30-aprel – 3-may kunlari Toshkent viloyatida “Nelson Mandela qoidalari” xalqaro o‘quv dasturi bilan tanishish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmasi asosida qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini rag‘batlantirish” mavzusida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha to‘rt kunlik o‘quv kursi o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan YEXHT loyihalarini O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasida bo‘lib o‘tdi. Bunda Jazoni ijro etish departamenti tizimidagi jazoni ijro etish muassasalari vakillarini qiynoqlarning oldini olish va inson huquqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha xalqaro standartlar bilan tanishtirishga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari va ushbu qoidalarga kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati yuzasidan tinglovchilarga atroflicha tushuncha berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YEXHT DIIHBning Inson huquqlari bo‘limi boshlig‘i Andrea Xuber (onlayn), YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori Murod Turg‘unov hamda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti podpolkovnigi Burxonxo‘ja Akromov tadbirni ochib berdi.
YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi tomonidan treningga jalb qilingan inson huquqlari bo‘yicha ekspertlar Azamat Shambilov va Annet Varman tadbir ishtirokchilariga bu boradagi ilg‘or tajriba va ko‘nikmalar bo‘yicha foydali hamda qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi.
Ekspertlar jazoni ijro etish muassasalari xodimlari qay tartibda o‘qitilishi, bunda qanday tizimlar joriy etilgani, mahbuslar bilan o‘zaro munosabat masalalariga to‘xtaldi. Shvetsiya, Ispaniya kabi davlatlarning tajribasi misolida qamoqxonalarda yuzaga keladigan vaziyatlarga baho berish, xodimlar va mahbuslarning huquq hamda majburiyatlarini o‘rganish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
O‘quv kursi doirasida 8 ta modul bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarning ilk kuni birinchi modulda Nelson Mandela qoidalarini o‘rganish maqsadlari haqida so‘z bordi. Ikkinchi modulda mahbuslar holati va qamoqxona sharoitlari mavzularida fikr almashildi.
Ikkinchi kunda ekspertlar uchinchi va to‘rtinchi modul yuzasidan mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bunda qamoqxonalarni tashkillashtirish va boshqarish, shuningdek, mahbuslarning axborot olish, ariza va shikoyatlar berish, tashqi dunyo bilan aloqa qilish kafolatlari borasida ma’lumotlar berildi.
Ekspert Annet Varman mahbuslarni qabul qilish jarayonlari, tasniflash, xatarlarni va ehtiyojlarni baholash, mahkumlarni taqsimlash va toifalarga bo‘lish, ko‘chirish tartibi va ularning shaxsiy ishini yuritish kabi mavzular yuzasidan Shvetsiya tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Ekspert Azamat Shambilov mahbuslarga axborot taqdim etish, ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilish tartibi hamda mahbuslarning tashqi dunyo bilan aloqa qilishi borasida to‘xtaldi. U o‘z tajribasi negizida ayni mavzuda amaliy mashg‘ulot ham o‘tkazdi.
Uchinchi kun beshinchi va oltinchi modul bo‘yicha mashg‘ulotlarga bag‘ishlandi. Qamoqxonalarda noxush holatlarning oldini olish va ta’sir choralarini ko‘rish maqsadida tintuv o‘tkazish, kuch, qurol va tinchlantiruvchi vositalarni ishlatish, shuningdek, tergov borasida fikr-mulohazalar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Bu jarayonlar bog‘liq cheklovlar, intizom va jazo choralari qanday qo‘llanilishi haqida tushunchalar berildi.
Mashg‘ulotlarning so‘nggi kunida yettinchi va sakkizinchi modul doirasidagi mavzular ko‘rib chiqildi. Qamoqxonalarda tibbiy-sanitariya ta’minoti, ruhiy salomatlik muammolari, mahkumlarni reabilitatsiya qilish va ozodlikka tayyorlash kabi muammolar o‘rganildi.
To‘rt kunlik trening davomida tegishli huquqbuzarliklarni aniqlash, mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan himoya qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining bilimini oshirish va ko‘nikmalarini shakllantirish masalasi alohida diqqat markazida bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.05.2024
- Ko'rishlar: 1498
- Chop etish