Diplomatiya – tashqi siyosatning asosiy bo‘g‘ini sifatida mamlakatni dunyoning barcha davlatlari bilan aloqasini ta’minlaydigan, keng maqsad va strategiyadan iborat tushuncha, o‘zaro va ko‘p tomonlama ishonchni mustahkamlash usulidir.
Globallashuv jarayoni avj olgan, xalqaro munosabatlar tobora murakkablashib borayotgan bugungi vaziyatda milliy manfaatni ta’minlash, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish masalasi o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Diplomatiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri – “Madaniy diplomatiya” azaldan kishilik jamiyatida qalblarni birlashtiruvchi muhim vosita o‘laroq baholab kelingan. Bugun “yumshoq kuch” deya ta’riflanayotgan ayni soha mamlakatlar o‘rtasida muhim ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Bu omil, ayniqsa, ziddiyatli davrda diplomatik munosabat o‘rnatishning muhim vositasi hisoblanadi.
O‘zA nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga ega turli soha mutaxassislari fikri orqali ushbu muhim yo‘nalish – Madaniy diplomatiya xususida mulohaza yuritishga qaror qildi.
Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari:
– Avvallari xalqaro miqyosda mamlakatning qudrati, asosan, harbiy va iqtisodiy salohiyat bilan o‘lchangan. Endilikda muayyan davlatning tarixi va madaniyatini diplomatiya vositalari orqali targ‘ib etish tashqi siyosatning muhim mezonlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Boshqacha aytganda, bugun madaniy diplomatiya tashqi siyosatning eng samarali usullaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining bosh maqsadi – davlatning mustaqilligi va suvereniteti, xalqaro maydondagi o‘rni va rolini mustahkamlash, yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, respublika tashqi iqtisodiy manfaatini faol ilgari surish, mamlakatlar bilan diplomatik aloqani rivojlantirish.
Joriy yil 24-26-yanvar kunlari Bok-u shahrida “O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari” o‘tkazilib, mamlakatimizdagi taniqli fan, san’at, adabiyot namoyandalari Ozarbayjonda bo‘lib qaytdi. Tashrifning ilk kuni delegatsiyamizni ushbu qardosh yurt Milliy Majlisi Spikeri Sohiba xonim Gafarova qabul qildi.
Juda go‘zal tarzda tashkil etilgan “O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari” doirasida parlamentlararo hamda fan sohasida, yozuvchi va rassomlar, gazeta, jurnallar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi, san’at va madaniyat xodimlari bilan yigirmadan ziyod ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi.
Jumladan, Bokuning eng diqqatga sazovor maskanlarida to‘rtta yirik tadbir uyushtirildi. Haydar Aliyev markazida Madaniy meros bo‘yicha 80 jildlik majmua taqdim etildi. Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar Institutida “Madaniy merosimiz Ozarbayjon muzeyi va kutubxonalarida” maxsus tomi topshirildi. Eng hayajonlisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami taqdimoti o‘tkazildi. Bok-u davlat universitetida Ozarbayjon ilmiy jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Anjumanlarda O‘zbekiston delegatsiyasi bilan birga Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi, atoqli yozuvchi Anar Rzayev, uning o‘rinbosari Salim Babullao‘g‘li, shoir, yozuvchi, jurnalistlar Faxreddin Meydanli, Yashar Qosim, Gulamail Murad va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqani chuqurlashtirishda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi muhim o‘rin egallaydi. Bu borada samarali faoliyat ko‘rsatayotgan ozarbayjonlik olim va tadqiqotchilarga Jahon jamiyati nomidan tashakkurnoma topshirdik. Shuningdek, Ozarbayjon va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yuksak ma’naviy, madaniy islohot, kun sayin mustahkamlanib borayotgan adabiy aloqalar haqida so‘z yuritildi.
Umuman, Bokuda o‘tgan do‘stlik kunlari, ma’naviyat anjumani tom ma’noda ikki qardosh xalqning o‘zaro ehtiromi, hurmatiga sazovor bo‘ldi. O‘ylaymanki, bunday tadbirlar madaniy diplomatiyaning yorqin muvaffaqiyati orqali o‘zaro mushtarak maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida hammamizga ilhom, qo‘shimcha kuch beradi.
G‘ayrat Majid, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari:
– Qachon xalqlar bir-biri bilan do‘st bo‘ladi, millatlar qadrdonga aylanadi? Mening nazarimda, birinchi navbatda, madaniyat, adabiyot, san’at ahli birlashganda, bir-birini taniganda. Boshqacha aytganda, avval ijodkorlar birlashadi, keyin bu do‘stlik millatlarni, xalqlarni yaqinlashtiradi. Xalqlar do‘stligi esa davlatlar do‘stligiga sabab bo‘ladi. Bu jarayon poydevorini adabiyot va san’at namoyandalari qo‘yadi.
Bugun mamlakatimizda xorijiy mamlakatlar bilan madaniy va adabiy aloqalar jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, keyingi yetti yil ichida bu borada ulkan natijalarga erishdik, deb bemalol ayta olaman. Shoir-yozuvchilarimiz, san’at ahli dunyoning turli burchaklariga borib, ijodiy festivallar, turli ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etmoqda. O‘zim ham Yozuvchilar uyushmasi vakili sifatida Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Janubiy Koreya kabi o‘lkalarda tashkil etilgan adabiy anjumanlarda qatnashdim.
Umuman, “madaniy diplomatiya” bugun paydo bo‘lib qolmagan, ildizi chuqur tushuncha. Hazrat Navoiy zamonidan tortib, Ogahiy yashagan davrda ham bo‘lgan. Hozirgi ko‘rinish, shaklda bo‘lmasa ham, baribir, adabiy va madaniy aloqalar mavjud edi.
O‘tmishda qalam ahli dunyo bo‘ylab ko‘p sayohat qilgan, qayerga borsa, o‘sha hudud ijodkorlari bilan tanishgan. Ayni payt ikki xalq ijodkorlari bir-biri asarlarini o‘zaro tillarga o‘girishgan. Bugun ham an’ana davom etmoqda.
O‘tgan yil Anqarada Turkiy dunyo ijodkorlari anjumani o‘tkazildi. Quvonarlisi, o‘sha joyda hech kim tarjimonga ehtiyoj sezmadi. Adabiy do‘stona munosabat sabab, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi turkiy tilda so‘zlashuvchi mamlakatlar ijodiy tashkilotlari bilan memorandumlar imzoladi. Bu muhim hujjatlar turkiy davlatlarda ijod qilayotgan qalamkashlar asarlarini tarjima qilib, nashr ettirgan holda, O‘zbekistonda keng targ‘ib qilishni nazarda tutadi. Xuddi shunday ishni ular ham o‘z mamlakatlarida bajaradilar. Menimcha, xalqaro munosabatda madaniy diplomatiya degani shu.
Durbek Sayfullayev, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti prorektori:
– Yangi O‘zbekiston madaniy diplomatiyasi tashqi siyosatining yetakchi siyosiy institutlaridan biri sifatida zamonaviy mezon asosida shakllanib, tadrijiy ravishda rivojlanib, davlatimiz xalqaro hamjamiyatda o‘z o‘rni va obro‘siga ega bo‘lishi uchun salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Mintaqaviy va global darajada do‘stona aloqalarni kengaytirish, xalqaro maydonda O‘zbekistonning imijini yanada yuksaltirish borasidagi sa’y-harakat dunyoning nufuzli xalqaro tashkilotlari, davlatlari tomonidan munosib e’tirof etilmoqda.
2023-yil 22-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi hamda madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi. Mazkur uchrashuvda davlatimiz rahbari xalqaro maydonda O‘zbekiston madaniy diplomatiyasining o‘rni ortib borayotganiga ham alohida to‘xtaldi.
Darhaqiqat, jahon hamjamiyatida o‘rni, pozitsiyasi va obro‘sini tobora mustahkamlayotgan yurtimiz uchun diplomatiyaning ushbu turi tashqi siyosatdagi eng muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Turli davlatlar bilan, shuningdek xalqaro tashkilotlar doirasida ikki va ko‘p tomonlama sermazmun madaniy diplomatiya jadal ilgari surilayotgani, hukumatimiz tomonidan sohaga o‘ta dolzarb masala sifatida qaralayotgani e’tirofga loyiq.
Ma’lumki, madaniy diplomatiya rivojida xalqaro festivallarga mezbonlik qilish juda muhim. Mamlakatimizda “Maqom”, “Baxshichilik”, Hunarmandlik, “Lazgi” kabi xalqaro festivallar YUNESKO ko‘magida tashkil etilib, dunyoning ko‘plab mamlakatlari san’at ustalari diyorimizning tarixiy shaharlarida jamlanmoqda.
Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama madaniy hamkorlik mamlakatimiz madaniy diplomatiyasining ustuvor yo‘nalishidir. So‘nggi yillarda O‘zbekiston SHHT, MDH, TURKSOY va ayniqsa, YUNESKO kabi tashkilotlardagi ishtirokini sezilarli ravishda faollashtirdi.
Prezidentimiz 40-yildan buyon faqat Parijda o‘tkazib kelinayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasini 2025-yil qadim Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi tarixiy qarorga ham alohida to‘xtalib, ushbu nufuzli anjumanga tashkilotga a’zo barcha davlatlardan vakillar tashrif buyurishini hamda hech shubhasiz, bu O‘zbekiston uchun katta ishonch, ayni payt yuksak mas’uliyat ekani, shuningdek xalqaro maydonda o‘zbek madaniy diplomatiyasini rivojlantirish, boy madaniy merosimizni xalqimiz va xorijiy sayyohlarga keng tanishtirish jarayoni yangi bosqichga ko‘tarilishini ta’kidladi. Madaniy diplomatiyamiz negizida, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Necha ming yillar davomida yorqin tarixiy voqealar silsilasida o‘lkamizning betakror tabiati va turli madaniyatlarning bir-biriga ilhombaxsh ta’siri natijasida shakllanib, ravnaq topgan O‘zbekiston xalqining benihoya boy va rang-barang madaniyati...” – tarixiy-madaniy merosimiz yotadi.
Farhod Tolipov, siyosiy fanlar doktori:
– “Madaniy diplomatiya”ni o‘z nomi bilan umumiy diplomatiyaning bir qirrasi sifatida tushunish kerak.
Bu atama siyosatshunoslar tilida yoki xalqaro munosabat sohasida “yumshoq kuch” tarzida ham qo‘llanadi. Ya’ni, har bir mamlakat mana shu “yumshoq kuch” orqali xalqaro hamjamiyatda o‘z jozibadorligini oshiradi. Madaniy diplomatiyaga adabiy asarlar, madaniy meros hisoblanmish tarixiy obidalar, o‘lmas urf-odatlar, muayyan xalqning o‘ziga xosligi va boshqa millatlardan ajralib turuvchi xususiyatlari ham kiradi.
Bugun O‘zbekiston madaniy diplomatiyadan qay darajada samarali foydalanmoqda? Qay tarzda jozibadorligini oshirmoqda? Bu haqda mulohaza yuritganda sohada qilinayotgan ijobiy ishlardan ko‘z yummagan holda, muammoli holatlarni ham e’tirof etishimiz kerak. Ba’zan hududlarda tarixiy obyektlarga ziyon yetkazilayotgani, buzilib, o‘rniga savdo rastasi yoki turar-joy majmuasi qurilayotgani haqidagi xabarlarni o‘qib qolamiz. Nazarimda, madaniy merosimiz hisoblangan har qanday inshootni muhofaza qilish bo‘yicha doimiy ish olib borishimiz shart.
Turizm o‘ziga xos, jiddiy e’tibor talab etadigan soha. Bu jarayonda jannat monand diyorimizning tarixiy maskanlari, madaniyatidan faxrlanish bilan cheklanmasdan, sohani modernizatsiya qilish, zamonaviy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish orqali mamlakatni jahon sahnasiga olib chiqish zarur. Shundagina O‘zbekistonning madaniy diplomatiya yo‘nalishidagi faoliyati samarali kechadi, deb o‘ylayman.
Yana bir og‘riqli masala bor: ortiqcha dabdaba, shov-shuvli to‘ylar, hatto, muayyan hudud madaniyati o‘lchami sifatida baholanishi holatlari uchrab turadi. Bunday illatlardan qutulish, ayni salbiy holatlarni bartaraf etish, qaysidir ma’noda, madaniy diplomatiyani “tozalash” juda muhim.
Bilamiz, ko‘pgina davlatlar, deylik, Xitoy, Yaponiya yoki Osiyoning boshqa ayrim mamlakatlarida modernizatsion jihat bor. Ya’ni, zamonaviylik tarixiy an’ana, urf-odat bilan hamohang. Biz ham shu jihatga alohida e’tibor berishimiz lozim. O‘zbekistonning madaniy diplomatiyasini tor ma’noda tushunmasdan, taraqqiyotni hisobga olgan holda rivojlantirsak, “yumshoq kuch”ning qudrati oshib boraveradi.
O‘tkir ALIMOV tayyorladi.
O‘zA
- Qo'shildi: 04.04.2024
- Ko'rishlar: 2153
- Chop etish