Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi zamirida “Inson qadri uchun” shiori negizida kishilarni ezgulikka undash falsafasi o‘z mujassamini topgan. Xotira deganda, avvalo, biz bu foniy dunyodan o‘tgan ajdodlarimizni eslash, ularning chirog‘ini yoqib, ezgu ishlarini davom ettirishni tushunamiz. Qadrlash – asrlar davomida ona diyorimizni, xalqimizning ozodlik va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi vatandoshlarimizga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish, deganidir.

3-may kuni Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 28-maktabda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda shu haqda so‘z bordi. Jonli muloqot Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy  markazi tomonidan “Kitobsevar millat” shiori ostidagi turkum huquqiy-ma’rifiy tadbirlar doirasida tashkil etildi.

Milliy markaz direktorining matbuot kotibi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘.Mirzayev ta’kidlaganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 26-moddasida “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir” degan insonparvar norma mustahkamlangani bejiz emas. Chunki inson sha’ni – bu insonning boshqa odamlar oldida o‘z ahamiyatini anglashi, ya’ni insonning ma’naviy obro‘si. Inson qadr-qimmati esa shaxsning o‘zini o‘zi hurmat qilishi, jamiyat a’zosi sifatida o‘z mavqei va ahamiyatini anglashi, demakdir.

Ishtirokchilar e’tirof etganlaridek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifi va tashabbusi bilan poytaxtimiz markazida bunyod etilgan G‘alaba bog‘i urush janggohlarida jasorat ko‘rsatgan va front ortida matonat bilan mehnat qilgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish borasida ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi. Bog‘ hududidagi barcha yodgorlik majmualari o‘ziga xosligi, hayotiyligi va badiiy yorqinligi bilan ajralib turadi.

Xususan, Matonat monumenti davlatimiz rahbari tashabbusi asosida yaratilgan “Ilhaq” filmi bilan uyg‘unlikda o‘zbek millatiga, qadri va qaddi bukilmas ayol zotiga qo‘yilgan buyuk haykaldir.   G‘ulom Mirzo ushbu muazzam yodgorlik ziyoratida bitgan she’rini tadbirda ishtirok etayotgan maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari, shuningdek, Udamali qishlog‘i faollariga o‘qib berdi.

Xotira tadbirida “Udamali” qishloq fuqarolar yig‘ini faollari, faxriy pedagoglar Berdimurod ota Hayitqulov va Abdirahmon ota Musurmonov, 28-maktab direktori Shukurullo Shoyzoqov va boshqalar so‘zga chiqib, urush yillarida Udamali qishlog‘idan ham 22 nafar zabardast yigit janggohlarda jasorat ko‘rsatganligini, ularning xotirasi qishloq ahli hamda maktab jamoasi tomonidan doimo yod etilishini qayd etdilar. Zero, inson qadri – aziz, xotirasi muqaddas va barhayotdir.

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech