Milliy markaz jamoat transporti bekatlari va umumiy foydalanishdagi transport vositalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan to‘siqsiz muhitdan foydalanish imkoniyatlarini monitoring qilmoqda

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ma’lum qildi.

Oliy Majlis Senati ellik ikkinchi yalpi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holati haqidagi axboroti ko‘rib chiqildi.

O‘tgan yili butun dunyoda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75-yilligini keng nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarda O‘zbekiston faol ishtirok etdi.

Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar doirasida qonunchilik, huquq amaliyoti va xalqaro hamkorlik bo‘yicha bir qator amaliy ishlar bajarildi.

Xususan, 2023-yilda jami 87 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida 8 ta qonun, Prezidentning 7 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 4 ta qarori qabul qilindi.

O‘tgan yil davomida mamlakatimiz xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga 4 ta milliy ma’ruza taqdim etdi.

Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida 2 ta yangi milliy harakatlar rejasi loyihalari ishlab chiqildi.

O‘zbekistonning BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi ishidagi ishtiroki faollashdi. Mamlakatimiz Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya etib qayta tashkil qilindi. Ushbu masalalar bo‘yicha Milliy ma’ruzachi instituti ta’sis etildi.

Yanada muhimi, 2023 yilgi referendumda O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinishi bilan fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishning davlat kafolatlarini yanada mustahkamlash imkoniyati yaratildi. 

O‘tgan yili “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Ushbu hujjat xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan g‘ayriqonuniy harakatlar, shuningdek, oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik normalarini kuchaytirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Ayni chog‘da, bola huquqlari buzilishi holatlari uchrab turganini inobatga olib, bolalarni turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklardan himoya qilish masalasiga doimiy e’tibor qaratilmoqda.  

Fuqarolarning ekologik huquqlari ta’minlanishi bo‘yicha vaziyat ham dolzarbdir.

Shu kunlarda Milliy markaz tomonidan tuzilgan ishchi guruh jamoat transporti bekatlarida va umumiy foydalanishdagi transport vositalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan to‘siqsiz muhitdan foydalanish imkoniyatlari bilan bog‘liq real holatlarni monitoring qilishda davom etmoqda.

 

Rasmiy xabarlar

Powered by GSpeech