Joriy yilning 15-19-aprel kunlari Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida joylashgan jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari hamda maxsus qabulxonalarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ko‘rsatilgan inson huquqlariga rioya etilishi hamda Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya va ma’muriy javobgarlikka oid qonunchilik hujjatlari ijrosi ahvoli yuzasidan monitoring o‘tkazildi. Unda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat monitoring guruhi a’zolari ishtirok etdi.
Monitoring O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi 4056-qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib amalga oshirildi. Shuningdek, ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2024-yil birinchi yarmidagi ish rejasi doirasida tashkil etildi.
Monitoring jarayonida Milliy markaz mutaxassislari ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda Barqaror rivojlanish markazi direktori E.Saminov, Sog‘liqni saqlash vazirligi yetakchi mutaxassisi M.O‘rinov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi yetakchi mutaxassisi Sh. Sobirov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hududiy mas’ul xodimlari Z.Achilov, S.Mamanov, A.O‘rinov hamda “Madad” NNT hududiy mutaxassislari Z.Xakimov, O‘.Mamarajabov va S. Xojanazarov qatnashdi,
Ishchi guruhi a’zolarining asosiy e’tibori mahkumlar, sudlanuvchi, ayblanuvchi, gumondor sifatida ushlanganlar saqlanayotgan hamda ma’muriy jazolarni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan huquqlariga rioya etilishi, ularga yaratilgan shart-sharoitlarga qaratildi.
Monitoring asnosida Jizzax viloyati, Jizzax shahar IIO FMB vaqtincha saqlash hibsxonasida, Sh.Rashidov tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasida, Sirdaryo viloyati, Xovos shahrida joylashgan 8-tergov hibsxonasida saqlanayotgan va ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash muassasalarida ma’muriy jazoni o‘tayotgan jami 40 nafardan ortiq shaxs bilan suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarining yashash sahnlarida joylashgan mahkumlar yotoqxonalari bilan tanishildi.
Jazo muddatini o‘tayotgan ayrim mahkumlar bilan ularga yaratilgan shart-sharoitlar, oziq-ovqatlar sifati, mehnat sharoitlari, vijdon erkinligiga rioya etilishi, muassasa xodimlarining muomalasi, tazyiq va zo‘ravonliklar sodir etilishi bilan bog‘liq masalalarda ochiq suhbatlar o‘tkazildi. Ularga jazo muddatini o‘tash davrida belgilangan kun tartibi qoidalariga so‘zsiz rioya qilish, tartibbuzarlik sodir etmaslik – bularning barchasi, o‘z navbatida, oila bag‘riga tez kunlarda qaytish uchun imkoniyatni oshirishi xususida huquqiy maslahatlar berildi.
Bundan tashqari, Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahrida va Sirdaryo viloyati, Xovos shahrida joylashgan tergov hibsxonalarida ham monitoring o‘tkazildi. Bu maskanlardagi ishi sudda ko‘rilayotgan, dastlabki tergov davrida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan ayollar va voyaga yetmagan shaxslar bilan alohida hamda birma-bir uchrashuv va suhbatlar uyushtirildi.
Ularni qiziqtirgan savollarga ishchi guruh a’zolari tomonidan zarur huquqiy tushuntirishlar berildi. Bunda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, shuningdek, Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslari talablariga tayanildi.
Samarqand va Jizzax shaharlarida hamda Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida yangidan qurilgan maxsus qabulxonalar hamda reabilitatsiya markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Ayni jarayonda ma’muriy ushlangan shaxslar va muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan fuqarolar bilan suhbatlar uyushtirildi. Ularga yaratilgan qulay sharoitlar ishchi guruh a’zolarida ijobiy fikr uyg‘otdi. Binobarin, bularning barchasi mamlakatimizda izchillik bilan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining natijasi ekanini ta’kidlash joiz.
Monitoring tashrifi yakunida tegishli viloyatlar ichki ishlar idoralari mas’ullari bilan kelajakdagi rejalar, taklif va mulohazalari haqida suhbatlashildi. Soha mutaxassislari bu boradagi fikr-mulohazalari bilan ochiq o‘rtoqlashdilar.
Otabek NORBOYEV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi Bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 22.04.2024
- Ko'rishlar: 1679
- Chop etish