BMT vakili jurnalistlarning ekologiyaga oid huquqni targ‘ib etishdagi rolini yuqori baholadi

O‘zbekistonda ekologik vaziyatni yaxshilashga e’tibor kuchaydi. Jumladan, fuqarolarning atrof-muhitni muhofaza qilish huquqini ta’minlash sohasidagi davlat majburiyatlari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.

Mamlakatimizda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar soni ko‘paytirilib, ekologik monitoring kuchaytirildi. 

Toshkent shahrida tashkil etilgan “Fuqarolarning ekologik huquqlarini targ‘ib etish va himoya qilishda ommaviy axborot vositalari (OAV) va jurnalistlarning o‘rni” mavzusidagi davra suhbatida shu haqda fikr almashildi. 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ekologiya huquqiga oid xalqaro shartnomalar va standartlarni amalga oshirish borasidagi tajribaga to‘xtaldi. 

Jurnalistlar ekologik muammolarni yoritishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, soha holatidan aholining xabardorligini oshirish, atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish jarayonlariga fuqarolarni keng jalb etish imkonini bermoqda. 

YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili va rahbari Sara Noshadi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, bu o‘zgarishlarning ekologiya sohasidagi ahamiyati va ko‘lamini e’tirof etdi. U YUNESKO vakolatxonasi “Ekologiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tayyorlashni faol qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi. 

Ushbu qonun loyihasini tayyorlashdan maqsad O‘zbekistonda ekologik muammolarni yanada samarali hal etish va fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish imkonini beradigan normativ-huquqiy bazani takomillashtirishdir. S.Noshadi, shuningdek, ekologik muammolarni yoritishda ishtirok etayotgan jurnalistlar xavfsizligi masalasiga alohida e’tibor qaratdi. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo‘limi inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Pavlo Byalik atrof-muhitga oid inson huquqlarini himoya qilishda jurnalistlarning o‘rni va ko‘magi muhimligini ta’kidlar ekan, ushbu soha muammolarini yoritishning murakkab va qaltis jihatlariga to‘xtaldi. 

Uning fikricha, jurnalistlarning bu boradagi faoliyati atrof-muhitning ifloslanishi haqida tezkor axborot tarqatishdan tortib, iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolib borayotgani va nosog‘lom ekologiyaning aholi salomatligiga ta’sirigacha bo‘lgan muammoli jarayonlarni keng yoritishni o‘z ichiga qamraydi. 

P.Byalik jurnalistlarning ekologiyaga oid huquq va qonunchilik mazmun-mohiyatini targ‘ib etishdagi rolini yuqori baholadi. 

N.Abduraimova, O‘zA

Kun.uz

Powered by GSpeech