Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Parlament tadqiqotlari instituti hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda quyi palata deputatlari, Senat a’zolari, siyosiy partiya fraksiyalari rahbarlari, Konstitutsiyaviy sud sudyalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov kirish so‘zi bilan ochib, o‘tgan yili 30-aprelda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilganini, Prezidentimiz konstitutsiyaviy islohotlarning ham tashabbuskori, ham ilhomlantiruvchisi bo‘lganini alohida qayd etdi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan O‘zbekistonda yangi ijtimoiy-siyosiy muhit shakllandi, davlat o‘ziga ulkan ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlarni oldi, mamlakat o‘zini ijtimoiy davlat sifatida e’lon qildi. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari tatbiq etildi. Davlat hokimiyatini tashkil etishning samarali yangi modeli joriy qilindi.
Konstitutsiyamizda muayyan me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligidan yoki qabul qilinmaganligidan qat’iy nazar, Bosh qomusimiz qoidalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash orqali demokratiya, inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlash mexanizmlari mustahkamlandi.
Inson huquqlari va erkinliklariga oid aniq normalar soni uch barobardan ziyod ko‘paydi. Fuqarolarning shaxsiy huquqlari keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan normalar bilan yanada mustahkamlandi.
Fuqarolar qonun loyihasini to‘g‘ridan to‘g‘ri parlamentga kiritish huquqiga ega bo‘ldi. Ushbu yangi tashabbus fuqarolarning o‘z hayotiga, umuman, jamiyatga va davlatga ta’sir etuvchi qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini oshirishga qaratilgani Spiker tomonidan alohida qayd etildi.
Konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov so‘zga chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda uning mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi, butun mamlakat hududida yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qo‘yilganini alohida ta’kidladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilingan ilk kunlardanoq, uni hayotga izchil tatbiq etishga jiddiy kirishilganiga urg‘u berilib, bu bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.
Ma’lum qilinganidek, Prezidentimizning tegishli Farmoni asosida Asosiy qonunimizni amalga oshirish bo‘yicha Davlat komissiyasi tashkil etildi, 5 ta ekspertlik kengashlari tuzildi. Oliy Majlis palatalari tomonidan 38 banddan iborat Konstitutsiya mohiyatini tushuntirish bo‘yicha kompleks dastur qabul qilindi. Asosiy qonunimiz 377 ming nusxada (o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida) chop etilib, 99 ta vazirlik va idoralar, ularning tizim va hududiy tashkilotlariga tarqatildi. “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” yagona milliy portali “konstitutsiya.gov.uz” va uning mobil ilovasi ishga tushirildi.
Parlament, sud va ijro hokimiyati, joylarda hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari yangicha konstitutsiyaviy sharoitda ish boshladi. Umuman, barcha davlat organlari Bosh qomusimizning har bir qoidasini to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishiga mas’ulligi bosh mezon etib belgilandi.
Oliy Majlis tomonidan 100 ga yaqin qonunlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlandi. Sudlar tomonidan konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri va bir xilda qo‘llash bo‘yicha Oliy sud Plenumi qarori qabul qilindi. Birgina, o‘tgan bir yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan Konstitutsiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab, chiqarilgan sud qarorlari 749 tani tashkil etgan.
Konferensiyada qayd etilganidek, o‘tgan davrda milliy qonunchilik bazasini tashkil etuvchi 30 mingdan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Huquqiy ta’sir choralarini mutanosiblik prinsipiga moslashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi ko‘zda tutildi.
O‘zbekistonning demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni rivojlantirish konsepsiyalari loyihalari tayyorlandi. Prinsipial ahamiyatga ega 50 ga yaqin muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Parlamentning demokratik qiyofasi tubdan o‘zgardi. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari kengaydi. Parlament nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslari, qonunchilik takliflarini ilgari surish tartibi, qonunlarni qabul qilish jarayoni takomillashdi. Siyosiy partiya fraksiyalari rahbarlarining maqomi oshdi. Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlar deputatlari korpusini shakllantirishning yangi tartibi ishlab chiqildi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, deputatlar, senatorlar, olimlar va boshqalar so‘zga chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.
Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani izchil amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Uning mazmuni har bir davlat xizmatchisining kundalik faoliyatida, insonlar hayotida aniq aks etishi zarurligi qayd etildi. Mazkur jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirishga kelishib olindi.
Muhokamalarda ishtirokchilar tomonidan aniq taklif hamda tavsiyalar bildirildi.
So‘z — konferensiya ishtirokchilariga
Inomjon QUDRATOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
— Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun, birinchi galda, sudlar mustaqilligini ta’minlash va shu maqsadda sudyalarning xalq deputatlari Kengashlariga axborot berish amaliyotini bekor qilish taklifi ilgari surilib, uning qabul qilinishiga erishilgani e’tiborga molik.
Barchamizga ma’lumki, sudyalarimiz xalq deputatlari Kengashlarida muntazam ravishda o‘z faoliyatiga oid bergan axborotlari davomida sud qarorlari, ayrim paytlarda esa hali yurituvda bo‘lgan va nihoyasiga yetmagan ishlar bo‘yicha savol-javob qilishga majbur bo‘lishardi. Bu, bugun biz mustaqil, deb atayotgan sudlarning faoliyatiga aralashishga olib kelishi mumkin edi.
Shu bois, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 130-moddasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritishi, 136-moddasida esa sudyalar hisobdor bo‘lmasligi qatiy etib belgilanib, ularning faoliyatiga aralashish omillari bartaraf etildi.
Shu bilan birga, hali sud-huquq sohasida qiladigan ishlarimiz juda ko‘pligini alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, sudyalarning ixtisoslashuvini yanada kengaytirish hali hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu boradagi islohotlarni amalga oshirishda Asosiy qonunimiz muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Akrom TOSHPO‘LATOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti direktori:
— Parlamentning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlardagi ishtiroki, hech shubhasiz, uning faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashga bevosita bog‘liqdir. Bu esa, Qonunchilik palatasi va deputatlar faoliyatini axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashni mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etishni taqozo etadi.
Shu bois, o‘tgan yili Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti negizida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti tashkil etildi. O‘tgan qisqa fursatda taqdim etilgan qonun loyihalari yuzasidan ilmiy xulosa, axborot-tahliliy va boshqa materiallarning soni 150 tadan oshdi. Xususan, institut tomonidan Qonun ijodkorligi faoliyati dasturi loyihasi ishlab chiqildi va parlament palatalari tomonidan shu yilning fevral oyida tasdiqlandi. Mazkur hujjatda sohaning nafaqat tashkiliy jihatlari, balki qonunlarning mazmuniga qo‘yilgan talablar aniq belgilandi. Ayni paytda shu asosda o‘z vazifalarimizni samarali amalga oshirmoqdamiz.
Akmal RAHMONOV, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi:
— Mamlakatimiz taraqqiyoti, ertangi kuni qanday bo‘lishi, aholi farovonligi, yashash darajasi oshishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ruhiga qanchalik tayanishimiz, uni ijtimoiy-huquqiy imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishimizga, normalarini chuqur o‘rganishimiz negizida uning talab va prinsiplarini bevosita qo‘llash hamda rioya qilishimizga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
Qonunchilik palatasida tashkil etilgan anjumanda bu haqda o‘z fikr-mulohazalarimizni bildirib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni belgilab oldik. Jumladan, Konstitutsiyaning ustunligini ta’minlash mexanizmlarini izlash va tadqiq qilish, amaldagi qonunchilikka Konstitutsiya norma va prinsiplarini yanada to‘liq singdirib borish, barcha fuqarolarda Konstitutsiyaga hurmat, uning qoidalariga og‘ishmay rioya qilish madaniyatini shakllantirish masalalariga e’tibor qaratish Asosiy qonunimizni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bekzod NARIMANOV, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari:
— Quvonarlisi, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda Ombudsmanning konstitutsiyaviy huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Xususan, 56-moddada inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar maqomi va kafolatlari belgilangan bo‘lsa, 98-moddada Ombudsman instituti qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishga xaqli ekanligi mustahkamlandi.
Asosiy qonunimizni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni izchil ro‘yobga chiqarish va jamiyatimizning har bir a’zosi Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquq va erkinliklarni o‘zida yaqqol his etib turishi uchun Ombudsman instituti parlament instituti sifatida barcha kuch, salohiyat va sa’y-harakatlarni safarbar etadi.
- Qo'shildi: 01.05.2024
- Ko'rishlar: 1617
- Chop etish