Ota va ona – oila qo‘rg‘onining asosiy me’mori. Oqil farzandlar tarbiyalab, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga zamin hozirlash, umrbod farzandlarni qo‘llab-quvvatlashdek mas’uliyatni zimmasiga olgan ota-onalar haqida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy shunday yozadi:
Boshni fido ayla ato qoshig‘a!
Jismni qil sadqa ano boshig‘a!
Tunu-kununga aylagali nur fosh
Birisin oy ayla, birisin quyosh!
Darhaqiqat, ulug‘ shoir va mutafakkir ajdodimiz ta’kidlaganidek, ota va ona quyoshu oy yanglig‘ o‘z farzandi yo‘lini yoritadi. Ularning maslahatlariga amal qilgan, ota-onasini e’zozlagan farzand esa hayot yo‘llarida qoqilmaydi.
Ota-onalarning yuksak fidokorligini qo‘llab-quvvatlash va qadrlash maqsadida 2012-yildan e’tiboran har yili 1-iyun – Butunjahon ota-onalar kuni sifatida nishonlab kelinadi. Ushbu xalqaro sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 66/292-sonli rezolyutsiyasida qayd etilgan.
Rezolyutsiyada ta’kidlanganidek, “Ushbu kunda biz nafaqat ota-onalarning bolalarni tarbiyalash va himoya qilishdagi ulkan rolini, balki umuman oilaning rolini ham nishonlaymiz. Shaxsiyatning uyg‘un va har tomonlama rivojlanishi uchun har bir bola oilaviy g‘amxo‘rlikka, ota-onaning iliqligiga, e’tiboriga, muhabbatiga va tushunishiga muhtoj”.
Oila, ota-ona va tarbiyachilar bolaning farovonligi hamda rivojlanishida asosiy rol o‘ynaydi. Ular bolalar va o‘smirlarga o‘ziga xoslik, muhabbat, g‘amxo‘rlik, ijtimoiy himoya, shuningdek, iqtisodiy xavfsizlik va barqarorlikni taklif qiladi.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq, oila va ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash kambag‘allikni qisqartirish, tengsizlikni kamaytirish hamda ota-onalar va bolalarning farovonligini oshirishga qaratilgan milliy siyosat va ijtimoiy investitsiyalarning muhim qismi sifatida tobora ko‘proq e’tirof etilmoqda.
Mazkur kun ota-onalarni faol qo‘llab-quvvatlash haqidadir. Bolalarni tarbiyalash mas’uliyati ota-onalarning zimmasida bo‘lsa-da, ota-onalar kuni bu majburiyat butun jamiyatning ham majburiyati ekanligini eslatadi.
Davlat va jamiyat oilani hurmat qiladigan va qo‘llab-quvvatlaydigan muhit yaratishi kerak. Bunday yondashuv ota-onalikning barcha shakllarini qadrlaydigan va qo‘llab-quvvatlaydigan madaniyatni rivojlantirishni ham o‘z ichiga oladi.
Yurtimizda ham ushbu xalqaro sana keng nishonlanadi. Davlatimiz tomonidan oilalar mustahkamligini ta’minlash, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila institutining huquqiy va tashkiliy asoslarini yanada mukammallashtirishga katta e’tibor qaratib kelinmoqda.
Yangi O‘zbekistonda oilalar va ota-onalarga ko‘maklashish hamda ularning huquqlarini muhofaza qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va jamiyatda oilalarning ahamiyatini oshirish uchun davomli sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, ota-onalar kuni faqat bayram emas, balki faol sa’y-harakatlarga chaqiriq ham hisoblanadi. Bu jamiyatimizning asosiy tayanchi – kundalik mehnati orqali kelajakni shakllantirib borayotgan ota-onalarimizga bo‘lgan hurmatni e’tirof etish va qo‘llab-quvvatlash imkoniyatidir.
Nazira YUNUSOVA,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali tahririyatining mutaxassisi
- Qo'shildi: 30.05.2024
- Ko'rishlar: 1491
- Chop etish