Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Tatyana VALOVAYA: “O‘zbekistonda xotin-qizlarning turli sohalardagi ishtiroki oshib borayotganini oqilona siyosat natijasi deb bilaman”
 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Osiyo xotin-qizlar forumi har ikki yilda o‘tkazilishi ayollar, parlament vakillari uchun ayni muddao bo‘ldi.

Sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pi istiqomat qilayotgan Osiyo mamlakatlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishish, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli va ta’sirini oshirish borasida salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

O‘zbekistonda ham ayollar jamiyatimizning ajralmas bo‘g‘ini bo‘lib, ularning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, “Taraqqiyot strategiyasi – 2030” va O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish Strategiyasi kabi konseptual hujjatlarda o‘zining to‘liq ifodasini topgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Eng muhimi, ularning og‘irini yengil qilish, huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida bir qator qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilingan. Ayollarga ham erkaklar qatorida teng imkoniyatlar yaratilib, ularning huquqlari ta’minlanishiga qonunchilikda kafolatlar berilsa, albatta, bunday jamiyat tezroq va jadalroq taraqqiy etadi.

 2024 yil 13-14 may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusidagi Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazildi.

Forum ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini yanada oshirish, eng quvonarlisi, ularning tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, rahbarlik qobiliyati va tadbirkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Anjuman qatnashchilari so‘nggi yetti yilda O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga ko‘tarilgani, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat a’zolarining 25 foizi ayollardan iborat ekanini yuqori baholadi.

Olib borilgan muzokara va muhokama natijasi sifatida forum yakunida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. 

Forum yakunlari ishtirokchilar tahlilida:

Tatyana VALOVAYA, BMTning Jenevadagi bo‘limi bosh direktori:

Tatyana Валоvaя: «Парламент - ключевой фактор достижения Целей устойчивого  развития»

– O‘zbekiston rahbariyati va BMT ayollar tuzilmasiga forum uchun minnatdorlik bildiraman. Samarqandda Osiyo mintaqasi mamlakatlarining ayol vakillarini juda muhim masalalar, ya’ni xotin-qizlarning zamonaviy jamiyatdagi rolini yuksaltirish takliflari birlashtirdi.

Forum doirasidagi sessiyalarda jamiyat hayotidagi ayollarning o‘rni qanday bo‘lishiga doir mavzular muhokama qilindi. Yana bir muhim jihat: bugun O‘zbekistonda xotin-qizlarning turli sohalardagi ishtiroki keskin oshib bormoqda. Ularning himoyasi, manfaat va huquqlari mustahkamlanib borayotgani ko‘z o‘ngimizda ro‘y bermoqda.

Tarixiy sananing ishtirokchisi sifatida aytishim mumkinki, ushbu forum nafaqat O‘zbekiston ayollari uchun, balki mintaqadagi xotin-qizlar bilan bir qatorda dunyodagi ayollarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Gender tenglikni ta’minlash, sarmoyalar kiritish, ularni iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, iqlim o‘zgarishi kabi sohalar hamda dunyoda tinchlik o‘rnatish jarayonlariga keng jalb qilish zarurligi panel sessiyalarda batafsil tahlil qilindi.

Dunyo davlatlari Barqaror rivojlanish bo‘yicha belgilangan 17 maqsadni faol amalga oshirishga chog‘langan bir pallada ularning ichida gender tengligini ta’minlash, ya’ni beshinchi maqsadga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Zero, Barqaror rivojlanish maqsadlarining birortasiga gender tenglikni hisobga olmasdan erishib bo‘lmaydi.

Rekha SHARMA, Hindiston xotin-qizlar ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi raisi:

– O‘zbekiston Prezidentiga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi ham bizni mamnun etdi.

O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida oxirgi yillarda amalga oshirilgan ishlardan xabardormiz. Barcha jabhalarda ayollar faol. Ushbu forumga juda yuqori tayyorgarlik ko‘rilgan.

Bilasiz, hozir zamonaviy axborot texnologiyalari davri. Shu bois ko‘proq ushbu yo‘nalishlarda ularning faolligiga erishish lozim. Jamiyatda ayollarning o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun Osiyo qit’asidagi davlatlarning tajribasi juda muhim. Shu bois ushbu forum barcha ishtirokchi uchun nihoyatda ahamiyatli va dolzarb.

Fibi Favzi GIRGIS, Misr Arab Respublikasi Senati raisi o‘rinbosari:

– Osiyo ayollari forumida Misr vakili sifatida ishtirok etganimdan faxrdaman. Haqiqatdan ham mintaqamizda siyosiy, ijtimoiy va iqtiodiy sohalarda ayollarning roli, faolligi oshib bormoqda, lekin yechimini kutayotgan mavzular bor va ulardan ko‘z yummaslik kerak.

Samarqand forumida zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalalarini ham muhokama qildik. Bu boradagi qonuniy asosni yaratish, ayollar zo‘ravonligiga qarshi kurashish uchun, avvalo jamiyatni, uning qarashlarini o‘zgartirishimiz maqsadga muvofiq. Ushbu jarayonda esa parlamentlar tomonidan ishlab chiqiladigan xalqchil qonunlar muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatingizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida xotin-qizlar tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldi olinayotganini yuqori baholaymiz. Ular orasida ishsizlik darajasi kamaygan, ayollar tadbirkorligi oshib, kambag‘allik qisqartirilgan. Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogiron yoki nogiron farzandi bo‘lgan, uy-joysiz, boquvchisi bo‘lmagan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj ayollar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanyapti.

Umuman, Osiyo qit’asi mamlakatlari xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va gender tenglikni ta’minlash borasida o‘zining boy tajribasiga ega. O‘zbekiston mintaqadagi yuksalishga ushbu forum misolida katta hissa qo‘shdi.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech