BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurkning Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumidagi videomurojaati matni

Assalomu alaykum. Barchaga xayrli kun. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga va barcha tashkilotchi hamkorlarga ushbu muhim anjumanga taklif qilganliklari uchun rahmat. Sizning anjumaningizga shaxsan qo‘shila olmaganimdan afsusdaman.

Uch karra sayyora inqirozi – iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi har bir insonga ta’sir o‘tkazadi. Bu nafaqat sayyoramiz uchun, balki inson huquqlari uchun ham inqirozdir. Ekologik ofatlar sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat, suv va sanitariya huquqlariga, hatto yashash huquqiga ham bevosita ta’sir qiladi.

Markaziy Osiyo mintaqasi iqlim o‘zgarishining halokatli oqibatlarini juda yaxshi biladi. Bu global o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq isiyotgan mintaqadir. Issiq to‘lqinlar, qurg‘oqchilik va kuchli yog‘ingarchilik kabi ekstremal ob-havo hodisalari odatiy holga aylanib, yanada jiddiylashib bormoqda. Jahon banki guruhi va Osiyo taraqqiyot banki 2090-yilga borib Farg‘ona vodiysida harorat 5,7 darajagacha, Orolqum cho‘lida 5,6 darajagacha ko‘tarilishi, bu esa inson hayotini yashash uchun yaroqsiz holga keltirishini taxmin qilmoqda.

Butun mintaqa bo‘ylab o‘zgaruvchan iqlim ko‘pchilikni ish izlab uylarini tashlab ketishga majbur etmoqda, chunki ular o‘z tirikchiligi uchun tayanadigan yerlar qurg‘oqchilik va cho‘llanish tufayli tanazzulga yuz tutmoqda. Birgina O‘zbekistonda qishloq aholisining har o‘n nafardan uch nafari toza ichimlik suvdan foydalana olmaydi. Va, ehtimol, hech bir joyda Orol dengizidagidek ekologik buzilish kuzatilmagan.

O‘tgan yili O‘zbekistonda bo‘lganimda, bunga o‘zim guvoh bo‘lganman. Bir paytlar dunyodagi eng katta ko‘llardan biri bo‘lgan Orol dengizi hozir deyarli yo‘q bo‘lib ketgan. Bu esa baliqchilik sanoatini vayron qildi, oziq-ovqat xavfsizligi va tirikchilik vositalarining yo‘qolishiga olib keldi. Qolgan suv esa kuchli ifloslangan. Ochiq dengiz tubi zaharli changni chiqarib, nafas olish va sog‘liq bilan bog‘liq boshqa muammolarni keltirib chiqarmoqda. Dengizga qaram bo‘lgan ko‘plab jamoalar mamlakatdagi eng kambag‘allar qatoriga kiradi, bu holat esa ekologik tanazzul nomutanosib ravishda zaif va marginallashgan aholi guruhlariga yomon ta’sir qilishini eslatib turadi.

Bu misol shuni ko‘rsatadiki, uch karra sayyora inqirozi faqatgina atrof-muhit va inson huquqlari uchungina falokat emas. Bu bizning iqtisodiyotimiz uchun ham halokatdir. Markaziy Osiyoda faqat o‘tgan yilning o‘zida iqlim bilan bog‘liq ofatlar 3 milliard dollar zarar keltirdi. Bizga bir nechta jabhalarda tub o‘zgarishlar kerak. Bunday o‘zgarishlar foydadan tashqari, qisqa muddatli va ozchilikning manfaatlarini ko‘zlab iqtisodimizga yondashish usulimizni o‘zgartirishni o‘z ichiga oladi.

Inson huquqlari iqtisodiyotida tengsizliklarning asosiy sabablarini bartaraf etish va ijtimoiy xarajatlar, barqaror rivojlanish va iqlimiy harakatlarni qarzga xizmat ko‘rsatishdan ustun qo‘yish orqali bu islohotlarni amalga oshirsa bo‘ladi.

Buning asosi shundan iboratki, barcha biznes modellari va barcha iqtisodiy siyosatlar inson huquqlaridan foydalanishni davom ettirishi va ularga amal qilishi kerak. Inson huquqlari iqtisodiyoti barqaror bo‘lmagan iste’mol ishlab chiqarish amaliyotiga qarshi kurashish uchun to‘siqlar o‘rnatishi ham mumkin.

Yaqin yillardagi Markaziy Osiyo uchun asosiy imkoniyat yashil rivojlanish bo‘ladi, deb ishonaman. Qayta tiklanadigan energiya, barqaror qishloq xo‘jaligi va tabiatni muhofaza qilish butun sayyoramiz uchun juda muhimdir. Lekin bu omillar iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va inson huquqlarini himoya qilish uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yashil rivojlanish esa kelajak avlodlar inson huquqlaridan to‘liq foydalana olishlari sari to‘g‘ri yo‘nalish olish, deganidir.

Ma’lumki, 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasi bu sohada muhim rezolyutsiyani qabul qilib, odamlar hamma joyda toza, sog‘lom va barqaror atrof-muhitga ega bo‘lish huquqiga ega ekanligini tan oldi. Demak, toza havo, xavfsiz suv, yetarli oziq-ovqat va barqaror iqlim har birimizga tegishli kafolatlangan huquqlardir. Hukumatlar va boshqa subyektlar, jumladan, xususiy sektor biz ana shu huquqlardan to‘liq foydalana olishimiz uchun javobgardir. Shu ma’noda, BMTga a’zo davlatlarning qariyb 83 foizi, jumladan, O‘zbekiston ham o‘z ichki qonunchiligida sog‘lom muhit huquqini rasman tan olgani juda muhim.

Aytib o‘tganimdek, men O‘zbekistonga o‘tgan yilning mart oyida tashrif buyurgan edim. O‘shanda odamlarning mamlakatga taalluqli inson huquqlari, jumladan, atrof-muhitga oid masalalarni hal etishga bo‘lgan qat’iyati meni hayratga soldi.

O‘zbekiston ham iqlim o‘zgarishidan kelib chiqadigan inson huquqlari inqirozini hal qilish bo‘yicha qat’iy majburiyatlarni zimmasiga olgan. Masalan, men yaqinda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib aynan O‘zbekiston BMTning Suv va salomatlik bo‘yicha Yevropa protokoliga qo‘shilganini olqishlayman.

O‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasida, shuningdek, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida ham O‘zbekiston iqlim bilan bog‘liq masalalarni, jumladan, migratsiya va ko‘chish muammolarini hal etish, shuningdek, atrof-muhit muammolarida yoshlarning ishtirokini kengaytirish majburiyatini zimmasiga oldi.

Men O‘zbekistonning Universal davriy sharh tavsiyalarini bajarish bo‘yicha mas’uliyatli jarayonlarda izchil ishtirok etayotganini mamnuniyat bilan qayd etman. Bunday muhim faoliyat natijasida xalqaro hamjamiyat tomonidan mamlakatda inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi va ular izchillik bilan bajarilmoqda.

O‘zbekistonni Orxus konvensiyasini (BMTning Yevropa bo‘yicha iqtisodiy komissiyasi qabul qilgan «Atrof-muhitga taalluqli masalalar bo‘yicha axborotdan erkin foydalanish, bu borada qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash va sohada odil sudlovga erishish to‘g‘risidagi Orxus konvetsiyasini – tahrir),  shuningdek, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga chaqiraman.

Mazkur xalqaro-huquqiy hujjatlarning ikkisi ham ekologik muammolar sharoitida hisobdorlik, adolat, jamoatchilik ishtiroki va axborotdan foydalanish sohlarini rivojlantirishd borasida muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, mintaqadagi barcha davlatlarni kelgusidagi xalqaro ekologik muzokaralarda, jumladan, BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yillik konferensyasi, Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya va Atrof-muhitning plastik chiqindilar bilan ifloslanishi bo‘yicha Hukumatlararo muzokaralar qo‘mitasi tadbirlarida hamda global darajada – Kelajak sammitida to‘g‘ri yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlashga da’vat etaman.

Muxtasar aytganda, agar biz qat’iyat bilan harakat qilmasak va aynan hozirdanoq istiqbolli sa’y-harakatlarga kirishmasak, atrof-muhit degradatsiyasining halokatli oqibatlari sayyoramizdagi obod hayotni chaqmoq tezligida barbod qilishda davom etadi. Bu borada faqat tenglik, adolat va qadr-qimmatni e’zozlashga tayanadigan inson huquqlari tizimiga asoslangan harakatlargina bizga juda zarur bo‘lgan yechimlarni taqdim etishi mumkin.

Shu ezgu yechimlarni taqdim etishda barchangizga samarali muhokamalar o‘tkazishningizni tilayman. Katta rahmat.

Powered by GSpeech