Inson huquqlari sohasida Qatar tajribasi
Xabar berganimizdek, 13-14 iyun kunlari mamlakatimizda “Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish” mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha IV forum bo‘lib o‘tdi. Anjumanda ishtirok etgan Qatar Inson huquqlari milliy qo‘mitasi Bosh kotibi Sulton bin Hasan Al-Jamoliy O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
– Global ahamiyat kasb etib borayotgan Samarqand forumida ekologik muammolar hal qilinishining ahamiyati, inson huquqiga ta’siri, yaxshi kelajak uchun barqaror yechim topish muhimligini ta’kidlashga harakat qildim. Zero, bu masalalar juda muhim va kelajak avlod uchun hozir yanada yaxshi kelajak qurish yo‘lida hech kim ortda qolishi kerak emas.
Iqlim o‘zgarishi dunyoning barcha mamlakatlariga ham global, ham transmilliy tahdid hisoblanadi. Har bir holatda davlat tomonidan ko‘rilayotgan choralar muhim. Shu ma’noda inson huquqi bo‘yicha Milliy qo‘mita Qatar davlati tomonidan ko‘rilgan choralarni, jumladan sog‘lom atrof muhitga egalik qilish huquqi qonuniy tan olinishini ijobiy baholaydi.
Mamlakatning doimiy Konstitutsiyasi 33-moddasi va boshqa huquqiy hujjatlarda atrof-muhitni muhofaza qilish majburiyati belgilangan. Davlatimiz ayni yo‘nalishdagi 22 xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilgan.
Qatarning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiyasi iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanish va atrof-muhit muhofazasi o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlaydigan tarzda boshqarishga qaratilgan. Bu borada amalga oshirilgan asosiy chora-tadbirlardan biri sifatida Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vazirligi tuzilganini aytish mumkin. Shuningdek, muammolarni hal etish, hozirgi va kelajak avlodni tahdidlardan himoya qilish uchun 2021 yil sentyabrda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha Milliy reja tasdiqlangan.
Ushbu vositalar ko‘plab tashabbus va harakatlarni amalga oshirish imkonini berdi. Masalan, Qatar dunyoning bir necha mamlakatida tabiiy ofatlar, qurolli to‘qnashuvlarning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga ulkan hissa qo‘shayotganini ta’kidlash lozim.
Atrof-muhit muammosining inson huquqiga ta’sirini kamaytirish uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlik doirasida Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mita 2023 yil fevralda “Iqlim o‘zgarishi va inson huquqi” xalqaro konferensiyasini o‘tkazdi. Yakunda Iqlim o‘zgarishi va inson huquqlari to‘g‘risidagi Doxa deklaratsiyasi qabul qilindi. 2024 yil fevralda esa “Oziq-ovqat adolati va inson huquqi” xalqaro anjumani tashkil etilib, yana bir maxsus Deklaratsiya qabul qilindi.
Ishonchimiz komilki, ikki konferensiya tavsiyalari hayotga tadbiq etilishi asnosida, mazkur hujjatlar butun dunyo bo‘ylab xavfsiz va barqaror atrof muhit yaratishga hissa qo‘shadi.
Bundan tashqari, qo‘mita tegishli idoralar bilan birga Inson huquqlari kengashi tomonidan “Iqlim o‘zgarishida milliy institutlarning roli” to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilinishiga hissa qo‘shdi. Qo‘mita inson huquqiga daxldor ekologik muammolarni hal qilishda dunyoning barcha qit’alaridagi milliy institutlar bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
Milliy institutlarning imkoniyatini kengaytirish, Parij tamoyiliga muvofiqligini ta’minlash, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va atrof-muhit muammosi bilan bog‘liq tavsiyalarini hisobga olish juda muhim.
Inson huquqiga asoslangan tashabbuslarni targ‘ib qilish, qonunchilik, davlat siyosati sohasidagi ilg‘or tajribani o‘zaro almashish, atrof-muhit, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq barcha tadbirlarga mahalliy jamoatchilik va jamiyatning eng zaif guruhlarini jalb qilish zarur, deb hisoblayman.
Xalqaro shartnomalarni, jumladan atrof-muhit huquqi bilan bog‘liq hujjatlarni ratifikatsiya qilishni, shartnoma idoralari va BMT tuzilmalari tavsiyalari bajarilishini rag‘batlantirish barchamiz uchun birdek manfaatlidir.
Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.
O‘zA
- Qo'shildi: 16.06.2024
- Ko'rishlar: 1387
- Chop etish