BOLALARGA G‘AMXO‘RLIK – ENG EZGU AMAL

1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

 

Jahonning aksariyat mamlakatlarida yozning ilk kuni bolajonlar uchun katta bayram sifatida nishonlanadi. Binobarin, 1949-yilda Parijda Xotin-qizlar xalqaro demokratik federatsiyasining kongressi bo‘lib o‘tgan. Ushbu kongressda bolalarning bardamligi va baxt-saodatining kafolati bo‘lgan mustahkam tinchlikni ta’minlash uchun doimiy kurash haqidagi chaqiriq yangragan.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda sayyoramizda yashovchi barcha bolalarning sog‘ligi va tinch-xotirjam hayotini saqlash dolzarb muammoga aylangan edi. Shu tariqa 1950-yildan e’tiboran 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlana boshladi. Bundan ko‘zlangan maqsad bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga e’tibor qaratishdir.

Yer yuzida hozir 333 million bola o‘ta qashshoq yashayapti. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmasi – YUNICEF va Jahon bankining 2023-yil sentyabrida e’lon qilingan “Xalqaro ochlik chegarasida qashshoq yashayotgan bolalar” mavzusidagi qo‘shma hisobotida qayd etilishicha, 2013-2022-yillar davomida “o‘ta qashshoq” kun kechirayotgan bolalar soni 383 milliondan 333 millionga tushib, ayni ko‘rsatkich 13 foiz kamaygan.

Eng ko‘p qashshoq bolalar, ya’ni umumiy miqdorning 40 foizi Sahroyi Kabirdan Janubi-g‘arbiy Afrikagacha bo‘lgan hududga to‘g‘ri kelmoqda. Bu mintaqada 2013-yil 54,8 foizni tashkil etgan bolalar qashshoqligi darajasi 2022-yil 71,1 foizga ko‘tarilgan.

Afsuski, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bajarilishi holatining hozirgi sur’ati bilan bolalar qashshoqligiga barham berish maqsadiga 2030-yilgacha erishib bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan YUNICEF va Jahon banki hukumatlar va manfaatdor tomonlarni ushbu masalaga ustuvor ahamiyat berishga chaqirdi.

Bu borada yana bir tashvishli raqam: bolalar – sayyoramiz miqyosida majburan ko‘chib yashayotgan 100 milliondan ortiq shaxslarning 41 foizini tashkil etmoqda. Shuning uchun bugungi kunda bolalar qayerda yashashlaridan qat’i nazar, ularning huquqlarini himoya qilish masalasi nihoyatda dolzarbdir. BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 92-sessiyasida shu haqda bayonot berdi.

BMT Oliy komissari ta’kidlaganidek, keyingi davrda butun dunyoda bolalarning huquqlarini himoya qilish borasidagi vaziyat keskin yomonlashdi. Avvalo, COVID-19 pandemiyasi ularning ta’lim olish huquqini barbod etdi. Iqlim o‘zgarishi esa navqiron avlodning buguni va istiqboliga tahdid solmoqda. Jahonning turli mintaqalaridagi mamlakatlarda istiqomat qilayotgan aksariyat bolalar harbiy harakatlar davom etayotgan hududlarda yoki gumanitar halokat yuz bergan og‘ir sharoitlarda kun kechirishga majbur bo‘lmoqdalar.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi ma’lumotlariga qaraganda, ayni vaqtda inqiroz domida qolgan 15 ta mamlakatda qariyb 40 million bola oziq-ovqat tanqisligidan azob chekmoqda. BMTning oziq-ovqat xavfsizligiga oid oxirgi ma’ruzasi esa sayyoramizning navqiron avlodi sog‘lom va xavfsiz bolalik davrini munosib yashashini ta’minlash borasidagi ishlar ortga ketayotganini ko‘rsatmoqda.

Oliy komissar Folker Tyurkning qayd etishicha, BMTga a’zo davlatlarning inson huquqlari, shu jumladan, bola huquqlari bo‘yicha zimmalariga olgan shartnomaviy majburiyatlarini to‘liq bajarish yo‘lidagi sa’y-harakatlar ijobati bu borada barqaror moliyaviy ta’minot amalga oshirilishini taqozo etadi.

Butun dunyoda bola huquqlarini maxsus himoya qilish zarurati dastlab Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro bill, shuningdek, bolalar manfaatlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlarning tegishli hujjatlarida belgilab qo‘yilgan. Xususan, 1959 yilgi Bola huquqlari deklaratsiyasida har bir bola uchun hech qanday kamsitish va cheklashlarsiz butun boshli huquqlar majmui mustahkamlangan.

Ushbu Deklaratsiya asosida 1989-yil 20-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bola huquqlari sohasidagi birinchi majburiy xalqaro hujjatdir. Mazkur hujjatda insoniyatning uzviy bo‘lagi sifatida tan olingan bolalarning fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy huquqlari kafolatlangan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng 1992-yil 9-dekabrda o‘zbek parlamenti ratifikatsiya qilgan birinchi majburiy xalqaro-huquqiy shartnoma – Bola huquqlari konvensiyasidir. Bu muhim dalil yurtimizda bolalarga bo‘lgan yuksak e’tiborning o‘ziga xos namunasi hisoblanadi. Ushbu Konvensiyani jahon bolalarining o‘ziga xos xalqaro Konstitutsiyasi deyish mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekiston bola huquqlariga oid o‘nga yaqin xalqaro shartnomaga qo‘shilgan. Mamlakatimizda onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash, bolalarning ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish hamda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablarini bajarish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va uning ikkita Fakultativ protokoli ishtirokchisi sifatida mazkur hujjatlarning barcha qoidalariga to‘liq amal qilib kelmoqda. Ushbu Konvensiya qoidalari milliy qonunchiligimizga hamda davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatiga izchillik bilan implementatsiya qilindi.

Joriy yilda xalqaro hamjamiyat tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganligining 35-yilligi keng nishonlanmoqda. Shu maqsadda xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazish, inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish, aholi, yoshlar va bolalar uchun darslik, qo‘llanma va boshqa adabiyotlarni tayyorlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 35-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar dasturlarini qabul qildi va amalga oshirmoqda. Bundan maqsad mamlakatimizda davom ettirilayotgan bola huquqlari sohasidagi islohotlarning samaradorligini yanada oshirishdir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bola huquqlari kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Avvalambor, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari mustahkam kafolatlanganini ta’kidlash lozim.

Milliy huquqiy tizimda bola huquqlariga oid qonunlar alohida o‘rin tutadi. O‘zbekistonda ushbu sohada 100 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Bu borada, ayniqsa, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti, parlamenti va hukumati tomonidan bola huquqlarini himoya qilish borasida qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlar izchil to‘ldirilmoqda. Xususan, 2019-yil 7-dekabrda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga va Jinoyat-protsessual kodeksga o‘zgartirishlar kiritildi.

Bu borada O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 22-aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham muhim ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi.

Yangi O‘zbekistonda onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash, bolalarning ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish masalalari alohida va doimiy e’tiborda turibdi. Ayniqsa, davlat rahbarining 2020-yil 29-mayda qabul qilingan "Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori O‘zbekistonda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning ta’sirchan tizimini yaratish maqsadiga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterishning “Har bir bolaning barcha huquqlariga amal qilinishi kerak” degan da’vatiga asosan mamlakatimizda so‘ngi yillarda bola huquqlarini har tomonlama ta’minlash borasida muayyan ijobiy tajriba to‘plandi. Jumladan, oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida bolaning fikri inobatga olinishi belgilab berildi.

Parlamentning qonun ijodkorligi yo‘nalishida ham bu borada muhim natijalarga erishilmoqda. Xususan, 2020-yil 10-martda  “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.

Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari va hukumatning qo‘shma qarori asosida Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturi tasdiqlandi. Sohadagi islohotlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida mamlakatimizda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili lavozimi joriy qilindi. Vakil huzurida Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzildi.

Shuningdek, 2023-yil 11-aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) idoralararo komissiyalarining faoliyati isloh etildi. Ular tegishincha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) komissiyalari etib qayta tashkil etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida bolalar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Milliy strategiyaning shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlari asosida 2021-yil 12-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.

Ushbu Qonunga binoan, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 1281-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda unga moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun javobgarlik belgilandi. Bunda jinoyatning obyektiv tomoni zaruriy belgisi sifatida qilmish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilganligi ko‘zda tutiladi.

Shu bilan birga, mazkur jinoyat obyekti sifatida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsning normal va axloqiy rivojlanishi ekanligini inobatga olib, jinoyat subyekti yoshi 18 yosh etib belgilandi. Shuningdek, Jinoyat kodeksi 1482-moddasining ikkinchi qismiga voyaga yetmagan shaxsni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish kiritildi.

Keyingi yillarda ta’lim va tarbiya sohasida tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, 2025-yilga borib 3-7 yoshdagi bolalarning 74,5 foizini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni nazarda tutuvchi Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hayotga joriy etilmoqda. Bunda 2020-yil 23-sentyabr kuni "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonunning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi tahriri qabul qilingani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yanada muhimi, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Mamlakatimizda navqiron avlod vakillarini har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga juda katta e’tibor qaratilmoqda.  Chunki jonajon Vatanimizning kelajagi, uning taqdiri va taraqqiyoti bugun shinam sinfxona va auditoriyalarda qunt bilan ta’lim olayotgan yoshlarning qo‘lida»[1].

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish jarayonida bolalarimizni ijtimoiy himoya qilish, sog‘ligini saqlash, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ilmiy, ijodiy, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, noyob iqtidori yuzaga chiqishiga ko‘maklashish kabi turli sohalarda salmoqli natijalarga erishilmoqda. Ehtiyojmand oilalar farzandlari, yetim va nogironligi bo‘lgan bolalarning huquqlari har tomonlama ta’minlanmoqda.

Shunday qilib, keyingi yillarda O‘zbekistonda bolalar mehnatiga barham berildi, bolalarning ta’lim olish va sog‘liqqa bo‘lgan huquqlarini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi, bolalarning qarashlarini hurmat qilishga oid huquqiy asoslar kuchaytirildi, shu maqsadda bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus tashkilotlar ta’sis etildi. Nogironligi bo‘lgan hamda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimi mustahkamlandi.

Qurolli mojarolar sodir bo‘layotgan hududlardan o‘zbekistonlik bolalarni qaytarish, shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etish choralari ko‘rildi. Aholining bola huquqlari to‘g‘risidagi xabardorligi izchil oshirilmoqda.

Bularning barchasi mamlakatimizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘lidagi izchil islohotlar o‘z samaralarini berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu, o‘z navbatida, farzandlarimizni har tomonlama munosib vorislar etib tarbiyalash nuqtayi nazaridan juda ham muhim. Zero, Nobel mukofoti sohibi, atoqli ingliz adibi Bernard Shou aytganidek, «Odam mamlakat va insoniyat uchun qilishi mumkin bo‘lgan eng katta xizmat – bolalarini tarbiyalashidir».

 

G‘ulom MIRZO

[1] Mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi o‘g‘il-qizlarimizga/24.05.2024//https://uza.uz

Powered by GSpeech