1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
“Xalqimiz azal-azaldan bolajon xalq va o‘z taqdirini
farazandlarining farovon hayoti bilan bog‘laydi”.
Shavkat MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Birinchi iyun – bolalar bayrami, bolalarni himoya qilish kuni, kattalarni bolalar haqida o‘ylashga undaydigan kundir. Ya’ni, bu kun faqat bolalar uchun emas, balki kattalar uchun ham, ularning e’tiborini bolalarning muammolariga qaratish uchun ham kerak.
Bolalik inson hayotining eng beg‘ubor davri, eng ajoyib va go‘zal vaqti, uning eng muhim bosqichi hisoblanadi. Aynan mana shu davrda bo‘lajak shaxs jamiyat bilan to‘laqonli munosabatda bo‘lishga tayyorgarlik ko‘radi va o‘zining iste’dodi, ijodiy va aqliy salohiyatini ochish uchun poydevor yaratadi.
Kattalarning vazifasi esa bolalarni yovuzlik, zo‘ravonlik va beparvolikdan himoya qilish, ularning xavfsiz va baxtli hayoti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, yuzlarini tabassum doimo yoritib turishi uchun bor imkoniyatni ishga solishdir. Binobarin, bolalarning quvnoq kulgisi hayotimizni yanada baxtli, mehribon va quvonchli qiladi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kunining ramzlaridan biri – bolalarning tabassumidir. Bu beg‘ubor timsol har bir bolaning yonida mehribon kattalar bo‘lishi, farzandlarimiz baxtli, aqlli va iste’dodli, mehribon va g‘amxo‘r, munosib insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bo‘lgan ezgu niyat ifodasini aks ettiradi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bolalar huquqlarini hurmat qilish zarurligini, bolalarning xavfsizligi, hayoti va sog‘lig‘i uchun kattalarning javobgarligini eslatib turadi. Bu kun himoya va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan bolalarga e’tibor berish hamda ularga yordam berishga, kattalar e’tiborini bolalarning dolzarb muammolariga qaratishga chaqiriqdir.
Ushbu xalqaro sanani nishonlashdan yana bir muhim maqsad – bolalarni zo‘ravonlikdan va bolalar mehnatidan himoya qilish, jamoatchilik va oddiy odamlarning e’tiborini bolalar muammolariga qaratishdir. Zero, jamiyat uchun barcha bolalar baxtli bo‘lib ulg‘ayishlari, ta’lim-tarbiya olishlari, o‘zlari yoqtirgan ish bilan shug‘ullanishlari, kelajakda o‘z yurtining ajoyib fuqarolari bo‘lib yetishishlari zarur. Shu ma’noda, ayni sana har bir bolaning qonuniy manfaatlarini hamda asosiy huquqlarini, jumladan yashash, sog‘liq, ta’lim olish, oilaviy farovonlik va zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqlarini ta’minlash muhimligini ifodalaydi.
Bolalarni himoya qilish kuni xalqaro hamjamiyatning bolalarni himoya qilish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish sa’y-harakatlari doirasida ta’sis etilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin jahon mamlakatlarida bolalarning ahvoli dahshatli edi, ko‘pchilik bolalar ota-onasidan, boshpanasidan ayrilib, ko‘chada yashashga, tilanchilik yoki o‘g‘irlik qilishga majbur bo‘lgandi. Bolalarning ochlikdan yoki kasallikdan vafot etishi oddiy holga aylangandi.
Albatta, bunday holatga xalqaro hamjamiyatning e’tiborini favqulodda tarzda qaratish talab etilardi. Shuning uchun 1949-yil noyabr oyida Parij shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro ayollarning demokratik federatsiyasi kongressi 1-iyunni – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlashga qaror qilgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, bola huquqlarini himoya qilishni o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb e’lon qilgan. Shundan buyon bu bayram har yili butun jahonda keng nishonlab kelinmoqda.
Mana, orada 75-yil o‘tgan bo‘lsa-da, afsuski, bola huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq muammolar haligacha batamom bartaraf etilmadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda qariyb 150 milliondan ortiq bola, ya’ni besh yoshdan oshgan har o‘n boladan biri mehnatga jalb qilinmoqda, 100 million bola ta’lim olish imkoniyatidan mahrum, millionlab bolalar uy-joyiga va to‘g‘ri ovqatlanish imkoniyatiga ega emas, 300 mingdan ortiq bola faqatgina kompyuter yoki o‘yinchoqlar bir yoqda qolib, qo‘lida qurol bilan urushlarda qatnashishga majbur.
Jahonning eng kambag‘al 15 ta davlatida 260 ming nafar bola to‘yib ovqatlanmaslik va immunitetning zaiflashuvi oqibatlaridan aziyat chekmoqda. Shuning uchun butun jahonda bolalar huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga chaqiriq bo‘lgan “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” g‘oyasi bugungi kunda ham nihoyatda dolzarbdir.
Bu haqda fikr yuritganda, BMT bolalarni himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar salmog‘ini tobora oshirib borayotganini ta’kidlash o‘rinlidir. Xususan, 1959-yilda BMT tomonidan Bola huquqlari deklaratsiyasi, 1989-yilda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilindi. Bu Konvensiya jahon mamlakatlari tomonidan eng ko‘p ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomaga aylandi.
O‘zbekiston Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga 1992-yil 9-dekabrda qo‘shilgan va 2008-yilda mazkur Konvensiyaning ikki fakultativ protokolini ratifikatsiya qilgan. O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimiz BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq qabul qilingan majburiyatlariga sodiqligini namoyon qilib kelmoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston ushbu Konvensiya bajarilishi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga 5 ta davriy hisobot taqdim etgan.
Yangi O‘zbekistonda bola huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar jadallashdi. Bunda “Inson qadri va inson huquqlari ustuvorligi” hamda “Hech kimni orqada qoldirmaslik” prinsiplariga muvofiq o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida Konstitutsiyaga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilg‘or normalar kiritilgani, bola huquqlarini himoya qilishga alohida bob bag‘ishlangani muhim ahamiyat kasb etadi.
Boshqacha aytganda, yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizda bola manfaatlarini ta’minlashning ustuvorligi prinsipi konstitutsiyaviy asosda mustahkamlandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiq:
birinchidan, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur;
ikkinchidan, davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlaydi;
uchinchidan, farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar;
to‘rtinchidan, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir;
beshinchidan, onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi;
oltinchidan, davlat va jamiyat bolalarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
Ayni chog‘da, milliy qonunchilik va amaliyot yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun normalari hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMTning Bola huquqlari qo‘mitasi, YUNISEF, Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar tavsiyalarini hisobga olgan holda, “bola manfaatlarining eng ustuvorligi” prinsipi asosida izchil takomillashtirilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qoidalari bolalarning huquq va manfaatlarini to‘laqonli ta’minlashga erishishga qaratilgan keng miqyosli islohotlarni ro‘yobga chiqarish asoslarini kuchaytirdi. Mamlakatimizda bola huquqlarini ta’minlashga doir 50 ga yaqin qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilindi.
Birinchidan, bolalar mehnatiga barham berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi minbaridan turib O‘zbekistonda bolalar mehnatining har qanday shakllariga barham berish eng ustuvor vazifalardan biri ekanligini e’lon qildi. Mamlakatda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga qarshi kurashishning tashkiliy mexanizmlari yaratildi. Bolalar mehnatiga barham berishning qonunchilik asoslari kuchaytirildi.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslari bolalar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talablarni buzganlik yoki ularni mehnatga ma’muriy majburlaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qoidalar bilan to‘ldirildi. Bu ta’sirchan choralar mamlakatimizda bolalar mehnatining har qanday shakllariga barham berishda o‘z samarasini namoyon etdi. Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston bolalar mehnatiga barham berishga qaratilgan sa’y-harakatlari borasida muvaffaqiyatga erishganligini e’tirof etdi.
Ikkinchidan, bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus tashkilotlar ta’sis etildi. Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) lavozimi joriy etildi. 2024-yilda Bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Bolalar ombudsmani davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishi belgilandi. Uning bola huquqlari masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, bola huquqlari bo‘yicha aholi xabardorligini oshirishga ko‘maklashish kabi vazifalari mustahkamlandi.
Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya etib qayta tashkil qilindi. Milliy komissiyaga davlat organlari va tashkilotlarning bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida bolalar himoyasiga bag‘ishlangan ustuvor yo‘nalishlar hamda bola manfaatlarining eng ustuvorligi prinsipini qonunchilik va amaliyotga samarali joriy etish tadbirlari belgilandi.
O‘zbekistonda aholiga kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini joriy qilish maqsadida Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Uning vazifalari qatoriga yetim va chin yetimlar bilan manzilli ishlash, oilaviy bolalar uylari faoliyati va bolalarning ijtimoiy holatini doimiy monitoring qilish tizimini joriy etish, bolalar nogironligi masalalarini monitoring qilish, bolalar manfaatini ijtimoiy himoya qilish kabi masalalar kiritildi.
Uchinchidan, bolaning qarashlarini hurmat qilishga oid huquqiy asoslar kuchaytirildi. Xususan, Oila kodeksi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun hamda boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, bolaning manfaatiga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda uning o‘z fikrini ifoda qilishga bo‘lgan huquqi, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida uning so‘zlashga bo‘lgan huquqi mustahkamlandi. Bola manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda qaror qabul qiluvchi organ va mansabdor shaxs bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar ko‘rib chiqishi hamda bolaning manfaatlari ustuvorligi prinsipidan kelib chiqib qaror qabul qilishga majbur ekanligi belgilandi.
Shuningdek, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qoidaga muvofiq, bola o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so‘rab davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqlidir. Vakolatli organlar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal etishda uning fikrini, yoshidan qat’i nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning manfaatlari ustuvorligidan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi shart.
To‘rtinchidan, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning manfaatlarini himoya qilish tizimi kuchaytirildi. Bunday toifadagi bolalarni tarbiyalashning, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etildi. Bu tizim yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning muammolarini o‘rganish va hal etish, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, ularning oilaga bo‘lgan huquqini ta’minlash, ularni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) oladigan oilalarni rag‘batlantirish, ularning ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lishi sabablarini chuqur o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlarini o‘z ichiga oldi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash, ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ishga joylashtirish va bandligini ta’minlash, ular tarbiyalanayotgan oilalarni moddiy, huquqiy va psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash tartibi takomillashtirildi. Qolaversa, «Mehribonlik uyi», Bolalar shaharchasi, bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar, shuningdek, yigirma besh yoshgacha bo‘lgan vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan yetim bolalar uchun oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan qo‘shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari belgilandi.
Beshinchidan, nogironligi bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bunda nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan munosabatda meditsina va xayriyaga asoslangan modeldan ijtimoiy va inson huquqlarini ta’minlashga asoslangan modelga o‘tish, nogironligi bo‘lgan bolalarning o‘z huquqlarini amalga oshirishlari uchun sharoitlar yaratish, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishda, ta’lim olishda, meditsina xizmatlaridan, transportdan, bino va inshootlardan foydalanishda, axborot olishda to‘siqsiz muhitni yaratish, inklyuziv jamiyatni rivojlantirish tadbirlari ro‘yobga chiqarilmoqda.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni davolash maqsadida zamonaviy vositalarni xarid qilish hajmi kengaytirildi. Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilib, og‘ir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va ularga manzilli ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish tadbirlarini tashkil etish va moliyalashtirish, bolalarning hayoti uchun xavf soluvchi og‘ir, surunkali hamda kam uchraydigan kasalliklarga o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va ularni respublikada yoki zarur hollarda xorijiy davlatlarda davolash uchun tibbiy, ijtimoiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha mexanizmlarini joriy etish, ehtiyojmand oilalarning farzandlari hamda imkoniyati cheklangan bolalarni bepul dori vositalari, tibbiy va protez-ortopedik buyumlar bilan ta’minlash kabi vazifalar yuklatildi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga nafaqa to‘lovi joriy etildi. Shifoxonalarda davolanayotgan nogironligi mavjud bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilayotgan shaxslarga bolaning yonida bo‘lish uchun sharoit yaratilishi, mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi va bepul ovqat berilishi, nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim jarayonida ko‘maklashish uchun uning yaqinlaridan biriga oliy ta’lim muassasasida yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratildi.
Barcha ta’lim muassasalarida inklyuzivlikni, nogironligi bo‘lgan bolalarning barcha qatori ta’lim olish huquqidan foydalanish sharoitlari yaratilmoqda. Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonida nogironligi bor shaxslar uchun imtiyozlar taqdim etildi. Ya’ni, I va II guruh nogironligi bor shaxslarga abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining ikki foizli qo‘shimcha kvotasi kiritildi. Kirish imtihonlarida nogironligi bor abituriyentlar uchun o‘tish ballari kamaytirildi va tegishli ballni qo‘lga kiritganlar davlat grantlari asosida byudjet joylariga o‘qishga qabul qilinadigan bo‘ldi.
Oltinchidan, bolalarning sog‘liqqa bo‘lgan huquqlarini ta’minlash choralari ko‘rildi. Bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, onalar va bolalar o‘limini qisqartirish, sog‘lom bolalikni ta’minlash, chekka va olis hududlarda joylashgan maktablar uchun avtobus ajratish va o‘quvchilarning bepul qatnovini yo‘lga qo‘yish, maktablarni va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ichimlik suv bilan ta’minlash, 1-4 sinf o‘quvchilarining bepul ovqatlanishini tashkil etish kabi qator muhim vazifalar izchil bajarilmoqda.
Yetinchidan, bolalarning ta’lim olish huquqini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘i kengaytirildi, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, 2030-yilga qadar maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 80 foizdan oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlari qatorida o‘rta ta’lim sohasida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Unda uzluksiz ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlar bilan aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni amalga oshirish tizimini yaratish, o‘qitish usullarini takomillashtirish, ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash, ta’lim jarayoniga zamonaviy va innovatsion loyihalarni joriy etish, korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmini yaratish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy himoya qilish darajasini bosqichma-bosqich oshirib borish bo‘yicha muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda sifatli oliy ta’lim berish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham bolalarning ta’lim olish huquqini ta’minlash, ularning o‘z iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashni nazarda tutadi.
Sakkizinchidan, qurolli mojarolar sodir bo‘layotgan hududlardan o‘zbekistonlik bolalarni qaytarish choralari ko‘rildi. Xussusan, 2019-2021-yillarda harbiy mojarolar yuz bergan Suriya, Iroq va Afg‘oniston mamlakatlari hududidan O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqish bo‘yicha beshta maxsus operatsiya amalga oshirildi. «Mehr» deb nomlangan ana shu operatsiyalar natijasida cheksiz zo‘ravonlik va tajovuz xavfi ostida bo‘lgan jami 531 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi, shulardan 379 nafari – bolalardir.
To‘qqizinchidan, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etish chora-tadbirlari amalga oshirildi. Ayollar uchun nikoh qurishning eng kam yoshi 17 yoshdan 18 yoshga oshirildi. Bu bilan voyaga yetmagan qiz bolalar manfaatlarini himoya qilish uchun muhim qadam qo‘yildi. Jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha yoshning quyi chegarasi 13 yoshdan 14 yoshga o‘zgartirildi. Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishda pedagog va psixolog qatnashishi shart ekanligi belgilandi.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy daxlsizlikka va erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi, jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashni yengillashtiruvchi holatlar, shu jumladan, jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik tatbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari og‘irlashtirildi, oilaviy zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kiritildi. Ilgari voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim va tarbiya berish, ularni sog‘lomlashtirish, bolalar sporti, ijodiy tashkilotlarida ishlashini taqiqlovchi qoida kiritildi.
Hozirgi kunda Oliy Majlis palatalarida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Qonun loyihasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning shakllari: jismoniy, jinsiy, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va bulling tushunchalariga huquqiy ta’rif berilib, bolalarni ulardan himoya qilish mexanizmini takomillashtirish, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning majburiyatlarini belgilash nazarda tutilgan. Shuningdek, ta’lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikning har qanday shaklini va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni himoya qilishning umumiy va yakka tartibdagi chora-tadbirlari belgilangan.
O‘ninchidan, aholining bola huquqlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish tadbirlari amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturida aholining bola huquqlari bo‘yicha xabardorligini oshirish tadbirlari belgilandi. Shuningdek, ta’lim muassasalarida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari», «Bola huquqlari» o‘quv kurslari joriy etildi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida fuqarolarning bola huquqlaridan xabardorligini oshirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 2023-yil 1-10-dekabr kunlari “Inson huquqlari” o‘n kunligi tadbirlari o‘tkazilib, mamlakatdagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kunga bag‘ishlangan umummilliy dars o‘tkazildi.
BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganligining 35-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida bola xuquqlarini ta’minlash to‘g‘risida aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot, ma’naviy-ma’rifiy, o‘quv, ilmiy va ommabop tadbirlarni tashkil qilinmoqda. Turli qo‘llanmalar tayyorlanmoqda va nashr etilmoqda.
O‘zbekiston Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Beshinchi davriy hisobotini BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga taqdim qilgan. Bu hisobot 2022-yil 31-avgust – 1-sentyabr kunlari Jenevada bo‘lib o‘tgan Qo‘mita sessiyasida ko‘rib chiqilgan hamda O‘zbekistonga Qo‘mitaning Yakuniy mulohazalari taqdim qilingan. O‘z navbatida, 2024-yil 21-fevralda parlamentimiz palatalari Kengashlarining “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning Beshinchi davriy ma’ruzasi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amaliyotga tatbiq etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi.
Milliy harakatlar rejasi jami 100 ta banddan iborat. Unda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, mavjud holatni tahlil qilish va sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, tegishli institutlarni tashkil etish, ularning moddiy-texnika bazasini kuchaytirish, xodimlarning malakasini oshirish, aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Milliy harakatlar rejasida belgilangan chora-tadbirlar bolaning qarashlarini hurmat qilish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish, oilaviy muhitdan mahrum bo‘lgan bolalarning himoyasini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bolaning ta’lim olish, dam olish va madaniy faoliyatda ishtirok etish bo‘yicha huquqlarini ta’minlash va boshpana izlayotgan va qochqin bolalar huquqlarini himoya qilish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan. Unda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga raqamli muhitda bolalarning shaxsiy daxlsizligini himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, “Zo‘ravonlikning barcha turlaridan bolalarni himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini qabul qilish ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, Milliy harakatlar rejasi doirasida 5 ta milliy strategiyani, jumladan O‘zbekiston Respublikasida bolalarning odil sudlovdan foydalanilishini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish milliy strategiyasi, Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarining oldini olish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha strategiya, Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini deinstitutsionalizatsiya qilish milliy strategiyasi, O‘zbekistonda bola huquqlarini amalga oshirish bo‘yicha 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya, 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan o‘smirlar salomatligi va farovonligini ta’minlash bo‘yicha kompleks strategiyani ishlab chiqish va qabul qilish vazifasi belgilangan.
Bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yilda mamlakatimizda 500 nafarga yaqin shaxs voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jazoga tortilgan.
Bu kabi muammolarni bartaraf etish, shuningdek, qonunchilikni yanada mustahkamlash maqsadida 2023-yil 11-aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Mazkur qonunga asosan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilandi. Ya’ni, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirildi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ko‘plab omillarga bog‘liq soha hisoblanib, bu o‘rinda inklyuziv ta’limga alohida to‘xtalish lozim. Inklyuziv ta’lim rasmiy ta’lim tushunchasidan ancha keng bo‘lib, bu ta’limda ko‘proq o‘qishda, o‘rganishda imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlanadi.
Hukumat O‘zbekistonda alohida ta’limga muhtoj bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlarni tasdiqladi. Jumladan, umumta’lim maktablarida alohida ta’limga muhtoj bolalar uchun boshlang‘ich tayanch-korreksion sinflarni ochish tartiblari belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021-yil 12-oktyabrda «Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi. Mazkur hujjatga asosan 2020–2025-yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar ta’lim oladigan ta’lim muassasalari binolariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar o‘qitiladigan ta’lim muassasalarini zarur adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar, turli kasblarga o‘qitish uchun uskuna va jihozlar bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi bir qator vazifalar belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, bola huquq va manfaatlarini ta’minlash Yangi O‘zbekiston siyosatining markazida turgan ustuvor vazifalardan biridir. Bugungi kunda davlatimiz va jamiyatimiz bolaning yashash, shaxsiy daxlsizlik, fuqarolikka, sog‘liqqa, ta’lim olishga, oilaviy munosabatlarga, erkin fikr bildirishga, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyalanganlikka bo‘lgan huquqi va boshqa huquqlarini himoya qilish va bolalarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy manfaatlarini ta’minlash borasida salmoqli sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
Bolalar biz kattalarga ishonishadi, ular bizdan himoya qilishni va barkamol inson sifatida ulg‘ayish uchun shart-sharoitlar yaratilishini kutadi, ular bizga muhtoj va bizning ishtirokimizsiz yashay olmaydilar. Keling, ularning bolalik orzu-umidlarini puchga chiqarmay, baxtli va sevimli farzand bo‘lishlariga yordam beraylik.
O‘tkir OCHILOV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas’ul xodimi
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2024-yil 1 iyun kungi 107 (1168)-soni
- Qo'shildi: 03.06.2024
- Ko'rishlar: 1414
- Chop etish