(Akademik Akmal Saidov tarjimayi holidan lavhalar)
Akademik, yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidovning bolalik yillarida qachondir huquqshunos mutaxassis bo‘lishi mumkinligi tushiga ham kirmagan. Chunki u aksariyat o‘smir yigitlar kabi avvalboshdan sportga qiziqqan. Ammo, onaizorining istagi tufayli yetti yillik musiqa maktabida tahsil olgan va milliy musiqa asboblari bo‘yicha cholg‘uchi, ya’ni professional sozandalik kasbini egallagan.
Baribir, u yana sportga qaytgan. Futbol, boks va shaxmat qatorida yengil atletika bilan ham astoydil shug‘ullangan. Maktabda o‘qib turib, ushbu yo‘nalishda ikkita muhim yutuqqa erishgan. Birinchidan, o‘rta va uzoq masofaga yugurish bo‘yicha "stayer", ya’ni sport ustasi darajasini egallagan. Ikkinchidan, yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston o‘quvchilar terma jamoasining a’zosi bo‘lgan.
Yuridik fakultet talabaligi – xohish emas, tasodif
1976-yili, ya’ni Akmal Saidov maktabni bitirgan yilning yozida Lvov shahrida (Ukraina) o‘tkazilgan maktab o‘quvchilari spartakiadasida qatnashib, sobiq SSSR o‘quvchilari orasida 3 kilometr masofaga yugurish bo‘yicha 3-o‘rinni olgan. Uning bu yutug‘i, bir tomondan, sport ustasi normativini bajarganini anglatsa, ikkinchi tomondan, Jismoniy tarbiya va sport institutiga imtihonsiz o‘qishga kirishi uchun imtiyoz berardi.
Lvovdan qaytib kelishi bilanoq, mazkur institutda kafedra mudiri bo‘lib ishlagan treneri Gennadiy Arzumanovning yo‘l-yo‘riqlari asosida, ushbu oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirgan. Bunga qadar esa, Spartakiadada qatnashishi munosabati bilan muddatidan oldin bitirish imtihonlaridan o‘tib, maktabning oltin medalini ham naqd qilib qo‘ygan.
Ammo, yosh Akmal Saidovning to‘g‘ridan to‘g‘ri talabalar safiga qabul qilinishi avvaldan kafolatlangani holda, Jismoniy tarbiya va sport institutidan hujjatlarini qaytarib olishiga to‘g‘ri kelgan. Chunki oila a’zolari uning sport sohasini tanlashini istashmagandi. Shunda navqiron yigit treneri bilan maslahatlashib, kirish bali eng yuqori bo‘ladigan oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishga ahd qilgan.
Mo‘ljal shuki, mabodo tanlovdan o‘tolmasa, ota-onasi uning o‘zi istagan Jismoniy tarbiya va sport institutiga qaytishi uchun axiyri rozi bo‘ladilar. O‘shanda, ta’bir joiz bo‘lsa – six ham, kabob ham kuymaydi.
Shunday qilib, omadli o‘smir 1976-yil 31-iyul kuni soat 19.00 atrofida eng katta tanlovli joyga – Toshkent Davlat universitetining yuridik fakultetiga hujjat topshirgan eng oxirgi abituriyent bo‘lgan. Ertasi kundan kirish imtihonlari boshlangan. U jami 25 ball to‘plagan va natijada yuridik fakultet talabaligiga qabul qilingan.
Huquq maktabi buloqlaridan suv ichgan olim
Akmal Saidov Toshkent Davlat universitetining yuridik fakultetiga, keyinchalik Moskvadagi aspiranturaga qanday a’lo baholar bilan kirgan bo‘lsa, o‘qishni xuddi shunday yuqori darajada bitirgan. Eng muhimi, ana shu tahsillari asnosida – Toshkentda ham, Moskvada ham – huquq maktabining tiniq buloqlaridan suv ichgan.
Akademik A.Saidov xalqaro va qiyosiy huquq professori sifatida o‘z ilmiy maktabini yaratgan. Olimning bevosita rahbarligida hozirgi vaqtga qadar 40 dan ortiq shogirdi fan nomzodi va fan doktori ilmiy ishini yoqlagan. U davlat va jamiyat faoliyatiga doir asosiy vazifalari bilan birga, 1985-yildan buyon oliy ta’lim muassasalarida xalqaro va qiyosiy huquq, islom huquqi, inson huquqi nazariyasi va amaliyoti fanlaridan dars berib keladi.
Yetakchi olim tomonidan yurtimizning yirik oliy ta’lim muassasalarida xalqaro huquq, qiyosiy huquqshunoslik, islom huquqi, inson huquqlari nazariyasi va amaliyoti, YUNESKOning inson huquqlari, demokratiya, bag‘rikenglik va xalqaro tushunish kafedralariga ilk bor asos solingan. Uning tashabbusi bilan Samarqandda YUNESKOning Markaziy Osiyoni o‘rganish xalqaro instituti tashkil etilgan.
Akademik A.Saidov – Konstitutsiyaviy huquq xalqaro assotsiatsiyasining haqiqiy a’zosi, Xalqaro qiyosiy huquq akademiyasining muxbir-a’zosi, Fransiya Qiyosiy qonunshunoslik jamiyatining xorijiy a’zosi, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi yuristlari xalqaro assotsiatsiyasi va Rossiya xalqaro huquq assotsiatsiyasi a’zosi, Parij-1 Sorbonna Universitetining taklif etilgan professoridir. U 100 dan ortiq xalqaro ilmiy anjumanlarda qatnashgan.
Akmal Saidov 30 dan ziyod darslik hamda o‘quv qo‘llanmalari, 300 dan ziyod risola va ilmiy maqolalar muallifidir. Asarlari AQSH, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Polsha, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda chop etilgan.
Til va so‘z – insoniyatning eng buyuk mo‘jizalari
Akmal Saidov bolalik davridanoq darsliklardan tashqari, turli badiiy asarlarni o‘zbek tili bilan bir qatorda ingliz va rus tillarida o‘qib, mag‘zini chaqa bilgan. Keyinchalik uning erkin muloqot qila oladigan tillari soni nemis va fransuz tillari hisobiga yanada ko‘paygan. Bu esa unga ana shu tillarni nafaqat tushunish, balki ularni o‘zaro qiyoslash orqali, qay biri qaysi jihatlari bilan o‘ziga xos ekanini anglash imkonini ham bergan.
“Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, deydilar. Ming yillardan buyon sayqallanib, ne-ne avlodlarga yo‘lchi yulduzdek to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan ana shu xalq hikmati negizidagi asl haqiqat shuki, insonning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli va davlatli bo‘lishining muhim omili – bu kitobga do‘st bo‘lish, hamisha kitob o‘qish va kitob mutolaasini umr bo‘yi kanda qilmaslikdir.
Akmal Saidovga ham ota-onasi shunday ruhda tarbiya bergan. Shu bois o‘zi ilk bor kutubxonaga a’zo bo‘lgan sana xuddi tug‘ilgan kunidek xotirasida muhrlanib qolgan: 1969-yil 19-may. O‘shanda u 10 yoshda edi. Shundan buyon kitob, kutubxona, kitobxonlik hayotida ustuvor joy egallab keladi. Maktab davridayoq milliy va xorijiy mumtoz adabiyotlarni o‘qib chiqqan. Ertaklar, tarixiy va badiiy asarlar, sportga doir kitoblar va tarixiy memuarlarni ayniqsa sevib o‘qirdi.
Hozirgi kunda dunyodagi eng yirik kutubxonalardan foydalanadi. Nyu-York va Jeneva, Vashington va Parij, Moskva va Varshava, Berlin va Pekin, Qohira kabi jahonning poytaxt shaharlarida joylashgan nufuzli kutubxonalar shular qatoriga kiradi. Xususan, u qadrlaydigan Germaniya milliy kutubxonasida 27 million nusxadagi kitoblar mavjud bo‘lsa, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida qariyb 8 millionta kitob va boshqa manbalar bor.
Qanday kitoblarni o‘qigan ma’qul? Bu savolga Akmal Saidovning javobi shundayki, albatta, ham Sharq, ham G‘arb adabiyoti bilan tanishib borganga nima yetsin. Yana bir muhim jihat – har qanday kitobni qaysi tilda yozilgan bo‘lsa, o‘sha tilda o‘qigan ma’qul. Shuning uchun xorijiy tillarni o‘rganish lozim. Chet tillarni o‘rganish – hayotiy ehtiyoj.
Ayni vaqtda til o‘rganish jarayonining o‘zini ham lug‘atsiz, kitobsiz tasavvur etish mumkin emas. Misol uchun, 2-sinfdan ingliz tilini o‘rgangani Akmal Saidovga keyinchalik U.Shekspir va Ch.Dikkens asarlarini asliyat tilida o‘qishi va hatto bu asarlarni o‘zbekcha tarjimalari bilan qiyoslab tahlil va talqin etishi uchun juda qo‘l kelgan. Rus tilini bilgani uchun Pushkin va Tolstoy, Dostoyevskiy va Pasternak asarlarini, nemischani tushungani tufayli esa Gyote she’rlarini, Nitshe asarlari va Kafka hikoyalarini ularning o‘zlari yozgan tilda o‘qishga muyassar bo‘lgan.
Bolalar qanday kitoblarni o‘qishi kerak?
Bu savolga javob berar ekan, akademik Akmal Saidov bunday paytda dunyo tajribasiga murojaat qilish foydadan xoli emasligini ta’kidlaydi. Aytaylik, XX asr jahon adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, nemis adabiyotining ulug‘, mumtoz adibi Hermann Hessening jahon adabiyoti kutubxonasini tashkil etish bo‘yicha oqilona takliflari juda qo‘l kelishiga aminman, deydi u.
Kitob va adabiyot, odatda, yozuv madaniyati bilan birga paydo bo‘ladi. Boshqacha aytganda, eng qadimgi yozuvlar orqali bizga yetib kelgan ko‘hna bitiklar, masalan, O‘rxun-Yenisey bitiklari, turkiy (uyg‘ur), sug‘d, moniy, suryoniy yozuvlarida qabr toshlariga, marmar tosh, oyna, teri va qoyalarga, sopol, yog‘och, metall idishlarga yozilgan boshqa ko‘plab qadimiy bitiklar insoniyatga taalluqli ilk adabiyot namunalaridir.
Shu ma’noda, akademik A.Saidovning ta’biricha, Sharq adabiyoti – jahon adabiyotining to‘ng‘ich bulog‘idir. Ushbu qaynar buloqdan paydo bo‘lgan necha-necha jilg‘alaru daryolar keyinchalik jahon adabiyoti ummoniga borib quyilgan.
Agar Akmal Saidov bolalik davrida faqat kitob o‘qigan, shaxsiy kutubxonasini muntazam boyitib borgan bo‘lsa, keyinchalik o‘zi ham kitoblar yozishga kirishdi. Nainki mutaxassisligi bo‘yicha, ayni chog‘da, tarix, falsafa, adabiyot, qiyosiy adabiyotshunoslik haqida kitoblar bitmoqda, lug‘atlar tuzmoqda.
Eng muhimi, Akmal Saidovning kitoblari o‘z muxlislarini topmoqda. Zamondosh huquqshunos adib bitayotgan biri-biridan qiziqarli asarlar kitobsevar yoshlarimizning kutubxonalaridan joy olmoqda.
Abdi RAHIM
“Tong yulduzi” gazetasi 2024-yil 8 - aprel № 15 - soni
- Qo'shildi: 08.04.2024
- Ko'rishlar: 1965
- Chop etish