Gender tenglik: davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlarning roli
(“Ayollar huquqlari” mavzusidagi debat-klubning ilk taassurotlari)
Hozirgi rivojlanayotgan davrda ijtimoiy adolatni amalga oshirish uchun ayol va erkaklarning jamiyat hayotida tengligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu ma’noda, 3-may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida inson huquqlarining dolzarb muammolari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan navbatdagi debat-klubda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining talabalari bilan qizg‘in munozaraga kirishgani bejiz emas.
Ayollar huquqlari mavzusiga bag‘ishlangan ushbu debatda yangi ma’lumotlar bilan tanishdik va tengdoshlarimiz bilan o‘zaro fikr almashdik. Debat jarayonida ayollar huquqlarining milliy qonunchiligimizda qay darajada himoya qilinganligi, ayollarning jamiyat va davlat boshqaruvida tutgan o‘rni va roli, yurtimizda oilaviy zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Debat-klub men va tengdoshlarimga bu boradagi o‘z fikrlarimizni erkin bayon etish, ayollar huquqlariga oid bilimlarimizni yanada kengaytirishga xizmat qildi, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan ayrim fikr-mulohazalarimni quyida keltirib o‘tishni joiz deb topdim.
Hozirgi kunda ayollar huquqlarini to‘la ta’minlash, ularni jamiyat va davlat boshqaruvi ishtirokiga keng jalb etish davlatimiz oldidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Bunda gender tenglik masalasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Gender tenglik o‘zi nima? Gender tenglik – xotin-qizlar bilan erkaklar hayoti va faoliyatidagi o‘zaro munosabatlarning barcha sohalarida, shu jumladan, savdo, iqtisodiyot, huquq, ta’lim, ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan siyosiy-huquqiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy tenglikdir. Shu jihatdan, gender tenglik adolatli ijtimoiy davlat qurishga bevosita ko‘maklashadigan tushuncha hisoblanadi.
Erkak va ayol o‘rtasida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bir nechta xalqaro hujjatda belgilangan. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948), Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (1979), Rio-de-Janeyro Deklaratsiyasi (1992), Pekin Konferensiyasi (1995) shular jumlasidandir.
Gender tenglik nafaqat xalqaro standartlar bo‘yicha, balki milliy qonunchilikda ham mustahkamlab qo‘yilgan. Avvalo, milliy qonunchiligimizning asosi bo‘lgan Konstitutsiyamiz bunga yaqqol misoldir. Ayniqsa, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamiz gender tenglikka oid normalar hisobiga yanada to‘ldirildi.
Ma’lumki, 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyamizning 46-moddasida: “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, degan norma qayd etilgan edi. O‘z navbatida 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizning 58-moddasida gender tenglikka oid normalar quyidagicha berilgan: “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi”.
E’tibor bering: ayni konstitutsiyaviy normalarda jamiyat va davlat boshqaruvida xotin-qizlarning ishtirokini ta’minlash masalasi davlat tomonidan ta’minlanishi alohida belgilangan. Bu o‘rinda xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha milliy qonunchilik hujjatlari, jumladan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘rida”gi qonun avval ham mavjud bo‘lganini eslatish lozim. Ammo, ushbu huquqlarning Konstitutsiya darajasida qat’iy, aniq va yanada keng asosda e’tirof etilishi jamiyatimiz va davlatimiz bu boradagi g‘oyatda ilg‘or qadami bo‘ldi.
Fikrimizcha, huquq va erkinliklari buzilgan, oilaviy zo‘ravonlikka yoki ish faoliyati bilan bog‘liq turli xil muammolarga duch kelgan xotin-qizlar o‘z muammolari haqida aynan ayol kadrlarga qiynalmay, oson murojaat qilib, o‘z fikrlarini erkin bayon qila oladi. Bu esa bevosita ushbu holatdagi ziddiyatlar va hozirgi kundagi ko‘plab huquqbuzarliklarning oldini olishga ijobiy ta’sir qiladi.
Binobarin, ayollarni jamiyat va davlat boshqaruviga jalb etish masalasi juda muhim. Chunki xotin-qizlar jamiyat hayotida va davlat ishlarida qanchalik faol bo‘lsa, o‘z huquq va erkinliklarini to‘g‘ri anglab yetsa, bugun taraqqiyotimizga to‘g‘onoq bo‘lib turgan ayrim ijtimoiy muammolarga shunchalik tezroq barham beriladi.
Gender tenglikni aholi ongiga singdirish bir muncha muddat talab qiladigan jarayon ekanidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shunday ekan, gender tenglikka faqat qonunlar nuqtayi nazaridan emas, aholi hayotining ajralmas bir bo‘lagi sifatida qarash lozim.
Jamiyatimizda ayollar va erkaklar tengligi madaniyatini shakllantirish keng qamrovli jarayon hisoblanadi. Bunda barcha fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib borishlari muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, jamiyatda ayollar va erkaklar tengligiga erishish uchun, avvalo, fuqarolarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yanada rivojlantirish zarur. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Ayollarning jamiyatdagi o‘rnini, O‘zbekiston erishayotgan yutuqlardagi beqiyos hissasini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ularning barchasi O‘zbekiston insoniy salohiyatining oltin fondini tashkil etadi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi”.
Shahlo QODIROVA,
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining
1-bosqich talabasi
- Qo'shildi: 17.05.2024
- Ko'rishlar: 1585
- Chop etish