Global dunyoda kuzatilayotgani kabi mamlakatimizda ham ekologiya bilan bog‘liq muammolar dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Bu boradagi holatni maqbul izga solish uchun, bir tomondan, iqtisodiy ahvolni izchil yaxshilash talab etilsa, ikkinchi tomondan, xalqimiz orasida qadimda ma’lum bo‘lgan ekologik madaniyatni tiklash, tarixni yaxshilab o‘rganish hamda undan hozirgi sharoitda foydalanish imkoniyatlarini qidirib topish taqozo etiladi.
Inson faoliyati ta’sirida biosferaning o‘zgarishi juda tez kechmoqda. Insoniyatning tabiiy jarayonlarga ana shunday ta’siri natijasida XX asr o‘rtalarida ekologik muammolar avj olib ketdi. Binobarin, ekologik muammolar avvalo insonning tabiatga ko‘rsatayotgan ta’siriga borib taqaladi.
Sivilizatsiyaning rivojlanishi va insoniyatning tabiatga ta’siri tobora chuqurlashishi oqibatida ahvol yanada yomon tomonga o‘zgarmoqda. Bugungi kunda ibtidoiy sof tabiat haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Chunki yer yuzidagi bepoyon o‘rmonlar qirqilib ketdi, kata-katta hududlar dehqonchilik qilish maqsadida o‘zlashtirildi, dorilar bilan o‘g‘itlandi, toza havo va tabiat har xil chiqindi hamda gazlar bilan ifloslandi.
Bundan tashqari tabiatda toshqinlar, o‘rmon yong‘inlari, chang bo‘ronlari va boshqa tabiiy ofatlar tez-tez hamda o‘ta halokatli ko‘lamlarda yuz berib turibdi. Bularning barchasi atrof muhitning tabiiy muvozanatiga putur yetkazyapti.
Dunyo bo‘yicha kuzatiladigan tabiiy, antropogen yoki sof antropogen hodisalar umumbashariy muammolar, deb qaraladi. Shunday ekologik muammolar sirasiga, jumladan, “Atmosferaning dimiqishi” va “Ozon qatlamining siyraklashishi” hodisalari, shuningdek, chuchuk suv taqchilligi, o‘simlik va hayvon turlari sonining qisqarishi, yerga ishlov berishda zaharli kimyoviy birikmalardan foydalanish muammolari kiradi.
O‘zbekiston yirik sanoat markazi va agrar mintaqa bo‘lib, kelajakda dunyoga yuz tutgan mashinasozlik, energetika, kimyo, oziq-ovqat sanoati, transport majmuini yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Bunday ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi, o‘z navbatida, ekotizim holatiga muayyan darajada salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda yurtimizda keskin bo‘lib turgan ekologik va tabiatni muhofaza qilishga oid muammolar qatoriga quyidagilar kiradi.
Birinchidan, yirik sanoat majmualari joylashgan hududlarda, ya’ni Angren, Olmaliq, Chirchiq, Farg‘ona, Marg‘ilon, Navoiy va boshqa hududlardagi tabiatni muhofaza qilish muammolari dolzarbdir. Bu hududlarda ekotizim holati yaxshi emas. Chunki sanoat markazlari chiqarayotgan turli xil gaz va chiqindilar atmosfera havosi hamda atrof-muhitning ifloslanishiga olib kelmoqda.
Ikkinchidan, agrosanoat majmuidagi ekologik muammolar.
Uchinchidan, tabiatdagi suvlarning sanoat chiqindilari, zaharli moddalar va mineral o‘g‘itlar bilan ifloslanishi ham ekologik muammolar qatoriga kiradi.
To‘rtinchidan, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va qayta tiklash muammolari, qo‘riqxonalar va milliy bog‘lar tarmog‘ini kengaytirish borasida ham muayyan muammolar mavjud.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish borasidagi asosiy strategik maqsadlar quyidagilar hisoblanadi:
- aholining sihat-salomatligi uchun qulay sharoit yaratish, biosferaviy muvozanatni saqlash;
- O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish samaradorligi va barqarorligini ko‘zlagan holda, tabiiy resurslardan foydalanishda qayta tiklanadigan tabiiy resurslar ishlab chiqarish va iste’mol jarayonlarining muvozanatini saqlashga e’tibor qaratish hamda chiqindilardan oqilona foydalanish;
- mintaqaviy va milliy darajalarda tabiatning qayta tiklanish hususiyatini tiklash;
- tabiatning dastlabki turlari va ularning genofondini, landshaftlarning xilma-xilligini saqlash;
- Orol dengizi muammosi bilan bog‘liq halokatli ekologik ahvolni yaxshilash va hokazo.
Yurtimiz dasht-dalalari va bog‘-rog‘larida sut emizuvchi hayvonlar va qushlar kamayib ketdi. Qurigan maydonlar xavfli kasalliklarni tarqatuvchi kemiruvchi bilan to‘lib bormoqda.
Biz – insonlar tabiatga azaldan qarammiz, biz tabiatsiz yashay olmaymiz. Shunday ekan, barchamiz tabiatni asrab-avaylashimiz, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanishimiz, har bir tomchi suvni tejab ishlatishimiz, atrof muhit musaffoligi haqida doimo g‘amxo‘rlik qilishimiz lozim.
Muqaddas QOSIMOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 11.06.2024
- Ko'rishlar: 1905
- Chop etish