Xotira va qadr, e’zoz va rag‘bat ayyomi

9-may – Xotira va qadrlash kuni

 

“Hayot qonuniyatiga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan ko‘p narsa unutiladi, esdan chiqadi. Lekin bu yorug‘ dunyoda ulug‘ bir haqiqat borki, u hech qachon o‘zgarmaydi, hech qachon eskirmaydi. Ya’ni, Vatan va xalq ozodligi, kelgusi avlodlarning baxtu saodati yo‘lida mardlik va jasorat ko‘rsatgan insonlar xotirasi hamisha barhayot yashaydi”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yilda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni davlatimiz rahbari bundan bir necha yil ilgari aytgan ana shu fikrlarining amaldagi yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Farmonga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 20 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilandi. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan ushbu pul mukofotlari bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarimizga tantanali vaziyatda va bayramona ruhda topshirilmoqda.

Ayni shu voqelik misolida davlatimiz siyosati, jamiyatimiz kayfiyati, xalqimiz tiynatiga xos insonparvarlik ruhi yana bir bor baralla namoyon bo‘ldi. Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, Istiqlol yillarida yurtimizda inson hayoti, erki va sha’ni, qadri va xotirasi, jasorati va matonatini e’zozlash borasida amalga oshirilgan xayrli ishlar xalqimiz tahsini hamda ehtiromiga sazovor bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim.

Bundan bir yil oldin, 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan referendumda xalqimizning yangi tahrirdagi Konstitutsiya uchun ovoz berishi bilan yakuniga yetgan konstitutsiyaviy islohotlar avvalida O‘zbekiston Prezidenti shunday deb ta’kidladi: “Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart”. Binobarin,  yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 26-moddasida “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir” degan insonparvar norma mustahkamlangani bejiz emas.

Inson sha’ni – insonning boshqa odamlar oldida o‘z ahamiyatini anglashi, ta’bir joiz bo‘lsa, insonning ma’naviy obro‘si. Inson qadr-qimmati esa shaxsning o‘zini o‘zi hurmat qilishi, jamiyat a’zosi sifatida o‘z mavqei va ahamiyatini anglashi, deganidir.

Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi zamirida ham “Inson qadri uchun” shiori negizida kishilarni ezgulikka undash falsafasi mujassam. Xotira deganda, avvalo, biz bu foniy dunyodan o‘tgan ajdodlarimizni eslash, ularning chirog‘ini yoqib, ezgu ishlarini davom ettirishni tushunamiz. Qadrlash degani – asrlar davomida ona diyorimizni, xalqimizning ozodlik va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi vatandoshlarimizga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish demakdir.

Haqiqatan ham, inson xotiralar bilan yashaydi. Kechagi kunning mashaqqatlarini eslab, og‘ir damlarni bugungi farahbaxsh hayot bilan muqoyasa qilsak, har birimiz ezgulik, yaxshilikni ulug‘lab yashashga ko‘proq intilishimiz tabiiy.

Tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik – eng ulug‘ ne’mat. O‘z navbatida, 9-may – Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanib kelayotgani – inson zotiga, uning muqaddas yodi, umri davomida bajargan ezgu amallariga bo‘lgan cheksiz ehtirom ramzidir. Ikkinchi jahon  urushida erishilgan g‘alabaning 75-yilligi munosabati bilan poytaxtimizning Olmazor tumanida barpo etilgan “G‘alaba  bog‘i”  yodgorlik majmuasi  bu haqiqatni bizga  yorqin eslatib turibdi.

Shu kunlarda keng jamoatchilik vakillari urush faxriylarining xonadonlariga borib, ahvolidan xabar olmoqda, ularga yuksak hurmat-e’tibor ko‘rsatmoqda. Yurtimizning barcha hududlarida bugungi tinch-osoyishta kunlar uchun qahramonlik ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, ularning oila a’zolarini qutlash, tabrik va sovg‘alar topshirishga bag‘ishlangan marosimlar tantanali vaziyatda o‘tkazilmoqda.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatadigan, ularni parvarish qilish bilan shug‘ullanadigan patronaj xizmati yo‘lga qo‘yildi. Faxriylarimiz o‘z xohish-istaklari asosida sanatoriylarda davolanmoqda.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda keksalarni e’zozlash, ularning hurmatini joyiga qo‘yish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu fikrimizni pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, keksa yoshdagi insonlarga har tomonlama g‘amxo‘rlik qilish, fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish, ushbu sohada mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar yaqqol tasdiqlaydi.

Ayni chog‘da yurtimiz hududlarida, turli tashkilot, muassasa va korxonalarda Ikkinchi jahon urushi, front orti mehnat faxriylari, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar ko‘rsatgan jasorat va mardligini yoshlar o‘rtasida tushuntirish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, faxriylar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Zero, bu mo‘tabar otaxonu onaxonlarimizning hayoti, fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba yo‘lida ko‘rsatgan jasorat va matonati bugungi avlod uchun ibrat maktabidir. 

Shu ulug‘ ayyom kunida hammamiz eng avvalo urush maydonlaridan qaytmagan ming-minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltiramiz. Ayni vaqtda jang maydonlarida mardlik va jasorat ko‘rsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilib, bugun oramizda sog‘-salomat yurgan muhtaram faxriylarimizga ta’zim qilamiz. Hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.

Xalqimiz front ortida fidokorona mehnat qilib, fashizm ustidan g‘alaba qozonishga ulkan hissa qo‘shdi. O‘zbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta’minlash uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barini ayamay sarfladi.

O‘zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgan. Demak, har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan. O‘zbekiston xalqi fashistlar bosqinini o‘z yurti va jonajon yeriga qilingan mudhish tajovuz deb tushungan.

Yurtimiz urush maydonlariga katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, yoqilg‘i, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat, g‘alla va don mahsulotlari, go‘sht yetkazib berishda oldingi saflarda bo‘ldi. O‘zbekistonga urush bo‘layotgan joylardan ko‘chirib keltirilgan yuzdan ortiq zavod va turli sanoat korxonalari nihoyatda qisqa muddatda ishga tushirilib, to‘la quvvat bilan mahsulot bera boshlagan. Bu korxonalarda ishlashga jalb etilgan keksalar, ayollar, o‘smir bolalar tunu kun mashaqqatli mehnat qilgani – haqiqiy fidoyilik, qahramonlik namunasidir.

O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan ham moddiy, ham ma’naviy yordamning miqyosi ulkan va ahamiyati beqiyosdir. Birgina misol: yurtimizga 1,5 million nafardan ortiq kishi evakuatsiya qilingan bo‘lib, shuning 300 ming nafarini bolalar tashkil etgan. Bu – faqat evakuatsiya manzillarida ro‘yxatga olinganlarning hisobi, xolos.

Bunday ro‘yxatlarga kirmay qolgan bo‘lsa ham, yurtimizdan boshpana topgan, xalqimizdan mehr-oqibat ko‘rgan insonlarning soni  behisobdir. Ularning barchasi uchun O‘zbekiston ikkinchi Vatanga aylangan.

Bunga Ikkinchi jahon urushi davrida turli millatga mansub 16 nafar qarovsiz va yetim bolani farzandlikka olib, ta’lim-tarbiya bergan toshkentlik Shomahmudovlar oilasining qahramonligi yaqqol misoldir. Bu haqiqatni o‘sha davrda kattaqo‘rg‘onlik Samadovlar oilasi ham xuddi shunday insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatgani, ya’ni urush tufayli boshpanasiz qolgan 13 nafar yetim bolani farzandlikka olgani ochiq-oydin tasdiqlaydi.

Ha, o‘sha dahshatli urushda qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz g‘alaba qozonishda ana shunday mardlik va matonat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik fazilatlarini ko‘rsatgan. Minglab ota-bobolarimiz bu yo‘lda o‘z jonini fido qilgan. Ularning qahramonligi qalblarimizga faxr tuyg‘usini bag‘ishlaydi.

Bugun o‘sha insonlarning fidoyiligi tufayli mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda, hayotimiz farovon. Jang maydonlarida jon bergan, urushdan qaytmagan vatandoshlarimizni eslash, bugun oramizda sog‘-salomat hayot kechirayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda keksalarimizni e’zozlash bizning muqaddas burchimizdir.

Xotira va Qadrlash tushunchalari tobora teran ahamiyat kasb etayotganining yana bir sababi shundaki, insonga mehr ko‘rsatish, uni ulug‘lash, qadrlash va e’zozlashga qaratilgan ushbu a’mollar bizni globallashayotgan va tez o‘zgarib borayotgan murakkab davrning turli tahdidlariga nisbatan sezgir va hushyor bo‘lishga, kechagi kun jarohatlaridan saboq chiqarishga undaydi. Bu borada, ayniqsa, buyuk kelajak egalari – navqiron avlod zimmasidagi mas’uliyat g‘oyat kattadir.

Yurtimizda tinchlik va osoyishtalik barobarida, inson xotirasi va qadri, jasorati hamda matonatining shunday yuksak darajada ulug‘lanayotgani farzandlarimiz uchun tengsiz saboq va munosib ibrat. Binobarin, inson, xalq, millat – tarixiy xotira bilan tirik, barhayot. Ayniqsa, o‘tganlarning xayrli ishlarini yodga olish, keksalarimizni qadrlash va e’zozlash biz uchun ham farz, ham qarzdir.

Eng muhimi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongu shuurida o‘tganlarni yod etish, tiriklarni qadrlashdek insoniy fazilatlar tobora mustahkam qaror topmoqda. Tarixdan saboq chiqarib, o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamay, milliy o‘zlikni anglagan holda, muzaffar ajdodlarning hech kimdan kam bo‘lmagan avlodi ekanimizni anglab yashayapmiz.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, hech shubhasiz,  yosh avlodni yuksak insonparvarlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtayi nazardan, bu yorug‘ va dorilamon kunlar yo‘lida qurbon bo‘lganlar ruhini shod etish, mo‘tabar keksalarimiz duosini olish, tinch hamda osoyishta zamonning qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini his etish bizga katta quvvat bag‘ishlaydi, ruhiyatimizni poklab, yangidan yangi bunyodkorlik ishlariga chorlaydi.

Xulosa qilib aytganda, yurtimizda qariyalarga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, ularni hamisha e’zozlash azaliy qadriyat sanaladi. Yoshi ulug‘ otaxon-u onaxonlarimizning bergan dono pand-nasihatlari, fayzli duolari bizni hamisha yaxshilikka undaydi. Keyingi yillarda bu ezgu qadriyat izchil rivojlanib, faxriylarimizni yoshlarga to‘g‘onoq emas – suyanchiq, raqib emas – ustoz, befarq emas – hamdard deb bilish milliy tafakkur tarzimizda yanada sayqal topdi.

Donishmand xalqimiz: “Inson – g‘animat”, deydi. Darhaqiqat, biz uchun ota-bobolarimiz, faxriylarimizning hayoti ham g‘animat. Qariyalar qadr topgan yurtda mehr-oqibat, qut-baraka, tinchlik-xotirjamlik doim barqaror bo‘ladi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech