Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Oliy Majlisning Xitoy Xalq Respublikasi Butunxitoy Xalq Vakillari Kengashi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi hamkorligida “Xitoy va O‘zbekiston: umumiy intilishlar va rivojlanish istiqbollari” mavzuida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A. Saidov hamda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun kirish so‘zi bilan ochib, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro uchrashuvlari natijasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ta’lim, madaniy-gumanitar hamkorlik, shuningdek, xavfsizlik, yuqori texnologiyalar va sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini alohida qayd etishdi.
Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal sur’atda o‘sib, keng ko‘lam kasb etayotganiga alohida e’tibor qaratishdi. Xususan, keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘payib, 2023-yilda rekord ko‘rsatkich — 14 milliard dollarga yetgani e’tirof etildi. Shuningdek, ikki davlat rahbarlarining samarali kelishuvlari natijasida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash va jalb etilayotgan investitsiyalar hajmi barqaror oshayotgani, muntazam aviaqatnovlar soni ko‘payib borayotgani, madaniy tadbirlar faol o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 23-25-yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi Chin o‘lkasi bilan o‘zaro hamkorlikning mutlaqo yangi bosqichini boshlab bergani qayd etildi.
Tadbirda ikki mamlakat oliy vakillik organlaridagi hamkorlik guruhlari faoliyatini kuchaytirish, qonun ijodkorligi hamda parlament nazoratini amalga oshirish sohasida o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, kelgusida xalqaro takshilotlar doirasida istiqbolli hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish yuzasidan konstruktiv taklif va tavsiyalar bildirildi. Xususan, hamkorlik guruhi a’zolari birgalikda global muammolarni muhokama qilish va yechim topishga, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, ta’lim, tibbiyot va ilm-fan sohasidagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilikni rivojlantirishga hissa qo‘shishi lozimligi ta’kidlandi.
— Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish nafaqat ikki davlatdagi oliy vakillik organi a’zolarining hamkorligini jadallashtirish, balki mamlakatlarimizdagi xalqaro ekspertlar, mutaxassislar va olimlarning ham o‘zaro muloqotlarini kengaytirishni taqozo etmoqda, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva. — Soha xodimlari, ishbilarmonlar, ilmiy xodimlar yordamida parlamentlar o‘rtasidagi hamkorligimiz yangi sifat bosqichiga ko‘tariladi.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, turizm va boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lamini yanda kengaytirish masalalari xususida ham so‘z yuritildi. Soliq va bojxona tizimidagi tartib-taomillarni soddalashtirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Tadbir yakunida parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib olindi.
- Qo'shildi: 20.05.2024
- Ko'rishlar: 1459
- Chop etish