O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning “Ekologik tahdidlar: O‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli, barqaror yechimlarni izlash” mavzusidagi Inson huquqlari bo‘yicha IV an’anaviy Samarqand forumidagi so‘zi

(2024-yil 13-iyun, Samarqand shahri)

 

Assalomu alaykum!

Hurmatli IV an’anaviy Samarqand forumi ishtirokchilari,

Hurmatli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari,

Hurmatli inson huquqlari bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy institutlar vakillari,

Hurmatli parlament a’zolari, deputatlar, senatorlar va vazirlar,

Fuqarolik jamiyati institutlari faollari,

Barchangizni “Ekologik tahdidlar: O‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli, barqaror yechimlarni izlash” mavzusiga bag‘ishlangan IV an’anaviy Samarqand forumining rasmiy ochilishi bilan samimiy tabriklayman.

Samarqand forumining barcha ishtirokchilarini milliy tashkilotchilar, jumladan:

• O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Adliya vazirligi va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi nomidan;

xalqaro hamkorlar, jumladan:

• BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi;

• BMTning O‘zbekistondagi jamoasi;

• YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi;

• YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori;

• Islom hamkorlik tashkiloti;

• Shanxay Hamkorlik Tashkiloti;

• Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi;

• Yevropa Ittifoqi;

• Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti;

• Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash;

• Turkiy tilli davlatlar parlament Assambleyasi;

• Fridrix Ebert jamg‘armasi;

• Konrad Adenauer jamg‘armasi nomidan samimiy qutlayman.

Xonimlar va janoblar,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Janobi Oliylari Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi ishtirokchilariga qutlov so‘zlarini yubordilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi Sherzod Ikromovich Asadov o‘qib eshittiradi.

 

Hurmatli Forum ishtirokchilari,

Samarqand forumining qisqa tarixiga nazar tashlasak, 2018-yilda birinchi marotaba Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumida inson huquqlari sohasidagi global muammolar muhokama qilingan edi. 2020-yilda o‘tkazilgan Ikkinchi Samarqand forumi yoshlar huquqlariga hamda 2022-yilda o‘tkazilgan Uchinchi Forum inson huquqlari sohasidagi ta’limga bag‘ishlandi. Mazkur forumlar inson huquqlari sohasidagi muammolarni muhokama qilishning “Samarqand an’anasi”ni shakllantirdi.

Mazkur To‘rtinchi an’anaviy Samarqand forumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining qator sessiyalarida hamda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida ilgari surgan tashabbuslari asosida global iqlim tahdidlari qarshisida hamjihatlikda harakat qilish hamda uning inson huquqlariga salbiy ta’sirini yumshatish muammolari muhokama qilinadi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hozirgina tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatlarida ta’kidlaganidek, “iqlim o‘zgarishi odamlarning, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda nafaqat jismoniy, balki ijtimoiy farovonligiga ham tahdid solmoqda”.

Davlat rahbarining iqlim o‘zgarishining muhim masalalari va uning inson huquqlariga ta’siri bo‘yicha ilgari surgan tashabusslari uchun forum ishtirokchilari nomidan minnatdorlik bildiraman hamda ushbu tashabbuslarni halqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga chaqirib qolamiz.

To‘rtinchi Samarqand forumining o‘ziga xos xususiyatlari  quyidagilarda ifodalanadi:

birinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari kun tartibini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha sa’y-harakatlar butun jahonda davom etmoqda;

ikkinchidan, Samarqand forumida BMT va uning tuzilmalari hamda boshqa xalqaro tashkilotlardan nufuzli vakillar ishtirok etmoqda;

uchinchidan, Forumda iqlim o‘zgarishining inson huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini yumshatish bo‘yicha turli  tamoyillar va yondashuvlar, shuningdek, bu sohada xalqaro hamjamiyatning turli mamlakatlaridagi ilg‘or tajribalar va amaliyotlar bilan o‘zaro almashinish hamda aniq tavsiya va yechimlar ishlab chiqishga e’tibor qaratish hamda global hamkorlik muhimligi e’tirof etiladi.

Ishtirokchilar jug‘rofiyasini inobatga olib, Samarqand forumining ishchi tillari etib 4 ta til belgilandi: o‘zbek tili va BMTning 3 ta rasmiy tili (arab, ingliz va rus tillari).

Forumda jami 200 nafardan ortiq xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va milliy tashkilotlar vakillari off-layn va on-layn formatda ishtirok etmoqda.

Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk, BMTning 1 ta maxsus ma’ruzachisi (Insonning toza, sog‘lom va barqaror atrof-muhitga bo‘lgan huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Astrid Puyentes Riano), shuningdek, BMTning 2 ta sharnomaviy qo‘mitasi raislari (BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Ann Mariye Skelton, BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo‘mitasi raisi Laura-Mariya Krachunean-Tatu), 7 ta xalqaro tashkilot vakillari (BMTning, BMTning Turizm bo‘yicha ijrochi direktori Zorisa Urosevich, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasining (UNECE) Atrof-muhit bo‘yicha yordamchi maslahatchisi Kseniya Nechunayeva, BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ishchi organi, Xalqaro mehnat tashkiloti, BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, BMTning O‘zbekistondagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi), 8 ta mintaqaviy tashkilot (Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili, YEXHT, Yevropa Kengashi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi, IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi vakillari), 14 ta xorijiy davlat (Turkiya, Ozarbayjon, Xitoy, Daniya, Vengriya, Hindiston, Qozog‘iston, Malayziya, Moldova, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Qatar, Ummon, Rossiya Federatsiyasi)ning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari, 30 nafardan ortiq inson huquqlari va iqlim masalalari bo‘yicha yetakchi milliy hamda xorijiy ekspertlar, tadqiqot markazlari, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari, biznes doiralar vakillari qatnashmoqda.

Bundan tashqari, 7 ta davlatning ilmiy tadqiqot muassasasalari vakillari (Indoneziya, Yaponiya, Quvayt, Polsha, Rossiya, Shveysariya va Buyuk Britaniya) ham ishtirok etmoqda.

Shu bilan birga, bugungi anjumanimizda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 20 ga yaqin diplomatik korpus vakillari (Finlyandiya, Fransiya, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Indoneziya, Quvayt, Qatar, Latviya, Ruminiya, Shvetsariya, Turkiya) ham ishtirok etmoqda.

Forumda 60 dan ortiq davlat organi xodimlari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari vakillari, O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari rahbarlari hamda oliy ta’lim muassasasalari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda.

Shuningdek, forum davomida 40 ga yaqin ekspert tomonidan atrof-muhit muammolari va global iqlim o‘zgarishining ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarga ta’siri borasida ma’ruzalar qilish rejalashtirilgan.

 

Xonimlar va janoblar,

Forum doirasida ekologik tahdidlar sharoitlarida barqaror rivojlanish hamda har bir insonning, xususan ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarga taalluqli shaxslarning huquqlarini himoya qilishga imkon beradigan samarali strategiya va yondashuvlar taqdimoti tashkil etiladi. Bu sohadagi xalqaro tajriba hamda eng yaxshi amaliyotlar bo‘yicha o‘zaro fikr almashiladi va aniq tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, biznes tuzilmalar vakillari, akademik jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari qatnashmoqda. 

Forum ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilmoqda, jumladan Yu-tub kanali orqali jonli efirga uzatilmoqda.

Ekologik tahdidlar insonning tabiatga nomutanosib ta’siri natijasida kelib chiqqan hodisa bo‘lgani hamda halokatli oqibatlari inson huquqlariga salbiy ta’sir qilgani uchun ham ekologiya inson huquqlari masalasidir.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, inson farovonligi va salomatligining 30-40 foizi atrof-muhit holatiga bog‘liq. Bundan ming yil oldin buyuk ajdodimiz Abu Ali Ibn Sino “Agar havoda chang va tutun bo‘lmasa edi, kishi ming yil yashagan bo‘lardi”, degan hikmatining mazmunida insoniyatning taqdiri uni o‘rab turgan atrof-muhit bilan bog‘liqligini ifoda etgan edi.

Qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquq tabiiy zaxiralar qisqarayotgan, ekologiya va tabiat bilan bog‘liq muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shuning uchun ekologik tahdidlar sharoitida inson huquqlarining to‘rtinchi avlodi tarkibida ekologik huquqlar vujudga kelganligi to‘g‘risida gapirishga asos bo‘lmoqda.

Ekologik huquqlarni ta’minlash insonning:

birinchidan, qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqini;

ikkinchidan, atrof-muhitning holati to‘g‘risida ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqini;

uchinchidan, ekologik jihatdan muhim qarorlar qabul qilishda ishtirok etish huquqini;

to‘rtinchidan, yetkazilgan ekologik zararning qoplab berilishiga bo‘lgan huquqni o‘z ichiga oladi.

Ekologik tahdidlarga qarshi kurashish, “yashil” iqtisodiyotga va uglerod neytralligiga o‘tish bo‘yicha har qanday chora-tadbirlar inson huquq va manfaatlarini buzmaydigan, tengsizlikni keltirib chiqarmaydigan tarzda amalga oshirilishini ta’minlash muhim. Bunda ekologik qarorlar qabul qilinishida inson huquqlarini ta’minlash ustuvor o‘rinni egallashi kerak.

Yangi O‘zbekistonda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Insonning ekologik huquqlari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan. Ayniqsa, aholining eng zaif guruhlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalar, ayollar, keksa yoshdagilar, kam ta’minlanganlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlar huquqlarini himoya qilishga e’tibor kuchaytirilmoqda.

BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarining kun tartibidagi “hech kimni ortda qoldirmaslik” shioriga muvofiq zarur resurslar barcha insonlarning huquq va manfaatlari himoyasiga safarbar etilmoqda.

Bu jarayonda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes tuzilmalarning o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. 

 

Hurmatli Forum ishtirokchilari,

Biz BMT va uning inson huquqlari bo‘yicha tuzilmalari bilan samarali va yaqin hamkorlik o‘rnatganmiz. Samarqand forumining doimiy hamkori bo‘lmish, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk janoblarining murojaatini eshitamiz.

Navbatdagi kirish so‘zi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Jo‘raboyevich Toshqulov (o‘qib eshittaradi vazir o‘rinbosari Muzraf Mubarakxodjayevich Ikramov).

Yana bir xalqaro doimiy hamkorimiz Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidir. Murojaat uchun so‘z ushbu tashkilotning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi direktori Matteo Mekachchi janoblariga.

O‘zbekistonning xalqaro tadbirlarini doimiy ravishda BMT yurtimizdagi oilasi, jamosi qo‘llab-quvvatlaydi. Tabrik so‘zini BMTning O‘zbekistondagi Doimiy koordinatori Sabine Mahl xonimga bermoqchiman.

 

Xonimlar va janoblar,

Forumning yakunida “Iqlim o‘zgarishi sharoitida inson huquqlarini global himoya qilish: barqaror kelajak uchun majburiyatlar va harakatlar to‘g‘risida Samarqand deklaratsiyasi”ni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Samarqand deklaratsiyasi iqlim o‘zgarishining inson huquqlariga salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va biznes tuzilmalar uchun mo‘ljallangan taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, unda ekologik tahdidlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish strategiyalari, yondashuvlar, mexanizmlarni takomillashtirish uchun xalqaro hamkorlikni kengaytirish, eng yaxshi amaliyotlarni ommalashtirish, innovatsion yechimlarni ishlab chiqish kabi masalalar qamrab olingan.

Ushbu hujjatning loyihasi ham veb-saytda bor.

Barcha ishtirokchilardan Forumning yakuniy hujjati loyihasi bo‘yicha takliflarini qutib qolamiz. Takliflar va savollarni Forum “chati” orqali berishingiz mumkin. Forum ishtirokchilaridan muhokamalarda faol qatnashishlarini so‘rab qolamiz.

Shu bilan Forumimiz tantanali ochilish marosimi yaqunlandi. Ruxsatingiz bilan jamoaviy rasmga tushish marosimiga o‘tsak.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Powered by GSpeech