26-aprel – O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tug‘ilgan kun
“O‘g‘lim Habibulla Salomov Xatirchida tug‘ilgan. Qizim Nazira – Samarqandda, supra qoqdimiz Gulandom – Toshkentda tavallud topishgan. Kelinim Mashhuraxon – toshkentlik. Kuyovim – Muhammad Yusuf – andijonlik. Yettita nabiram bari poytaxtda tug‘ilgan...”[1].
G‘aybulloh as-Salomning
“Tolibnoma” kitobidan
Shoir she’r bag‘ishlagan tramvayda sayr
Xalqimizning ardoqli shoiri Muhammad Yusuf rahmatlik domlamiz G‘aybulloh as-Salomning oqibatli kuyovi edi. Bu haqda dastlab XX asr 80-yillari oxirida, talabalik davrimda eshitganman.
O‘sha kezlari bir guruh kursdosh yigitlar kechasi soat 22.40 da bizga ma’ruza o‘qigan professor G‘aybulla Salomovni kuzatib, bekatgacha birga chiqardik. Domlaning suhbatidan uzilib keta olmasdik.
Avval trolleybusda, so‘ng G‘aybulla akaning mahallasidan o‘tadigan tramvayda ham birga ketardik. Ustozning hovlisi joylashgan ko‘cha boshigacha hamroh bo‘lib borardik.
Domla bilan xayrlashib, uy-uyimizga qaytish uchun bekatda ulov poylar ekanmiz, shundagina hammamiz uchun ustoz yo‘l puli to‘laganlari esimizga tushar va o‘zimizcha xijolat chekardik. Bu xijolatpazligimiz deyarli har gal takrorlanardi.
Bekatda kechadigan shunday uzoq kutishlarimizdan birida, o‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari emasmizmi, oramizdan xabardorligi ko‘proq kimdir mana bu misralarni yoddan aytib qoldi:
Temir yo‘lga boshlarin urib
G‘ildiraklar nolib ketadi.
Bodomzorga seni har kuni
Tramvaylar olib ketadi.
Ushbu satrlardagi ohangdorlik va samimiylik meni darrov o‘ziga maftun etdi.
– Zo‘r-ku! Hozir yozdingizmi? Davomi ham bormi? – qiziqib so‘radim kursdoshimdan.
– Bu Muhammad Yusufning she’ridan parcha, – dedi u.
– Domlaning qiziga bag‘ishlangan o‘sha she’r, – qo‘shimcha qildi boshqa kursdoshim.
– Rostdan ham, mana, Bodomzorning tramvay bekatida turibmiz-yey – deya hayajonini bosolmay suhbatga aralashdi kursdoshlarimdan yana biri. – Shoir o‘z ma’shuqasini kuzatib qo‘ygan tramvayda biz ham har kuni xuddi lirik qahramon kabi Bodomzorgacha kelib-ketib yurgan ekanmiz-da, qoyil!
O‘sha davrda Muhammad Yusufning she’riy to‘plamlari hali kam chiqqan, nashr etilganlari ham tezda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketardi. Hatto adabiy gazeta va jurnallarni ham matbuot do‘konida uzoq navbatda turib xarid qilinadigan zamonlar edi. Shuning uchun men shoirning ayni shu she’ridan bexabar ekanman.
Keyinchalik Muhammad Yusuf bilan “Shu’la” ijodiy to‘garagida uchrashuv o‘tkazganmiz. Yana bir gal jurnalist do‘stim Murod Surxon (To‘ramurod Rahmonov) bilan “Do‘rmon” ijodiy bog‘iga shoirni yo‘qlab borgandik.
Har ikki holda ham Muhammad Yusuf bilan yuzma-yuz tanishib, bemalol muloqotda bo‘lish imkoniyati tug‘ilmagan. “Shu’la”dagi ijodiy uchrashuvda shoir o‘zini nihoyatda kamtar tutgan. Yangi she’rlaridan o‘qib berib, yosh shoirlar bilan muloqotga fursat ajratmay, tez ketib qolgandi.
“Do‘rmon”ga borganimizda esa shoirning ko‘zlariga boqib, ilhom dardi bilan karaxtligini sezganman. Bunday damlarda ijodkorni chalg‘itish kerak emas, u dardini qog‘ozga to‘kib olishiga imkon yaratish lozim, tamom. Shuning uchun yengilgina so‘rashib, gurunglashishga qolmay, ortga qaytganmiz.
Shoir “millatchi” emasdi
XX asr, 80-yillar. Qish faslining dam olish kunlaridan birida Murod Surxon kasal ko‘rgani borishga taklif qilib keldi. Muhammad Yusuf uyida betob yotgan ekan.
Bu vaqtlarda Muhammad Yusufning obro‘-e’tibori jadal ortib borayotgandi. Men biroz taysalladim: bemorning holidan xabar olgan yaxshi, ammo yo‘qlab boradigan shoir kimu biz kim?!
Murod Surxon Muhammad akaning nihoyatda kamtar va odamoxun ekanini aytib, meni birga borishga ko‘ndirdi.
Muhammad Yusufning “Darxon” mahallasida joylashgan to‘qqiz qavatli uydagi xonadonini topib bordik. Qo‘ng‘iroqni chaldik va biroz fursatdan so‘ng eshik ochilib, ostonada shoir ko‘rindi. Haqiqatan ham u shamollagan ekan, betobligi bois qoramag‘iz yuzlaridan rang qochib, ajinlari ham ko‘paygandek edi, nazarimda.
Shoir ichkariga kirishga taklif qildi. Eshik ortidan mo‘ralayotgan shoirning mitti qizchalarini va mehmon kutishga tadorik ko‘ra boshlagan Nazira opani ko‘rib, xonadon ahlini bemahalda bezovta qilmagan maqbul, degan fikrimni aytdim. Muhammad Yusuf bunga ko‘ndi.
– Qizlarim bilan sayrga chiqishni maslahat qilayotgandik, – dedi u siniq va hirqiroq ovozda. – Hovlida kutsanglar, qorli ko‘chalarda birga aylanamiz.
Hovliga tushsak, allaqachon gavjum ekan. Kun yilt etib chiqqaniga mahallaning hamma bolalari toza havoga chiqibdi. Qorda futbol o‘yinini boshlab yuborgan 9-10 yoshlardagi bolalardan biri zarb bilan tepgan koptok Muhammad Yusuf xonadoni joylashgan podyezd ayvonchasi tomidagi qorga botib qoldi.
Bolalardan biri shartta eshikka osilib, uning tutqichiga oyoqlarini qo‘ydi va bir amallab tomchaga chiqdi. Pastdagilar qanchalik so‘ramasin, koptokni ularga bermasdan, o‘zi bilan olib tushmoqchi bo‘ldi.
Biroq, qaytib tushayotganida oyog‘i elektr simiga tegib, bexosdan dodlab yubordi. Sim uchlari podyezdga kirish chirog‘i o‘rnatish uchun chiqarilgan bo‘lib, unga chiroq tugul patron ham o‘rnatilmagan, shu bois himoya tasmasi bilan omonat o‘rab qo‘yilgan ekan. Erigan qor suvi namiqtirgani uchun bo‘lsa kerak, himoyalangan simdagi elektr tokining kutilmaganda qattiq “qitiqlashi” bolaning o‘takasini yoray dedi.
Endi uning hali tomchaga chiqayotgan vaqtidagi shiddat-shijoati, tom ustida turgancha sheriklariga koptokni bermagan qaysar va g‘olibona kayfiyatidan asar ham qolmagandi. Bolakayni, bir tomondan, qo‘rquv va chorasizlik, boshqa tomondan, oftob nuridan panada qolgan tomcha ustidagi qor sovug‘i yengdi. U avvaliga hiqillab, keyin bor ovozda o‘kirib yig‘lashga tushdi.
Shu payt eshikdan ikki qizalog‘ini yetaklagancha shoir chiqib keldi. Muhammad Yusuf tomchadagi bola tomonga ko‘z qiri bilan qaradi-yu, vaziyatni darhol ilg‘adi. Qizchalarini bizning yonimizda qoldirib, uvvos tortayotgan mishiqi bolaga yordam berish uchun shoshildi.
Tomcha tagiga kelib, eshik tutqichidan tutdi. Mallasoch bolaga dastlab eshikka, so‘ng shoirning boshiga, keyin yelkasiga navbatma-navbat qadam qo‘yishni u so‘zlashadigan zabonda, ya’ni rus tilida qayta-qayta tushuntirdi. Unga tinimsiz dalda berib turdi. Nihoyat, bola loy aralash qorga bo‘kkan og‘ir poyabzallari bilan shoirning sochi, yelkasi va egnini birma-bir rasvo qilganicha tomdan tushib oldi.
Biz, nafaqat biz, balki butun hovli ahli bu jarayonni beharakat kuzatib turdik. Muhammad Yusuf kiygan qora va ozoda plashning yelkasidan etagigacha loyli izlar qolgandi. Murod Surxon bilan ikkimiz yaqinimizdagi o‘rindiq ustidagi oppoq qor bilan dog‘larni tozalashga yordam berdik.
Shu asnoda xayolimdan bir o‘y o‘tdi: ayni o‘sha davrda Muhammad Yusufning sovet hukumati joriy etmoqchi bo‘lgan “oilani rejalashtirish” siyosatiga qarshi yozgan she’ri juda mashhur bo‘lgan edi. Shoirning “sariq to‘ng‘izlar bolalayversin, ammo o‘zbek tug‘masin, ko‘paymasin ekan-da” degan mazmundagi misralari, ayniqsa, turli davralarda turlicha talqinlarga sabab bo‘layotgandi.
Men bu satrlarni bitayotganimda, aynan o‘sha she’rni shoirning to‘plamlaridan izlab topolmadim. Ammo, mana bu misralariga duch keldim:
Beshiklarga to‘lib ketsin bir o‘zbeklar,
Tili chiqmay ko‘zi chaqnar hur o‘zbeklar —
Davlatbeklar, E’tiqodbek, Iymonbeklar
Bobojon, deb soqollaring silab tursin.
Bunday olovli satrlar ta’sirida birovlar Muhammad Yusufni xalqimizning nafaqat bolajonligini, balki kelajagini ham himoya qilib chiqqan millatparvar shoir deb e’zozlardi. Yana kimlardir esa uni “millatchi”ga chiqargan hollarga ham duch kelganman.
Qolaversa, shoirning keyinchalik “Hindu qo‘shig‘i” sarlavhasi bilan saylanma kitobiga kiritilgan bir she’ridagi:
Cho‘chqa bosib ketdi mening bog‘imni,
Biri-biridan oq, semiz cho‘chqalar, –
misrasi ham xuddi shunday talqinlarga sabab bo‘lgan o‘shanda.
Men ana shu qarama-qarshi fikrlardan birdek boxabar, ya’ni ikki o‘tning orasida edim. Mana, endi holat birdan oydinlashgandi.
O‘shanda shoir aslo “millatchi” emas, aksincha, millatsevar, xalqparvar va insonparvar shaxs ekaniga o‘zim guvoh bo‘lganman.
“Bugunoq menga qo‘lyozmangni yetkaz...”
1987-yili Do‘rmonda respublika yosh ijodkorlarining navbatdagi yillik seminari bo‘lib o‘tdi. O‘sha paytda jurnalistika fakultetida tahsil olayotgan ijodkor do‘stim Salim Ashur bilan kaminaning ilk she’riy to‘plamlarimiz ijodiy anjuman hay’ati tomonidan kitob holida nashr qilishga tavsiya etildi.
Ijodiy seminar yakunlangach, she’rlarim jamlangan papka bilan nashriyotga bordim. U yerda Yozuvchilar uyushmasidan kitobim nashrga tavsiya qilingani haqida tavsiyanoma olib kelishim zarurligini tushuntirishdi.
Lekin Yozuvchilar uyushmasida tayyor blankaga ism-familiyam va kitobim nomini yozib, muhr bosib berishi kerak bo‘lgan “shair” akamiz buni tushunishni istamadi. Emishki, Do‘rmondagi ijodiy seminarda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon, Usmon Azim, Ikrom Otamurod va boshqa katta-katta shoirlarning og‘zaki tavsiyasi Yozuvchilar uyushmasining ushbu “to‘ravachcha”siga o‘tmas ekan. Men nashriyotga tavsiyanoma olishga, umuman, kitob chiqarishga hali yoshlik qilar ekanman.
Jahlim chiqdi, ammo o‘zimni bosdim. O‘sha yoqimsiz byurokratning yonidan qaytib keliboq, qo‘ltig‘imdagi qo‘lyozmali papkani uyning bir burchagiga uloqtirdim.
Kitobim chiqmasa, chiqmas... Yosh bo‘lsam, bo‘lay... Yoshligim – aybim emas-ku?.. Shoirligim ham...
Shunday kayfiyatsiz yurgan kunlarimdan birida Navoiy-30 binosi oldida Muhammad Yusufga duch keldim. So‘rashdik.
– G‘ulom, qo‘lyozmangni qaysi nashriyotga topshirding? – deb so‘radi shoir. U meni avvalboshdan ukasidek yaqin olganidanmi, doim “sen”lab gaplashardi.
Men ham to‘lib turgan ekanman. Darrov dardimni dasturxon qila qoldim. Faqat Yozuvchilar uyushmasidagi “to‘ravachcha”ning ism-familiyasini aytgim kelmadi. Muhammad Yusuf, baribir, anig‘ini so‘rab oldi. O‘sha bema’ni kimsaning ismini eshitishi bilanoq fig‘oni ko‘kka o‘rladi:
– U nodonni yaxshi bilaman. Faqat oshxo‘ru ulfatlari va o‘ynashlariga tavsiyanoma beradi. She’riyatga, adabiyotga hech qanday aloqasi bo‘lmaganlarning qo‘lyozmalarini o‘shanday tavsiyanomalar bilan bizning nashriyotga ham tinimsiz jo‘natib yotibdi. Qog‘ozi boshidan qolsin. Bugunoq menga qo‘lyozmangni yetkaz, uka.
Muhammad Yusuf o‘shanda G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida ish boshlagan ekan. Menga nashriyot binosining nechanchi qavatidagi qaysi xonadan uni topishim mumkinligini aytdi va biz samimiy xayrlashdik.
To‘g‘ri, keyinchalik, Istiqlol arafasida respublikamiz hayotining boshqa barcha sohalari qatori noshirlik-matbaa tizimi ham qaytadan tashkil topdi. Nashriyot va bosmaxonalarning ayrimlari yopildi, yangilari ochila boshladi. Bu orada Muhammad Yusuf ham boshqa ishga o‘tib ketdi.
Shu tariqa 1987-yili nashrga tavsiya etilgan ilk kitobim faqat 1995-yilga kelib oqibatli shoir akalarimdan yana biri – Ravshan Fayzning sharofati bilan chop etildi. Qariyb o‘n yil ichida kitob nashri bilan bog‘liq sansalorliklardan rosa bezgan ekanmanmi, Ravshan akaning “Ertaga qo‘lyozmangni menga yetkaz!” degan yaxshiligiga ham befarq qarabman.
Indiniga O‘zAda – ish joyimda tengqur shoir do‘stlari O‘ktam Mirzayor, Tohir Doli, Abdimajid Azim bilan gaplashib turgan Ravshan Fayzga yana duch keldim. Shoirning dangal fe’li bor edi. Meni ko‘rib:
– Tog‘ kecha Sulaymonning yoniga bormagandi, bugun Sulaymon tog‘ning yoniga keldi, – dedi kulib so‘rashganicha. – Endi gap tog‘ning qo‘lyozmasi tayyorligida.
Xayriyatki, nashriyotdan qaytarib olingan qo‘lyozmamni yangilab, ishxonamga olib kelib qo‘ygan ekanman. Ravshan akaga shartta tutqazdim.
Oradan biron hafta o‘tib, Ravshan Fayz qo‘ng‘iroq qildi va kitobga nom topib berishimni so‘radi. Men esa kitobim chiqishiga deyarli ishonmay qo‘ygandim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, hayajondan duduqlanib:
– Ravshan aka, katta rahmat sizga! Yaxshiyam siz borsiz, – dedim.
– Ana, kitobning nomi ham aniq bo‘ldi: “Yaxshiyam siz borsiz”. Bundan ham shoirona nom topib bo‘ladimi!? – degan daldali so‘zlar eshitildi simning narigi uchidan.
Aytmoqchimanki, garchi birinchi kitobimga Muhammad Yusuf emas, Ravshan Fayz mas’ul muharrirlik qilgan bo‘lsa-da, ana shu har ikki ajoyib shoir akalarimning oqibati tufayli ilk marotaba ijod mahsulim o‘zbek she’rxonlari qo‘liga kitob holida yetib borgan.
Yanada muhimi, navqiron ongu shuurimda shoir o‘z kitobini nashr ettirishga haqli ekaniga bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlangan. Bunda Muhammad Yusufning qaysarligi, haqiqatgo‘yligi va xolisligi muhim o‘rin tutgan.
Yo shoir bo‘l, yo olim
Oliy o‘quv yurtini tugatib, diplom himoyasi tashvishi bilan yurgan kezlarim edi. Ustozim professor G‘aybulla Salomov Toshkent davlat universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasiga katta laborant lavozimiga ishga taklif qilganidan Muhammad Yusuf xabar topibdi.
Ko‘chada ko‘rishib qolganimizda, shu haqda gap ochdi.
– Tilak Jo‘ra qanday shoir?
– Yaxshi shoir...
– Ko‘rdingmi, yaxshi shoir, deyapsan. Agar Tilak aka ilm bilan o‘ralashib qolmay, o‘zini faqat she’riyatga bag‘ishlaganida bundan ham zo‘r shoir bo‘lardi.
Oraga jimlik cho‘kdi. So‘ng shoir mana bu misralarni o‘qidi:
Men uni tug‘ilmay turib bilardim,
Murg‘ak chog‘ jannatda yuzin ko‘rganman.
Tegirmonchilikni orzu qilardim,
Unga havas qilib shoir bo‘lganman.
– Bu “Tilak Jo‘ra” degan she’rimdan bir misra. Men Tilak akani G‘aybulla akadan, sendan kam yaxshi ko‘rmayman. Ilohiy iste’dodni asrash, parvarishlash va eng yuksak imkoniyatlarigacha baralla namoyon etishiga yo‘l berish kerak, menimcha...
O‘shanda Muhammad Yusuf bilan oramizda ana shunday ochiq va dangal bahs-munozara bo‘lib o‘tgandi. Bunday qizg‘in muhokamalar faqat oqibatli aka-ukalarning orasidagina bo‘lib turadi, deb o‘ylayman hozirgacha.
Albatta, men kafedraga ishga o‘tish orqali ilm-fan yo‘lini uzil-kesil tanlamagandim. Boborahim Mashrab yetti yil piri Oppoqxo‘janing etagidan tutib yashaganidek, men ham bir muddat G‘aybulla akaning muridi bo‘lishni istardim, xolos.
Muhammad Yusuf meni Tarjima nazariyasi kafedrasiga ishga o‘tish niyatimdan qaytara olmadi. Eng qizig‘i, bu holat samimiy munosabatlarimizga hech qanday soya ham solmadi.
Shoir, hofiz va jayron haqida hangoma
Tarjima nazariyasi kafedrasida ish boshlaganimda, G‘aybulla aka og‘ir xastalikni boshdan kechirgani bois, ishxonaga onda-sonda kelardilar. Domladan xabar olgani, o‘ta zarur hujjatlarni ko‘rsatgani va imzolatgani Ustozning hovlisiga tez-tez borib turardim.
Domla bilan suhbatlar juda maroqli bo‘lar, gurungimiz qizigandan-qizir, hatto cho‘zilgandan-cho‘zilib ketar edi. Shunday suhbatlardan biridan so‘ng allamahalda uyga ketishga shaylandim.
G‘aybulla aka ham qorong‘i tushib qolgani uchun ijozat berdilar. Darvozaxonagacha chiqqanimizda, ikkimiz qadrdon mehmonlarga – shoir, kuyov va aka Muhammad Yusuf bilan hofiz Mahmudjon Azimovga duch keldik.
Domla mehmonlarni ichkariga taklif etdilar. Muhammad Yusuf hovlidagi so‘rida o‘tirishni ma’qul ko‘rdi. Ijodida zo‘r yangilik borligini aytib, mendan ham ketmasligimni so‘radi.
Shahribonu kennoyim qanchalik urinmasin, mehmonlar dasturxon tuzashga ovvora bo‘lmaslikni, faqat bir choynak choy kifoyaligini aytdilar. Shu tariqa shoir bilan hofiz – so‘rining bir tomoniga, professor bilan katta laborant ikkinchi tomonga joylashdik.
Yuzlarga fotiha tortilishi bilan Muhammad Yusuf:
– Qani, hofiz, – dedi hayajonga to‘lib.
Hofiz torini sozlagach, berilib kuylay boshladi. Shoirning yangi yozilgan “Jayron” she’riga kuy bastalangan va yangi qo‘shiq dunyoga kelgan ekan o‘shanda, bilsak.
Hofiz qo‘shiqni qayta-qayta kuylar, shoir ora-sira jo‘r bo‘lib, ba’zan esa qo‘lidagi piyolani doiradek chertib ham qo‘yardi.
Zor yig‘lading buncha ham hayhot, Menda ham bor sendagi sayyod... Ey beozor, ey mo‘min jonzot, Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..
Ushbu ta’sirchan misralarni sehrli kuy va sohir ovoz og‘ushida tinglar ekanman, asta-sekin men ham shoir va hofizga qo‘shilib xirgoyi qila boshladim. Domla esa qo‘shiq va musiqa ohangiga sel bo‘lib tebranardilar.
Yarim tunda havo ancha salqinlashdi. Hofiz tinimsiz kuylayotgani uchun ba’zan to‘xtab nafas rostlar va tomog‘iga dam berardi. Shunday tanaffuslar paytida Domlam bilan ikkimiz issiq choy uchun oshxonaga borib kelardik. Shu orada Shahribonu kennoyim vaqt allamahal bo‘lib qolgani, uyda yosh ayolim chaqalog‘i bilan yolg‘iz kutayotganini avval menga, so‘ng G‘aybulla akamga eslatdilar.
Rostdan ham uyga ketmasam bo‘lmasdi. Domla meni jo‘shqin davradan xafagarchilik va xayrlashuvlarsiz, imi-jimida chiqarib yuborish chorasini izlay boshladilar. Bu oson emasdi. Chunki shoir va hofiz tobora sel bo‘lib kuylardi.
Nihoyat, jayronni yigirmanchi yoki yigrima beshinchi marotaba “yig‘latganimiz”dan keyin G‘aybulla akaning imlashi bilan davradan sezdirmay uzoqlashdim.
– Chillaliksiz, kelin bilan nevaram ilhaq kutishyapti-ku, hademay tramvaylar ham yotib qoladi. Endi shoiru hofiz akalaringizni menga qo‘yib bering.
Ustozning duolarini olib, tongga yaqin darvozadan sezdirmay chiqib ketdim. Hofiz va shoirning hazin nolasi ortimdan bekatgacha ergashib bordi...
Mehmon va billur likopchalar
O‘zAda ish boshlagan va uy-joyim yo‘qligi uchun bosmaxonaning oilaviy yotoqxonasida ahli ayolim bilan birga istiqomat qilgan davrlar edi. Bir kuni ishdan kech qaytayotsam, istiqomatgohimiz yaqinidagi Navoiy-30 binosi yonida yolg‘iz holda va bezovtalanib turgan Muhammad Yusufni uchratib qoldim. Salomlashdik, so‘rashdik.
Shoir o‘shanda nashriyotda ishlar, qo‘shni Qozog‘istondan hamkor noshir xizmat safari bilan kelgan va ishi bitgach qaytib ketishga kechikib qolgan ekan. Istiqomatgohimizning ikkita quyi qavatida aynan xizmat safariga kelgan noshirlar va matbaachilar turadigan “Idoraviy mehmonxona” tashkil etilgandi. Qozog‘istonlik mehmonning yonida pasporti yo‘qligi uchun vaxtada turgan o‘ris kampir uni mehmonxonaga joylashtirishni rad etibdi. Shoirni esa tanimabdi va tan ham olmabdi.
“Kampirshoh”ning bunday fe’li borligini oldindan bilardim. Shuning uchun mehmonxonaga bevosita mas’ul akalarni bezovta qilishimizga to‘g‘ri keldi. Mehmonni o‘z xonasiga joylashtirgach, Muhammad Yusufni xonadonimizdan bir piyola choy ichishga taklif qildim. Shoir rozi bo‘ldi.
To‘rtinchi qavatga ko‘tarildik. Bu vaqtda bolalarim allaqachon uxlab qolgandi. Men dabdurustdan Muhammad Yusuf bilan birga kirib borganimda, ayolim biroz shoshib qoldi. Shoir esa salomlashgach, xotirjam holda:
– Kelin, shampun bormi? – dedi.
Shoir sochini yuvib chiqdi, men uzatgan yangi sochiqqa artindi. Bu orada rafiqam kechki taom olib keldi.
– Akangiz bilan birga kelishingizni aytganingizda osh damlab qo‘yardim, adasi, – dedi ayolim xijolat bo‘lib, qozonkabobli idishni dasturxonga qo‘yar ekan.
– Palovni xush ko‘rmayman, kelin, xuddi shu taom menga ham yoqadi o‘zi.
Ishtaha bilan ovqatlandik. So‘ng mehmonni ziyofatga taklif qilmaganimiz esga tushib qoldi. Shoir hamrohining qorni to‘qligini, mumkin bo‘lsa, salat yo shirinlik bilan choy olib tushilsa yetarli ekanini aytdi.
Muhammad Yusufni bekatgacha kuzatib qo‘ydim. Qaytib kelsam, ayolim uy olganimizdan so‘ng yaxshi kunlarimizda ishlatamiz degan niyat bilan asrab yurgan billur likopchalarni javondan chiqarib, biriga konfet va boshqasiga salat to‘ldirib turibdi.
– Oddiyroq idishlarga solib beravermaysizmi?
– Oddiy insonning emas, mashhur shoirning mehmoniga bular, axir!..
Ertasi kuni ishdan kelsam, mehmonimiz tong saharda yurtiga ravona bo‘lgan ekan. Idoraviy mehmonxona xizmatchilari stolda qolgan billur idishlarni qaytarib bermagan. Ayolim faqat bo‘sh choynak-piyolamiznigina olib chiqibdi.
Endi xotinimdan baloga qoldim, deb o‘ylagandim. Lekin, shukrki, ro‘zg‘orimizda bu haqda hech qachon gap ochilmadi. Rost-da, asl shoirning hurmati uchun ikkita billur likopcha nima bo‘pti!..
O‘ng qo‘l qoidasi
Muhammad Yusufning mehmonlarini yana bir gal idoraviy mehmonxonaga joylashtirganimiz esimda. Ular, yanglishmasam, sobiq sovet tuzumi davrida uzoq yillar xorijiy mamlakatlar hududida davlat topshirig‘i bilan yurgan andijonlik insonlar edi.
Shoir ushbu mehmonlardan biriga rus tilidagi ikki jildlik kitobini nashr etishga ko‘maklashgan. Vaqt tig‘izligi uchun kitob taqdimoti mehmonxonaning torgina xonasida o‘tkazildi. Davradagilarga yangi kitoblar taqdim etildi. Dasturxonga osh tortilishidan oldin Qur’on oyatlaridan o‘qildi.
Tilovat asnosida Muhammad Yusuf menga nimanidir imo qilayotganini ko‘rdim, ammo hech narsa tushunmadim. Bir muddatdan keyin qarasam, u qo‘llarini ko‘rsatib, menga yana ishorat qilyapti. Yaxshilab razm solsam, tilovat vaqtida shoir chap qo‘lining ustiga o‘ng qo‘lini qo‘ygan, men esa, aksincha, o‘ng qo‘limning ustida so‘l qo‘limni qo‘yib turgan ekanman.
Gapning ochig‘ini aytsam, avvalo, shoirning bunchalik irimchiligidan ensam qotdi. Qolaversa, men ham bir mo‘min-musulmonning bolasiman. Ota-bobom qishlog‘imizning e’tiqodli insonlaridan bo‘lganlar. Hatto shu “ayb”lari tufayli sovetlar zamonida GULAG azoblarini ham ko‘rganlar. Shuning uchun musulmonchilik odobini shoir akamdan kam bilmasam kerak, deb hisoblardim. O‘sha damda, albatta, Muhammad Yusufdan ranjidim...
Tez orada Qarshiga yo‘lim tushdi. Uyga borib, ota-onamni ziyorat qildim. Fursati kelganda, Muhammad Yusufning meni ranjitgan imoli tanbehini otamga so‘zlab berdim. Otam uzoq o‘yga cho‘mib, aniq bir fikr aytishga shoshilmadilar.
O‘sha kuni qarindoshlarimizning keldi-ketdisi bilan bo‘lib, bu mavzuda boshqa gaplashmadik. Ertalab uyg‘onsam, otam Qarshining Ko‘kgumbaz masjidiga juma namoziga ketibdilar. Tushdan keyin ko‘rishdik.
Onam damlab kelgan choyni qaytarib, bir piyoladan uchalamizga quydim. Otam qaynoq choyni ohista ho‘plar ekan, salmoqlab so‘zlashga o‘tdi:
– O‘sha shoir akangning bilimi puxta ekan, Muhammad Yusuf katta domlalardan ham saboq olgan chiqar-ov.
Men yalt etib otamga qaradim. Otam, ko‘zlarimdagi gina ifodasini uqmagandek, so‘zida xotirjam davom etdi:
– Yoshligida Mir-Arabda, keyinchalik dunyoning yana qaysidir katta madrasalarida uzoq yillar o‘qigan bir eshon buva machitimizga namozga kelib turadi. Boyagi savolingga javobni shu taqsirdan so‘radim.
Otamning piyolasi bo‘shadi. Men choy quyib, qayta uzatdim. Butun vujudim quloqqa aylandi.
– Qori akaning aytishiga qaraganda, bu masala Qur’oni karim va Hadisi shariflarda aniq bayon etilmagan. Ammo-lekin, musulmonchilikdagi halol-harom tushunchalaridan kelib chiqilsa, o‘ng qo‘l hamisha so‘l qo‘ldan yuqorida bo‘lishi maqbul ekan, – shunday deya otam chuqur so‘lish oldi. – Ishqilib, o‘g‘lim, senga to‘g‘ri tarbiya berilibdi. Shu shoir akangdan ko‘p narsa o‘rgansang bo‘lar ekan...
Inson bo‘g‘zidagi tuyg‘uni yozardi u
O‘zAda Muhammad Yusuf bilan qisqagina fursat birga ishlaganmiz. Men agentlikning Xalqaro axborot tahririyatida ish boshlaganimda, shoir Respublika axboroti tahririyatida faoliyat olib borar edi.
Tahririyatlarimizning mavzu va yo‘nalishlari har xil bo‘lgani uchunmi, idorada ko‘rishganimizda ish haqida hech qachon gaplashmasdik. Har galgi gurunglarimizdan keyin kabinetimga qaytar ekanman, axborotning quruq va hammabop tili shoirni zeriktirayapti, deb o‘zimcha taxmin qilardim.
Shu fikrimni tasdiqlagandek, Muhammad Yusuf to‘satdan O‘zAdagi lavozimini tark etdi. Muhimi, tezkor axborot hukmron muhitda men she’riyatning badiiy va taxayyuliy olamidan andak uzoqlashib qolgan bo‘lsam, Muhammad Yusuf agentlikda ishlaganida ham she’r yozishdan sira to‘xtamagan.
Ayni chog‘da, shoir O‘zAdan ketishi munosabati bilan jurnalistika sohasidagi faoliyatiga ham nuqta qo‘ygan, degan fikr noto‘g‘ri. Avvalo, Muhammad Yusuf millatsevarlik va vatanparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan aksariyat she’rlarida o‘z davrining eng qaynoq muammolarini har qanday zabardast jurnalistdan ko‘ra faol va badiiy mahorat bilan ko‘tarib chiqdi.
Shu ma’noda, Muhammad Yusuf ijodiga nisbat berilganda, “Inson bo‘g‘zidagi tuyg‘uni yozgani uchun she’rlari o‘qishli”, degan baho aytilishi bejiz emas. Yanada muhimi, shoir el-yurtning g‘am-tashvishiga aslo befarq bo‘lmagan.
U qaltis va yopiq mavzularni ham bevosita o‘rganish uchun o‘ziga xos “jurnalistik surishtiruv”lar o‘tkazgan. Bu fikrning tasdig‘i sifatida bitta misol keltiraman.
2020-yil 26-aprelda O‘zA saytida (https://uza.uz) “Muhammad Yusuf jasorati” nomli qisqagina maqola e’lon qilindi. Unda, jumladan, shunday fikrlar bor:
“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor, Sotsialistik Mehnat Qahramoni Ahmadjon Odilov haqida maqola yozganlar ishdan chetlatilib, u haqida material chop etilgan gazetalar yopilayotgan bir paytda Muhammad u haqida she’r yozadi. She’rni “Odilovning oltini“ deb nomlaydi. Go‘yoki gap Odilovning rafiqasi haqida ketayotgandek tasavvur uyg‘otadi sarlavhaning o‘ziyoq. Ammo she’r ichida barcha o‘y-tashvishlar izhor etiladi. Jamiyatni ayab o‘tirmaydi. Shoir shunday bo‘lishi kerak, aslida”.
Men, dastavval, Muhammad Yusufning ushbu she’rini nega eslay olmaganimdan hayron bo‘lgandim. Bilsam, she’r shoirning faqatgina birinchi kitobiga kiritilgan, ammo boshqa to‘plamlariga kirmay qolgan, ayrim sabablarga ko‘ra gazetalarda ham chop etilmagan ekan.
Keyinchalik Ahmadjon Odilov xotirasiga bag‘ishlab uning o‘g‘li Anvar Ahmadjonov yozgan va nashr ettirgan “Ahmadjon Odilov: mardlik qonuni” kitobida ushbu fikrlarning yana bir tasdig‘iga duch keldim. Muallif bu haqda shunday deb yozadi: “Sevimli shoirimiz Muhammad Yusuf Ahmadjon Odilov bilan osh-qatiq bo‘lmagan, hatto ko‘rishmagan ham. Lekin bu insonning fuqarolik pozitsiyasi, vatanparvarlik hissi baland bo‘lgan. Shu sababdirki, otam haqidagi gaplar Muhammad Yusufni bizning xonadonimizga boshlab kelgan”[2].
Shoir amalga oshirgan “jurnalistik surishtiruv” natijalari mana bunday she’riy satrlarda o‘z ifodasini topgan:
U kun Popga bordim oshib dovondan –
Olchoq oltin izlab kavlagan yo‘lak.
Oddiy bir ojiza, oddiy ayvonda
Nabiralariga tikardi ko‘ylak[3].
Taqlid haqida tanbeh
Shoir bilan kam gurunglashganmiz. Shunda ham asosan she’riyat haqida gaplashib, yangi she’rlardan tinglardik.
Bir gal u “Vatanim” she’ridan mana bu bandni o‘qib bergan:
Sen – shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
O‘g‘lim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo‘ynimdagi iftixorim,
Bo‘ynimdagi tumorim,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim!
Endilikda mashhur qo‘shiqning avj pardasida kuylanadigan ushbu satrlarni misol keltirar ekan, Muhammad Yusuf she’riy san’atning men uchun yangi turi – bitta tashbehni bir satrda emas, bir necha satrlarda ifodalash, hatto bir tashbehni butun misra davomida kengaytirib va rivojlantirib borish tajribasi haqida fikr bergandi.
Ha, Muhammad Yusuf o‘zaro suhbatlarimizda ba’zan she’riy san’atlar, ba’zan shoir shaxsi haqidagi o‘z tushuncha va qarashlarini ochiq bayon etardi. Masalan, uning fikricha, shoir shaxs sifatida to‘liq shakllangan bo‘lishi kerak. Bu fikrga qo‘shilardim, ammo...
Muhammad Yusufning shoir o‘zgalarning she’rlarini, ayniqsa, o‘zbek tilidagi ijod mahsullarini iloji boricha o‘qimagani ma’qul, degan mulohazasi menda e’tiroz tug‘dirardi. Shoir o‘zigagina xos uslubini saqlab qolishi va taqlid yo‘liga o‘tib ketmasligi uchun ham shunday qilishi lozim, deb hisoblardi u.
Shoirning nasrni muntazam o‘qish, ayniqsa, Abdulla Qodiriydek mohir so‘z ustalarining “O‘tkan kunlar” kabi nodir asarlarini sinchiklab mutolaa qilish va o‘zbek tilining sehru qudratga to‘la salohiyatini nafaqat anglash, balki o‘zlashtirish ham zarur, degan mushohadalarini ma’qullardim. Lekin, qancha bahslashmaylik, Muhammad Yusuf shoirlarni boshqa shoirlarning she’rlarini o‘qishdan ogohlantirish fikrida har gal sobit qolardi.
Endi chuqurroq o‘ylab qarasam, qaysidir jihatdan, shoirning o‘sha gaplarida jon bordek tuyuladi. Nega deganda, aynan Muhammad Yusufga o‘xshatib she’r yozishni “boplaydigan” ayrim tengqurlarim, oxir-oqibat, birovning yo‘lidan ketayotganini, bu halokatli taqlid yo‘li ekanini, bunaqada she’riyatda o‘zining kichik bir so‘qmog‘ini ham ocha olmasligini kech tushunib qolib, ijoddan qo‘lib sovigan va hayotdan hafsalasi pir bo‘lgan hollarga ham guvoh bo‘ldim.
Biz – kursdosh edik
1996-yili Prezident devoni huzurida Axborot markazi tuzildi va jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovdan o‘tib, shu yerda ish boshladim. Oradan biron yil fursat o‘tgach, Prezidentning Kadrlar masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari kabinetiga chaqirdi.
– Oilaviy ahvolingiz qanday?
– Qaysi ma’noda?...
– Rahbariyatdan taklif tushyaptiki, agar oilaviy sharoitingiz ko‘tarsa, o‘tgan yili ochilgan Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olsangiz. Shunga nima deysiz?..
Yaratganga ming shukr, Xudoning borligiga hech qachon shubha qilmaganman. Ammo, hayotda shunday damlar bo‘ladiki, baribir, qayta-qayta Xudoyimning barhaqligiga imon keltiraman. Bu gal ham shunday bo‘ldi.
Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining ochilishi va ilk tinglovchilar tahsilni boshlashi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda ishtirok etganman. Yanada aniq qilib aytganda, O‘zAning maxsus muxbiri sifatida ushbu tadbirni yoritishga mas’ul edim.
O‘shandayoq nufuzli va zamonaviy Akademiyaning ilmiy-o‘quv salohiyatiga, tinglovchilarga yangicha bilim berish imkoniyatlariga havasim ortgan. Qolaversa, oliy o‘quv yurtini 1989-yilda bitirganim tufayli eski zamonda olgan bilimim yangi davrda deyarli ish bermay qo‘ygandi. Bu holat mustaqillik davrida jurnalistikadek ilg‘or sohaning vakili sifatida samarali faoliyat olib borishimga to‘siq bo‘layotgandi.
Shuning uchun Akademiyaning qaldirg‘och tinglovchilari orasida o‘tirar ekanman, Yaratgan Egamdan menga ham shunday joylarda o‘qish nasib etishini o‘tinib so‘raganman. Mana, o‘sha ezgu niyatimni Xudoyim ijobat etmoqda edi.
Ammo ishxonam, ya’ni Prezident devoni imtihonlarni topshirishim bilan bog‘liq ishlarga aralashmas ekan. Hujjatlarni qabul qilish muddati tugashiga atigi uch kun qolgani uchun yordam tariqasida ishga kirgunimcha to‘ldirgan tibbiy ma’lumotnomamni olib turishimga ijozat berishdi, xolos. Chunki u paytlarda qon topshirilgach, tahlili uch kundan so‘ng chiqar, bunday holatda hujjatlarimni to‘liq taxtlashga ulgurmasligim mumkin edi.
Talab etilgan barcha hujjatlarni topshirdimu ertasi kuni imtihonga bordim. Sudya va prokurorlar, vazir va hokim o‘rinbosarlari, direktor va raislar – turli amaldorlar orasida shoir akam Muhammad Yusufni va tengqur yozuvchi do‘stimiz Sobir O‘narni ko‘rib boshim osmonga yetdi.
Imtihon va testlardan muvaffaqiyatli o‘tdik. Shu tariqa biz Prezident Akademiyasi tinglovchilariga – kursdoshlarga aylandik.
Ustoz shogirdidan iqtibos olsa!..
Prezident Akademiyasida kun bo‘yi yangi fanlar va yangicha uslublar asosida jadallashtirilgan tarzda tahsil olardik. Bir tomondan, tahsilning ilk kunidanoq “Ma’naviyatshunoslik” fanini o‘rganishga kirishganmiz, ikkinchi tomondan, bu borada aynan Ustoz G‘aybulla akadan ma’ruza tinglaganmiz.
Oliy o‘quv yurti talabasi bilan Prezident Akademiyasi tinglovchisi orasidagi farq nimadaligini bilasizmi? Talabalar saboq vaqtida “darsdan tashqari yumushlar” bilan shug‘ullanish uchun iloji boricha oxirgi partalarda o‘tirishni ixtiyor etsa, aksincha, tinglovchilar rahbar shaxs ekanini hatto ustozlarga ham “ko‘rsatib qo‘yish” ishtiyoqida nuqul oldingi partalarni egallaydilar.
O‘shanda Muhammad Yusuf, Sobir O‘nar va kamina o‘quv zalining o‘rtarog‘idagi bitta partani band qilgandik. Domla auditoriyaga kirib kelganlarida, bunday yoqimli tasodifdan uchalamiz ham birdek hayron qolganmiz. Ustozni darsdan chalg‘itmaslik uchun tanaffusda yuzma-yuz salomlashishga kelishib oldik.
G‘aybulla aka, odatdagidek, samimiy, ravon va qiziqarli ma’ruza qildilar. Ayniqsa, men Ustozning saboqlarini sog‘ingan ekanman, miriqib tingladim.
Domlaning ma’ruzalari vaqti, nazarimda, juda tez tugadi. G‘aybulla aka o‘qib-o‘rganishimiz uchun zarur adabiyotlarni tavsiya qildilar. Biz birma-bir yozib oldik.
– Darvoqe, ma’ruzamda ma’naviyat va manmanlik haqida gapirmabman, – dedilar Domla, tinglovchilar daftardan bosh ko‘tarishlari hamon. – Kaminaning “Tolibnoma” nomli mana bu kitobida ayni mavzuda ham fikr yuritilgan. Sotib olishga majburlamayman. Akademiya kutubxonasidan olib o‘qishingiz mumkin. Shuning uchun kitobning mazmuni xususida to‘xtalib o‘tirmay, faqat bir iqtibosga qisqacha izoh berish bilan kifoyalanaman. Chunki shuning o‘zi ham ma’naviyat va manmanlik muvozanatini saqlash odobiga shaxsiy tajribamdan amaliy misol bo‘lsa ajab emas.
Shundan so‘ng G‘aybulla aka qaysidir muhim sana arafasida kenja shogirdlaridan biri o‘z she’riy kitobini sovg‘a qilgani, odatda, olim-shogirdlardan Ustoz sha’niga obdon maqtovlar bitilgan maqola chiqqan ilmiy kitoblarni, shoir-shogirdlardan esa o‘ziga bag‘ishlangan she’r bor sahifasiga dastxat bitilgan nazmiy asarlarni qabul qilishga ko‘nikib qolgani uchunmi, yosh shogirdning yaproqdek kitobchasi boshida bitilgan “no‘noqqina” dastxatdan taajjublanganlari, so‘ngra kitobchani bir necha bor varaqlab chiqib ham, unda o‘ziga shaxsan bag‘ishlangan alohida she’rni uchratmagach, hafsalasizlik bilan she’riy to‘plamni o‘qiy boshlaganlari, birinchi she’rni o‘qiboq, bu nazmiy misralar g‘oyibona aynan o‘zlariga atalganini ich-ichdan his qilganlari, natijada kitobdagi barcha she’rlarni mutolaa qilish asnosida Ustoz-olim bilan shogird-shoir bir-biriga qalban yaqin insonlar ekaniga iqror bo‘lganlari, shuning uchun ilk sahifadagi sakkiz satrlik she’rni “Shoir nomidan o‘zimga bag‘ishlov” degan bitik bilan yangi kitoblaridagi fasllardan biriga iqtibos qilib olganlari haqida so‘zlab berdilar.
Domla she’riy iqtibosni ovoz chiqarib, o‘qidilar. Ne tongki, bu kaminaning 1995-yili nashrdan chiqqan “Yaxshiyam siz borsiz” nomli ilk she’riy kitobidagi mana bu misralar edi:
Tushkunlik tumandek tarqalur.
Umidlar o‘t kabi yam-yashil.
Komronlik yelida chayqalur
Ko‘nglimda ko‘llagan ko‘z yoshim.
Boshimdan bulutdek g‘am arir,
Baxt kelar quyoshdek bus-butun.
Ruhim – bir qaldirg‘och singari
Vujudimga qura boshlar in[4].
Ustoz she’rning oxirgi misrasini o‘qib bo‘lishi bilan Muhammad Yusuf va Sobir O‘nar o‘rnidan turib:
– O‘sha kenja shogirdingiz shu yerda, Domla, – deyishdi baravariga. Endi hayron qolish navbati Ustozga yetgandi.
Vidoning talx mayin sipqordim
2003-yil 31-yanvar. Qishning sovuq tunida, bemahalda sovuq xabar keldi. G‘aybulla aka qaytish bo‘ptilar.
Qaniydi, odamzod bir umr sovuq xabarlar eshitmasdan, shod-xandon, beg‘am va baxtiyor yashab o‘tishining imkoni topilsa...
Bemahal, deymiz. Sovuq xabarning ham o‘z vaqti bo‘lishi mumkinmi? Bexosiyat xabar intizor kutilarmidi hech mahal...
G‘aybulla akaning Bodomzordagi hovlisiga yetib borganimda, Ustozni yuvib-kafanlab, uyning to‘riga yotqizib qo‘yishgan ekan.
Domla so‘nggi yillarda nafaqat xastaliklarning zo‘ridan, balki farzand dog‘i tufayli ham qurib-qovjirab, bir hovuchgina bo‘lib qolgandilar. Mana, hozir kafan ichida jism borligi deyarli bilinmasligiga nazar solar ekanman, xo‘rligim keldi.
Bu orada marhum atrofida o‘tirgan erkak-ayol shogirdlar – taniqli ziyolilardan ayrimlari kafanning bir chetini ochib, menga Ustoz bilan vidolashish imkonini berish maslahatini o‘rtaga tashladilar. Boshqa birovlari men G‘aybulla akaga qondosh-qarindosh bo‘lmaganim uchun bu mumkin emasligini bildirdi. Xullas, Domlaning oyoqlarini kafan ustidan quchoqlab vidolashishimga ijozat tegdi va shunday qildim ham.
Ustozning jonsiz oyoqlari, bamisoli sehrli bir kalit misoli, ko‘zlarimdan yoshlarning buloqdek otilib chiqishiga, yuragimdan hasratlarimning tashqariga tinimsiz talpinishiga yo‘l ochdi. Uzoq yig‘ladim, ko‘p yig‘ladim o‘sha tunda.
Otam, deb bo‘zladim. Chunki otamdek azizim edilar Ustozim. Chunki endi yetim qolgandim, ma’nan yetim...
Shu tariqa motamzada tong ham otdi. Yog‘och otli Ustozim ta’ziyali hovlisi to‘la qadrdonlari bilan so‘ng bor vidolashdi.
Janoza mahallaning “Bodomzor” masjidida o‘qildi. Domlani “Minor” qabristoniga qo‘ydik.
Tushdan so‘ng, ta’ziyaga keluvchilar oqimi sal kamayganda, Muhammad Yusuf menga Domlaning vafoti munosabati bilan ta’ziyanoma yozib, gazetada chiqarish kerakligini eslatdi. U, o‘zi aytganidek, kuyov sifatida ta’ziyaxonadan keta olmasdi. O‘sha damlarda qalam tutib nimalarnidir qoralash ko‘nglimga sig‘mayotgan bo‘lsa-da, shoirning da’vatiga ko‘ra ishxonamga yo‘l oldim.
Domla bilan bog‘liq xotiralarim asosida she’rdek o‘qiladigan nasriy marsiya yozdim. Endi tayyor matnni ko‘rib chiqayotganimda, telefon jiringladi. Murod aka ekan. Ta’ziyaga borib kelishganini, ta’ziyanoma e’lon qilish haqida Muhammad Yusuf bilan gaplashganini, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining ertaga chiqadigan sonidan joy band qilib turganini, iloji bo‘lsa, ta’ziyanomani tezroq va butun ziyolilar nomidan tayyorlashim maqbul ekanini aytdi.
Shundan so‘ng xotiralarimni qaytadan yozishga o‘tirdim. Qorong‘i tushganda, ta’ziyanomaning yangi varianti bilan tahririyatga yo‘l oldim...
Bugun o‘ylasam, o‘shanda ham Muhammad Yusuf menga akamdek mehribonlik ko‘rsatgan ekan. U mening Ustoz dog‘ida qattiq kuyganimdan xavotir olgan. Ichikib qolmasligim uchun ta’ziyaxonadan uzoqroq bir muhitda bo‘lishimni, yozish-chizish bilan imkon qadar chalg‘ishimni istagan. Eh, akam, akam-a...
G‘ulom Mirzoning
“Sallamno, Istiqlol!” kitobidan
[1] G‘aybulloh as-Salom. Saydi Umr. Tolibnoma: Seni o‘ylayman, bolam. – T.: “Sharq”, 1996. – 87-bet.
[2] Anvar Ahmadjonov. Ahmadjon Odilov: mardlik qonuni. Xotiralar. – T.: “BODOMZOR INVEST”, 2022. – 130-bet.
[3] Muhammad Yusuf. Erka kiyik: she’rlar to‘plami. – Yozyovon, 1992. – Farg‘ona viloyati matbuot boshqarmasining Marg‘ilon shahar bosmaxonasi. – 37-bet.
[4] G‘aybulloh as-Salom. Saydi Umr. Tolibnoma: Seni o‘ylayman, bolam. – T.: “Sharq”, 1996. – 94-bet.
- Qo'shildi: 26.04.2024
- Ko'rishlar: 1740
- Chop etish