Shu mavzuda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, Parlament tadqiqotlari instituti, XXR Ijtimoiy fanlar Akademiyasi huzuridagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti vakillari, Xitoy energetik injiniring korporatsiyasining Markaziy Osiyodagi filiali Bosh direktori hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov va Xitoy Xalq Respublikasiining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik munosabatlar o‘zaro ishonchli hamkorlik, do‘stlik, faol iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy, innovatsion muloqotlar ko‘rinishida yanada mustahkamlanayotganini alohida qayd etdilar.
Ta’kidlanganidek, hozirda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Keyingi yillarda oliy darajadagi muloqot va davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam uchrashuvlar tufayli ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. O‘zaro munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Keyingi besh yilda mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi ikki barobar, qo‘shma korxonalar soni uch barobar oshgani, Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 14 milliard dollarni takshil qilgani, 2023-yilda tovar ayirboshlash 50 foizga oshib, 14 milliard dollarga yetgani ta’kidlandi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil yanvar oyida Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi katta ahamiyatga ega bo‘lgani qayd etildi.
Prezidentimiz har yili investitsiya forumini tashkil etish tashabbusini ilgari surib, uning navbatdagi uchrashuvini kelgusi yilda Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qilgani mamlakatimizda Xitoy bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va investitsiyalarni jalb qilishga katta e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Tadbirda deputatlar parlamentlararo muloqotni kengaytirish, xususan ikki mamlakat oliy vakillik organlaridagi do‘stlik guruhlari faoliyatini kuchaytirish hamda oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladilar.
Davra suhbati so‘ngida amalga oshirilgan oliy darajadagi davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar ijrosini nazorat qilish bo‘yicha kelgusida parlament oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
- Qo'shildi: 20.04.2024
- Ko'rishlar: 1559
- Chop etish