Hurmatli hamkasblar, xonimlar va janoblar. Bugun, afsuski, go‘zal Samarqand shahrida shaxsan bo‘lmasam-da, atrof-muhit va inson huquqlarining dolzarb muammolari haqida gapirish imkoniga egaligimdan xursandman.
Hozirgi kunda atrof-muhit sohasida uchrayotgan muammolar kundalik hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi va shunday ekan, biz avvalo global isish inson huquqlariga ta’sir qilishini va ayni ta’sir allaqachon boshlanganini anglab yetishimiz lozim. Samarqandda bu borada bo‘lib o‘tadigan munozara natijalari nafaqat YEXHT mintaqasida, balki yanada keng ko‘lamlarda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi, bunday jonli muhokamalar keyin ham davom etishi va amaliy sa’y-harakatga aylanishi kerak.
Atrof-muhit va inson huquqlarini himoya qilish muammolarining asosi mushtarak va bir-biriga mosdir. Shuning uchun ham YEXHTning aksariyat davlatlari o‘z Konstitutsiyalarida sog‘lom atrof-muhit huquqini tan olgan.
Atrof-muhitning tanazzulga uchrashi insonning boshqa ko‘plab huquqlariga raxna soladi. Jumladan, bu ofat sog‘liqni saqlashning eng yuqori standartiga ega bo‘lish huquqi, oziq-ovqat, ta’lim, uy-joy huquqi va hatto yashash huquqi kabi o‘ta muhim huquqlar ijobatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bilan birga, jamoat ishlarida qatnashish huquqi yoki uyushmalar va tinch yig‘ilishlar erkinligi kabi huquqlarni hurmat qilish va himoya etish taqozo etiladi. Ushbu muhim masalalar bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borish va kelgusida demokratik munozaralarni izchil rivojlantirish – sog‘lom muhitga erishish ishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi, degan fikrdaman.
Bir tomonda – kuchli issiqlik to‘lqinlari, qurg‘oqchilik va cho‘llanish, boshqa tomonda – g‘ayritabiiy yog‘ingarchilik va suv toshqini juda zararli oqibatlarga olib kelmoqda. Bu kabi ofatlar tufayli qishloq xo‘jaligi yerlari va infratuzilmasining tanazzulga yuz tutishi aholining eng zaif va qashshoq vakillari turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ekstremal ob-havo hodisalari allaqachon yashash, ishlash va o‘qish uchun xavfsiz joylarni izlayotgan, ayniqsa, o‘z uyidan uzoqda bo‘lgan millionlab odamlarning migratsiyaga oid turli muammolarga to‘qnash kelishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun hayotni o‘zgartiruvchi bunday muammolarga amaliy javob berish barcha insonlarning huquqlari va ehtiyojlarini hurmat qilish borasida muhim ahamiyatga egadir.
Shu nuqtayi nazardan, inson huquqlari himoyachilari jamiyatimizda alohida rol o‘ynashini yana bir bor ta’kidlamoqchiman. Binobarin, YEXHTning barcha davlatlari inson huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish huquqini tan olgan hamda inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligini hurmat qilishda inson huquqlari himoyachilarining roli muhimligini e’tirof etgan.
Albatta, bu majburiyatlar inson huquqlari va atrof-muhit holatini kuzatuvchi huquq himoyachilari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillariga ham tegishlidir. Chunki ular ayni masalalar bo‘yicha ma’lumot beruvchi, milliy va xalqaro miqyosda harakatga chaqiruvchi mas’uliyatli shaxslar va tashkilotlar hisoblanadi.
YEXHTning aksariyat davlatlarida tobora ko‘plab tinch yig‘ilishlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu yig‘ilishlarga odatda yoshi katta va tajribali insonlar, ba’zan hatto iqlim o‘zgarishining o‘z hayoti va kelajagiga ta’siri haqida xavotirlarini bildirish zaruratini chuqur his etgan bolalar ham boshchilik qilmoqda.
Bunday yig‘inlar demokratiya va asosiy inson huquqlari, jumladan, bolalar huquqlarining negizini tashkil etadi. Shunday ekan, ularni rag‘batlantirish va ularga ko‘maklashish kerak. Nega deganda, biz hammamiz atrof-muhit o‘zgarishining inson huquqlariga ta’siri haqidagi global muhokamaga shu faollar qo‘shayotgan bebaho hissani qadrlashimiz lozim.
Afsuski, bu masalalar bo‘yicha ishlayotgan huquq himoyachilarining himoyasi ba’zan yetarli darajada emas. Biz ko‘pincha ana shu faollarga tahdid qilish, ularning yuqori mansabdor shaxslar va tadbirkorlar tomonidan kamsituvchi muomalaga duchor bo‘lishi yoki tinch yig‘ilish o‘tkazishga intilishlarining cheklanishi kabi nomaqbul holatlarga guvoh bo‘lamiz.
Darhaqiqat, inson huquqlari himoyachilari orasida to‘satdan yo‘qolib qolish va qotillik qurboniga aylanish kabi shafqatsiz qismatga eng ko‘p duchor bo‘layotganlar aynan global miqyosda atrof-muhitni himoya qilish huquqlari bo‘yicha ish olib borayotgan insonlar hisoblanadi.
Xonimlar va janoblar, biz birgalikda ushbu global muammoni hal qila olamiz va hozirgi kunda guvohi bo‘lib turgan mavjud salbiy tendensiyalarni o‘zaro hamjihatlikda bartaraf etishimiz tayin.
Buning uchun sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquq va tinch yig‘ilishlar erkinligini himoya qilish borasida yanada izchil ish olib borishimiz lozim. Shunda Markaziy Osiyo mintaqasi va butun YEXHT hududi inson huquqlari himoyachilarining mehnati hurmat qilinadigan va himoya etiladigan, atrof-muhitga oid xavotirlar tinglanadigan va ijobiy yechimlar tatbiq etiladigan namunaviy mintaqaga aylanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumining barcha ishtirokchilariga samarali muhokamalar va mintaqamizda inson huquqlariga hurmatni yanada oshirishga yordam beradigan barqaror yechimlarni izlashda muvaffaqiyatlar tilayman. Katta rahmat.
- Qo'shildi: 13.06.2024
- Ko'rishlar: 1381
- Chop etish