KOINOT VA KONSTITUTSIYA

12-aprel – Jahon aviatsiya va kosmonavtikasi kuni

 

Ushbu xalqaro sana tarixi mashhur fazogir Yuriy Gagarin 1961-yil 12-aprelda “Vostok” fazoviy kemasida dunyoda birinchi bo‘lib Yer orbitasi bo‘ylab parvozni amalga oshirgan olamshumul voqeaga borib taqaladi. Zero, o‘sha parvoz insoniyatning koinotni o‘rganish tarixida yangi davrni boshlab berdi.

Bu haqda qanchadan-qancha filmlar ishlandi, kitoblar chop etildi va maqolalar yozildi. Ana shu ko‘plab manbalarning negizidagi asl voqelikka bir nazar solaylik: 1961-yil 12-aprel kuni Moskva vaqti bilan soat 09:07 da «Boyqo‘ng‘ir» kosmodromidan ichida Yuriy Gagarin o‘tirgan «Vostok» fazoviy kemasining uchishiga start berildi.

Parvoz muvaffaqiyatli amalga oshdi va koinotga qo‘yilgan ilk qadam bashariyatning buyuk yutug‘iga aylandi. Chindan ham, inson zotining yer atmosferasidan yuqoriga – ochiq koinotga chiqishi tom ma’noda ulkan voqelik edi. Gagarinning o‘sha ilk parvozidan buyon qirqqa yaqin mamlakatning 400 nafardan ortiq fazogiri koinotga parvoz qildi.

Kosmonavtlar kuni bayrami 1962-yildan boshlab faqat sobiq SSSRda nishonlab kelingan. Ushbu sanani xalqaro bayram kuni sifatida nishonlash tashabbusi ikkinchi fazogir – German Titovning taklifi bilan BMTga kiritilgan.

Shu tariqa dastavval 1968-yili bo‘lib o‘tgan Xalqaro aviatsiya federatsiyasining 61-Bosh konferensiyasida 12-aprel – Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kuni deb e’lon qilingan. O‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasining Yuriy Gagarin parvozi 50-yilligi munosabati bilan 2011-yil 7-aprelda qabul qilingan rezolyutsiyasiga muvofiq, inson koinotga parvoz qilgan ayni sana jahon miqyosida keng nishonlab kelinmoqda.

BMT rezolyutsiyasida, shuningdek, koinotni o‘zlashtirishda butun insoniyatning umumiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, kosmosni faqat tinchlik maqsadlarida tadqiq qilish, barcha davlatlarning kosmik tadqiqotlardan teng manfaat ko‘rilishini ta’minlash kerakligi alohida qayd etilgan.

Yuriy Gagarin o‘zining shonli parvozidan keyin,  1961-yildan – 1968-yilgacha bo‘lgan davrda yurtimizga olti marta kelgan va har gal katta tantanalar bilan kutib olingan. Chunki Gagarin parvozi, umuman, XX asrda koinot zabt etilishi bilan bog‘liq kashfiyot va natijalarda O‘zbekistonning o‘ziga xos hissasi bor.

Afsuski, bu sohada fidokorlik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizning xizmatlari, ilmiy ishlari va ixtirolari bilan bog‘liq qimmatli ma’lumotlar sohaga aloqador muzey hamda arxivlarda saqlanayotganini ko‘pchilik haligacha bilmaydi. Aslini olganda, insoniyatning olis tarixida fazoni o‘rganish borasida ulug‘ ajdodlarimiz hamisha peshqadam bo‘lganlar.

Kosmonavtika sohasi oyoqqa turishida vatandoshlarimiz salmoqli hissa qo‘shgan. Astronomiya instituti direktori, akademik Shuhrat Egamberdiyev “Koinotni zabt etgan vatandoshlarimiz yoxud Yuriy Gagarinni birinchi bo‘lib kutib olgan o‘zbek”[1] nomli maqolasida bu jarayonning ba’zi muhim tafsilotlari haqida atroflicha to‘xtalgan.

Olimning e’tirof etishicha, Gagarinni  parvozdan so‘ng birinchi bo‘lib kutib olish va uni hukumat rahbarlari bilan uchrashuvgacha kuzatib borish aynan yurtdoshimiz – sobiq ittifoq  aviatsiyasi va kosmonavtikasiga katta hissa qo‘shgan muhandis-polkovnik, aviakonstruktor Ota Bahromovga topshirilgan ekan. O.Bahromov 1955  yildan Moskva shahridagi kosmonavtlarning xavfsizligi, qutqaruv va hayotini ta’minlash vositalari konstruktorlik byurosini boshqargan bo‘lib, aynan u rahbarlik qilgan byuroda fazoga uchish uchun germetik  kabina-kapsulalar yaratilgan.

Kosmonavtika sohasiga muhim hissa qo‘shgan yana bir iste’dodli vatandoshimiz – texnika fanlari  doktori Rashid Otaxonov masofaga rangli tasvirlarni uzatish va qabul qilish  usullarining nazariy asoslarini ishlab chiqqan. R.Otaxonovning 1983-yilda yaratgan “Koder-dekoder-5” qurilmasi  “Salyut-7”, “Soyuz-9”, “Soyuz-10” va “Soyuz-11”  orbital kosmik kemalarida sinovdan muvaffaqiyatli  o‘tgan.

O‘sha paytdan boshlab kosmonavtlar hatto ochiq kosmosda ishlayotgan holatda ham parvozni boshqarish markazidan rangli formatdagi  yo‘riqnomalarni  olish  imkoniyatiga ega bo‘lgan. Bu esa ular faoliyati samaradorligini keskin oshirgan.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shavkat Vohidov bosh konstruktori bo‘lib ishlagan Toshkent  mashinasozlik-konstruktorlik byurosining dastlabki muvaffaqiyatli ishlanmasi – 1976-yili Oy apparati “Luna-24”da o‘rnatilgan  GZU “LB-09” tuproq olish  qurilmasi bo‘lgan. Uning yordamida Oy sathida 2,7 metr chuqurlikda quduq qazilgan.

Osmon jismlarini burg‘ilash chuqurligi bo‘yicha bu rekord hanuzgacha eng yaxshisidir. Qazib olingan Oy tuprog‘i qadoqlanib, qaytish moduli yordamida Yerga keltirilgan.

Keyinchalik ushbu byuroda Mars va uning tabiiy yo‘ldoshi Fobosda foydalanish uchun penetratorlarning eksperimental namunalari hamda Fobosga uzoq vaqt xizmat qiluvchi avtomatik stansiyani o‘rnatish  tizimi  ishlab  chiqilgan. Venera sirtidagi ishlar uchun tuproq olish  qurilmasi ham yaratilgan.

Akademik Sh.Egamberdiyev faxr bilan ta’kidlaganidek, vatandoshlarimiz bevosita kosmosga ham parvoz qilgan. Bu o‘rinda, albatta, Bo‘stonliq o‘g‘loni – sobiq ittifoqning ikki karra qahramoni, general-mayor Vladimir Jonibekov va o‘zbek xalqining yana bir farzandi, uchuvchi-kosmonavt  Solijon  Sharipov haqida so‘z bormoqda.

Vladimir Jonibekov sobiq ittifoqdagi kosmonavtlar orasida eng ko‘p – 5 marta fazoga parvoz qilgan tajribali kosmonavtdir. Kosmosda 145  kun 15 soat 58 daqiqani o‘tkazgan. Prezidentimiz  2022  yili  V.Jonibekovni  80  yoshga to‘lishi  munosabati bilan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi.

O‘z navbatida, Solijon Sharipov O‘zbekiston Respublikasining  “Buyuk  xizmatlari uchun” va Amir Temur ordenlari hamda NASAning  “Kosmik  parvoz  uchun”  medali bilan taqdirlangan.  Millatdoshimiz o‘zini  akademik  Shavkat Vohidovning shogirdi deb biladi.

Bu ikki fazogirning vatanparvarlik fazilatini namoyon etuvchi bittadan misol keltirmoqchiman. Agar Vladimir akaning fazoga har bir parvozi paytida qo‘l soati doim Toshkent vaqtini ko‘rsatib turgan bo‘lsa, Solijon aka qaysi kosmik kemada uchmasin, O‘zbekistonning bayrog‘ini hamisha g‘urur bilan koinotga olib chiqqani tahsinga sazovor.

Ikkala fazogir faoliyati bilan bog‘liq yana bir ibratli dalil: 2018-yilda “Obod  qishloq” dasturi doirasida Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi Gagarin shahrida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Vladimir Jonibekov va Solijon Sharipov bu yerda koinot bo‘yicha muzey barpo etishni taklif qilgan. Ushbu tashabbusni Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatladi va “Kosmonavtika muzeyi” 2021-yil aprelda – sayyoramizning birinchi kosmonavti parvozining 60-yilligi nishonlangan kunda tantanali ochildi.

Yanada muhimi, davlatimiz rahbarining 2019-yil 30-avgustdagi Farmoniga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzurida «O‘zbekkosmos» agentligi tashkil etildi. O‘tgan davrda bu sohada me’yoriy-huquqiy hujjatlar tayyorlash, infratuzilma yaratish bo‘yicha muayyan ishlar qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti 2022-yil 23-noyabr kuni kosmik faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishishi asnosida qayd etganidek, bugungi kunda kosmosdan foydalanish miqyosi shunchalik kengki, hali bu borada o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p. Masalan, 2020-yilda dunyoda kosmik xizmatlar bozorining umumiy hajmi 400 milliard dollarga yaqinlashgan. Bunda asosiy o‘rinni yerni masofadan zondlash, aloqa yo‘ldoshlari, navigatsiya xizmatlari egallamoqda. Kelajakda kosmosdan foydalanish ehtiyoji yanada ortib boraveradi[2].

Shu bois, Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, kosmik tarmoqni rivojlantirishning 5-yillik konsepsiyasi va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Ularda yerni masofadan zondlash, telekommunikatsiya sun’iy yo‘ldoshlari milliy guruhini yaratish, ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, aerokosmik startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maqsadlar belgilangan.

Shuningdek, “O‘zbekkosmos” agentligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatish mo‘ljallanmoqda. Kosmik suratlarni tahlil qilish orqali iqtisodiyot sohalarida qonunbuzarlik holatlarini aniqlash, davlat kosmik monitoringini amalga oshirish, bu jarayonda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha takliflar tayyorlash shular jumlasidandir.

O‘zbekistonda bundan  35-yil ilgari akademik Shavkat Vohidov va general-mayor Vladimir Jonibekov tomonidan tashkil etilgan Xalqaro aerokoinot maktabi qayta tiklandi. O‘z davrida bir qator kosmonavtlar, harbiy uchuvchilar, olimlar saboq bergan ushbu yozgi maktabning yuzlab navqiron yigit-qizlari Parkent va Maydanakdagi fazoviy inshootlar bilan tanishganlar, hatto “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromida bo‘lganlar.

Bundan tashqari, YUNISEF tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekistonda qizlarning koinot sohasiga taalluqli kasblar bo‘yicha tahsil olishi yo‘lga qo‘yilayotgani ahamiyatlidir. Xususan, 2021-yilda Almati shahrida joylashgan Al-Forobiy nomidagi universitet texnoparkida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan 14-35 yosh oralig‘idagi 2 ming nafar xotin-qizdan 238 nafari YUNISEFning STEM («Ilm-fan, Texnologiya, Injiniring va Matematika») loyihasi doirasidagi “UniSat” (Uni – YUNISEF atamasidan, Sat – “satellite” – “sun’iy yo‘ldosh” so‘zidan olingan) dasturi asosida tahsil olish uchun onlayn-sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan[3].

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni bunyod etish asnosida mamlakatimiz hayotining boshqa barcha sohalari qatori milliy koinot infratuzilmasini yaratishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu ilg‘or sohani rivojlantirish uchun davlatlar o‘rtasida va xususiy hamkorlar ishtirokida xorijiy investorlarni jalb etishga urg‘u berilayotgani juda muhim.

E’tibor bering: “Gazeta.uz” saytining ayni mavzudagi maqolasida qayd etilishicha,  “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromi tashkil etilgan payt, ya’ni 1955-yildan toki 1960-yillargacha ushbu sinov maydonchasining maxfiy pochta manzili “Toshkent-90” bo‘lgan ekan. O‘zbekistondan “Boyqo‘ng‘ir”ga harbiy mutaxassislar, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlari muntazam jo‘natib turilgan.

Shuningdek, Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent mashinasozlik-konstruktorlik byurosi, Toshkent kosmik asbobsozlik ilmiy-tadqiqot instituti, Chirchiq “Kompozit” tajriba-sinov zavodi, Parkent tumanidagi Nevich yig‘ilish-sinov majmuasi va Fanlar akademiyasining “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi ham kosmik soha rivojiga katta hissa qo‘shgan.

Yangi davr talablaridan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz hududida mavjud bo‘lgan Maydanak rasadxonasi, Suffa platosi kabi fazoviy faoliyatga daxldor strategik inshootlarning ahamiyatiga munosib baho berilayotgani tahsinga sazovor. Yanada ahamiyatlisi, xalqimizning qorako‘z farzandlari orasida Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy kabi ulug‘ alloma ajdodlarimiz kabi koinot ko‘lamlari qadar teran fikrlaydigan, sayyoralar va yulduzlar asrorini kashf etish orzu-ishtiyoqi tomirlarida qaynoq qon kabi gupirib turgan barkamol avlodimiz voyaga yetib kelmoqda.

Darvoqe, koinot va Konstitutsiya – ushbu ikki tushunchaning o‘zaro bog‘liqligi nimada? Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz matnida “koinot” so‘zi uchraydimi?

Lingvistik tahlilga ko‘ra, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida “xalq” so‘zi eng ko‘p, ya’ni 70 marotaba, “davlat” so‘zi – 43, “inson” so‘zi – 35 marotaba qo‘llangani holda, “koinot” so‘zi bir marta ham qayd etilmagan. Ammo, bu holat koinot va Konstitutsiya tushunchalari o‘rtasida hech qanday aloqadorlik yo‘q, deganini anglatmaydi, albatta.

Koinotning Konstitutsiyaga aloqadorligi haqida akademik Akmal Saidovning “O‘zbekiston Konstitutsiyasi tarixi”[4] kitobida bir qancha qiziqarli ma’lumotlar qayd etilgan. Shulardan ayrimlariga to‘xtalamiz.

Gap shundaki, Yevropa Ittifoqi Konstitutsiyasining oltin g‘ilofga solingan nusxasi 2005-yil aprel oyida koinotga olib chiqilgan. Ushbu Konstitutsiya “Soyuz TMA-6” fazoviy kemasida “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromidan Xalqaro kosmik stansiyaga asosiy ekspeditsiya tarkibida parvoz qilgan Yevropa kosmik agentligining italiyalik fazogiri Roberto Vittori tomonidan fazoga yetkazilgan[5].

Zero, Konstitutsiya insonga – u qayerda ekanidan qat’i nazar – keraklidir. Ayni shu jihati bilan ham Konstitutsiya – shunchaki ramz emas, balki bebaho timsol.

Koinotga nafaqat Konstitutsiyalar, balki muqaddas kitoblar ham “parvoz qilgan”. Xususan, “Mir” orbital majmuasi va Xalqaro kosmik stansiyaga “Bibliya” va “Qur’on” nusxalari bir necha bor olib chiqilgan.

Amerikalik astronavtlar esa 1969-yil 20-iyulida Oyga qo‘nganida, ushbu sayyora sathida AQSH bayrog‘ini o‘rnatgan. Shuningdek, 1975-yilda “Apollon” – “Soyuz” loyihasi sinov parvozining oxirgi bosqichida “Soyuz” fazogirlari tomonidan orbitaga olib chiqilgan BMT bayrog‘i har ikki fazavoiy kema tutashganidan so‘ng “Apollon” ekipajiga Yer sayyorasining timsoli sifatida topshirilgan. Parvoz yakunida tarixiy bayroq BMTning o‘sha paytdagi Bosh kotibi Kurt Valdxaymga taqdim etilgan va hozirgacha ushbu xalqaro tashkilot Bosh qarorgohida saqlanmoqda.

Bularning barchasi bejiz emas. Binobarin, koinotga parvozning o‘zi g‘oyatda noyob voqea hisoblanadi. Fazoga har qanday parvoz – bu parvozni amalga oshirgan birgina insonning shaxsiy kashfiyoti va erishgan yutug‘igina emas, ayni chog‘da, butun insoniyat zabt etgan ulkan marradir.

Xulosa qilib aytganda, xalqimiz 2023-yilgi referendumda ovoz bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 53-moddasida shunday istiqbolli normalar mustahkamlab qo‘yildi:

“Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi.

Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qiladi”.

Ushbu konstitutsiyaviy normalar yurtimizda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shadigan, Vatanimiz dong‘ini dunyoga taratadigan, xalqimizning yorug‘ kelajagini ta’minlaydigan har tomonlama yuksak iste’dodli farzandlar, xususan, fozil munajjimlar va donish falakiyotshunoslar, mohir aviasozlar va jasur fazogirlar kamol topishi uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

 

G‘ulom MIRZO

 

 

[1] Qarang: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2023-yil 12-aprel.

[2] Kosmik tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi // https://president.uz/uz/lists/view/5730

[3] Initsiativы YUNISEF pomogayut devushkam Sentralnoy Azii s vыborom professii v kosmicheskoy sfere // https://news.un.org/ru/story/2023/04/1439747

[4] Saidov A.X. O‘zbekiston Konstitutsiyasi tarixi. – Toshkent: «TASVIR», 2018.– 864 b.

[5] Yuriy Baturin. Povsednevnaya jizn rossiyskix kosmonavtov. – M.: “Molodaya gvardiya”, 2011. – C.242.

Powered by GSpeech