15-may kuni Toshkent shahrida shu mavzuda davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, shuningdek, YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo‘limi hamda Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, davra suhbatining mavzusi nihoyatda muhim va dolzarb ekaniga e’tibor qaratdi. Binobarin, fuqarolarning ekologik huquqlarini qo‘llab-quvvatlashda ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning o‘rni masalasi hayotimizning har bir jabhasi, jumladan, barqaror rivojlanish va tabiat in’omlaridan tejamkorlik bilan foydalanish prinsiplarini rag‘batlantirishdan tortib, bu borada jamoatchilik xabardorligini oshirish hamda fuqarolik mas’uliyati madaniyatini oshirishgacha bo‘lgan mavzularni o‘zida qamraydi.
Keyingi o‘n yilliklarda barqaror taraqqiyot va ekologik ogohlik tushunchalari nihoyat ommaviy axborot vositalari diqqat markazidan munosib o‘rin egalladi. Qolaversa, matbuot va jurnalistlar tomonidan atrof muhit musaffoligiga inson omilining salbiy ta’siri izchil yoritila boshlangani tufayli keng jamoatchilikning bu sohaga e’tibori tobora kuchayib bormoqda.
Bugungi kunda global mediakanallar axborotlaridan butun dunyo miqyosida qariyb 1,5 milliard nafar inson tanishib bormoqda. Bu, o‘z navbatida, aksariyat zamondoshlarimiz eng muhim ma’lumotlardan aynan ommaviy axborot vositalari orqali xabardor bo‘layotganini anglatadi.
Atrof-muhitga taalluqli masalalar yuzasidan axborot olish, qaror qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki va odil sudlovdan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyada (Orxuss konvensiyasi, 1998-yil iyun) ekologik muammolar va ularning yechimlari haqida jamoatchilikni keng va muntazam xabardor qilib borish zarurligi belgilangan. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasida ham insonning qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqi kafolatlangan.
Davra suhbati davomida milliy va xalqaro ekspertlarning mavzu yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi. Tadbir qizg‘in bahs-munozaralar ruhida o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.05.2024
- Ko'rishlar: 1484
- Chop etish