BAXSHI AYTGAN BITTA SO‘ZNING BIR OLAM TALQINLARI

3-mart – O‘zbekiston xalq baxshisi

Shomurod baxshi Tog‘ay o‘g‘li tug‘ilgan kun

 

Bag‘ishlov

 

2018-yil. Mirza So‘fi bobom “xalq dushmani” sifatida 10-yilga, otam Abdirayim bobo 6-yil muddatga GULAG lagerlariga hukm qilinganiga qariyb 70-yil to‘lgan damlar. Mehribon Xudoyim yo‘l ochib, NKVDning ota-bobomga oid “o‘ta maxfiy” degan qaqshatqich muhrli “delo”si bilan ilk marta tanishish imkoni tug‘ilgandi.

Bobom o‘tganlariga 40-yilcha, padari buzrukvorimni tuproqqa qo‘yganimizga 15-yil atrofida vaqt bo‘lgan. Samarqand harbiy garnizoni “troykasi”ning 1949 yilgi mash’um qaroridan shikoyat qilib, avval Harbiy prokuraturaga, so‘ng Harbiy sudga qatnadim. Ajdodlarimning achchiq qismatiga daxldor hujjatlar bilan tanishar ekanman, yuragim muttasil uvishadi, jonim azoblanadi.

O‘sha kezlarda Shomurod baxshini o‘zim uchun qaytadan kashf etgandim. Shoirning do‘mbirani sayratib, shirali ovozda kuylagan nolalari dardimga malham bo‘lgan.

Ammo, baxshi oilasining qatag‘oniga bag‘ishlangan termadagi:

Jigit o‘lgur Mekkam chol,

Letibamni sindirding.

Otam olib berib edi,

Nasibamdan ayirding

misralari yangraganida, har gal o‘ylanib qolardim. Ushbu banddagi “letibamni” so‘zi nimani anglatadi? Shu jumboq ustida bosh qotirib, rostini aytsam, ich-etimni yegan dardu g‘amdan bir oz chalg‘iganman ham.

         2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi ota-bobomni to‘la oqladi. So‘ng 2021-yilda mash’um “delo” va xotiralarim asosida tarixiy qissa yozdim. Bu kitobim 2022-yilda nashr etildi va Toshkent shahri, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlaridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeylarida uning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ko‘nglimning tubida cho‘kib yotgan azaliy toshmi yo muzmi, nima bo‘lsa ham, suvdek erib bitdi. Shu qadar yengil tortdim. O‘ziga ming bora shukr!

Baxshining termalarini qayta-qayta tinglar ekanman, “letiba” yana diqqatimni o‘ziga tortdi. Boshqalar qatori avvalida xuddi shunday eshitilgan bu noma’lum so‘z endilikda quloqlarim tagida yanada boshqacha – “retiba” (“riteba”) tarzida yangray boshladi. Xo‘sh, “retiba” nima degani o‘zi?

 

Navoiy ishlatgan kalom

 

Keyingi vaqtlarda bir qiziq odat chiqarganman: agar biron-bir notanish so‘z izohini zamonaviy lug‘atlardan izlab topolmasam, darhol “Alisher Navoiy asarlari lug‘ati”ga qarayman. Ayniqsa, o‘sha so‘zni Surxondaryo yoki Qashqadaryo vohasi odamlari qo‘llagan bo‘lsa, qat’iyan shunday yo‘l tutaman.

Nega? Chunki, fikri ojizimcha, bu hududlar O‘zbekistonning boshqa viloyatlariga nisbatan Navoiy bobomiz yashab-ijod etgan Hirotga geografik jihatdan ancha yaqin. Shu bois “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da topilmagan qanchadan-qancha shevadagi so‘zlarimiz, albatta, Navoiy asarlarida uchrab qoladi.

Bu gal ham shunday bo‘ldi. Alisher Navoiy o‘z asarlarida “retiba” so‘ziga shaklan va mazmunan yaqin bo‘lgan “rotiba” so‘zini qo‘llagan ekan. Masalan, hazratning “Sab’ai sayyor” dostonida shunday bayt bor:

Zaydg‘a rotibaki bo‘ldi daqiq,

Non ikki qurs edi, suv bir ibriq.

Bu satrlarda dostondagi badiiy qahramonlar – shoh Bahromga xiyonati uchun zindonga tashlangan zargar Zaydning achchiq qismati qalamga olingan. Ilgari boy-badavlat yashagan, endilikda esa zax va qorong‘i zindonda arzimagan suv-nonga kuni qolgan tashna hamda och-nahor zargarning “rotiba”si, ya’ni holu martabasi kinoya bilan qiyos etilgan.

Navoiy hazratlari martaba, unvon, daraja kabi ma’nolarni anglatish uchun “rutba” so‘zidan ham foydalangan. Buning tasdig‘i uchun “Nazmul-javohir” asaridan misol keltiramiz:

Olg‘anlar aning rutbasidin voyasini,

Bildik boridin biyik aning poyasini.

Alisher Navoiyning ushbu asari 1485-yilda yozilgan bo‘lib, undagi har bir ruboiyda Hazrat Aliga  (r.a.) mansub bittadan hikmatning ma’no-mazmuni ochib berilgan.  Xususan, biz yuqorida misol keltirgan 91-ruboiyga taalluqli misralar “Ilmning darajasi – uning sifati darajasiga bog‘liq” degan, bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qotmagan muhim hikmat talqiniga bag‘ishlangan.

Ulug‘ shoirimiz inson qanchalik sifatli bilim olsa, uning rutbasi, ya’ni martabasi, obro‘-e’tibori shunchalik buyuk bo‘lishi haqida so‘z yuritgan. E’tibor qilinsa, hazrat qo‘llagan “rutba” va “rotiba” so‘zlari ham shaklan, ham ma’no-mazmun jihatidan bir-biriga juda yaqin hamda monandligi ayon bo‘ladi.

Muhimi shuki, “rutba” so‘zi bugungi adabiy tilimizda hali ham qo‘llanmoqda, ya’ni eskirib va esdan chiqib ulgurmagan. Lekin, “rotiba” allaqachon unutilib, istifodadan butunlay chiqib ketgan. Buni qarangki, zamonaviy lug‘atlarimizda uchramaydigan ushbu so‘z Shomurod baxshining dostonida “retiba” shaklida saqlanib qolibdi.

 

“Retiba” vatandorlik martabasi

 

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga ko‘ra, rutba – arabcha so‘z – unvon, adres, sarlavha, nom, belgi, ramz degan lug‘aviy ma’nolarni anglatadi. Rutba yoki rotiba so‘zining birlamchi ma’nosi – maktub ustiga yozilgan nom, qayerga, kimga jo‘natilganlik haqidagi yozuv, deganidir.

Yanada aniq qilib aytganda, Shomurod baxshi:

Jigit o‘lgur Mekkam chol,

Retibamni sindirding

deb kuylaganida, rutbasi sindirilgani, demakki vatandorlik martabasidan mahrum qilingani, vatangado bo‘lgani haqida zorlanmoqda.

Haqiqatan ham, 1932-yil 3-mart kuni Chiroqchi tumanidagi Arabbandi qishlog‘ida tavallud topgan Shomurod shoirning otasi Tog‘ay shoir dushmanlarining chaquvi bilan olis va qahraton Sibirga surgun qilingan. O‘shanda Shomurod baxshi olti oylik chaqaloq bo‘lgan, to‘qqiz oyligida esa onasi Tojixol Shukurova sovuq iqlimga moslasholmay og‘ir shamollashdan vafot etgan.

Shomurod baxshi opalarining qo‘lida o‘sgan, aniq adressiz olis joylarda ko‘p sargardonliklar bilan voyaga yetgan. Bo‘lajak baxshi sakkiz yoshida otasining mana bunday mungli qo‘shiqlarini berilib tinglagan:

Elimdan adashgan yolg‘iz so‘naman,

Bulbul bo‘lib gul shoxiga qo‘naman,

Enasoyga dardim aytib jiladim,

Ishim bilan Irtishlarga jiladim,

Hoy-hoy, oy-y-y-y, hey-hey-y-y-y…

1945-yili urushdan qaytib kelgan Tog‘ay shoirga bolalari bilan diydorlashish baxti nasib etadi. 1948-yilda oqlangach, Tog‘ay shoir oilasi bilan Chiroqchiga qaytadi.

Shu tariqa ota-bola yana vatanli bo‘ladi. Shomurod shoirning “Mahkam chol sindirgan ritebasi” nihoyat bitadi. Ko‘kayidagi kami to‘ladi, armoni ushaladi.

“El bir qism mayiz tutsa, ko‘zimga surtaman. Eldan ayirmasin”. Ota yurt bag‘rida umrguzaronlik qilar ekan, so‘nggi nafasigacha shunday shukronalik so‘zlarini aytib o‘tdi Shomurod baxshi.

 

“Retiba” insonlik qadr-qimmati

 

Taniqli shoir va jurnalist O‘roz Haydarning Shomurod baxshi bilan jonli suhbatlarini o‘qir ekanman, shuurimda “retiba”ning yana bir ma’nosi bo‘y ko‘rsatadi. Shoir: “Insonlik martaba-yu unvonim poymol etildi” deb suron solmoqda-ku!

...Otam olib berib edi,

Nasibamdan ayirding...

 Axir, otaning pushtikamaridan inson zoti maqomida bino bo‘lgan edi-ya! Shu mukarram nasibasidan kutilmaganda ayro etdilar. Sho‘rlik baxshining Sibirda kechgan hayotidagi xoru zorliklarini hech bir odam bolasiga ko‘rgulik qilmasin.

Shomurod shoirning O‘roz aka bilan bo‘lishgan mana bu achchiq xotiralari ayni fikrlarni tasdiqlayotgandek go‘yo:

“...Aynalay uka, qizillar ko‘z oldimizda yetti juz japon askarini otib tashladi. Biz “detdom”ning bir to‘da bolalari tepalikda – butalar orasidan mo‘ralab qaraymiz. Qurolsiz askarlar har yonga sochilib qochadi-yay! Atrofini o‘rab olgan qizillar paq-paq etib, otgani-otgan. Bir japon askar o‘zini daryoga otdi. Judayam suzag‘onakan. Uniyam qayiqda suzib borib otib tashlashdi. Bechora soldat jonboshiga ag‘darilib suvga cho‘kib ketdi. Biz bolalar qaqshab jiladik. Uyi kuysin, hammasining deb so‘kib jiladik. Odam bolasining narxi qildan arzoniydi o‘sha paytlar. Bir qir nari bo‘ylamagan O‘ta buva nimani bilaydi. Jumronqoziqday bo‘ynini cho‘zib-cho‘zib, yer tirnab jurgan-da! Ha, aynala-ya, enasini begona jurtda qoldirgan biladi. Enamning tilini o‘n jettimda – ota jurtimga qaytganimda tetapoya bachchaday o‘rgandim”.

Mustamlaka tuzum zamonida inson sha’ni va qadriga bo‘lgan zulm va zug‘umning kuchini qarang: o‘zbek baxshilari silsilasiga mansub Shomurod baxshiga, shoirning o‘z so‘zlari bilan aytganda, “sibirlik yetimxona tarbiyalanuvchisi Aleksandr Tumanov” degan nom – rutba ravo ko‘riladi.

Shukrki, sho‘rolar zamonida erki toptalgan, har bir kuni azob-uqubatda, yurtini qo‘msab o‘tgan Tog‘ay shoir, uning o‘g‘li Shomurod baxshi ijodi mustaqillik tufayli qadr topdi.

 

 “Retiba” el orasidagi obro‘-e’tibor darajasi

 

O‘zbekiston xalq baxshisi Shomurod baxshi Mahmanov (Shomurod baxshi Tog‘ay o‘g‘li) baxshichilik sirlarini otasi Tog‘ay shoir va do‘mbira yasovchi Narzulla ustadan o‘rgangan, deydilar.

Uning otasi Tog‘ay shoir yirik baxshi bo‘lgan. Afsuski, u el orasidagi ana shu yuksak rutbasidan mahrum etilib, nohaq qatag‘on qilingan va oila a’zolari bilan birga surgunga quvilgan.

O‘z umrining eng navqiron damlarini otasi Tog‘ay shoir bilan Sibirda o‘tkazgan Shomurod 17 yoshida surgundan qaytib kelgach, dostonchilik sirlarini o‘rgana boshlaydi. Surgun azob-uqubatlari, aka-opalari va onaizoridan judolik dardlarini ko‘zlarida yosh olib kuylaydi.

Shomurod Tog‘ay o‘g‘li baxshichilik maktabida o‘z o‘rniga ega ustozlardan sanaladi. Shoirning “Go‘ro‘g‘li” turkumidan dostoni, “Biyigul” va boshqa ko‘plab termalari xalq mehrini qozongan. Xususan, mashhur san’atkorlar Mahmud Namozov va Hosila Rahimova ijrosidagi «Guldana» va «Mekkam chol» qo‘shiqlari Shomurod baxshi tomonidan yaratilgan.

Qatag‘onlar bo‘lmaganida, balki shoirning rutbasi bundan ham yuksak bo‘larmidi? Mana, nima uchun Shomurod baxshi o‘z oilasi  boshiga tushgan musibatlarning sababchisi – mustabid tuzum gumashtalari, ayg‘oqchilarini qoralab, armon bilan shunday deb kuylagan:

Qo‘llarimni boylading,

Avaxtaga haydading,

Tor xonaga joylading,

Ko‘klamagin Mekkam chol.

Bu o‘rinda Mekkam chol – baxshining butun rutbalarini sindirgan Stalin obrazidir. Mekkam – mahkam, degani. Ya’ni, bu bilan po‘lat (stal) so‘ziga ishorat qilingan.

Mayli, Shomurod shoirning qishlog‘ida Mekkam chol deganlari chindan ham yashab o‘tgan va o‘sha battol ayg‘oqchi sho‘rlik baxshining oilasi qatag‘on etilishi boshida turgandir. Mayli, Shomurod shoirning o‘zi gurung asnosida bu haqda aytgandir ham.

Ammo, Shomurod baxshining tug‘ma shoir ekanini unutmaylik. Har qanday mohir ijodkor hayotning quvonchu tashvishlarini kuylar ekan, ijod qiladi va turfa obrazlar yaratadi.

Mening nazdimda, Biyigul – baxshining onasi timsoli bo‘lsa, Mekkam chol – millionlab insonlarning retibasini sindirgan Stalinning  aynan o‘zidir. Buni Shomurod baxshining bolalar shoiri O‘ta Berdiyor bilan hazil gurungi ham baralla tasdiqlab turibdi:

“...Manovi O‘ta buva Stalinni qo‘msab jilaydi. Ha, bevaqning bolasi. Qora uyidan bir umr chiqmay jashagan nimani biladi. Anovi radioning jolg‘oniga ishonadi. Jalang‘ochlab muzday suvga botirib qo‘ysa, qunduzning bolasiday o‘rmalab qocharmidi. Stalin otam deydi-ya, otasiz qogur!..”

 

“Retiba” rizq-ro‘z, nasiba

 

Navoiy asarlarida “rotiba” so‘zi – kundalik norma, ta’minot, maosh, ish haqi, nafaqa kabi ma’nolarda ham qo‘llanganini kuzatish mumkin. Shu ma’noda, Shomurod baxshi jujuqligidayoq Vatandan olisda va eldan tashqarida hech bir ta’minotsiz – rizqu nasibasiz, demakki retibasiz qolgan.

Balki: “Retibamni sindirding” deganida kindik qoni tomgan yurtida nasibasi qirqilganidan shikoyat qilgandir shoir? Har holda, mana bu achchiq xotiralar zamirida “retiba”ning Alisher Navoiy ham, Shomurod baxshi ham birdek ko‘zda tutgan rizq-ro‘z bilan bog‘liq ma’nosi o‘z mujassamini topgan:

“...Otam urushda. Ibrohim akamdan qoraxat kelgan qora kunlari Bolalar uyida jashaydim. Bir kunga bir burda non beradi-ya! Ochlikdan tosh chaynashdanam tap tortmaymiz. Ko‘z sopolday qotgan, qorin qavishgan, teri ustuxonga javishgan, tirik jon shayton bilan tavishgan badbaxt kunlarning birida cho‘chqaboqar Leonidning to‘ng‘izxonasiga o‘g‘irliqqa tushdim. Pishakday to‘ng‘iz bolasini jirtiq fufaykamni etagiga o‘rab, devor oshuvdimki, cho‘chqaboqar payqab qoldi. Qochaman-a, qochaman. Och odam jugura olmaykan, irg‘alanib, ayag‘i jerga botib qolaykan. To‘ng‘izfe’l Leonid va uning ikki uli meni ushlab olishdi. Rosa do‘pposlashdi. Odam tayoqdan o‘lmaykan. Ko‘karmagan, qoraymagan joyim qomadi. Enajo-on! — deb zor qaqshab jiladim. Og‘zimdan kakraday achchiq so‘lak oqdi, ko‘z o‘ngim qorong‘ilashdi. Enam bo‘lganda Leonidning to‘ng‘izxonasiga o‘t qo‘yaydi. Odamlar ochlikdan o‘laman deb jotibdi, cho‘chqaboqarning ikki beti kuvachaday, chertsang qon sizadi. To‘ng‘iz bolasini qo‘rqqanimdan bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yibman. O‘lik cho‘chqachaniyam mendan qizg‘anib, itining oldiga otib jubordi. Qornim po‘st tashlab shunday sanchqi berardiki, tirnog‘imam qizib ketgandi. Shunday, ukajon! U kunlarning betini tes­kari qisin”.

 

“Retiba” nufuz, or-nomus

 

Rutba – biror ish-faoliyat sohasidagi alohida xizmatni yoki mutaxassislik darajasini rasman e’tirof etadigan, vakolatli organlar tomonidan belgilanadigan va beriladigan nom. Masalan, Shomurod shoir Tog‘ay o‘g‘liga 2000-yilda berilgan “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni – rutbadir.

Meros bo‘lib keladigan yoki ish-vazifa darajasini ko‘rsatuvchi, shuningdek, in’om qilingan hurmatli, faxriy nomga ham rutba deyiladi.  Shomurod baxshiga otasi Tog‘ay shoirdan baxshilik rutbasi meros o‘tgan. Xossatan, 90 yoshdan oshgan Tog‘ay shoir, o‘g‘li Shomurod bilan vidolashar ekan, "O‘g‘lim, mening ishimni davom ettir, do‘mbiram senga yodgorlik bo‘lib qolsin", deb vasiyat qilgan.

Lug‘atlarga ko‘ra, shuningdek, rutba:

  • ish-harakat, xususiyat yoki holatning me’yori, chegarasi;

  • tadrijiy yoki nisbiy taraqqiyot, rivojlanish pog‘onasi;

  • saviya, yuksaklik o‘lchami, yuksalish mezoni;

  • mansab pog‘onasi, martaba;

  • ilm-fan sohasidagi ishlari uchun ma’lum qoidalar va talablar asosida beriladigan ilmiy unvon;

  • insonning o‘z ixtisosi bo‘yicha erishgan malaka darajasi;

  • jamiyatda, hayotda, kishilar o‘rtasida tutgan o‘rin, e’tibor;

  • insonning o‘zini ko‘rsatish uchun qiladigan yoki o‘ziga ma’qul ishi, harakati;

  • jamoatchilik orasidagi hurmat, nufuz;

  • insonning muhim ijobiy belgisi, sifati, xususiyati, fazilati;

  • obro‘, sharaf, shavkat;

  • katta xizmat, talant, odamiylik kabilar evaziga qozoniladigan mashhurlik holati, dovruq, dong;

  • iftixor, faxr, shuhrat;

  • afzallik, ulug‘lik;

  • faxrlanishga arziydigan yuksak qoniqish hissi, baxt;

  • o‘ziga nomunosib yoki ep ko‘rilmagan ishdan, narsadan xijolat tortish, uyalish tuyg‘usi, ya’ni uyat, nomus;

  • o‘z xatti-harakati, yurish-turishi uchun odamlar, jamoatchilik oldidagi mas’uliyat hissi, insoniylikning asosiy belgilaridan biri;

  • o‘zganing hurmat-e’tibor tuyg‘usi, shunday tuyg‘uli munosabat;

  • daraja, mavqe;

  • taqdir, qismat;

  • izzat-ikrom – yuqori darajadagi hurmat-ehtirom;

  • obro‘, nufuz.

  • nojo‘ya xatti-harakatdan o‘zini tiya olish, uyalish hissi;

  • hayo, nomus;

  • andisha, sharm, or;

  • salobat, viqor, savlat;

  • dabdaba, tantana, hashamat;

  • izzati nafs,  ya’ni hurmattalablik, nafsoniyat;

  • adolat, beg‘arazlik, to‘g‘rilik;

  • nomiga gard yuqmagan, halol, sof, pok;

  • muqaddas, daxlsiz;

  • izzat, ehtirom, siylov;

  • oriyat, diyonat, vijdon va hokazolar.

Alqissa, baxshi bobom bilan gurunglashib, shu bahona “retiba” so‘zining asl ma’nosini o‘zlaridan so‘rab bilish niyatida yurgandim. Nasib etmagan ekan, ulgurmadim. Shomurod baxshi 2020-yili 88 yoshida bandalikni bajo keltirdi.

Hayot bo‘lganlarida 2024-yil 3-mart kuni roppa-rosa 92 yoshni qarshi olar edi-ya.

Baxshi shoirimizning oxiratlari obod bo‘lsin.

Alp ovozi, betakror san’ati asrlar osha yashayversin, ilohim.

 

G‘ulom MIRZO

"Guliston" jurnali 2024 - yil 2 - son 

Powered by GSpeech