KITOB – HAYOT SABOG‘I

2-aprel — Xalqaro bolalar kitobi kuni

 

Bolalar kitobi, boshqacha aytganda, bolalar adabiyoti – bolalar va  o‘smirlar uchun yaratilgan badiiy, ilmiy, ilmiy-ommabop va  publitsistik asarlar majmuidir, deya ta’rif beriladi milliy qomuslarimizda. Bunday kitoblarning asosiy qismi badiiy  asarlar va albatta, ertak va dostonlardan iborat bo‘ladi.

Shu ma’noda, 1967-yildan buyon 2-aprel – mashhur ertaknavis adib Hans Kristian Andersenning tug‘ilgan kuni butun dunyoda “Xalqaro bolalar kitobi kuni” sifatida nishonlanishi bejiz emas. Bu ma’rifat bayrami bolalarda kitob o‘qishga mehr uyg‘otish va e’tiborni jalb qilish maqsadida Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashi (International Board on Books for Young People — IBBY) tashabbusi bilan ta’sis etilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, IBBY 1953-yili Shveysariyaning Syurix shahrida YUNESKOning Bolalar va o‘smirlar adabiyoti bo‘yicha xalqaro kengashi tomonidan tashkil etilgan. IBBY Nizomiga muvofiq, har bir davlatda uning milliy sho‘basi tashkil etilishi mumkin. Bunday milliy sho‘baning asosiy maqsadi bolalar va yoshlar uchun milliy adabiyotni xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirishga ko‘maklashish uchun ijodiy va ijtimoiy kuchlarni birlashtirishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan 2022-yil yanvar oyidan boshlab Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Respublika bolalar kutubxonasi, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi ishtirokida IBBYda O‘zbekiston Respublikasining Milliy sho‘basi tashkil etildi.

IBBY Milliy sho‘balari Xalqaro bolalar kitobi kunining xalqaro tashkilotchisi (homiysi) bo‘lish imkoniyatiga ega. Tashkilotchi davlat IBBY ijroiya qo‘mitasi tomonidan tanlov asosida aniqlanadi. Tashkilotchi Xalqaro bolalar kitobi kunining tegishli yildagi mavzusini belgilash, butun dunyo bolalariga Murojaatnoma yozish uchun mezbon mamlakatning mashhur muallifini va maxsus afishani loyihalash uchun taniqli rassomni taklif qilish huquqiga ega bo‘ladi. Ushbu materiallardan kitob va kitobxonlikni targ‘ib qilish uchun foydalaniladi.

Xalqaro bolalar kitobi kuni sanasiga asos solinganida, kamina atigi 3 yoshda bo‘lgan. Shuning uchun bolalik yillarimda bunday kitob bayrami borligidan va uning olamshumul mazmun-mohiyatidan mutlaqo bexabar bo‘lganman. Shu boisdirki, ham kichik yoshlilarga, ham kattalarga mo‘ljallangan kitoblarni birdek o‘qiyverganman.

Albatta, aka-opalarim faqat o‘z yoshimga mos asarlarni mutolaa qilishim uchun aynan shunday kitoblarni tez-tez sovg‘a qilib turishardi. Natijada uyimizdagi kutubxona Sharqning ulug‘ shoiru adiblaridan – Kaykovusning «Qobusnoma», Shayx Sa’diyning «Guliston» va «Bo‘ston», Jomiyning «Bahoriston», Alisher Navoiyning «Mantiq ut-tayr»,  Gulxaniyning «Zarbulmasal» kitobi kabi nodir asarlar, shuningdek, turli ertak va dostonlar, bolalar uchun yozilgan she’riy to‘plamlar bilan to‘ldirilgandi.

O‘sha davrda katta akam Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgani G‘arb adabiyoti namunalari bilan ham barvaqt tanishishim uchun qulay imkoniyat tug‘dirgan. Ya’ni, mashhur hikoyanavis adib Hans Kristian Andersenning “Qor malikasi” nomli ertaklar kitobi bilan bir qatorda, atoqli adiblar Jonatan Svift yozgan «Gulliverning sayohatlari», Daniel Defoning «Robinzon Kruzo», Garriyet Bitcher-Stou qalamiga mansub «Tom tog‘aning kulbasi» singari jahon adabiyotining noyob asarlarini bolalik yillarimdayoq o‘qishga muyassar bo‘lganman.

Bolalikdan ko‘p va sara kitoblar mutolaa qilishning foydasi katta. Bu boradagi shaxsiy tajribamga kelsak, hali o‘n yoshga kirmasimdanoq so‘z boyligim ortib, o‘z fikrlarimni o‘zbek adabiy tilida og‘zaki va yozma alfozda erkin bayon etish layoqatim shakllana boshlaganini yaxshi eslayman.

Misol uchun, oltmishdan oshgan bo‘lsam ham, haligacha dengiz sayohatiga chiqmabman. Ammo, birgina Jyul Vern kitoblarini o‘qish asnosida kema bilan bog‘liq langar, shturval, yelkan, paluba, machta, kayuta kabi yuzlab notanish so‘zlarning har biri qanday ma’no tashishini o‘n yoshga kirmay turib ham yaxshi bilganman.

Kitobdan olgan bu bilimim hayot yo‘llarida qanday naf berdi, dersiz? Gap shundaki, xuddi shu bilim tufayli Navoiy bobomizning asarlaridagi dengiz sayri va kema bilan bog‘liq g‘aroyib tashbehu timsollarning mag‘zini chaqishim oson kechdi. Qarang: Alisher Navoiy qayerda-yu, Jyul Vern qayerda, biz tug‘ilib-o‘sgan Movarounnahr dashtlari qayerda-yu, atoqli fransuz adibi tarannum etgan ummondagi g‘aroyib sayohatlar qayerda!..

O‘quvchilik davrimizda “Kundalik daftar”ning oxirgi betida o‘qigan kitoblarimizning nomini qayd etish uchun maxsus jadval bo‘lar edi. Birgina yozgi ta’tilda uy va dala ishlaridan ortib, o‘qishga ulgurgan kitoblarim ro‘yxati o‘sha jadvalga doim sig‘may qolardi.

Sinfdosh bolalar, odatda, darslar tugaganidan keyin maktab yaqinidagi tepalik bag‘rida to‘planardik. Har gal yangi o‘qigan kitobimning ma’no-mazmunini ularga berilib so‘zlardim. Tengqurlarim esa og‘zaki hikoyamdan olgan zavq-shavqini baham ko‘rishardi. So‘ng hammamiz ertaga kutubxonadan albatta kitob olib o‘qishga ahd etardik va uy-uyimizga mamnun tarqalardik.

Bolalar kattalarga mo‘ljallangan kitoblarni o‘qisa yomonmi? Fikri ojizimcha, inson dunyoqarashi va fe’l-atvorining maqbul yo‘sinda shakllanib borishi uchun mutolaaning yosh bilan bog‘liqligiga e’tibor qaratish har tomonlama o‘rinlidir.

Shaxsiy tajribamga ko‘ra, aka-opalarim va o‘qituvchilarimning cheklovlaridan qat’i nazar, kattalarga mo‘ljallangan kitoblarni yashirincha o‘qiganman. Shu holat bilan bog‘liq ikkita kechinmamga to‘xtalaman.

Avvalo, kattalarga mo‘ljallangan kitoblar mutolaasi chog‘ida ayrim so‘z va atamalarni tushunishda qiynalganman. Masalan, Fransua Rablening «Gargantyua va Pantagryuel» hajviy romanini o‘qir ekanman, matnda bot-bot uchragan “pivo” so‘zi nimani anglatishini bilmaganman. Shuning uchun o‘sha so‘zni o‘zbekchasiga “piyova” deb o‘zimcha talqin qilganman.

Piyova – piyozdog‘ va suvdan tayyorlangan go‘shtsiz suyuq ovqat, ya’ni yovg‘on sho‘rva, degani. Aslida, “piyova”ning “pivo”ga hech qanday aloqasi yo‘q. Lekin yosh bola buni qayoqdan bilsin? Ana shu “bilimsizligim” esa mutolaa asnosida yangidan yangi jumboqlarni keltirib chiqargan. Ya’ni, kitob qahramonlari olis dengiz sayohati yakunida nihoyat ufqda yer ko‘rinayotgani haqidagi xushxabarni kema sahnidagi bochkadan yog‘och krujkalarda pivo ichish bilan nishonlaydi.

O‘shanda bolalarcha tafakkurim savollar iskanjasida qolgan. Pivo (mening talqinimda – piyova) nima uchun qozonda emas, balki bochkada turibdi?  Xo‘p, qozon – bu bochka, deylik. “Krujka” – kosami yoki qoshiq? Yog‘ochdan ekanligi qoshiqligiga dalolat beradi. Ammo, qozondagi piyovani qoshiq bilan ichib bo‘lmaydi-ku! Kosa qani?..

Yana bir kechinma – ajnabiy so‘zlar talaffuziga bog‘liq. E’tibor berganmisiz, xorijiy tilni astoydil o‘rganishga kirishgan inson ba’zan hatto o‘z ona tilidagi eng qadrdon so‘zlarni ham buzib talaffuz eta boshlaydi.

Men ham kattalarga mo‘ljallangan kitoblarni o‘qishda shunday holatga duch kelganman. Xorij adbiyotining o‘zbekcha tarjimasida ajnabiy so‘zlar ancha-muncha uchrab turardi. Ularni qanday to‘g‘ri talaffuz qilish kerakligi yuzasidan kattalarga murojaat qilsam, kitobimni olib qo‘yishlari tayin. Shuning uchun asosan televizor va radiodagi xorijiy tildagi ko‘rsatuv hamda eshittirishlarda men o‘qiyotgan kitobda uchragan ajnabiy so‘zlar qanday talaffuz etilishini bilib olishga intilardim.

Bir gal juda qiziq bo‘lgan. Quyi sinfning “O‘qish” kitobidan berilgan uy vazifasini bajarmadim. Chunki o‘qib kelish topshirilgan o‘sha “Iskabtopar” nomli mitti hikoyadan ko‘ra xorijiy adibning muhtasham romani men uchun chandon maroqli edi.

Afsuski, baholarim ko‘p bo‘lishiga qaramay, o‘qituvi mendan uy vazifasiga berilgan hikoyani o‘qishimni so‘ragan. Menga, bir tomondan, uy vazifasini bajarmaganimdan xijolatpazligim, ikkinchi tomondan, ajnabiy so‘zlarni o‘z-o‘zimcha talaffuz qilish olamiga “o‘ralashib” qolganim pand bergan o‘shanda.

Ya’ni, “iskabtopar” so‘zini uch yo to‘rt marta “iskubator” tarzida “o‘qibman”. Sinfdoshlarim miriqib kulishdi. Yaxshi hamki, o‘qituvchim meni tushundi. Partamning ustidagi salmoqli romanni varaqlar ekan:

– G‘ulom, bu so‘z ajnabiy emas, o‘zimizning o‘zbekcha atama, ya’ni “o‘z o‘ljasini iskab topadi”, degan ma’noni beradi. Endi yana o‘qib ko‘r: “Is-kab-to-par”, – deya bo‘g‘inma-bo‘g‘in talaffuz qilib, shogirdiga mehr va ma’rifatini namoyon etgandi ilk ustozim...

Mavzuga qaytadigan bo‘lsak, jahon  xalqlari, shu jumladan o‘zbek xalqi bolalar adabiyoti tez  aytish, topishmoq, o‘yin qo‘shiqlari, rivoyat, afsona, ertak, maqol, masal va doston singari aksariyat qismi bolalarga  mo‘ljallab yaratilgan og‘zaki ijod namunalaridan boshlanadi. Shunday asarlarni o‘zida jamlagan ayrim kitoblar aslida bolalarga  mo‘ljallanmagan bo‘lsa-da, keyinchalik aynan bolalarning kitobi sifatida e’tirof etilishi ham tabiiy hol.

Soha mutaxassislarining fikricha, bolalar adabiyotining o‘ziga  xos  xususiyati – o‘zgaruvchan hodisa bo‘lib, u kitobxonning yoshi, tarixiy  davr va ijtimoiy muhit bilan bevosita bog‘liq. Kitobxon yoshini hisobga olish bolalar adabiyotining eng asosiy fazilatlaridandir. 

Maktabgacha yoshdagi bolalarda bu muhim omil ko‘rgazmalilik, ezgulik va  yovuzlik kuchlarining oddiy ko‘rinishdagi ziddiyatlariga asoslangan bo‘lsa, o‘smirlar uchun yaratilgan adabiyotda murakkab hayotdagi murakkab kishilarning ruhiyati ochila boshlashida ko‘rinadi. Ushbu xususiyat insonning yosh pog‘onalari bilan bog‘liq kitoblar talqinida yanada murakkablashib, kengayib va tobora chigallashib boraveradi. Zotan, kitob – hayot sabog‘idir.

Eng muhimi, shoir va yozuvchilarning asarlari yosh avlodni ezgu insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashi ham farz, ham qarz. Bunda badiiylik bilan bir qatorda ma’rifiylik, odamiylik yetakchi  o‘rin  tutishi darkor. Chunki bolalarga mo‘ljallangan kitoblar farzandlarimizni insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat  qilishi lozim.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech