O‘ZGARAYOTGAN BADIIY TAFAKKUR

Shoir G‘ulom Mirzo – 60 yoshda

 

Davr – tafakkurga, tafakkur – davrga o‘zgartiruvchi, isloh etuvchi ta’sir o‘tkazadi. Ijtimoiy muhit badiiy muhitga, badiiy muhit ijtimoiy muhitga, turmush tafakkurga, tafakkur turmushga, hayot adabiyotga, adabiyot hayotga ta’sir etadi. Bu ta’sir muntazamdir. Bu ta’sirning tabiati o‘zgaruvchi va o‘zgartiruvchidir. Bu ta’sir yo‘liga qanchalik mustahkam devor qo‘yilmasin, shu ta’sir shu devorni yiqitadi yoki deraza oynasidan biqiq xonaga yoxud qorong‘i xonadan yorug‘ tashqariga tushayotgan nurdek uni yoritib o‘taveradi.

Istibdod yillari she’riyatining eng tarang pardasi shu davrning oltmishinchi yillari va so‘nggi yillari she’riyatidir. Davr, muhit, ong o‘zgardi. Tez o‘zgardi. O‘zgarish jarayoni shiddat bilan davom etmoqda. Bu shiddat tezligi tafakkur o‘zgarishi tezligidan ancha ilgarilab ketdi. Undan-da ilgarida o‘zgarayotgan badiiy tafakkur o‘z tezligida bormoqda. Tafakkurning badiiyligi uning boshqa xususiyatlaridan oldinda bormoqda. Istibdod yillari she’riyati davrning o‘zgarishiga ong orqali ta’sir etdi. Mustaqillik yillari esa she’rning tabiatiga ijtimoiy muhit orqali ta’sir etmoqda. She’r o‘zgarmoqda. She’rning tabiati o‘zgarayotir. Bu o‘zgarish daraxtining ildizi, shubhasiz, juda chuqur. “Suv”ga yetgan. Badiiy tafakkur o‘zgarishining o‘sishi yangi she’r daraxtini o‘stirmoqda. Ammo bu o‘sish, nazarimda, uzluksiz emas. Balki uzilgan–uzilgan. Bu o‘sish bo‘g‘inlarini juda ingichka, lekin mustahkam rishta bog‘lab turibdi. Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Usmon Azimning keyingi yillardagi she’rlari, Abduvali Qutbiddinning she’rlari hamon yangi she’rlar bo‘lib turibdi. Abduvohid Hayit bu manzaraga o‘zgarish kiritishga harakat qilmoqda.

Yangi she’rning, o‘zgarayotgan she’rning, ayniqsa, bir xususiyati G‘ulom Mirzo ijodida juda tiniq aks etgan. Bu qanday xususiyat? Badiiy, ta’bir joiz bo‘lsa, she’riy tafakkurning faqat kechinmalarga, faqat tuyg‘ularga asoslanishi, ya’ni dunyoga o‘z ko‘nglidan, o‘z yuragi ichidan qarash. O‘z qalbini, ya’ni o‘z his-tuyg‘usini olam-jahondan-da kattaroq, og‘irroq, boyroq, rang-barangroq deb bilish. Umuman, she’riyat bu borliqni, muhitni shaxsiylashtiradi. Yangi she’r, jumladan, G‘ulom Mirzo shaxsiyni, “men”ni muhitning muhitiga, borliqning borlig‘iga evriltiradi. Yangi she’r yaratgan katta avlod  (Rauf Parfi va boshqalar) ijodida badiiyat estetikasi ijtimoiyot bilan munosabatga kirsa, bugungi yangi she’rda (Abduvohid Hayit, Iqbol, Rustam Musurmon, jumladan, G‘ulom Mirzo ijodida) badiiyat estetikasi o‘z-o‘zi bilan, o‘z manbai, ya’ni ijodkor shaxsning o‘zi, o‘zining o‘y, hislari bilan munosabatga kirishadi. G‘ulom Mirzo an’anaviy she’rdan ifoda etish sifatini, yangi she’rdan majoziylik (aslida, majoziylik mumtoz adabiyotimizga xos bo‘lgan, istibdod yillari she’rlarida xususiy tarzda mavjud bo‘lsa-da, umumiy tarzda yo‘qolgan edi) sifatini o‘zlashtirgan, u keyingi yillarning ijtimoiy muhitida yangi she’rning shakllanishiga o‘z ijodi bilan ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shayotgan qalamkashlar qatorida tashbeh, majoz, timsol, o‘xshatishlar vositasida o‘zini ifoda etadi. Masalan:

 

Tushlarimga kiprigingiz botib uyg‘otdimi, yor,

Tushlaringiz kiprigimdan tortib uyg‘otdimi, yor?

Oy bilan siz tushga kirgan bir ajib tundan keyin

Tong quyoshni olma yanglig‘ otib uyg‘otdimi, yor?

 

Yoki:

 

                   Ey, qoshida mo‘ychinak o‘tlagan...

 

Mo‘ychinak o‘tlamaydi, albatta. Lekin uning harakat manzarasi tasavvur etilsa, u chindan ham “o‘tlayotgan”ga o‘xshaydi.

Yoki:

 

         G‘animlarning kaftida gulday,

         G‘ijim bo‘lib qolur pichoqlar –

         Sen mayin jilmaysang.

 

Oshiqlik, maftunkorlik nimalarga qodir emas! U – bir jilmayishda pichoqlarni gulday g‘ijimlab tashlaydigan sehrli qudrat ko‘radi.

Yana:

 

         Kaktus soqolini olmabdi hali...

 

Yoki:

 

         Zinapoya garmon bo‘lib kuylaydi seni...

 

Bular singari original tashbehlar G‘ulom Mirzo ijodiga xosdir. Uning she’rlariga xos yana bir fazilat – ravonlik, ohangdorlik, musiqiylik. So‘zlarni to‘g‘ri – zargarona aniqlik bilan ishlatish. G‘ulom Mirzo she’rlarida sun’iylik, to‘qib chiqarish, yasamalik yo‘q. Ayniqsa, so‘zlardan mohirona foydalanadi u. Quyidagi to‘rtlikda ifoda ravonligiga ahamiyat bering:

 

Qadahini sindirar lola,

Ko‘ylaklarin yirtar atirgul.

Qo‘llarida kemtik piyola,

Qizg‘aldoq suv uzatar nuqul.     

 

         Yana:

 

                   Bahor, bahor, ey buyuk Moniy,

                   Dovotingdan tomar kechmishlar...

 

         Yangi she’r faqat tuyg‘ular, kechinmalardan iborat bo‘lib qolmayaptimi? Qamrov-ko‘lami torayib, sayozlashib, ta’siri sustlashmayaptimi?

         Shunday savol paydo bo‘lishining o‘zi bu to‘g‘rida o‘ylab ko‘rishga asos bo‘la oladi. Ushbu savolga G‘ulom Mirzo ijodidan shunday javob topish mumkin:

 

                   Yur, oyda yashaymiz, malagim...

 

Yoki:

 

         Peshonamizda esa tuz ko‘p,

         Yashaganimiz sari ko‘proq.

 

Majoz, timsol, o‘xshatishlar she’rga go‘zallik baxsh etadi. Bu badiiy vositalar yangi she’r tarkibiga tobora singib bormoqda. Ba’zan shunday bo‘ladiki, majoz, tashbehlarga ortiqcha oshuftalik tashbehni she’rning umumiy ruhidan yiroqlashtirib qo‘yadi. Tashbeh, majozlarni ishlatish uchungina she’r yozilganga o‘xshaydi. G‘ulom Mirzo ijodida bunday emas. Uning she’rlarida majoz, timsollar she’rningg umumiy ruhini boyitadi. Masalan:

 

         Arqon sudrab o‘tar ilonlar yo‘ldan,

         Toshbaqa osmonni ko‘chirib halak.

         Ochilar ikkita oq atirgulday,

         Qo‘ng‘irot yo‘lida ikkita laylak.

 

Bu satrlarning har birida tashbehlar marjondek tizilib keladi, satrlardan satrlarga o‘sib, she’rning mundarijasini go‘zallashtiradi. Tuyg‘uning ta’sir kuchini oshiradi. She’r manzarasini boyitadi.

Ushbu xususiyatlar G‘ulom Mirzo she’riyatining xos fazilatlaridir.

 

 

Salim ASHUR

Manba: “Kitob dunyosi” gazetasining 2024-yil 8-may soni

Powered by GSpeech