SMARTFONLAR BOLALARNING TA’LIM OLISHIGA XALAL BERADI(MI?)

3-aprel – qo‘l telefonining tug‘ilgan kuni

Bugungi ilg‘or texnologiyalar davrida smartfon – bu sensorli, ya’ni oyna ekranli va so‘zlashish hamda yozishmalar olib borishdan tashqari, onlayn-muloqot qilish, suratga tushirish, videotasvirga olish, musiqa tinglash, filmlar tomosha qilish, zarur axborotni Internet tarmog‘i orqali izlash, olish va yuborish kabi qo‘shimcha qulayliklardan foydalanish imkoniyatini beruvchi zamonaviy qo‘l telefoni ekanini yosh bola ham yaxshi biladi.

Dunyoning 14 ta mamlakatidan jamlangan ma’lumotlarga qaraganda, xuddi shu qo‘l telefonlari o‘quvchilarning xayolini chalg‘itmoqda va ta’lim olishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda ekan. Binobarin, jahon mamlakatlarining salkam to‘rtdan bir qismi tomonidan maktablarda smartfonlardan foydalanish taqiqlangan.

YUNESKOning ta’limga zamonaviy texnologiyalar ta’siri mavzusidagi 2023-yili e’lon qilingan ma’ruzasida shu haqda so‘z boradi. Ma’ruza mualliflari bu boradagi vaziyatni tahlil qilish oson kechmaganini ochiq tan olganlar. Buning sababi texnologiyalarning haddan ortiq shiddat bilan rivojlanayotganida: chunki o‘rtacha har 36 oyda yangi rusumdagi uskunalar paydo bo‘lmoqda.

Asosiy xulosa shuki, texnologiyalar millionlab o‘quvchilarning ta’lim olishida qo‘l kelayotgani e’tirofga sazovor. Biroq ayni shu taraqqiyot qulayliklaridan bebahra qolayotganlar soni bundan ham ko‘pchilikni tashkil etadi.  Jumladan, foydalanish uchun qulay va universal texnologiyalar nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarga keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ko‘rish borasida muammosi bo‘lgan katta yoshli insonlarning qariyb 87 foizi qayd etishicha, ular uchun ko‘z o‘rnini o‘taydigan an’anaviy vositalar zamonaviy texnologik uskunalarga joy bo‘shatayotgani juda maqbul.

Yer yuzining odam qadami yetishi qiyin hududlarida an’anaviy ta’lim uslublari  radio, televideniye va qo‘l telefonlariga o‘z o‘rnini bo‘shatib bermoqda. Dunyoning salkam 40 ta mamlakatida o‘quv jarayonlarida radiodasturlardan foydalaniladi. Xususan, Meksikada televizion darslar bilan an’anaviy saboqlarning o‘zaro uzviylikda efirda namoyish etilishi hisobiga aholini o‘rta ta’lim bilan qamrab olinishi ko‘rsatkichi 21 foiz ortgan.

Ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi tufayli maktablar yopib qo‘yilgan davrda onlayn-ta’lim o‘quv jarayonlari butunlay to‘xtab qolishining oldini oldi, deb ta’kidlanadi YUNESKO ma’ruzasida. O‘sha davrda masofadan o‘qitish taxminan bir milliard nafar o‘quvchini qamragandi.

Shu bilan birga, o‘shanda onlayn-ta’lim qulayliklaridan kamida 0,5 milliard inson yoki dunyodagi barcha o‘quvchilarning 31 foizi foydalana olmagan. Zamonaviy texnologiyalarga qo‘li va puli yetmagan ana shu o‘quvchilardan 72 foizi aholining o‘ta qashshoq toifalariga mansubdir.

 Ta’lim olish huquqi, deganda, ko‘pincha Internetga to‘liq ulanish huquqi ham tushuniladi. Lekin ushbu umumjahon axborot tarmog‘idan hammaning teng va bir xilda foydalanish imkoniyati hozircha mavjud emas.

Ayni vaqtda butun jahonda boshlang‘ich ta’lim maktablarining – atigi 40 foizi, quyi o‘rta ta’lim maktablarining – 50 foizi va yuqori o‘rta ta’lim maktablarining – 65 foizi Internetga ulangan. Sayyoramizdagi mamlakatlarning 85 foizi maktablarning Internetga ulanishi yoki o‘quvchilarning ushbu tarmoqdan foydalanishi imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan siyosat olib bormoqda.

Bu bejiz emas. Nega deganda, ayrim ta’lim texnologiyalari muayyan sharoitda ba’zi bir ta’lim turlarining sifatini oshirishi mumkin. Aytaylik, raqamli texnologiyalar o‘quv-uslubiy ma’lumotlar zaxirasidan foydalanish imkoniyatlarini tubdan kengaytirishi bor gap.

Shu bilan birga, ayrim ta’lim turlariga texnologiyalarning ijobiy ta’siri o‘ta kam bo‘ladi yoki deyarli sezilmaydi. Masalan, boshlang‘ich ta’lim maktablarida matematika fanini o‘rgatish uchun foydalaniladigan 23 ta ilovaning tahlili shuni ko‘rsatdiki, ayni texnologiyalar o‘quvchining ko‘nikmalarini rivojlantirishga emas, balki asosan bu ko‘nikmalarni mustahkamlash va mashq qilishga qaratilgan.

YUNESKO ekspertlarining ta’kidlashicha, ta’lim sohasida asosiy e’tibor raqamli resurslarga emas, balki ta’lim natijalariga qaratilishi zarur. Masalan, Peruda maktablarga bir milliontadan ziyod noutbuk tarqatilganiga qaramay, ushbu zamonaviy uskunalardan foydalanish amaliyoti ta’lim jarayoniga tatbiq etilmagani oqibatida o‘quvchilarning bilim olish darajasi yaxshilanmadi, deyiladi ma’ruzada.

Shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlarida ikki million nafardan ortiq o‘quvchining zamonaviy texnologiyalar asosida masofadan bilim olishi holati tahlil etilgan. Tahlil natijalari faqat masofadan bilim olish, ya’ni onlayn-ta’lim, o‘z navbatida, fanlarni o‘qib-o‘rganishda uzilishlar ko‘payishiga olib kelishini ko‘rsatgan.

Yana bir muhim xulosa: ta’lim olishga ijobiy ta’siri bo‘lishi uchun, albatta, eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanish shart emas ekan. Masalan, Xitoyda qishloq maktablarining 100 million nafar o‘quvchisiga faqat darslarning yaxshi sifatdagi videoyozuvlari taqdim etilishining o‘ziyoq bilim olish darajasini 32 foizga oshirish imkonini bergan.

O‘z navbatida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan maqsadga nomuvofiq tarzda yoki haddan ortiq darajada foydalanilishi ta’lim olishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xususan, 14 ta mamlakat maktablarida o‘tkazilgan o‘rganishlar tahlili shundan dalolat bermoqdaki, qo‘l telefoni o‘quvchining yonida shunchaki turgan bo‘lsa ham, baribir, uning bilim olishiga salbiy ta’sir qiladi, ya’ni bolani chalg‘itadi. YUNESKO sinflarda o‘qish-o‘qitish sifatini yaxshilash va bolalarni kiberbullingdan himoya qilish uchun maktablarda smartfonlarni taqiqlashga chaqirdi. Aytilishicha, o‘quvchilar o‘zlashtirish darajasining pastligi mobil telefonlardan ko‘p foydalanish bilan bog‘liq bo‘lib, ekranga uzoq muddat tikilib turish esa bolalarning hissiy barqarorligiga salbiy ta’sir qiladi. Qolaversa, raqamli texnologiya «aslida, ta’lim uchun mo‘ljallanmagan».

Shu bois u insonga yo‘naltirilgan konsepsiyaga mos kelishi va o‘qituvchi bilan bevosita muloqot o‘rnini egallamasligi kerak. Bugun aksariyat mamlakatlar o‘quv dasturlari va ta’lim standartlari doirasida raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish sohasiga ustuvor ahamiyat bera boshladi. Hozirgi vaqtda hatto eng boy-badavlat mamlakatlarda ham 15 yoshli o‘quvchilarning atigi 10 foizi haftasiga bir soatdan ko‘proq vaqt matematika va tabiatshunoslik darslarida raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatiga ega, xolos. Boz ustiga, aksariyat hollarda o‘qituvchilar zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda dars o‘tishga hali tayyor emasligidan yoki bu borada o‘ziga qat’iy ishonchi yo‘qligidan tashvish chekadi. Zero, dunyo mamlakatlarining atigi yarmidagina o‘qituvchilarning axborot-kommunikatsiya sohasidagi ko‘nikmalarini rivojlantirish standartlari mavjud.

E’tiborli tomoni shundaki, oliy ta’lim tizimida raqamli texnologiyalarning tatbiq etilishi, bir tomondan, tobora shiddatli tus olayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu omil ulkan o‘zgarishlarga yo‘l ochmoqda. Masalan, 2021-yilda ommaviy tarzda ochilgan onlayn kurslarda 220 million nafardan ortiq talaba ishtirok etgan va bilimini oshirgan.

Ammo, raqamli platformalar universitetlarning o‘rni va ahamiyatini pasaytirib yuborayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, Internetdagi noyob matnlardan foydalanish uchun obuna bo‘lish, talabalar hamda professor-o‘qituvchilarga oid shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish bilan bog‘liq mas’uliyatli holatlar huquqiy va axloqiy mazmundagi ayrim muammolarni ham keltirib chiqarmoqda.

Xulosa o‘rnida ayni mavzuga daxldor uchta hayotiy misolga to‘xtalamiz. Bu misollarga maqolamizga nuqta qo‘yishdan oldin Internet sahifalarini yana bir bor kuzatish asnosida duch keldik.

Birinchi misol – ekologiyaga oid: YUNESKO ekspertlari fikricha, agar Yevropa Ittifoqi hududidagi barcha noutbuklarning yaroqlilik muddati bir yilga uzaytirilsa, havoga chiqariladigan karbonat angidrid, ya’ni zaharli gaz hajmini qariyb bir millionta avtomobil harakatlanishini to‘xtatish hisobiga erishiladigan miqdorda kamaytirish imkoni tug‘ilgan bo‘lur edi.

Ikkinchi misol – ma’naviy tarbiyaga oid: AQSHning Florida shtati gubernatori Ron Desantis yaqindagina 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ijtimoiy tarmoqda akkaunt ochishini taqiqlovchi qonunni imzoladi. Uning fikricha, yangi tartib ota-onalarga bolalarini zarar keltiruvchi kontentdan samaraliroq himoya qilish imkonini beradi. Bu haqdagi rasmiy xabarda hozircha faqat bir shtat chegarasida joriy qilingan va 2025-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan bunday qonun qanday ijro etilishi to‘g‘risida hech narsa deyilmagan.

Uchinchi misol – salomatlikka oid: mamlakatimiz ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan xabarga ko‘ra, yosh bolalarga telefon bermaslikni bot-bot takrorlab televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali bong urilayotgani bejiz emas. Bunday nobop ko‘nikma mitti farzandlarimizda ko‘z raki kasalligi avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin ekan.

Darvoqe, 3-aprel kuni butun dunyoda qo‘l telefonining tug‘ilgan kuni sifatida nishonlanishi sababini bilasizmi? Gap shundaki, 1973-yilning xuddi shu kuni Motorola kompaniyasi muhandisi Martin Kuper dastlabki qo‘l telefonidan ushbu kompaniya ofisiga qo‘ng‘iroq qilgan. O‘shanda “Motorola DynaTAC 8000X” deya nomlangan ilk qo‘l telefonining vazni roppa-rosa 2,5 kilogrammni tashkil etgan!...

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech