O‘zimizdan boshqa hech kim va hech narsa bizga tinchlikni bermaydi

24-aprel – Tinchlik uchun xalqaro ko‘p tomonlama munosabatlar va diplomatiya kuni

 

24-aprel – “Tinchlik uchun xalqaro ko‘p tomonlama munosabatlar va diplomatiya kuni” sifatida nishonlanadi. Ushbu kunni nishonlash to‘g‘risidagi qaror Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2018-yil 12-dekabrdagi A/RES/73/127-son rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan.

BMT Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha a’zo davlatlari va kuzatuvchilarga, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga, shuningdek fuqarolik jamiyati, nodavlat tashkilotlarga ushbu Xalqaro kunni munosib tarzda nishonlashni hamda ma’rifiy tadbirlar orqali tinchlik uchun ko‘p tomonlama munosabatlar va diplomatiyaning afzalliklarini targ‘ib qilishni taklif etadi.

BMT yangi bayramni belgilashda qanday maqsadlarni yo‘lga qo‘ygan? Bu, birinchi navbatda, tinchlik yo‘lidagi har qanday tashabbuslarni hamda turli darajadagi va xarakterdagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish usullarini ommalashtirishdir. Bu orqali esa, nizolarni hal qilishda diplomatik usullarning haqiqiy afzalliklarini ko‘rsatishdan iborat.

Xalqaro munosabatlar eng qadimgi zamonlarda har qanday jamiyat, davlat va hattoki, alohida insonning hayotida o‘ta muhim rol o‘ynab kelgan. Millatlarning kelib chiqishi, turli ijtimoiy tartibotlarning shakllanishi, siyosiy tizimlarning o‘zgarishi, turli madaniyatlarning integratsiyasi va o‘zaro ta’siri, fan va san’atning rivojlanishi, iqtisodiy va texnologik taraqqiyot, davlatlararo chegaralarning yuzaga kelishi, davlatlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar va hamkorlik – bularning barchasi xalqaro munosabatlar va diplomatik aloqalar bilan bevosita bog‘liqdir.

Hozirgi davr iqtisodiy, moliyaviy, siyosiy, madaniy sohalardagi global integratsiya davri bo‘lib, shu paytgacha misli ko‘rilmagan darajada xalqaro munosabatlar ahamiyatining o‘sishini rag‘batlantirmoqda. Axborot va boshqa sohalarga oid zamonaviy texnologiyalar tufayli alohida inson, alohida shaxs xalqaro munosabatlarning oddiy obyektidan ularning to‘la qimmatli subyektiga aylanmoqda. Yangi ijobiy imkoniyatlarning yaratilishi hamda global xavfsizlikka nisbatan yangi tahdidlar va chaqiriqlarning yuzaga kelishi xalqaro munosabatlarning butun tartibini tubdan o‘zgartirmoqda.

Xalqlar o‘rtasidagi tinchlik – bu amalga oshirib bo‘lmaydigan utopiya emas, balki har kuni bajarilishi kerak bo‘lgan global ishdir. Tinchlik odamlar uchun iqtisodiy, siyosiy, madaniy va diniy yashash sharoitlari maqbul bo‘lgan joyda gullab-yashnaydi. Binobarin, tinchlikni mustahkamlashning ko‘pgina usullari mavjud, xususan, qiyin vaziyatdagi mamlakatlarga savdo va iqtisodiy rivojlanishda ko‘maklashish, inson huquqlariga hurmatni rag‘batlantirish, tafovutlar va uyg‘unlikda birgalikda yashash zarurati mavzusi bo‘yicha imkon qadar ma’rifiy chora-tadbirlarni kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti asoslangan qadriyatlar va maqsadlar xalqaro tinchlik, xavfsizlik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan. BMT Ustavida ko‘p ko‘ptomonlamalik zamonaviylik muammolarini hal qiluvchi yondashuv sifatida mustahkamlangan bo‘lib, uni “xalqlarning sa’y-harakatlari uyg‘unlashtirilgan markaz”ga aylantiradi.

BMT tashkil topgan paytda unga 50 ta davlat kirgan va ular uning Ustavida aks ettirilgan davlatlarning suveren tengligi; xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish; kuch bilan tahdid qilish yoki uni har qanday davlatning hududiy daxlsizligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi qo‘llaydigan xalqaro munosabatlardan voz kechish prinsiplarga muvofiq faoliyat yuritish majburiyatini olgan.

Biroq hayot bir joyda to‘xtab turmaydi, xususan, BMT tashkil topgan paytdan boshlab o‘tgan yillar mobaynida ko‘plab voqealar sodir bo‘ldi, buning oqibatida dunyoning siyosiy xaritasidan ba’zi mamlakatlar g‘oyib bo‘lib, boshqalari paydo bo‘ldi. Bunday o‘zgarishlar natijasida BMTning yangi a’zo-davlatlari ko‘payib, ularning soni 193 taga yetdi. Shu jumladan, O‘zbekiston ham 1992-yilda BMTning to‘la huquqli a’zosi bo‘ldi.

Har qanday diplomatiya kabi ko‘ptomonlama diplomatiya ham mamlakatlar o‘rtasidagi muayyan masalalar bo‘yicha kelishuvlar va ularning natijalari bo‘yicha tuzilgan xalqaro shartnomalarga asoslanadi. Xalqaro shartnomalar huquqining eng ahamiyatli manbalaridan biri BMTning Xalqaro huquq komissiyasi tomonidan 20-yil davomida ishlab chiqilgan 1969 yilgi Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi hisoblanadi. Konvensiya shartnomalarning belgilanishi, tuzilishi, o‘zgartirilishi, talqin qilinishi va umumiy qo‘llanishi bo‘yicha keng qamrovli qoidalar, tartib-taomillar va rahbariy prinsiplarni belgilaydigan qat’iy yo‘riqnomaga aylandi. O‘zbekiston mazkur Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 24-fevraldagi “Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shilish haqida”gi 29-I-son qaroriga muvofiq qo‘shilgan. Mana o‘ttiz yildirki, O‘zbekiston ko‘p tomonlama diplomatiya sohasida ozmi-ko‘pmi shiddat bilan harakat qilmoqda.

O‘zbekiston davlatlar o‘rtasida, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha qo‘shni davlatlar o‘rtasida do‘stona qo‘shnichilik munosabatlarini qurishga, barqarorlik, xavfsizlik va aloqa qilishning barcha yo‘nalishlarida samarali hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratadi. O‘zbekistonning mintaqa hududida tinchlik va xavfsizlikni saqlash bo‘yicha tashabbuslaridan biri BMT Bosh Assambleyasining 1993-yilda bo‘lib o‘tgan 48-sessiyasida ilgari surgan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud tashkil etish to‘g‘risidagi g‘oyasidir. Ushbu tashabbus jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi hamda 2006-yilda Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi hudud to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Bu O‘zbekistonning birinchi tashabbuslaridan biri edi.

XXI asrning jadal o‘zgaruvchan turmush sharoitlarini va xalqaro munosabatlarda siyosiy, geosiyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, iqlimiy, epidemiologik, ekologik, turizm va boshqa yo‘nalishlar sonining ortib borayotganini e’tiborga olish zarurligini hisobga olgan holda, ko‘p tomonlama hamkorlikni kuchaytirish zarurati ham ortib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekistonning zamonaviy tashqi siyosati ham faollashmoqda. O‘zbek diplomatiyasi milliy manfaatlarning xalqaro va umuman butun global hamjamiyatning manfaatlari bilan mos kelishini izlashga asoslanadi. Ushbu yondashuv nuqtayi nazaridan O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyalari qabul qilingan o‘zining xalqaro tashabbuslarini ilgari suradi. Xususan, 2018-yilda “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” va “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”; 2019-yilda “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish”; 2021-yilda “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish”. O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiyalar uning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat ekologiya, turizm, inson huquqlarini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarining xalqaro tan olinganidir.

O‘zbekiston hukumati Markaziy Osiy mintaqasida tinchlikka erishish yo‘lida muhim qadamlar tashlamoqda, shuningdek MDH va SHHT singari tashkilotlar maydonlarida faol harakat qilmoqda. O‘zbekistonning MDHga raisligi yilida (2020 y.) MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2030-yilgacha MDH Iqtisodiy rivojlanish strategiyasi, shuningdek Tashkilot doirasida hamkorlikni har tomonlama kengaytirish bo‘yicha boshqa hujjatlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

O‘zbekiston SHHTga asoschilaridan biri sifatida uning faoliyatida ham faol va samarali rivojlanmoqda. 2021–2022-yillarda O‘zbekiston yana bir bor SHHTga raislik qildi. Bu davr mobaynida raislik qiluvchi mamlakat tomonidan ham strategik, ham amaliy xususiyatga ega bo‘lgan 30 dan ortiq SHHT hujjatlari imzolanishi uchun tashabbus ko‘rsatilgan, kelishib olingan va tayyorlangan. Barcha takliflar SHHT makonida birdamlik, barqaror rivojlanish hamda do‘stlik va do‘stona qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, ular ishtirokchi-davlatlar manfaatlariga mos keladi. Sammit yakunida SHHTga a’zo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomasini amalga oshirish bo‘yicha 2023–2027-yillarga mo‘ljallangan Kompleks harakatlar rejasi qabul qilindi.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faoliyatini ko‘rib chiqish natijasida shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatning tinchlik yo‘lidagi o‘zaro manfaatli va teng huquqli xalqaro hamkorlik, o‘zaro ishonch va bir-birining manfaatlarini hurmat qilish shartlariga asoslangan ko‘p tomonlama diplomatiyaga sodiqdir.

Demak, qayd etish kerakki, diplomatik mexanizmlar va xalqaro muzokaralar – muammolarni hal qilishning asosiy usuli bo‘lishi zarur.

 

Lobar Ruzikulova,

Nonna Safarova

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi xodimlari

«JAMIYAT» gazetasining 2024-yil 25-aprel kungi 18 (889)-soni

«Iste’mol madaniyati» gazetasining 2024-yil 25-aprel kungi 7 (175)-soni

Powered by GSpeech