O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati haqidagi axborot Oliy Majlis Senatida eshitildi

Joriy yilning 18-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik ikkinchi yalpi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holati haqidagi axborotini Markaz direktorining birinchi o‘rinbosari M. Tillabayev taqdim qildi.

Axborotda 2023-yilda mamlakatimizda inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarni bajarishga qaratilgan qonunchilik, huquq amaliyoti va xalqaro hamkorlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi quyidagi ma’lumotlar taqdim etilgan:

  • 2023-yilda jami 87 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazildi. Shuningdek, 2023-yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida 8 ta qonun, Prezidentning 7 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 4 ta qarori qabul qilindi.
  • 2023-yil davomida mamlakatimiz xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga 4 ta milliy ma’ruza taqdim etdi. Shu bilan birga, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida 2 ta yangi milliy harakatlar rejasi loyihalari ishlab chiqildi.
  • O‘zbekistonning BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi ishidagi ishtiroki faollashdi. Mamlakatimiz Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi.

Muhokama jarayonida senatorlar 2023-yil umumxalq referendumida O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinishi bilan fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishning davlat kafolatlarini yanada mustahkamlash imkoniyati yaratilganini alohida ta’kidladilar.  

Senatorlar o‘z o‘rganishlari asosida inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni samarali qo‘llash bilan bog‘liq qator muammolarni ham belgilab berdilar. Xususan, O‘zbekiston fuqarolarining ekologik huquqlari ta’minlanishidan, ayniqsa, mamlakatimiz poytaxtidagi vaziyat senatorlarni tashvishga solishi qayd etildi.

Shuningdek, bola huquqlari buzilishi holatlari kuzatilayotganini inobatga olib, bolalarni turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklardan himoya qilish zarurligi ta’kidlandi.  Bu borada ota-onalar, ta’lim muassasalari, boshqa mutasaddi idoralar mas’uliyatini oshirish, tegishli qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish muhimligiga e’tibor qaratildi.

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar normalarini sudlar tomonidan qo‘llash amaliyotini yo‘lga qo‘yish, jamoat transporti bekatlarida va  umumiy foydalanishdagi transport vositalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini amalga oshirish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish masalalari yuzasidan takliflar berildi.

Har tomonlama muhokama chog‘ida Senatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish istiqbollari belgilab olindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech