YEXHTning Iqtisodiy va ekologik faoliyati muvofiqlashtiruvchisi Bakyt Jusupovning Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumidagi videomurojaati matni

Janobi oliylari, hurmatli hamkasblar,

Samarqand forumi ishtirokchilariga YEXHTning Vena shahridagi Kotibiyati salom yo‘llaydi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga ushbu tadbirni tashkil etgani va samimiy taklifi uchun minnatdorchilik bildiraman.

Bugun sizlar bilan, hatto virtual tarzda bo‘lsa ham, muloqot qilish men uchun katta baxt.

Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan barcha milliy va xalqaro hamkorlarga tashakkur izhor etaman.

Shuningdek, inson huquqlari va ekologik muammolar o‘rtasidagi bog‘liqlikka bugungi kunning asosiy mavzusi sifatida e’tibor qaratgani uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz.

Haqiqatan ham, shaxslar va butun jamiyat xavfsizligiga ta’siri tobora ortib boryotgan ayni muhim masalalar bo‘yicha batafsil muhokamalar olib boradigan fursatimiz keldi.

Nisbatan qisqa umrimiz davomida hammamiz atrof-muhit bilan bog‘liq behisob va chinarli o‘zgarishlarga shaxsan guvoh bo‘lib kelmoqdamiz.

Xoh bu global haroratning tez ko‘tarilishi yoki ekstremal ob-havo hodisalari bo‘ladimi yoki o‘rmonlarning yakson etilishi va yashash joylarining vayronaga aylanishimi yoxud cho‘llanish va suv toshqinlari, ifloslanishning kuchayishi va suv bilan ta’minlanishdagi tartibsizliklarmi – bularning barchasi, aslida, global ekologik ofatning ayrim ko‘rinishlariga misollar xolos.

Atrof-muhitning buzilishi inson huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Ekologik mummolar insonning yetarlicha hayot sifati, xavfsiz uy-joy, oziq-ovqat, sog‘liq, suv va sanitariya huquqi yoki shunchaki o‘z hayotini xavfsiz va munosib tarzda davom ettirishgan bo‘lgan asosiy huquqlarga daxl qilmoqda.

Biz aniq bilamizki, bu muammolarning ta’siri jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari – kambag‘allar, nogironlar, keksalar va yoshlar hayotiga eng ko‘p salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu muammolarning murakkabligini inobatga olgan holda, yechimlar ham har tomonlama qamrovdor va yaxlit bo‘lishiga erishishimiz kerak.

Bu avvalo ana shu yechimlar ilmiy tahlilga asoslangan bo‘lishi, inson huquqlariga yo‘naltirilgan yondashuvni qo‘llash imkonini berishi zarurligini anglatadi. Qolaversa, ekologik muammolarning inson huquqlariga salbiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishda siyosiy irodaga tayanish ham juda muhim.

Davlatlar xalqaro huquq doirasida inson huquqlarini hurmat qilish majburiyatiga ega. Binobarin, butun dunyo bo‘ylab sud jarayonlari atrof-muhit bilan bog‘liq inson huquqlari zo‘ravonligining dahshatli oqibatlarini tobora ko‘proq namoyish etmoqda.

Bizga yaqqol ayonki, aksariyat ziddiyatlar, masalan, gidroelektrostansiyalar qurish, yaylovlar yaratish va qishloq xo‘jaligi yerlari infratuzilmasini rivojlantirish kabi murakkab omillar sababli odamlar o‘z yashash joylarini yo‘qotadi.

Boshqacha aytganda, daryoning boshida turganlar tomonidan suvning quyi oqimi foydalanuvchilarining manfaatlari e’tiborga olinmaydi. Bu boradagi hayotiy misollar atrof-muhitni samarali boshqarish inson huquqlari buzilishining oldini olish uchun foydali vosita sifatida muhimligini ko‘rsatadi.

Shu sababli YEXHT dunyodagi eng yirik mintaqaviy xavfsizlik tashkiloti sifatida xavfsizlikning uch muhim mezoni bo‘yicha ish olib boradi. Bulardan birinchisi – YEXHTning myen vakillik qilish sharafiga muyassar bo‘lgan iqtisodiy va ekologik faoliyatiga oid mezonlari bo‘lsa, ikkinchi – siyosiy-harbiy sohalarga taalluqli mezonlar va uchinchisi – insoniylik mezonlaridir.

YEXHT tizimida biz aynan shu mezonlarga tayanadigan yaxlit yondashuvni qabul qilishga va rivojlantirishga intilamiz. Amaliy darajada esa YEXHTning iqlim o‘zgarishidan kelib chiqadigan va yaqqol xavf tug‘diradigan tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha tashabbuslarini ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashamiz.

Masalan, iqlim va xavfsizlik bo‘yicha loyihamiz iqlim zaifliklarini bartaraf etish hamda iqlimga moslashish bo‘yicha qo‘shma harakatlar orqali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu loyiha doirasida, xususan, Markaziy Osiyodagi baland tog‘lar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab olingan.

Bu boradagi asosiy maqsadimiz – aholining tirikchilik xavfsizligini ta’minlashda yordam berishdir. Bunda, xususan, muzlik erishi oqibatlarini bartaraf etish va insonlarning iqlim sharoiti bilan bog‘liq holdagi harakatlanishiga oid muammolarni hal qilishga ko‘maklashamiz.

Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishining energetika sektoriga ta’sirini yumshatish va tabiiy resurslarni boshqarish bo‘yicha hamjamiyatlarning chidamliligini oshirish ustida ishlamoqdamiz. Ayni chog‘da, ichimlik suv muammosiga ijobiy yechim topish, atrof-muhitni to‘g‘ri boshqarish va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kabi boshqa sohalarda ham ancha-muncha ishlarni amalga oshirayapmiz.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, men vakili bo‘lgan nufuzli mintaqaviy tashkilot o‘z faoliyatida gender va yoshlar nuqtayi nazarini integratsiyalashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Nega deganda, aynan ayollar va yoshlar ko‘pincha qashshoqlik va iqlim ta’siridan kelib chiqqan suv toshqini va qurg‘oqchilik kabi falokatlarni boshdan kechiradi, bu esa aksariyat oilalarni chuqur moliyaviy qiyinchiliklarga duchor etadi.

 Biroq, xotin-qizlar moslashuvchanlik va barqaror rivojlanishga o‘tish yo‘llarini qo‘llab-quvvatlashda o‘zgarishlarning ajralmas aktorlari hisoblanadi. Shuning uchun ham loyihalarimiz ayollarning qarorlarni qabul qilishda ko‘p darajali ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.

Samarqand forumi doirasida ayollar va energiya tarmog‘i, ayollar va suv tarmog‘i hamda iqlim o‘zgarishi va xavfsizlik bo‘yicha gender tadbirlar haqidagi masalalarga muxtasar bo‘lsa ham to‘xtalish imkoni tug‘ilganidan mamnunman. Fursatdan foydalanib, ofisimiz bilan juda yaqin hamkorlik qiladigan YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi faoliyatini alohida ta’kidlamoqchiman.

Hozirgi kunda ushbu vakilimiz mamlakatingizdagi iqlim bilan bog‘liq muammolar xaritasini tuzmoqda. Shu asosda hukumat aholining, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning ehtiyojlarini qondiradigan axborot siyosatini ishlab chiqishi mumkin.

Bunday loyihalar YEXHTning butun mintaqasidagi boshqa dala missiyalari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar jamiyatlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi va barqaror turmush sharoitlarini ta’minlash hamda bu sohadagi siyosat asoslarini yaratish orqali inson huquqlarini himoya qilishga yordam beradi.

O‘z navbatida, Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumidan atrof-muhitni muhofaza etish va inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan barqaror amaliyotlar, ta’sirchan sa’y-harakatlar va qonunchilik choralarini taqdim etish borasida samarali muhokamalarni kutib qolamiz.

E’tiboringiz uchun tashakkur.

Powered by GSpeech