Joriy yil 13-14-iyun kunlari mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi bo‘lib o‘tadi. Bu galgi an’anaviy xalqaro anjuman «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bag‘ishlangan.
Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumining asosiy milliy tashkilotchilaridan biri – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazidir. Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov bilan ushbu an’anaviy xalqaro forumning kelib chiqishi, mohiyati va ahamiyati haqida muxtasar suhbatlashdik.
– Joriy yilda Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumiga asos solinganiga 6-yil bo‘ldi, – dedi A.Saidov. – An’anaviy tarzda har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish va natijali yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob va samarador, qulay va o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi.
Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumining kelib chiqish tarixi haqida fikr yuritganda, ushbu xalqaro anjuman tashabbuskori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ekanligini ta’kidlash lozim. Negaki, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70-yilligini dunyo miqyosida keng nishonlash borasidagi chorloviga javoban davlatimiz rahbari taklifi asosida “Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi” sifatida ilk Samarqand forumi tashkil etilgan.
Shunday qilib, BMT tashkil etilganidan keyingi 70-yil davomida Osiyo mintaqasida birinchi marta inson huquqlari bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazilgan. O‘sha Forumning tashabbuskori va mezboni O‘zbekiston bo‘lgan.
– Bu galgi Forum nima uchun “Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi” deb atalmoqda?
– Buning sababi oddiy va mantiqan asosli. Ya’ni, keyingi olti yil davomida ushbu an’anaviy Forumni to‘rtinchi bor o‘tkazmoqdamiz.
To‘rtta Forumning o‘zaro farq qiladigan asosiy bir jihati bor. U ham bo‘lsa, Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumining har qaysisi inson huquqlarining alohida bir dolzarb mavzusi muhokamasiga bag‘ishlangan.
– Shu o‘rinda Inson huquqlari bo‘yicha birinchi Samarqand forumi qaysi mavzuda o‘tkazilganini bizga eslata olasizmi?
– Inson huquqlari bo‘yicha I Samarqand forumi 2018-yil noyabrida bo‘lib o‘tgan. U “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70-yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusiga bag‘ishlangandi.
O‘sha Forum jahonda, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyodan tortib Yaqin Sharqqacha bo‘lgan makonda qurolli to‘qnashuvlar kuchayib, o‘zaro ishonchsizlik va nizolar, millatlar va konfessiyalararo ixtiloflar chuqurlashib borayotgan, barqaror taraqqiyotga qarshi boshqa global tahdid va xatarlar kuchaygan murakkab sharoitda o‘tkazilgandi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida: “bizning qat’iy ishonchimizga ko‘ra, jami 4,5 milliarddan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Osiyo mintaqasining kelajagi ko‘p jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2030-yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga tayyor bo‘lishga, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha samarali mintaqaviy mexanizmni shakllantirishga bog‘liq”, deb ta’kidlangani bejiz emas.
Xalqaro anjuman yakunida BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi hujjati sifatida tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston parlamenti inson huquqlarining “Samarqandcha ruhi”ni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlandi. Ushbu hujjatlar inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, bu ezgu ishni yangi, yanada yuksak pog‘onaga olib chiqishga xizmat qildi.
– Ikkinchi Samarqand forumi qaysi mavzuda o‘tkazilgan?
– Inson huquqlari bo‘yicha II Samarqand forumi “Yoshlar ̶ 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” mavzusiga bag‘ishlab 2020 yil 12-13 avgust kunlari tashkil etilgan.
Agar eslasangiz, u paytlar koronavirus pandemiyasi kuchaygan bir qaltis davr edi. Shunday murakkab sharoitda Samarqand forumini onlayn tarzda o‘tkazishimizga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, asosiysi, mazkur Forum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiya BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha II Samarqand veb-forumi rezolyutsiyasi BMTning rasmiy hujjatlar tizimida A/74/998 raqami ostida joylashtirilgan. BMTning 6 ta rasmiy tili – arab, ingliz, ispan, xitoy, rus va fransuz tillariga tarjima qilingan.
– Uchinchi Samarqand forumi «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida o‘tkazilgandimi?
– Shunday. Inson huquqlari bo‘yicha III Samarqand forumi 2022-yil 5-6-dekabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu Global forumni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.
Global forum Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 11-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarning dastlabkisi bo‘ldi. Ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari Samarqand forumi ishtirokchilariga samimiy qutlovlar bilan murojaat qildilar va xalqaro anjuman ishida faollik ko‘rsatdilar.
Jumladan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk O‘zbekiston hukumatining inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarish hamda bu borada boshqa mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarning ta’kidlashicha, “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insoniyat oldidagi qiyinchiliklarni yengishga ko‘maklashadi. Ayniqsa, yoshlarga bu sohada berilgan puxta ta’lim ularning fuqarolik faolligini oshiradi. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim butun umr davomida o‘qitilishi, muntazam malaka oshirib borilishi va o‘rganilgan bilimlar amalda qo‘llanishi talab etiladigan o‘ziga xos ta’lim sohasidir. Zero, ta’lim olish hech qachon yosh tanlamaydi”.
Forum yakunida Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida ta’limni amalga oshirish bo‘yicha Samarqand Harakatlar rejasi qabul qilingan.
Samarqand Harakatlar rejasi, Global forum ishtirokchilarining fikricha, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirish ishiga qo‘shilgan katta hissa bo‘ldi. Binobarin, Jahon ta’lim dasturining o‘zi – Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldiruvchi global Harakatlar rejasi, deganidir.
– To‘rtinchi Samarqand forumi arafasida turibmiz. Bo‘lajak Forumning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida qisqacha ma’lumot bersangiz.
– Joriy yil 13-iyunda Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi o‘z ishini boshlaydi. Bu galgi an’anaviy xalqaro anjuman «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bag‘ishlanadi.
Navbatdagi Samarqand forumi sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz – iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaygan keskin ekologik vaziyatda bo‘lib o‘tadi. Shu ma’noda, Forumning asosiy maqsadi – iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ta’siri bilan bog‘liq masalalarni keng ko‘lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdir.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida o‘zaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Forumda asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishlarining inson huquqlariga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratiladi.
Bu boradagi munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va o‘zgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun ko‘maklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Forum doirasida oflayn va onlayn tarzda uchta yalpi majlis o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda.
Birinchi yalpi majlis – xalqaro tashkilotlarning atrof-muhit muammolarini hal qilish va inson huquqlarini himoya qilish borasida istiqbolli barqaror yechimlarni topish uchun zarur innovatsion yondashuvlar, ilg‘or tajribalar va hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni muhokama qilish uchun qulay muloqot maydoniga aylanadi.
Ikkinchi yalpi majlisda – global iqlim o‘zgarishining ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarga ta’siri ko‘rib chiqiladi. O‘zgarayotgan iqlim bilan bog‘liq sharoitda aholi zaif qatlamlarining huquqlarini ta’minlash bo‘yicha aniq strategiyalarni taqdim etishda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va jamoat institutlarining roliga e’tibor qaratiladi.
Uchinchi yalpi majlis – o‘zgaruvchan iqlim sharoitida inson huquqlarini samarali himoya qilish borasidagi mavjud xalqaro va mintaqaviy hujjatlar tahliliga bag‘ishlanadi. Bu sessiyaning asosiy maqsadi birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish va sayyoramizda barqaror hamda adolatli hayot sharoitlarini ta’minlashga qaratilgan global strategiyalarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi.
Forumda 200 nafar mutaxassis qatnashishi rejalashtirilgan. Xususan, milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim bo‘yicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim o‘zgarishi muammolari bilan shug‘ullanadigan mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlarning vakillari nufuzli tadbirga taklif etilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi ishtirokchilari ekologiya va inson huquqlari bilan chambarchas bog‘liq ayni xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatayotganini hisobga olib, ekologik muammolarga faqat mintaqaviy darajada yondashish bilan cheklanmay, balki bu global tahdidlarning o‘ziga xos jihatlariga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish istiqbollarini ham atroflicha muhokama qilishi kutilmoqda.
Muxtasar aytganda, keyingi yillarda O‘zbekiston Prezidenti jahonning yuksak minbarlaridan ilgari surgan bir qator milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslar global iqlim o‘zgarishlarining Markaziy Osiyo bilan bog‘liq tahdidlari oldini olish uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganiga hamda barcha hamkorlarning manfaatlariga birdek mos kelishiga amin bo‘lmoqdamiz.
Shuning uchun ham, bo‘lajak Samarqand forumi ekologiya muammolarining inson huquqlariga ta’sirini o‘rganish va ushbu salbiy holatlarga barham berish uchun global ko‘lamda maqbul yechimlar ishlab chiqishga bag‘ishlanmoqda. Chunki bu izchil sa’y-harakatlarimiz negizida mavjud ekologik muammolarga faqat milliy va mintaqaviy darajada yondashish emas, balki ayni tahdidlarning o‘ziga xos jihatlariga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish maqsadi ham mujassamdir.
G‘ulom MIRZO suhbatlashdi
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2024-yil 12-iyun kungi 115 (1176)-soni
- Qo'shildi: 12.06.2024
- Ko'rishlar: 1484
- Chop etish