So‘nggi davrda sayyoramiz miqyosidagi beqarorlik shu darajaga yetdiki, hatto bir-birini yaqin-yaqinlargacha do‘stu hamkor hisoblab kelgan davlatlar o‘rtasidagi ishonchga ham putur yetmoqda. Davlatimiz rahbari tashvish bilan qayd etganlaridek, ertaga dunyodagi bu notinchlik ko‘lami qayergacha kengayishini, afsuski, hech kim bilmaydi.
Ushbu ochiq va achchiq mulohazalardan barchamiz saboq chiqarishimiz, aniq xulosalarga kelishimiz lozim. Ya’ni, bugun yer yuzida sodir bo‘layotgan turli notinchliklar:
birinchidan, ana shu voqea-hodisalarga befarq va loqayd bo‘lmasdan, xalqaro maydonda ogoh, hushyor va sergak tarzda faoliyat olib borishimizni taqozo etadi;
ikkinchidan, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyoti, Vatanimiz tinchligi va obodligi, xalqimiz baxti va farovonligini ta’minlashga, bu yo‘lda jamiyatimizni birdamlik, hamjihatlik va bunyodkorlikka chorlaydi;
uchinchidan, har birimizni konstitutsiyaviy vatanparvar bo‘lishga undaydi.
Konstitutsiyaviy vatanparvarlik – tashabbuskorlikdir
Konstitutsiya – doimo harakatdagi muhim siyosiy-huquqiy hujjat. Ya’ni, u hayot jo‘shqinligi va o‘zgarishlarini o‘zida yaqqol aks etiradi. Hozirgi kunda konstitutsiyaviy vatanparvarlikni shakllantirish – ustuvor vazifa.
Shu ma’noda, bir tomondan, Harakatlar strategiyasi Yangi O‘zbekistonning konstitutsiyaviy qiyofasiga asos bo‘lib xizmat qilgan bo‘lsa, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish vazifasini kun tartibiga qo‘ydi.
Ayni chog‘da, 2021 yilgi O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonida barcha nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chog‘ida hayotiy talabdan kelib chiqqan va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lgan muhim taklif – konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.
Eng muhimi, ushbu tashabbus aynan saylovchilar, jumladan, o‘qituvchilar, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy-madaniy markazlar faollari – mamlakat aholisining turli qatlamlari vakillari tomonidan ko‘tarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar zarurligi alohida ta’kidlandi.
Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining 2022-yil 20-may kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga oid choralarni ko‘rish masalalari muhokama qilindi. Saylovchilarning xohish-istaklarini chuqur o‘rgangan holda, O‘zbekiston Prezidenti konstitutsiyaviy islohotlar zaruriyatiga alohida urg‘u berdi.
Shunday qilib, mamlakatimiz aholisining keng qatlami konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy tashabbuskori bo‘lib maydonga chiqqan bo‘lsa, Yurtboshimiz konstitutsiyaviy islohotlarning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisiga aylandi. Ya’ni, xalqimiz va Prezidentimiz konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusi bilan chiqib, chinakam konstitutsiyaviy vatanparvarlik namunasini ko‘rsatdi.
Konstitutsiyaviy vatanparvarlik – daxldorlikdir
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi.
Prezidentimiz konstitutsiyaviy islohotlarga bevosita daxldorligining yana bir tasdig‘i: Sh.M.Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobidagi alohida bir fasl aynan “Konstitutsiyaviy islohotlar – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi obyektiv zarurat”, deb nomlangan. Unda saylovoldi uchrashuvlari paytida xalq bilan muloqot jarayonida o‘rtaga tashlangan muhim taklif va tashabbuslar, bugungi taraqqiyotimiz va istiqbol rejalariga oid xulosalar o‘z aksini topgan.
Albatta, keng jamoatchiligimiz Xalq Prezidentining bu boradagi tashabbuskorligi va daxldorligiga munosib darajada faollik ko‘rsatdi. Chunki zamonga mos harakat va demokratik o‘zgarishlarni talab etayotgan bugungi shiddatli davr mezonlariga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘lish – milliy davlatchilik an’analarimizga, xalqimiz manfaatlariga munosib ishdir.
Boshqacha aytganda, konstitutsiyaviy islohotlarni natijadorlik bilan yakunlash borasida O‘zbekiston xalqi va Prezidenti o‘zlarining Vatanimiz taqdiriga birdek daxldorligini – ruhi bedorligi va qalbi uyg‘oqligini namoyon etdi. Bu ham konstitutsiyaviy vatanparvarlikning o‘ziga xos yorqin namunasidir.
Konstitutsiyaviy vatanparvarlik – mas’uliyatdir
Qonunni qabul qilish – ishning yarmi, uning ijrosini tashkil etish va ta’minlash qolgan yarmidir, deydilar. Bu naql Konstitutsiyaga ham taalluqlidir.
Konstitutsiyamizning avvalgi tahriri 1992-yil 8-dekabrda O‘zbekiston xalqi tomonidan “vakolatli vakillari timsolida”, ya’ni parlament a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatlari tomonidan qabul qilinganini bilamiz. Bundan farqli ravishda, 2023-yil 30-aprel kuni mamlakatimiz Asosiy qonunining yangi tahririni “yagona O‘zbekiston xalqi” bevosita umumxalq referendumida – to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda: birinchidan, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi; ikkinchidan, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi; uchinchidan, butun mamlakat hududida yagona huquqiy makonning asosini tashkili etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qo‘yildi.
Konstitutsiyaviy vatanparvarlik – Konstitutsiya va qonunlarga itoatkorlik
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning alohida bobi, ya’ni III bob – “Konstitutsiya va qonunning ustunligi”, deb nomlangan. O‘z navbatida, Asosiy qonunimizning 16-moddasida Konstitutsiya normalarini to‘g‘ri talqin etish va to‘liq bajarish hamda ularga qat’iy rioya etish zarurligiga oid muhim qoidalar qayd etilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, har qanday qonun avvalo uni bilish va hurmat qilish, unga so‘zsiz rioya etish orqali tom ma’noda qonuniylik kasb etadi. Konstitutsiyaning normalarini ham aynan ana shu ongli itoatkorlik harakatga keltiradi.
Bu, avvalambor, mansabdor shaxslarning ham, fuqarolarning ham Konstitutsiyani bilishlarini qat’iy talab etadi. Yuksak huquqiy madaniyatsiz Konstitutsiyaning boy salohiyatini to‘liq amalga oshirish mumkin emas. Ammo, Konstitutsiyani bilishning o‘zi bilan ham kifoyalanib bo‘lmaydi. Shu bois jamiyatda konstitutsiyaviy madaniyatni shakllantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Ulug‘ mutafakkir Abu Nasr Forobiy ta’kidlaganidek, bilim yaxshi xulq-atvor bilan bezatilgan bo‘lishi lozim. Demak, huquqiy bilim va konstitutsiyaviy xulq-atvorni o‘zaro mujassam etgan holda, Konstitutsiya normalari har bir shaxs va butun jamiyat hayotiga chuqur tatbiq etilishi darkor.
Binobarin, Konstitutsiya – alohida huquqiy maqomga ega oliy darajadagi hujjat, jamiyat va davlat o‘rtasidagi o‘ziga xos noyob jamoatchilik shartnomasidir. Chunki fuqarolar aynan shu Asosiy qonun negizida tegishli davlat organlariga hokimiyatni boshqarish vakolatini ishonib topshiradilar.
Konstitutsiya ajralmas ijtimoiy qadriyatlarni, ochiq, adolatli, demokratik jamiyat uchun tayanch bo‘lib xizmat qiladigan taqdirulamal g‘oyalarni, shuningdek, davlatni taraqqiy ettirishning ustuvor maqsadlarini o‘zida ifoda etadi. Konstitutsiyaviy madaniyatni rivojlantirish negizi bo‘lgan ana shu konstitutsiyaviy vositalar, ya’ni konstitutsiyaviy qoidalarni atroflicha o‘rganish hamda teran tafakkur qilish orqali inson o‘zligini qayta kashf etadi.
Bu o‘rinda INSONning Konstitutsiyada kafolatlangan o‘z huquqlari va erkinliklari, qonuniy manfaatlari va majburiyatlarining tom ma’nodagi egasi sifatida namoyon bo‘lishi haqida so‘z bormoqda. Zero, konstitutsiyaviy vatanparvarlik xuddi shu asosda shakllanadi va ayni huquqiy fazilat inson kamolotining yorqin ko‘rstkichlaridandir.
Konstitutsiyaviy e’tiqod – vatanparvarlik asosi
Konstitutsiyaviy vatanparvarlik tushunchasining tub mazmun-mohiyati shuki, bunda fuqarolar o‘z Vatani va xalqini, uning tarixi, madaniyati, azaliy qadriyatlari va huquqiy an’analarini faqat sevish hamda hurmat qilish bilangina cheklanib qolmaydi. Balki ular zimmasidagi konstitutsiyaviy majburiyatlarni halollik va ulkan mas’uliyat bilan ado etish orqali Konstitutsiyada qayd etilgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish ishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishga intiladi.
Konstitutsiyani hayotga tatbiq etish nafaqat davlat idoralari va mansabdor shaxslarning vazifasi, balki har bir fuqaro va nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy burchidir. Konstitutsiya talablarini bajarish, ularga so‘zsiz va qat’iy rioya qilish har bir insonning e’tiqodiga aylanmog‘i lozim.
Konstitutsiyaviy vatanparvarlik bilan huquqiy madaniyat targ‘iboti uzviy bog‘liqlikda, shuningdek, yoshlarning huquqiy ma’rifati, tarbiyasi va ta’limini kuchaytirish yo‘li bilan olib borilishi darkor. Bu jarayonda Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng aholiga atroflicha sharhlab va tushuntirib borish davr talabidir.
Konstitutsiyaviy vatanparvarlik – sadoqat va jasorat
Aksriyat hollarda ushbu ikki muhim tushuncha o‘ta tor doirada talqin qilinadi. Ya’ni, “sadoqat” so‘zi maishiy mazmunda (er-xotinning bir-biriga sodiqligi sifatida) qanchalik ko‘p qo‘llanilsa, “jasorat” so‘zining harbiylarga xos atama sifatida qabul qilinishi holatlari shunchalik ko‘p uchraydi.
Bu, o‘z navbatida, sadoqat – faqat er-xotin o‘rtasida bo‘lishi va jasorat esa harbiylar (boringki, qasamyod qabul qilgan va pogon taqqan barcha Vatan posbonlari hamda qonun himoyachilari) tomonidangina ko‘rsatilishi kifoya, degan tor tushunchani keltirib chiqaradi. Bunday yondashuv mutlaqo noto‘g‘ri, yanada yomoni, ziyonkordir.
Aslida, agar sadoqat (sodiq) so‘zining ma’nosi va tarixiga nazar solinsa, Alisher Navoiy hazratlari o‘z asarlarida uni rost gapiruvchi, to‘g‘ri aytuvchi, sadoqatli, vafodor kabi turli ma’nolarda qo‘llagani ko‘rinadi. Shuningdek, jasorat so‘zi – mardlik, qo‘rqmaslik, shijoat; qahramonlik, botirlik, dovyuraklik ma’nolarini beradi.
Muxtasar aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini hayotimizga teran tatbiq etish uchun har birimizdan, albatta bemisl sadoqat va jasorat ko‘rsatish talab etiladi. Ulug‘ alloma ajdodimiz Bahouddin Naqshband hazratlarining “Har doim qo‘ling – ishda, qalbing – Ollohda bo‘lsin!”, degan purhikmat nasihati zamirida ham, aslida, aynan sadoqat va jasoratga, bugungi davr tili bilan aytganda, konstitutsiyaviy vatanparvarlikka da’vat o‘z mujassamini topgan.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
«Kuch — adolatda» gazetasining 2024-yil 17-may kungi 25 (1007)-soni
- Qo'shildi: 17.05.2024
- Ko'rishlar: 1515
- Chop etish