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga xizmat qilishi, bu o‘z navbatida mamlakatimizda barcha islohotlarning negizi hisoblanuvchi “Inson qadri uchun” tamoyiliga to‘liq mosligi qayd etildi. Qizg‘in bahs-munozaralar yakunida qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif-tavsiyalar berildi va loyiha qo‘llab-quvvatlandi.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, xususan, uning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishilaridan biri hisoblanishi ta’kidlandi.
Mazkur yo‘nalishda fuqarolarimiz, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ularni kasb-hunarga o‘qitish, sifatli ta’lim olishi uchun boshqa shaxslar bilan teng imkoniyatlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan:
-
nogironligi bo‘lgan shaxslarning boshqalar bilan teng ravishda odil sudlovdan foydalanish;
-
sud protsessining barcha bosqichlarida, shuningdek surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida ishtirok etish;
-
ushbu shaxslarning boshqalar bilan teng ravishda jamiyat va davlat siyosiy hayotida bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish;
-
shu jumladan, saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish huquqlari kafolatlanmoqda.
Ushbu qonun loyihasini tayyorlagan ishchi guruh tarkibida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili ham bor.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.04.2024
- Ko'rishlar: 1963
- Chop etish