5-iyun — Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni

TABIATNI ASRASH — O‘Z QO‘LIMIZDA

1972-yil 5-iyun kuni Stokgolmda BMTning atrof-muhitga bag‘ishlangan konferensiyasida jahon atrof-muhit kunini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Maqsad — xalqaro hamjamiyat e’tiborini atrof-muhitni muhofaza qilish muammolariga qaratish hamda global ekologik inqirozning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish edi. Konferensiyada, shuningdek, yangi tashkiliy tuzilma — Atrof muhit muhofazasi bo‘yicha BMT dasturi — YUNEPga asos solindi.

Joriy yilda ushbu sana “Yerlarni qayta tiklash, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka chidamlilik” shiori ostida o‘tmoqda. Bu shior bizga sayyoramizning ekologik holati tashvishlanarli ekani, hech bir davlat bu muammolardan yiroq bo‘lolmasligini anglatadi.

Insoniyat farovonligi, eng avvalo, atrof-muhit tozaligi va iqtisodiyotning.

samaradorligi, yerdagi tabiiy resurslardan oqilona va unumli foydalanishga bog‘liq. Shu bois, bu sana nafaqat ona tabiatni asrash, balki zaminimizdagi boy biologik xilma-xillikni asrab-avaylash kunidir. Barchamiz ona sayyoramizni asrash, tabiatni parvarishlash, dolzarb ekologik muammolarni hal qilish haqida chuqur o‘ylashimiz, tevarak-atrofimizni yanada go‘zal va sog‘lomlashtirish yo‘llarini izlashimiz kerak.

YUNEPning ta’kidlashicha, insoniyat hozir uchta yirik ekologik muammoga duch kelmoqda. Ular: iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va ifloslanishning ortishi. Bu jarayonlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Ular yer degradatsiyasi natijasida yuzaga kelmoqda.

Birinchidan, iqlim qanchalik sezilarli darajada o‘zgarsa, tabiiy hodisalar shuncha tez-tez sodir bo‘ladi. Sel va toshqinlar tuproqni yemiradi, qurg‘oqchilik unumdor qatlamni quritadi, kuchli shamol va bo‘ronlar chang va to‘zon keltirib, tabiatga jiddiy zarar yetkazadi hamda yer degradatsiyasiga sabab bo‘ladi. Tuproq uglerodni to‘plash va saqlash xususiyatini yo‘qotib, uni atmosferaga qaytaradi. Natijada cho‘llanish jarayoni tezlashib, unumdor landshaftlar yo‘qolib boradi.

Ikkinchidan, biologik xilma-xillikning qisqarishi ekotizimlarning me’yoriy hayotini to‘liq yo‘q bo‘lgunga qadar buzadi. Biotoplar uglerodni unchalik samarali o‘zlashtirolmaydi. Suv va havoni tozalamay qo‘yadi. Yerdagi namlik va ozuqa moddalarini to‘plashda muammolar yuzaga keladi. Ekotizimning buzilishi tuproqqa ham ta’sir qiladi. Yer hayotni qo‘llab-quvvatlash xususiyatini yo‘qotib, o‘simliklar, hayvonlar va mikroorganizmlarning nobud bo‘lishiga olib keladi.

Uchinchidan, yerning ifloslanishi nafaqat unumdorligiga ta’sir qiladi, balki tabiiy resurslarni keskin kamaytiradi. Tuproq shunchaki yer bo‘laklari emas, u minglab tirik mavjudot yashaydigan murakkab ekotizimdir. Mikroorganizmlar, zamburug‘lar, hayvonlar va o‘simliklarning muvozanati bo‘lmasa, tuproq nobud bo‘ladi va Yer yuzida hayotni qo‘llab-quvvatlovchi tizim buziladi. Qurigan, zaharlangan, sho‘rlangan tuproq kimyoviy moddalarni o‘zgartirolmaydi. Ifloslantiruvchi moddalar yer osti suviga osongina kirib boradi hamda shamol orqali zahar tarqaladi.

Ushbu inqirozlar ekotizimga misli ko‘rilmagan zarar yetkazib, milliardlab gektar yerning qurishiga sabab bo‘lmoqda. YUNEP ma’lumotiga ko‘ra, hozir Yer yuzining 40 foiziga jiddiy zarar yetgan. Bu dunyo aholisining yarmiga bevosita tahdid solishi mumkin. Mutaxassislar kelajakda iqtisodiy yo‘qotishlar 44 trillion dollarga yetib, jahon yalpi ichki mahsulotining yarmiga teng bo‘lishini taxmin qilmoqda. Bundan tashqari, dunyo aholisi ocharchilik natijasida ommaviy migratsiya va mojarolar tahdidi ostida qolishi ehtimoli yuqori.

Bu kabi muammolarni hal qilish uchun yerni qayta tiklash va muhofaza qilish zarur. Agar yerning atigi 15 foizini tiklasak va tanazzulga uchrashining oldini olsak, hech bo‘lmaganda yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan bioxilma-xillikning 60 foizini saqlab qolgan bo‘lamiz.

Yurtimizda ekologik muammolarning oldini olish, atrof-muhitni muhofaza qilish, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida dunyo e’tiborini Orol dengizining ekologik fojiasiga qaratdi. Uning qurishi oqibatlarini bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishni talab qiladi.

Shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, atrof-muhit muammolarini bartaraf etish, iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish kabi maqsadlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Yurtimizda 2021-yildan hozirga qadar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jami 725 million tup mevali va manzarali daraxt ekildi. 588 gektar “yashil bog‘”, 662 gektar “yashil jamoat parki”, Buxoro, Nukus, Xiva va Urganch shaharlari atrofida jami 40 kilometr masofada “yashil belbog‘” barpo etildi.

Yirik xalqaro anjumanlar, oliy va yuqori darajadagi tashriflar doirasida daraxt ekish marosimi an’anaga aylanib bormoqda. Bundan tashqari, avtotransport vositalarining zararli tashlanmasi bilan bog‘liq ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi mutlaqo yangi uslubda ishlovchi zamonaviy diagnostika markaziga aylantirildi.

Bu yerda avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshiriladi va ekologik tekshiruv natijasidan kelib chiqib, RFID chip o‘rnatilgan “qizil”, “sariq” yoki “yashil” yorliq (stiker) mashinaning old oynasiga yopishtiriladi.

Kelgusida joriy ekologik vaziyatdan kelib chiqib, shahar hududi bir nechta ekologik zonaga ajratiladi va transport vositalarining havoga chiqarayotgan zararli moddalari darajasiga ko‘ra, ya’ni stiker rangiga qarab ayrim ekologik zonalarga kirishni bosqichma-bosqich cheklash taklif etilmoqda. Bunda ekologik zonalarga ruxsat etilmagan transport vositalarining kirishi avtomatlashtirilgan holda nazorat qilinadi. Qoidabuzarlik natijasida kelib tushadigan jarimalar hududning ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Bu boradagi ishlar atrof-muhit holatini yumshatish, tabiiy resurslar degradatsiyasining oldini olishga xizmat qiladi. Natijada nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqada ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ekologik barqarorlik ta’minlanadi.

Sevara FAYZIYEVA,

Oliy Majlis Senatining

Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari hamda

ekologiya qo‘mitasi ekspertlar guruhi a’zosi

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2024-yil 5-iyun kungi 110 (1171)-soni

Powered by GSpeech