16-may kuni Respublika ishchi guruhi a’zolari Qarshi shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan to‘siqsiz muhit holatini monitoring qildi. Xususan, Qarshi davlat universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot hamda Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutlarida bu borada yaratilgan sharoitlar atroflicha o‘rganildi.
Ishchi guruh tarkibi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ijtimoiy inspeksiyaning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasining Qashqadaryo viloyatidagi hududiy bo‘limi hamda Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasi xodimlaridan iborat.
Qarshi shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalarida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz muhitdan foydalanish imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati ham o‘tkazildi. Tadbirda professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Muloqot asnosida BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishini monitoring qilish tizimli va uzluksiz jarayon ekanligiga e’tibor qaratildi. Bundan maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslarning ushbu Konvensiyada belgilangan huquq va kafolatlariga rioya etilishi hamda ularning erkin harakatlanishini ta’minlash, ularning ijtimoiy xizmatlardan to‘liq foydalanishini qo‘llab-quvvatlash, o‘z navbatida, jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun amaliy ko‘maklashishdir.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta’lim muassasalarida mustaqil harakatlanishini osonlashtiradigan zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalariga kirishda taktil qoplamalar, aravachada harakatlanuvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun panduslar hamda o‘quv binolarining yuqori qavatlariga ko‘tarilishda liftlardan foydalanish bilan bog‘liq maxsus sharoitlar mavjud bo‘lishi muhimligi haqida so‘z yuritildi.
Tadbir yakunida oliy ta’lim muassasalariga “Nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida”gi qonunning brayl alifbosida chop etilgan nashri va boshqa kitoblar taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.05.2024
- Ko'rishlar: 1411
- Chop etish