Jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish qo‘llab-quvvatlanadi. Ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga qalam haqi ko‘paytiriladi. Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 5-yilga soliqlardan ozod qilinadi. Bu muhim va dolzarb vazifalar Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22-dekabrda bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida kun tartibiga qo‘yildi.
Davlat rahbari o‘sha majlisda tarjima san’atining ahamiyatiga to‘xtalib, bunday mehnatni munosib rag‘batlantirish uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish tashabbusini ilgari surgandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-iyunda qabul qilingan “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori ayni tashabbusni ro‘yobga chiqarish yo‘lida hal qiluvchi qadam bo‘ldi.
Qarorga muvofiq, Xalqaro mukofot uchun tanlovlar 2025-yildan boshlab har ikki yilda bir marta muayyan yo‘nalishlarda o‘tkaziladi. Oltita yo‘nalish bo‘yicha aniqlangan g‘oliblarning har biri maxsus diplom, ko‘krak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Ushbu o‘ta muhim ma’naviy-ma’rifiy tashabbus o‘zining teran va mustahkam asoslariga ega. Chunki yurtimizning badiiy tarjima sohasi ko‘p asrlik rivojlanish tarixi, salmoqli samaralari va yorqin namoyandalari bilan alohida ajralib turadi.
Xususan, Ogahiy, Qutb Xorazmiy, Sayfi Saroiy kabi buyuk ajdodlarimiz bundan bir necha asrlar ilgari tarjimachilik va tarjima nazariyasi sohasida jiddiy tadqiqotlar olib borgan. Birgina Muhammad Rizo Ogahiy Sharq olamining yigirmadan ortiq she’riy va nasriy asarlarini, jumladan, Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, “Yusuf va Zulayxo”, “Zaynuddin Vosifiyning “Badoye’ ul vaqoye’” asarlarini turkiy-o‘zbek tiliga o‘girib, tengsiz tarjima maktabini barpo etgan.
Bunga qadar o‘z zamonasining malikul-kalomi – so‘z sultoni bo‘lgan mavlono Lutfiy atoqli muarrix Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarini forsiydan turkiyga o‘n ming bayt bilan nazmiy tarjima qilganlar, deb qayd etadi taniqli adib va alloma Mirzo Kenjabek. Lekin, hazrat Navoiy aytganlaridek, bayozga, ya’ni oqqa ko‘chirib kitob qilmaganlari uchun xalqning e’tiboriga tushmay qolgan. Bu haqda Alisher Navoiy bobomizning “Majolis un-nafois” asarida aniq ma’lumotlar mavjud.
O‘z navbatida, sho‘rolar zamonida sobiq ittifoqda birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda milliy tarjimashunoslik maktabiga asos solingan. Bu o‘rinda atoqli olim hamda hassos publitsist, yurtimizdagi ko‘pchilik jurnalist va tarjimonlar, olim va adiblarning ustozi – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor G‘aybulla Salomovning tarjimashunoslik sohasini shakllantirish va rivojlantirish bobidagi alohida xizmatlari haqida so‘z bormoqda.
O‘zbek olimi sobiq tuzum davridayoq asos solgan tarjimashunoslik maktabining dovrug‘i nafaqat yurtimiz, balki dunyo miqyosida, xususan, Fransiya, Bolgariya, Slovakiya, Turkiya, Rossiya, Belarus, Ukraina, Armaniston, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Tojikiston mamlakatlari ilmiy doiralarida e’tirof etilgan.
Akademik Akmal Saidov Domlaning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maqolasida ta’kidlaganidek, “G‘aybulla Salomovning o‘zbek tarjimashunosligi maktabi” deya nom olgan ilmiy maktab mamlakatimiz, hattoki jahon ilm-fani ravnaqida beqiyos o‘ringa ega. Bu maktab istiqlol yillarida adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va tarjimachilik sohalari taraqqiyotiga ayniqsa munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Atoqli olimlar Abduzuhur Abduazizov va Najmiddin Komilov o‘z davrida haqli ravishda qayd etganlaridek, G‘aybulla Salomovning ilm-fan rivoji yo‘lidagi samarali xizmatlari tufayli tarjimashunoslik — ikki tildagi matnni chog‘ishtirish yoki bir tildagi ma’noning ikkinchi tilda aks etishini aniqlashgina emas, balki o‘zbek tilining salohiyati, boyligi va imkoniyatlarini ko‘rsatish, jahon adabiyotini milliy zaminda qayta yaratish ekani tan olindi. Tarjimashunoslik shu jarayonni umumfilologik ko‘lamda tadqiq qiladigan fan ekanligi aniqlandi. Tarjima – Vatan adabiyotini boyitish, o‘zaro ma’naviy qadriyatlar, fikr-g‘oyalar almashish vositasi, tarjimon esa chinakam ijodkor adib deb qaraladigan bo‘ldi.
Shuni ham qayd etish joizki, mustamlakachilik zamonida barcha milliy tillar qatori o‘zbek tilining ham yo‘qolib ketishiga qaratilgan siyosat olib borilgan. Shuning uchun turg‘unlik davri deb atalmish o‘sha yillarda o‘zbek tili asosan badiiy adabiyot va matbuot tili bo‘lib, ijtimoiy hayot, oliy maktab, fan va texnika sohalarida uning faoliyati toraya boshlagan.
Shunday qaltis va og‘ir vaziyatda O‘zbekistonda tillardan tillarga tarjimaning ilmi va amaliyotiga tayanguvchi Tarjima nazariyasi kafedrasini tashkil qilish uchun mardona ish olib borilgan. Ustoz G‘aybulla Salomovning bevosita sa’y-harakatlari bilan 1969-yili o‘sha paytdagi ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) negizida sobiq ittifoqda birinchi bo‘lib “Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi” tashkil etilgan.
Keyinchalik yangi tarjimachilik ixtisosi respublikamizning oliy maktablari bo‘ylab keng yoyildi. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz hayotining yetakchi sohalarida necha minglab professional tarjimonlar samarali faoliyat olib bormoqda. Qanchadan-qancha yetuk badiiy asarlar o‘zbek tilidan – xorijiy tillarga, shuningdek, jahon adabiyotining sara namunalari – o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda va nashr etilmoqda.
Muxtasar aytganda, Prezidentimizning yangi qarori samarali ijod qilayotgan ana shu mohir tarjimonlarni munosib rag‘batlantirishga qaratilgani bilan juda dolzarbdir. Yanada muhimi, ushbu qaror badiiy tarjimaning saviyasini tubdan oshirish, o‘zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga, jahon adabiyotining sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 05.06.2024
- Ko'rishlar: 1577
- Chop etish