YOSH AVLODNI IJTIMOIY QO‘LLAB-QUVVATLASH YO‘LIDA

12-iyun – Jahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni

 

 “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi «virusi» tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ayni fikrlarni alohida ta’kidlagani bejiz emas.

Xususan, 2023-yilda 12-iyun – Jahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni butun dunyoda: “Ijtimoiy adolat – barcha uchun. Bolalar mehnatiga chek qo‘yamiz!” shiori negizida keng nishonlandi. Bu ham ijtimoiy himoya bilan bola huquqlari, ijtimoiy adolat bilan bolalar mehnati o‘rtasidagi chambarchas bog‘liqlikning o‘ziga xos ifodasidir.

Mamlakatimizda 2024-yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilingani munosabati bilan ayni mavzuga e’tibor yanada kuchaydi. Bunda 2023-yilgi referendumda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasida “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” degan norma mustahkamlangani alohida ahamiyat kasb etadi.

Asosiy qonunimizda mamlakatimizda amal qilayotgan davlatchilik shakliga berilgan ana shu aniq huquqiy ta’rifga ko‘ra, O‘zbekiston demokratik, huquqiy va dunyoviy davlat bo‘lish bilan birga ijtimoiy davlatdir.  

Ijtimoiy davlat – aynan xalq farovonligi uchun xizmat qiladi.

Ijtimoiy davlat – inson manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yadi.

Ijtimoiy davlat – qonun ustuvorligini ta’minlaydigan, erkinlik va shaxsiy daxlsizlikni ta’minlaydigan, ijtimoiy xizmatlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimini izchil rivojlantiradigan davlatdir.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis palatalari a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan 2023-yil 8-may kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi nutqida O‘zbekistonning ijtimoiy davlat deb e’lon qilingani munosabati bilan mana bu dolzarb masalalarga to‘xtaldi:

 “Mamlakatimizda 2 million 200 mingdan ziyod oilalar ijtimoiy ko‘makka muhtoj. Aholimizning 55 foizi yoshlardan iborat. Shu o‘rinda bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Yangilangan Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko‘paytirilmoqda. Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda ta’minlash uchun juda ko‘p ishlashimiz zarur. Bunga davlat byudjetidan har yili qo‘shimcha 30-40 trillion so‘m ajratish kerak bo‘ladi. Buning hisobidan, har yili yuzlab yangi bog‘chalar, maktab va shifoxonalar qurishimiz lozim”.

O‘z navbatida, Jahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kunining tarixi haqida so‘z borganda, ushbu muhim sana Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan ta’sis etilganini eslatish lozim. Mazkur xalqaro sanani ta’sis etish g‘oyasi 1997-yili Amsterdam va Osloda bo‘lib o‘tgan bolalar mehnatining eng yomon ko‘rinishlariga qarshi kurash hamda bolalar mehnati bo‘yicha xalqaro konferensiyadan so‘ng tug‘ilgan.

Bolalar mehnati bilan bog‘liq muammolarga butun bashariyat e’tiborini qaratish maqsadida XMT ilk bor 2002-yili Jahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kunini o‘tkazdi. Shundan buyon bolalar mehnatiga qarshi kurashish uchun o‘z kuchlarini birlashtirgan hukumatlar, ish beruvchilar, kasaba uyushmalari, turli fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, dunyodagi millionlab odamlar har yili 12-iyun kunini keng nishonlaydi.

So‘nggi yigirma yil ichida dunyo bo‘ylab bolalar mehnatini kamaytirishda sezilarli muvaffaqiyatga erishildi. Ya’ni, 2000-2020-yillar mobaynida mehnat bilan shug‘ullanadigan bolalar miqdori 16 foizdan 9,6 foizga tushib, 85,5 million nafarni tashkil etdi.

XMTga a’zo davlatlar bolalar mehnatining eng yomon ko‘rinishlarini, iloji boricha, tezroq bartaraf etishni maqsad qilgan. Bunga erishish uchun ham faoliyat doirasini kengaytirish, ham siyosiy irodani mustahkamlash talab etiladi.

O‘zbekiston bu borada XMTning bir qator konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan. Mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish yo‘nalishida tegishli komissiyalar faoliyat olib boradi.

BMT Bosh Assambleyasining 2017-yil sentyabrdagi 72-sessiyasida nutq so‘zlagan Prezident Shavkat Mirziyoyev XMT bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilganini ta’kidladi.

Bryussel shahrida 2019-yil 1-aprel kuni e’lon qilingan XMT hisobotida Jahon banki tomonidan mamlakatimiz paxta sanoatida bolalar va majburiy mehnatdan tizimli foydalanishga barham berilgani e’tirof etildi. O‘zbekiston XMTning «Majburiy mehnat to‘g‘risida»gi 29-sonli, «Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida»gi 105-sonli, «Eng kichik yosh to‘g‘risida»gi 138-sonli, «Bolalar mehnatining eng yomon ko‘rinishlari to‘g‘risida»gi 182-sonli konvensiyalarini ratifikatsiya qilgani bunda muhim ahamiyatga ega.

Yaqin yillargacha yurtimizda o‘qituvchi-pedagoglar, tibbiyot sohasi vakillari, talabalar va o‘quvchilar jamoaviy ishlarga jalb etilgani, ulardan ishchi kuchi sifatida foydalanib kelinganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shukrki, davlatimiz va jamiyatimizning hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari tufayli so‘nggi yillarda bu kabi salbiy holatlarga chek qo‘yildi: majburiy mehnat va bolalar mehnatining oldi olindi.

Natijada 2022-yil 10-martdan e’tiboran “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga global boykot bekor qilindi. Bu qadam ayni sohadagi ulkan muvaffaqiyat bo‘ldi.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida, jumladan, 2025-yilgacha yer yuzida bolalar mehnatining  har qanday turlariga butunlay barham berish ko‘zda tutilgan. BMT Bosh Assambleyasi mazkur maqsadga erishishda XMT asosiy o‘rin tutishiga ishonch bildirgan bo‘lib, har ikki xalqaro tashkilot O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi natijador qadamlarini muntazam qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

XMT konvensiyalarida belgilangan tartib va talablar milliy qonunchiligimizga singdirilayotgani ham e’tiborga loyiq. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 44-moddasida majburiy mehnatga oid normalar quyidagicha mustahkamlab qo‘yilgan:  

“Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.

Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan, uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi”.

Ushbu normalarning Bosh qomusimizda aks etgani, bir tomondan, majburiy mehnatga qarshi kurash yo‘lidagi yutuqlarimizni tasdiqlab, bu jabhada istiqbolda amalga oshiradigan ishlarimiz bardavom bo‘lishini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlasa, ikkinchi tomondan, ayni omil O‘zbekistonning xalqaro imijiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Zero, mazkur konstitutsiyaviy normalar bolalarimizni mehnatning og‘ir shakllaridan himoya etib, ularning barkamol bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi. 

Xulosa qilib aytganda, Bosh qomusimiz bilan majburiy mehnatga va bolalar mehnatiga taqiq qo‘yilgani, shubhasiz, yurtimizda inson qadr-qimmati yuksak darajaga ko‘tarilayotganini, bu boradagi siyosat qat’iy ekanini anglatadi. Shu ma’noda, O‘zbekistonning inson qadriga qaratilgan izchil islohotlari xalqaro darajada e’tirof etilayotgani ham tabiiy hol, ham sharafli voqelikdir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech