9-may – Xotira va qadrlash kuni
Yaqin asrlarda insoniyat tarixida chuqur fojeali iz qoldirgan hodisalar, shubhasiz, Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari hisoblanadi. Xususan, O‘zbekiston uchun Ikkinchi jahon urushi xalqimizning yo‘qotishlari ko‘p bo‘lganligi bilan ajralib turadi.
O‘sha urushda 62 ta davlat ishtirok etgan bo‘lib, u sayyoramiz aholisining 80 foizini qamrab olgan. Jangovar harakatlar 40 davlat, uch qit’a va to‘rt okean hududida olib borilgan. Jangovar harakatlarda 110 million askar ishtirok etgan. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 70 million, boshqa ba’zi ma’lumotlarga asosan esa 85 million nafar atrofida inson halok bo‘lgan.
Shuncha ko‘p odamlar qurbon bo‘lgan bu urushda bevosita insonlarning haq-huquqlari, xususan, yashash huquqi to‘la poymol etildi. Bu huquqi toptalgan insonlarning katta qismini ayollar, bolalar va keksalar tashkil etgan.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 9-may kuni poytaxtimiz hududida o‘zbek xalqining buyuk G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi, ko‘rsatgan jasoratining ramziy ifodasi sifatida ulkan bog‘ barpo etish g‘oyasini ilgari surdi. G‘alaba bog‘i konsepsiyasi davlat rahbarining 2019-yil 23-oktyabrda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75-yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tasdiqlandi.
G‘alaba bog‘ini barpo etish bilan bog‘liq qurilish ishlari davom etayotgan bir pallada Prezidentimizning ko‘rsatmasiga binoan urush bilan bog‘liq ma’lumotlar va raqamlarni oydinlashtirish maqsadida davlat arxividagi ilgari yopiq bo‘lgan ma’lumotlar batafsil va xolisona o‘rganib chiqildi. Natijada shu vaqtgacha biz bilgan ancha-muncha raqamlar jiddiy tafovutlar mavjudligi aniqlandi.
Akademik Akmal Saidovning “G‘alaba bog‘i falsafasi” nomli kitobidagi quyidagi jadvalda urush bilan bog‘liq ayrim raqamlarning avvalgi va yangi aniqlangan holati hamda ular orasidagi farqlar qiyosiy tahlil asosida taqdim etilgan[1]:
t/r |
Ma’lumotlar va faktlar |
2019-yil 9-maygacha bo‘lgan raqamlar |
2020-yil 9-maygacha aniqlangan raqamlar |
O‘rtadagi farq |
1. |
O‘zbekistondan urushda ishtirok etganlar |
1 433 230 nafar |
1 950 700 nafar |
517 430 nafar ko`p |
2. |
Urushdan qaytganlar |
658 780 nafar |
1 054 298 nafar |
395 518 nafar ko`p |
3. |
Yaralangan o‘zbekistonliklar |
640 000 nafar |
870 942 nafar |
230 942 nafar ko`p |
4. |
Halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar |
395 725 nafar |
538 366 nafar |
142 641 nafar ko`p |
5. |
Bedarak yo‘qolganlar |
263 055 nafar |
158 036 nafar |
105 019 nafar ko`p |
6. |
O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan odamlar soni |
1 000 000 nafar |
1 500 000 nafar |
500 000 nafar ko`p |
7. |
O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan bolalar soni |
200 000 nafar |
250 000 nafar |
50 000 nafar ko`p |
Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan. Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, 1 million 951 mingga yaqin kishi urushda ishtirok etgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, o‘sha davrda O‘zbekiston aholisining deyarli uchdan bir qismi urushda qatnashgan. Ammo, 2020-yil 9-maygacha esa biz ularning sonini 1 million 500 mingga yaqin deb bilardik.
O‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushida fashistlar ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaga qo‘shgan hissasi g‘oyat beqiyos. Urush boshlangandan keyin har kuni ko‘ngilli insonlardan frontga jo‘natishni so‘rab ko‘plab arizalar kelib tushgan. Dastlabki kunlarning o‘zidayoq ularning soni 14 mingdan ortiqni tashkil etgan.
Urush yillari O‘zbekistonda 300 ga yaqin korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Bundan tashqari, front hududlaridan O‘zbekistonga 151 ta zavod ko‘chirib keltirilgan. Sanoat-ishlab chiqarish sohalari to‘liq urush maqsadlariga muvofiqlashtirilgan.
Urush yillarida O‘zbekiston sanoati tomonidan frontga yetkazib berilgan harbiy mahsulotlar miqdori ham hayratlanarli:
- Samolyot – 2 403 ta (ilgari 2 100 ta)
- Aviamotor – 19 800 ta (ilgari 17 342 ta)
- Minomyot – 18 641 ta (ilgari 17 100 ta)
- Mina – 22 800 000 ta (ilgari 22 000 000 ta)
- Snaryad – 606 200 ta (ilgari 560 000 ta)
- Aviabomba – 718 798 ta (ilgari 2 000 000 dan ortiq)
- Parashyut – 420 000 ta (ilgari 330 000 ta)
- Harbiy-sanitariya poyezdi – 100 ta (ilgari 18 ta)
- Harbiy kimyoviy apparatura – 60187 ta (ilgari 60 000 ta)
- Kabellar – 220 000 km (ilgari 100 000 km) [2].
Bu ma’lumotlarda ham frontga yetkazib berilgan harbiy texnika miqdorining deyarli har bir turida sonlarning ko‘payganligini ko‘rish mumkin.
Front uchun issiq kiyimlar to‘plab topshirish va ularni tayyorlash jarayonlari haqidagi tarixiy hujjatlar urush yillari O‘zbekiston armiyaga, jumladan, 7518,8 mingdan ortiq gimnastyorka, 2636,7 mingdan ziyod paxtali nimcha, 2861,5 ming juftdan ortiq etik va qo‘njli botinkalarni yuborganidan darak beradi.
Urush yillari O‘zbekiston front uchun barcha zarur mahsulotlarni jo‘natib turgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, frontga 18 million 276 ming tonnadan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari va 65 million 178 ming donadan ortiq kiyim-kechaklar yuborilgan[3].
Mahsulotlarning barchasi oddiy mehnat qurollari orqali ayollar va qariyalar tomonidan, biroq jangovar ruh va matonat bilan tayyorlangan. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “El-yurtimizning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib, vaqt o‘tgani sayin bu o‘lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda”[4].
Bundan tashqari, urush maydonlari va unga yaqin hududlardan majburiy tarzda ko‘chirib keltirilgan chechenlar, koreyslar, qirim tatarlari va mesxeti turklari kabi xalqlarning mehmondo‘st o‘zbek xalqi tomonidan bag‘rikenglik bilan kutib olingani tahsinga sazovor.
Urush yillarida O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan bolalar soni umumiy hisobda 250 ming nafarni tashkil etadi. Yuzlab o‘zbek oilalari urush tufayli ota-onasidan erta ajralib qolgan bu bolalarga bag‘rini ochdi. Bu o‘rinda turli millatga mansub 14 nafar bolani o‘z bag‘riga olgan toshkentlik temirchi usta Shoahmad Shomahmudov va Bahri Akramova oilasi allaqachon bolajon xalqimiz timsoliga aylanib bo‘lganini e’tirof etish lozim.
O‘zaro mehr-muruvvat va bag‘rikenglik, ahillik va hurmat-e’tibor bashar ahlining hamjihatlik bilan tinch hayot kechirishida katta rol o‘ynaydigan insoniy fazilatlardir. Sabr-toqat va mulohazakorlik, kenglik va vazminlik bilan fikr yuritib, oqilona qarorlar qabul qilish hamda ezgu ishlarning boshini tutish har qanday xavfli nizolarning ham oldini oladi va talafotlarni imkon qadar kamaytiradi. Binobarin, urushlardan nohaq aziyat chekadigan qurbonlarning asosiy qismini oddiy aholi qatlamlari – begunoh insonlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar va bolalar tashkil etishi olis tarixdan yaxshi ma’lum.
Shuning uchun bu yil ham 9-may – Xotira va qadrlash kuni yurtimizda keng nishonlanmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari rag‘batlantirilmoqda. Ularning salomatligi hamisha e’tibor markazida turibdi.
Toshkent shahrida barpo etilgan G‘alaba bog‘i va joylardagi barcha xotira majmualari har doim, ayniqsa, bayram kunlarida yoshu keksalar bilan gavjum. Zero, bu mo‘tabar maskanlar, bir tomondan, xalqimizning 1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini, urushdagi yo‘qotishlari va tinchlik uchun kurashini ifodalasa, ikkinchi tomondan, fashizmga qarshi janglarda qatnashgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, yosh avlodni mardlik, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadi yo‘lida xizmat qiladi.
Og‘abek ABDURASULOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining birinchi toifali ish yurituvchisi
[1] A. X. Saidov “G‘alaba bog‘i falsafasi”. – Toshkent. “TASVIR” nashriyot uyi, 2021. 35-bet
[2] A. X. Saidov “G‘alaba bog‘i falsafasi”. – Toshkent. “TASVIR” nashriyot uyi, 2021. – 37-bet
[3] O‘sha manba. – 195-bet
[4] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75-yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori.
- Qo'shildi: 07.05.2024
- Ko'rishlar: 1425
- Chop etish