AMIR TEMUR SIYMOSI – ABDULLA ORIPOV IJODIY TALQINIDA

9-aprel Sohibqiron Amir Temur

tavallud topgan kun

 

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi, uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘usini, oliyjanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyati xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish hamda yosh avlod tarbiyasida beqiyos o‘rin tutadi. O‘zbekiston Prezidentining Abdulla Oripov tavalludining 80-yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorida shunday deyilgan.

Ushbu e’tirofning chuqur mazmun-mohiyatini Abdulla Oripov ijodidagi Amir Temir siymosi talqini misolida ham yaqqol anglash mumkin. Ustozning 1970-yili yozilgan "Qarshi qo‘shig‘i" she’rida mana bu satrlar bor:

Yo‘l yursang har joylarda rabotlar vayronasi,

Iskandar, Qutaybadan qolgan sonsiz daxmalar.

Bu yerlarda ilk bora yangragan Temur sasi,

Chingiziylar boshiga solib qo‘rquv, vahmalar.

Qarang, bu misralar yozilgan va xalqimizga taqdim etilgan davrda Sohibqiron bobomiz xalqimiz va Vatanimizning mustaqilligi uchun kurashgani haqida yurtdoshlarimizning deyarli ko‘pchiligi bilmas, bilganlarning aksariyati esa churq etmasdi.

Gap shundaki, 1968-69-yillarda "Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli" nomli risolasini nashr ettirish orqali Sohibqiron siymosidan qora pardani ko‘tarib tashlagan jasoratli olim Ibrohim Mo‘minovning boshiga tushgan ko‘rgiliklar o‘sha kezlarda bundan xabardor kishilarni ancha sergak torttirib qo‘ygan.

Abdulla aka atoqli o‘zbek akademigining o‘sha risolasi timsolidagi jasoratini o‘z she’rlarida Amir Temur shaxsi haqidagi hayotiy haqiqatlarni taqdim etish orqali izchil davom ettirdi. Ustozning ulug‘ bobokalonimiz mustaqil markazlashgan davlat tuzish yo‘lida kurash olib borganiga ishorat qilingan she’ri aynan 1970-yilga mansubligi ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Bu satrlar esa 1972-yili yozilgan "Muallim" she’ridan:

Buyuk Temur sendan topgandir ta’lim,

Sen shundoq, aziz zot, aziz muallim.

Ayni o‘rinda shoir, avvalambor, muallimning azizligi Temurbek kabi buyuk zotlarga ta’lim berganida der ekan, sobiq tuzum ta’lim muassasalarida o‘sha paytda saboq bergan yuz minglab pedagog-o‘qituvchilarni tarix haqiqatlariga tiyrak ko‘z bilan qarashga da’vat etgan.

Yanada muhimi, Abdulla aka Amir Temur ham muallimlardan ta’lim olganiga urg‘u bergani bejiz emas. Bu bilan o‘shandayoq sovet mafkurachilarining "Temur savodsiz bo‘lgan" degan asossiz da’volari shoir tomonidan inkor qilingan.   

Esimda, o‘tgan asr 80-yillarining o‘rtalarida sobiq Davlat matbuot qo‘mitasi ishchi-xodimlari safida Toshkent viloyatining Piskent tumaniga paxta yig‘im-terimiga chiqqanmiz. O‘shanda adibu ijodkorlar, nashriyot muharrirlari va musahhihlari o‘rtasida adabiyot, she’riyat, xususan, Abdulla Oripovning yangi she’rlari haqida doim qizg‘in adabiy bahs-munozaralar bo‘lardi.

Bir kuni Abdulla akaning 1964-70-yillarda yozilgan "O‘zbekiston" qasidasida Temur haqida (u davrda ulug‘ ajdodimizning muborak nomiga Amir so‘zini qo‘shib aytish hali hech kimning o‘yiga ham sig‘masdi) so‘z borishi turli muhokamalarga mavzu bo‘lgandi.

Bu haqda keyinchalik matbuotda Abdulla akaning o‘zi shunday degan: "Vatanimga atalgan o‘sha qasidani "Sovet O‘zbekistoni" (hozirgi "O‘zbekiston ovozi") gazetasiga olib bordim. She’r muharrirga juda ma’qul bo‘ldi, u kishi, hatto meni bu muvaffaqiyat bilan tabrikladi. Ammo shart qo‘ydi... Xullas, gazetada qasidamni chiqarolmadim. U, oradan ancha vaqt o‘tgach, rahmatli Zulfiya opaning katta sa’y-harakatlari bilan "Saodat" jurnalida chop etildi. Shunda ham "jinday" tahrir bilan – "deyman" so‘zi "demam" deb o‘zgartirildi. "Buyuk jahongir" so‘zlari "oqsoq jahongir" so‘zlari bilan almashtirildi".

Abdulla akaning 1968-yilda yozilgan "Xatolar" she’rining ikkinchi bandi shunday misralardan iborat:

Bobom payg‘ambarlar qasosi uchun

Goho osiylarning oldi boshini.

Uni qarg‘adilar xatosi uchun,

Hamon otmoqdalar ta’na toshini.

Garchi Amir Temur va uning avlodlaridan buyuk davlat arboblari, jo‘mard sarkardalar, bunyodkor shohlar, buyuk olim va mutafakkirlar, el ardoqlagan shoir va me’morlar yetishib chiqqan bo‘lsa-da, hatto o‘z yurtimizda yaqingacha – istiqlolga qadar bu shavkatli ajdodlarimiz zolim podsholar sifatida talqin etib kelinganini bir eslaylik. Shu ma’noda, Abdulla aka o‘sha vaqtlardayoq buyuk Sohibqiron sha’niga yog‘dirilgan bo‘htonu tuhmatlarni rad etishga intilgan.

Mustaqillik tufayli tariximizdagi ulug‘ shaxslar, xususan, Sohibqiron Amir Temur merosi to‘g‘risida bor haqiqatni aytish imkoni tug‘ildi. Jumladan, endi Ustozning yuqoridagi misralari zamiridagi tub ma’no-mohiyatni chuqurroq anglash shart-sharoitlariga egamiz.

Avvalambor, "Xatolar" she’ridagi mazkur misralarning mazmun-mundarijasi Abdulla aka 1968-yildayoq "Temur tuzuklari" asaridan yaxshigina xabardor bo‘lganini ko‘rsatadi. Lekin Ustoz o‘sha zamonlarda, birinchidan, o‘zining Sohibqiron tarixini chuqur o‘rganganini, ikkinchidan, Amir Temur dunyoda zulmga barham berish va adolat o‘rnatish uchun harbu zarb qilgan odil jahongir bo‘lganini vaqtincha xaspo‘shlab turishga majbur edi.

Fransuz sharqshunos olimi Jan Pol Ru qayd etganidek, “Amir Temur nomi qalblarda qanday hissiyot uyg‘otishidan, uning nomiga qanday malomatlar yog‘ilishidan qat’i nazar, uning g‘ayritabiiy va mahliyo etguvchi inson bo‘lganligini, uning sarkardalik mahoratini va davlat arbobi sifatidagi ajoyib faoliyatini tan olmaslik mumkin emas. Amir Temur yashagan dunyoda uning salohiyatiga teng keladigan yoki ortiqroq salohiyatga ega bo‘lgan kishilar yo‘q edi. Uni buyuk sarkardalar Aleksandr Makedonskiy, Yuliy Sezar, Chingizxon va Napoleon Bonopart  qatoriga qo‘yib o‘rganish mumkin. Chunki Amir Temur o‘z asrining buyuk kishilaridan edi”.

Shu nuqtayi nazardan, Abdulla Oripov tomonidan ushbu she’rda "Napoleon xatosi"ning tilga olinishi o‘sha "xaspo‘shlash" hiylasi uchun poydevor bo‘lgani tayin. Binobarin, Sohibqiron shu qadar buyuk geosiyosiy muvaffaqiyatlarga erishganki, oradan to‘rt asr o‘tganidan so‘ng bu olamshumul yutuqlar Napoleonning ham hayratu havasini keltirgan.

Agar “Temur tuzuklari”ning fransuz tilidagi tarjimasi 1787-yilda nashr etilgani nazarda tutilsa, o‘z-o‘zidan bir haqiqat ayon bo‘ladi. Ya’ni, xuddi o‘sha davrda Napoleon Misrga va keyin Osiyo qit’asidagi Turkiya, Eron va Hindistonga o‘z harbiy yurishini rejalashtirar ekan, “Temur tuzuklari”ni o‘qimagan bo‘lishi mumkin emas.

 Aslida ham, Napoleon “Temur tuzuklari”da bayon etilgan Amir Temur, shuningdek Chingizxon, arablar va Aleksandr Makedonskiyning Osiyo bo‘ylab jangovar yurishlarini puxta tahlil qilgan bo‘lishi kerak. Biroq Amir Temur geosiyosatining oliy sir-asrorini Napoleon, baribir, anglab yeta olmagan, nazarimizda.

Nega deganda, urushdan urushga o‘tgani sari Amir Temurning jangovar kuchiga-kuch, iqtisodiy qudratiga-qudrat qo‘shilib borgan. Napoleon esa, aksincha, o‘z g‘alabalariga Fransiya va butun Yevropani holdan toydirish evaziga erishgan. Zero, Amir Temurda – kuch tafakkurga xizmat qilgan bo‘lsa, Napoleonda – tafakkur kuchga xizmat qilgan.

Napoleon Rossiyaga o‘ylovsizlik bilan hujum uyushtirib, keyin uning taslim bo‘lishini “Poklonnaya gora”da turgancha behuda kutgan. Amir Temur esa qizg‘in janglardan hali sovib ulgurmagan Kulikovo maydonigacha kelib, so‘ng ortiga qaytgan. Xo‘sh, har ikki jahongirning bu o‘rinda qo‘llagan o‘ziga xos strategiyalari qanday natija berdi, degan savol tug‘iladi.

Amir Temur, bir tomondan, o‘zi biron-bir manfaat kutmagan hududdan qo‘shinini betalafot olib chiqqan. Ikkinchi tomondan, rus knyazliklari misolida o‘z saltanati yaqinida beqaror hududlar va g‘anim kuchlar shakllanishining oldini olgan.

Napoleonda esa mutlaqo teskari natija kuzatilgan. Rossiyaning o‘sha paytdagi chegarasi bo‘lgan Neman daryosidan 1812-yil 23-iyunda 420 ming qo‘shin bilan o‘tgan va ruslarning 267 ming lashkarini chekinishga majbur qilgan Napoleon, oxir-oqibat, o‘sha yilning dekabr oyida xuddi o‘sha daryodan atigi 18 ming kishi bilan ortga qaytgan.

Bu orada Fransiyaga qarshi Rossiya, Angliya, Prussiya, Avstriya, Shvetsiya, Ispaniya va Portugaliyadan iborat kuchli harbiy koalitsiya vujudga kelgan. Germaniya, Prussiya kabi mamlakatlarda esa Napoleonga qarshi ozodlik harakatlari boshlanib ketgan.

Shunday qaltis vaziyatda Fransiya birlashgan Yevropaga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rgan. Napoleon mag‘lubiyatga uchragan va taqdiri uzil-kesil hal qilingan Vaterloo yonidagi jangda fransuz qo‘shinlari soni 275 ming askardan iborat bo‘lsa, ittifoqchilar tomonidan 1 milliondan ortiq lashkar ishtirok etgan.

Abdulla Oripov “Xatolar” nomli she’rida ana shu mag‘lubiyatni quyidagicha tasvirlagan:

Vaterlooda xato qildi Napoleon –

Jahongirning qaytdi shu kun omadi.

Mana o‘tsa hamki necha bir zamon,

U haqda gapirmagan odam qolmadi.

Shoir buyuklar haqida falsafiy mushohadasini davom ettirib, Napoleonni Sohibqiron bobomiz bilan qiyoslab talqin qilgani bejiz emas. Akademik Akmal Saidovning fikricha, bu zotlar turli zamonlarda va turlicha madaniy makonlarda yashagan bo‘lsalar-da, ular o‘rtasida anchagina o‘xshashliklar mavjud:

birinchidan, ularning ikkisi ham qirol yoki xon avlodidan bo‘lmagan, lekin o‘zlarining yorqin iste’dodi va tarix taqozosi tufayli navqironlik paytidanoq hokimiyat tepasiga kelganlar;

ikkinchidan, har ikkalasi o‘z saltanatining poytaxti – biri Samarqandni, boshqasi esa Parijni dunyoning eng go‘zal shahriga aylantirish uchun ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan;

uchinchidan, har ikkisi ham davlat boshqaruvida o‘z davri uchun mukammallikka erishgan bo‘lib, biridan “Temur tuzuklari”, ikkinchisidan, “Napoleon kodekslari”  meros qolgan;

to‘rtinchidan, eng muhimi, ularning faoliyatiga har xil davrlarda turlicha baho berilganiga qaramasdan, har ikki ulug‘ zotning ham tarixda o‘z munosib o‘rni borligini hech kim inkor qila olmaydi.

Shu bilan birga, Napoleon Amir Temurdan farqli ravishda, tirik paytidayoq taxtdan tushirilgan. Bunga Vaterloodagi mash’um fojea sabab bo‘lgan. Shuningdek, Napoleonning hayoti xo‘rlik, haqorat va fojiaviy qismat bilan yakun topgan bo‘lsa, Sohibqiron mardonavor ravishda, navbatdagi zafarli jang ostonasida, yaqinlari bag‘rida hayotdan ko‘z yumgan.

Yana bir farqli jihat – Amir Temur mohir shaxmatchi, ayrim manbalarga ko‘ra, hatto “katta shaxmat” kashfiyotchisi sifatida e’tirof etilgani holda, Napoleon mutlaqo kuchsiz shaxmatchi bo‘lgan. U shaxmatni juda murakkab, zerikarli va ko‘p vaqtni oladigan nojiddiy o‘yin, deb hisoblagan. Shu bois, asosan shashka o‘ynagan va o‘zining jang maydonida qo‘llaydigan taktikalarini ham ushbu o‘yindan nusxa olgan.

Polshalik taniqli jurnalist va kinotanqidchi, shaxmat tarixi bo‘yicha mutaxassis Yeji Gijitskiy ta’kidlaganidek, taqdir taqozosiga ko‘ra, umrining so‘nggi yillari, ya’ni  muqaddas Yelena orolida surgunda bo‘lgan paytlarida Napoleon shaxmat o‘yiniga qaytadan ishqiboz bo‘lgan. Lekin bu gal shaxmat Napoleonga, ta’bir joiz bo‘lsa, vafo qilmagan.

Ya’ni, fransuz jahongirga sadoqatli do‘st bo‘lgan ofitserlar tomonidan sovg‘a qilingan shaxmatning fil suyagidan yasalgan ayrim donalari ichida surgun orolidan qochish rejasi bitilgan xat yashirilgan bo‘lgan. Afsuski, Napoleon umrining oxirigacha bu sirdan butunlay bexabar o‘tgan.

Alqissa, Abdulla Oripov o‘z she’rini quyidagi band bilan xulosalagan:

...Xato qilgan bo‘lsam kechirgin, bolam,

Yuz yil davomida cho‘zaverma, bas.

Ko‘rib turibsan-ku, men oddiy odam,

Napoleon emasman, Temur ham emas!

Ustoz shoirning yosh avlodlar oldidagi bunday uzrxohligiga sababchi xatosi nimadan iborat bo‘lishi mumkin?

Fikrimizcha, Ustozning bu "xato"si, birinchidan, Amir Temur va Napoleonning "xatolari"dan to‘liq xabardor bo‘lganida, ikkinchidan, sizu bizni ana shu qiziqarli tarixiy jumboqlarning tagiga yetish uchun astoydil izlanishga da’vat eta bilganida – sirlar kalitini topishga undaganida, desak, xato bo‘lmaydi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech