31-may – Butunjahon chekishga qarshi kurashish kuni
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tashabbusi bilan 1988-yildan buyon 31-may “Butunjahon chekishga qarshi kurashish kuni” sifatida dunyo miqyosida nishonlab kelinadi. Butunjahon chekishga qarshi kurashish kunining global maqsadi hozirgi va kelgusi avlodni tamakining nafaqat sog‘liq uchun salbiy jihatlaridan, balki ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy talafotlarning vayronkor oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan.
Xalqaro hamjamiyat oldiga XXI asrda tamaki chekish muammosidan xalos bo‘lishga erishish vazifasi qo‘yilgan. JSST ushbu aksiya bilan sayyoramiz aholisini halokatli odatdan — insoniyat mavjud bo‘lishining butun tarixida eng ko‘p tarqalgan, alkogolizm va giyohvandlik bilan bir qatorda turadigan nikotinga tobelikdan ogohlantiradi. Tamaki chekadiganlarning yarmining hayoti o‘lim bilan tugaydi. Odamlar uchun nikotinning o‘lim bilan tugaydigan dozasi — 50-100 milligrammni tashkil qiladi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, VIII asr oxiri XIX asr boshlarida papiros ishlab chiqaradigan mashinaning ixtiro qilinishi bilan chekish ommalasha boshlagan.
Chekishga bo‘lgan munosabat 1956-yilda birdaniga o‘zgardi. O‘shanda jahonning turli mamlakatlaridagi 40 mingga yaqin shifokor o‘z mijozlarining kasalligiga tamaki aybdor degan xulosaga kelgan edi.
Chekish turli kasalliklarni keltirib chiqarishdan tashqari inson umrini 15-20-yilga qisqartirishi allaqachon isbotlangan.
Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, nikotin inson organizmidagi metabolik jarayonga xalaqit beruvchi, miya faoliyati va fiziologik funksiyalariga ta’sir qiluvchi alkogol va boshqa psixoaktiv moddalar kabi o‘ziga o‘rgatib qo‘yadi, shu tarzda tamakiga jismoniy bog‘liqlik shakllanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, chekish ta’siri ostida 25 dan ortiq kasallikning (yurak-qon tomir, o‘pka va saraton) organizmda rivojlanishi kuchayadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotlarining ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda o‘pka rakidan o‘limlarning 90 foizi, surunkali bronxitdan vafot etganlarning 75 foizi va yurakning ishemik kasalligi bilan hayotdan ko‘z yumganlarning 25 foizi chekish bilan bog‘liqdir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlarining ma’lumotiga qaraganda, tamaki mahsulotining inson organizmiga zararli ta’siridan har yili sayyoramizning 6 millionga yaqin aholisi vafot etadi va qo‘shimcha zarur choralar ko‘rilmaydigan bo‘lsa, u holda mazkur ofat 2030-yilga borib har yili 8 million kishining yostig‘ini quritadi.
Tamaki tutuni nafaqat chekuvchilarning o‘zi, balki atrofdagilar uchun ham zararlidir. Havodan tamaki tutuni bilan birgalikda nafas olish passiv chekish hisoblanadi. Ikkilamchi tamaki tutunining xavfsiz darajasi mavjud emas. Tadqiqotlar passiv chekishning xavfi juda yaqqol ekanligini ko‘rsatmoqda. Tamaki tutuni – filtrlanmagan tutundir. Unda kanserogenlar tamaki orqali nafas olinadigan tutunga qaraganda 50 baravar, qatron va nikotin ikki baravar, uglerod oksidi 50 baravar va ammiak 50 baravar ko‘p. Juda ko‘p chekilgan xonada ishlovchi odamlar uchun passiv chekish darajasi bir kunda chekiladigan 14 ta tamakiga teng. Bu uni odatdagi chekuvchiga yaqinlashtiradi.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, tamaki chekishdan vafot etayotganlarning 12 foizi chekuvchi bo‘lmaganlar, ya’ni passiv chekuvchilardir. Passiv chekuvchilar orasida bolalarning borligi chekishga qarshi kurashni qat’iy kuchaytirish kerakligini yana bir bor isbotlaydi.
Hozirgi kunda yer yuzining 349 million aholisi ocharchilikdan aziyat chekayotgan bir vaqtda dunyoning 124 mamlakatida 3,2 million gektar unumli yerdan tamaki yetishtirish uchun foydalanilmoqda. Biroq tamaki yetishtirish faqat oziq-ovqat xavfsizligiga zarar yetkazibgina qolmasdan, suvning ifloslanishi va yerning degradatsiyaga uchrashi tufayli hamda tamaki barglarining fermentatsiyasi natijasida vujudga keladigan tamaki tutuni ekotizim va atrof-muhitga ham zarar yetkazmoqda. Bundan tashqari, tamaki yetishtirish dunyo o‘rmonlarining yo‘q qilinishi sabablari orasida 5 % ulushga ham egadir.
Respublikamizda hozirgi vaqtda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish va tarqatishni cheklash “Tamaki va alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish va tarqatishni cheklash to‘g‘risida”gi qonun va boshqa alohida normativ hujjatlar bilan tartibga solingan.
Mazkur qonunda tamaki mahsulotlarini balog‘at yoshiga yetmagan shaxslarga sotishni taqiqlash, tamaki va alkogol mahsulotlarining inson salomatligiga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi ogohlantiruvchi yozuvning bo‘lishi, bunday mahsulotlarda inson sog‘lig‘i va hayotiga zararlilik darajasiga ruxsat beruvchi normaning kiritilishi, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni reklama va targ‘ibot qilishga yo‘l qo‘ymaslik, jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablar mavjud.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks tamaki mahsulotlarini jamoat va transportning ruxsat etilmagan joylarida iste’mol qilishni man etadi. “Reklama to‘g‘risida”gi qonun tamaki va tamaki mahsulotlarini reklama qilishni taqiqlaydi.
Kelajagimiz uchun daxldor qonunlar aholi salomatligi, farzandlarimiz tarbiyasi va millat genofondi uchun muhim masalalarni hal etishda dolzarb ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, Butunjahon chekishga qarshi kurashish kunining pirovard maqsadi hozirgi va kelajak avlodlarni sog‘liq uchun halokatli oqibatlardan himoya qilishga ko‘maklashishgina emas, balki tamaki ta’siri bilan bog‘liq ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy ofatlardan muhofaza qilishdir. Ushbu xalqaro sana tamakisiz yashash kundalik amaliyotimizga aylanib, hayotimiz yanada farovon, tanu jonimiz sog‘, umrimiz uzun, oilamiz tinch bo‘lishi uchun kurashishga undaydi.
Azizbek Begimov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
Hisob-kitob bo‘limi bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 29.05.2024
- Ko'rishlar: 1504
- Chop etish