Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi tarixiga bir nazar…

Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi ilk bor bundan 6 yil oldin o‘tkazilgan edi. An’anaviy tarzda har ikki yilda tashkil qilinadigan ushbu nufuzli anjuman qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish, mavjud muammolarga samarali yechim topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob, qulay va o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi.

Inson huquqlari bo‘yicha I Samarqand forumi 2018 yil noyabrda, BMT tashkil etilganidan keyingi 70 yil davomida Osiyo mintaqasida birinchi marta “Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi” sifatida tashkil etildi. Tadbir jahonda, jumladan Janubi-sharqiy Osiyodan Yaqin Sharqqacha qurolli to‘qnashuvlar kuchayib, o‘zaro ishonchsizlik va nizo, millatlar, konfessiyalar aro ixtilof chuqurlashgan, barqaror taraqqiyotga qarshi turli global tahdid va xatarlar kuchaygan murakkab sharoitda o‘tkazildi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida: “Bizning qat’iy ishonchimizga ko‘ra, jami 4,5 milliarddan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Osiyo mintaqasi kelajagi ko‘p jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2030 yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga tayyor bo‘lish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha samarali mintaqaviy mexanizmni shakllantirishga bog‘liq”, deya ta’kidlagani bejiz emas.

Inson huquqlari bo‘yicha I Samarqand forumi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi: zamonaviy tahdid va real voqelik” mavzusiga bag‘ishlandi. Xalqaro anjuman yakunida BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi hujjati sifatida tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston parlamenti inson huquqlari bo‘yicha “Samarqand ruhi”ni amalga oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqladi. Ushbu hujjatlar sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, bu ezgu ishni yangi, yanada yuksak pog‘onaga olib chiqishga xizmat qildi.

Inson huquqlari bo‘yicha II Samarqand forumi 2020 yil 12-13 avgust kunlari “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqi” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Koronavirus kuchaygan qaltis davrga to‘g‘ri kelgan mazkur onlayn tadbir yakuni bo‘yicha qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha II Samarqand veb-forumi rezolyutsiyasi Bosh Assambleya 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi va  BMTning 6 rasmiy tili – arab, ingliz, ispan, xitoy, rus va fransuz tillariga tarjima qilindi.

2022 yil 5-6 dekabr kunlari tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha III Samarqand forumi  uchun “Inson huquqi sohasida ta’lim” mavzusi tanlandi. Ushbu Global forumni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Bosh Assambleyaning 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasida ilgari surilgan.

Anjuman Inson huquqi sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 11 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar debochasi bo‘ldi. Ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari Samarqand forumi ishtirokchilarini qutlab, murojaat yo‘lladilar, anjuman ishida faollik ko‘rsatdilar.

Jumladan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk O‘zbekiston hukumatining inson huquqi sohasida ta’lim va tarbiya bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatini bajarish hamda bu borada boshqa mamlakatlar bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

– Inson huquqi sohasidagi ta’lim insoniyat oldidagi qiyinchiliklarni yengishga ko‘maklashadi, – dedi Oliy komissar. – Ayniqsa, yoshlarga bu sohada berilgan puxta ta’lim ularning fuqarolik faolligini oshiradi. Inson huquqi sohasidagi ta’limning o‘ziga xosligi butun umr davomida o‘qitilishi zarurati bilan bog‘liq. Zero, kishi bu boradagi malakasini muntazam oshirib borishi, o‘rgangan bilimini amalda qo‘llashi talab etiladi. Qolaversa, ta’lim olish uchun hech qachon yoshning ahamiyati bo‘lmagan.

Bugun, 13 iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi boshlandi. An’anaviy anjuman bu gal “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish” mavzusiga bag‘ishlangan.

Forum sayyoramiz miqyosida uch inqiroz – iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaygan keskin ekologik vaziyatda o‘tmoqda.

Ishtirokchilar ekologiya va inson huquqi bilan chambarchas bog‘liq ayni xavf-xatarlar, hatto, dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatayotganini hisobga olib, ekologik muammolarga faqat mintaqaviy darajada yondashish bilan cheklanmay, global tahdidlarning o‘ziga xos jihatlariga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish istiqbolini ham atroflicha muhokama qilishyapti.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA 

Powered by GSpeech