«Kitobsevar millat» shiori ostida «Kitobxonlik haftaligi» boshlandi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida an’anaviy «Kitobsevar millat» shiori ostida IV respublika «Kitobxonlik haftaligi» boshlandi.

Mazkur yirik kitobxonlik loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hokimliklar  hamkorligida tashkil etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir va boshqalar so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish ishlari izchil yuksalayotganini ta’kidladi.

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasining 39-maqsadi sifatida o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlikni hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni rivojlantirish vazifasi belgilab berildi. Bunda, ayniqsa, «Kitobsevar millat» umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish masalasi ustuvor ekani ahamiyatlidir.

Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish jarayonida noshirlik va matbaa korxonalari faoliyatining rivojlanishi uchun muhim huquqiy asos, qonunchilik hujjatlari yaratilgani e’tiborlidir. Jumladan, «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi nashriyotlarning bugungi kun talablari darajasida, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalar asosida faoliyat yuritishi va erkin rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 5-yilda noshirlik faoliyatini yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining soni sezilarli darajada oshdi. Masalan, 2019-yilda yurtimizda 161 ta nashriyot faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2024-yil 1-yanvar holatiga davlat ro‘yxatiga olingan nashriyotlar soni 532 tani tashkil etmoqda. Nashriyotlarning 11 foizi davlat ulushiga ega bo‘lsa, qolgan 89 foizi xususiy sektorga tegishlidir. 2019-2023-yillarda nashriyotlar tomonidan har yili o‘rtacha 7,5 ming nomdagi jami 231,1 million nusxada adabiyotlar (darslik va o‘quv qo‘llanmalaridan tashqari) chop etildi.

Vazirlar Mahkamasining «2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida sohaga oid bir qator yo‘nalishlar ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Aholi, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga ko‘maklashish, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni qo‘llab-quvvatlash, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, olis hududlarda va yoshga doir kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish shular jumlasidandir.

Shuningdek, kitob savdosini tashkil etish tartiblarini soddalashtirish, yangi nashr etilgan kitoblarni yetkazish va axborot manbalarini tarqatish tizimini takomillashtirish, aholining kitobxonlik darajasi va kitobga qiziqishini tizimli o‘rganib borish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga oid loyiha va tanlovlarni tashkil etish, kutubxonachi kadrlar salohiyatini oshirish ham bugun dolzarb sanalmoqda.

2023-yil 22-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida adabiyot va kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda ommalashtirish bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralarga berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining 5 dan ortiq qarori loyihalari ishlab chiqildi hamda belgilangan tartibda vazirlik va idoralar bilan kelishuvdan o‘tkazilmoqda.Jumladan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bolalar uchun mashhur allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi haqida ular tomonidan yozilgan hamda ularning ibratli hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan, maxsus, ixcham asarlar yaratish dasturi loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu loyihaga ko‘ra, joriy yilda 50 ga yaqin bolalar va o‘smirlar ijodkorlarining yangi nomdagi kitoblarini ijtimoiy buyurtma sifatida chop etish, shuningdek, 2025-2030-yillarda har yili eng kamida 50 nafarga yaqin ijodkorga ijtimoiy buyurtma berish tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Aytish kerakki, bu ish boshlandi va dastlabki bosqichda 15 ta asar uchun ijtimoiy-buyurtma berildi va shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan loyiha doirasida so‘nggi 5-yil davomida yaratilgan va shu kunga qadar nashr etilmagan, yoshlarga mo‘ljallangan o‘zbek adabiyotining 15 nomdagi eng yaxshi namunalari tanlab olinib, nashrga tayyorlanmoqda. Mazkur kitoblarning barchasi joylardagi axborot-kutubxona muassasalariga bepul yetkazib beriladi.

An’anaviy «Kitobsevar millat» shiori ostida IV respublika «Kitobxonlik haftaligi» doirasida joylarda so‘nggi yillarda nashr etilgan yangi kitoblarning taqdimotlari, taniqli, yosh va iste’dodli yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, Toshkent viloyatidagi «Parkent» ijod uyida bolalar va o‘smirlar adabiyotini rivojlantirish bo‘yicha noshirlar va mualliflar ishtirokida seminar va boshqa tadbirlar, poytaxtimizdagi «Dream park» istirohat bog‘ida kitob savdo yarmarkasi tashkil etish rejalashtirilgan.

Kitobxonlik haftaligi, umuman kitob mutolaasini keng targ‘ib qilish orqali kitobsevar millatni shakllantirish, o‘zbek adabiyoti namunalarini xorijiy tillarga hamda jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha erishilgan natijalarni ommalashtirish va davom ettirish maqsad qilingan.

 

N.Usmonova,

O‘zA

Powered by GSpeech