Qiynoqqa qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba

BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi qabul qilinganiga 40-yil bo‘ldi. Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligining 2-sonli Toshkent akademik litseyida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda prokuratura, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan xodimlar ishtirok etdi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev tadbir ishtirokchilarini onlayn qutlab, sohada amalga oshirilayotgan ishlar, huquq-tartibot tizimi xodimlarining inson huquqlarini ta’minlashdagi mas’uliyati haqida to‘xtaldi. 

BMTning teng huquqli a’zosi bo‘lgan O‘zbekiston qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab kelishi qayd etildi. 

Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday asosda yo‘l qo‘yilmaydi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilgan tadbir BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalariga tayanilgan holda tashkil etilgan. Unda mamlakatimizda fuqarolar huquqlari va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi. 

Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida izchil va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi. 

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 26-iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida 26-iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni yurtimizda milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida nishonlanadi. 

Ikki kunlik seminarda 60 nafar tinglovchining nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. 

Aytib o‘tish kerakki, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etilmoqda. Jumladan, 2023-yili 10 viloyatda o‘tkazilgan o‘quv kurslari natijasida ichki ishlar va prokuratura tizimida faoliyat yurituvchi 590 nafar xodimning bilim va tajribasi oshirildi. 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech