Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va rivojlanish istiqbollari

13-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya  universitetida O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zolari uchun uch kunlik  o‘quv-seminar boshlandi. Tadbir O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning mohiyati va ahamiyati, siyosiy partiyalarning dasturiy hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, partiyalarning saylov kampaniyalaridagi roli kabi dolzarb hamda qamrovdor mavzularga bag‘ishlangan.

Dastlabki kun mashg‘ulotlarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi. Taniqli huquqshunos olim o‘quv dasturi asosida “Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va rivojlanish istiqbollari” mavzusida ma’ruza  qildi.

Akademik A.Saidov qayd etganidek, jamiyat tarixiy rivojlanishining turli bosqichlarida birdek xizmat qiladigan konstitutsiyaviy matnni abadiy yaratib qo‘yishning iloji yo‘q. Binobarin, XX asrning oxirgi o‘n yilligi va XXI asrning dastlabki yigirma yilligi dunyo huquqiy tarixiga jahon hamjamiyati a’zolarining konstitutsiyaviy tuzumida konstitutsiyaviy islohotlarning yangi sifat bosqichiga chiqishi, jahon konstitutsiyaviy dunyoqarashida sifat jihatidan chuqur o‘zgarishlar davri bo‘lib kirdi.

So‘nggi 30-yil ichida dunyoning 100 dan ortiq  mamlakatida konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazildi, 57 davlatda yangi Konstitutsiya qabul qilindi. Zamonaviy globallashuv sharoitida har bir davlat jadal tarzda konstitutsiyaviy rivojlanishning o‘z modelini, yo‘lini izlamoqda.

O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda katta tajribaga ega. Xususan, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida Konstitutsiyaning 21 moddasiga 32 ta o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi.

Bu o‘rinda, ayniqsa, 2021 yilgi O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonida barcha nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chog‘ida hayotiy talabdan kelib chiqqan va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lgan muhim taklif – konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish tashabbusi ilgari surilgani haqida so‘z yuritish maqsadga muvofiq. Ushbu tashabbus aynan saylovchilar – mamlakat aholisining turli qatlamlari vakillari tomonidan ko‘tarildi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz aholisining keng qatlami konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy tashabbuskori bo‘lib maydonga chiqqan bo‘lsa, Yurtboshimiz konstitutsiyaviy islohotlarning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisiga aylandi. Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 1-may kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi referendumi yakuniy natijalariga bag‘ishlangan majlisi va shu mavzudagi brifingda  qayd etilganidek, referendumda saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga 19 million 722 ming 809 nafar ovoz beruvchi fuqarolar kiritilgan. Referendumga qo‘yilgan masala, ya’ni  yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish bo‘yicha “ha” deb javob berganlar soni 15 million 34 ming 608 nafarni tashkil etgan.

Qonunni qabul qilish – ishning yarmi, uning ijrosini tashkil etish va ta’minlash qolgan yarmidir, deydilar. Bu naql Konstitutsiyaga ham taalluqli. Shu ma’noda, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi va O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 8-mayda qabul qilingan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida yangi tahrirdagi Konstitutsiyani hayotga so‘zsiz va to‘liq tatbiq etish ishlari boshlandi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz 2024-yil 2-fevralda “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmonga muvofiq, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari tasdiqlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirishga kirishildi.

Globallashuv, raqamlashtirish, iqlim o‘zgarishi davri va jadallik bilan o‘zgarib borayotgan hayotiy voqelik mamlakatni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni mustahkamlash bo‘yicha o‘ta muhim va dolzarb bo‘lgan yangi, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni qo‘ymoqda. Shu tariqa, O‘zbekistonning konstitutsiyaviy taraqqiyoti umumjahon konstitutsiyaviy islohotlari yo‘lidan ketmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech